Tinchlik – barcha ezgusevar xalqlarning, shuningdek o'zbek xalqining ham azaliy orzusi bo'lib kelgan. Tinchlik insonparvar va bag'rikeng xalqimizning tili va dilidan mustahkam joy olib, eng oliy qadriyat deb qaralgan. Obod turmushni aks ettiruvchi muqaddas dinimiz,qadriyatlarimiz, milliy urf-odat va rasm-rusumlarimizbevosita xotirjamlik silsilasiga uzviy bog'liqdir.
Halqimiz tinchlik va osoyishtalikni istab kundalik hayotida qator diniy va milliy fazilatlarni amalga oshiradi. Jumladan:
Ular ko'rishganida salom beradi. Bu bir-birlariga tinchlik, omonlik tilash ramzidir.
Duo qilsa, Yaratgandan xonadonlarimizni tinch, yurtimizni obod qilgin deb yuziga fotiha tortadi.
Har bir yaxshilik, ezgulik ustida tinchlik bo'lsin deya, kelajak uchun yaxshi niyatlar qiladi.
To'y-tantanalarda to'ylar bo'laversin deydi, chunki to'y tinch va farovon kunlar bois o'tadigan marosimlarning sarasi sanaladi.
Oilada yangi mehmon tug'ilsa, go'dakka uzoq umr, baland martaba, uning baxt-saodati, ikki dunyo obro'sini so'rab iltijo qiladilar. Shu iltijolar zamirida faqat tinchlik so'raladi.
Insoniyatga islom ne'matini etkazishga vosita bo'lgan vahiy – Qur'oni karimning axloqiy qismi oqibat, rahm-shafqat, mehribonlik, kamtarlik, havoyi nafsdan voz kechish, hurmat va tinchlikka asoslangan. Ana shu ilohiy ko'rsatmalarga amal qiluvchi musulmonlar hamisha rahm-shafqatli, adolatparvar, insonparvar, axloq-odobi mukammal va sofdil bo'lib kelgan.
Tinchlik-osoyishtalik qaror topgan joyda insonning oilasi tinch, turmushi obod, kelajagi porloq bo'lishi, hayot tizimi bir maromga tushib, taraqqiy topishi aniq va maqsadli ekani barchaga ma'lum. Bunday ne'mat ortida faqat shukronalik va itoat yotadi. Albatta bu kabi axloqqa ega bo'lgan sof maqsadli inson, ayta olamizki, barcha a'zosi bilan minnatdorlik va manfaatdorlik xazinasiga hayoti davomida ega bo'ladi.
Insonga kundalik hayoti uchun zaruriy vositalardan bo'lmish mol-mulk, hovli-joy, uy-ro'zg'or buyumlaridanda muhim bo'lgan tana tayanchlarini doimiy tinchlik-osoyishtalik, barqarorlik bilangina muntazamligini ta'minlanadi. Aks holda yo'qlik, parokandalikka uchraydi. Shu bois bo'lsa kerak barcha mulkdor shaxslar tinch mamlakatlarni o'ziga ixtiyor qiladi. Demak, mol-mulk, hovli-joy, uy-ro'zg'or buyumlari bus-butun bo'lishligi uchun shukrona aytish bilan birga uni tinch-omon saqlashlik ham inson farzandi imkoniyat topadi.
Aytib o'tgan barcha fikrlarimizni Alloh taolo bandalarini o'zaro ittifoqlikda, ahillikda, tinchlik-omonlikda yashashga da'vat etib: “Agar mo'minlardan ikki toifa o'zaro urushib qolsalar, darhol ular o'rtasini isloh etingiz!” (Hujurot, 9) degan insonparvarlik amr-farmonini bayon etadi.
Abdulhay TURSUNOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili
Har bir musulmon uchun hayotning har bir jabhasida Islom axloqiga amal qilish farz sanaladi. Buning ichiga yo‘lda harakatlanish, piyoda va haydovchi sifatida qoidalarga rioya qilish ham kiradi. Islom dini faqat ibodatlar bilan cheklanib qolmaydi, balki jamiyatda tinch-totuv yashash va boshqalarning huquqlarini hurmat qilishni ham talab qiladi.
1. Javobgarlik hissi — haydovchining odobi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi boshqalarga zarar yetkazmaydi va zarar ham ko‘rmaydi” (Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati).
Ushbu hadisga ko‘ra, haydovchi yo‘lda boshqalarning hayotiga, salomatligiga tahdid soluvchi harakatlardan ehtiyot bo‘lishi lozim. Yo‘ldagi har bir harakatimiz boshqalarga ta’sir qilishi mumkin.
2. Qoidalarga rioya qilish — itoat va omonat.
Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” (Niso surasi, 59-oyat).
Hukumat tomonidan belgilangan yo‘l qoidalari kishilarning xavfsizligi uchun joriy qilingan. Ularga itoat qilish – Islom ta’limotiga muvofiq harakat qilishdir.
3. Shoshilmaslik va sabr - hayotni saqlab qolish vositasidir.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Xotirjamlik Allohdan va shoshilish shaytondandir” (Imom Termiziy rivoyati).
Yo‘lda shoshish, qonunni buzish, ortiqcha tezlik bilan harakatlanish –haydovchining nafaqat o‘z hayotiga, balki boshqalar hayotiga ham xavf tug‘diradi.
4. Qo‘pollikdan ehtiyot bo‘lish va yo‘ldagi odob.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yo‘l odoblari haqida: “Yo‘llarda o‘tirishdan saqlaninglar!” deganlar.
Shunda “Bizning yo‘lda o‘tirishdan boshqa ilojimiz yo‘q, chunki gaplashadigan majlislarimiz yo‘llarda bo‘ladi”, deyishdi.
U zot alayhissalom: “Agar yo‘lda o‘tirishdan boshqaga ko‘nmasangiz, u holda yo‘lning haqini ado etinglar”, dedilar. Ular: “Yo‘lning haqi nima?” deb so‘rashdi.
U zot alayhissalom: “Yo‘lning haqqi ko‘zni tiyish, ozor yetkazishdan tiyilish, salomga alik olish, ma’ruf ishlarga buyurish va munkar ishlardan qaytarish”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Bugungi kunda bu odoblar haydovchilar va piyodalar uchun ham dolzarbdir. Yo‘lda hurmat va odobni saqlash, yo‘l berish, o‘zgalarni haqorat qilmaslik – musulmonning odobidir.
5. Huquqqa rioya qilish — boshqalarga yordam
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim dunyoda bir mo‘minni dunyo g‘amlaridan birini yengillatsa, Alloh taolo uning dunyo va oxirat g‘amlarini yengillatadi. Kim bir mo‘minning qiyinchiligini osonlashtirsa, Alloh taolo o‘sha insonni dunyo va oxiratda mushkulini oson qiladi” (Imom Muslim rivoyati).
Yo‘lda boshqalarga yordam berish — masalan, haydovchi bo‘lsangiz, qariya yoki nogironni olib o‘tish, mashinangizda yordamga muhtoj kishini olib borish – savobli amaldir.
Xulosa:
Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish faqat davlat talabiga amal qilish emas, balki Islom axloqi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilishdir. Har bir musulmon harakatda ham, niyatda ham odobli, mas’uliyatli va salbiy oqibatlarni oldindan o‘ylaydigan inson bo‘lishi lozim.
Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi.