Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyun, 2025   |   8 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:51
Peshin
12:26
Asr
17:35
Shom
19:55
Xufton
21:31
Bismillah
04 Iyun, 2025, 8 Zulhijja, 1446

Ijtimoiy tarmoqlardagi fitnalardan saqlanish barcha fuqarolarning mas'uliyatidir

26.08.2021   1359   12 min.
Ijtimoiy tarmoqlardagi fitnalardan saqlanish barcha fuqarolarning mas'uliyatidir

Biz yashayotgan hozirgi davrda ijtimoiy tarmoqlar insonlarning hayotiga tobora singib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning insonlar uchun foydali tomonlari bo'lgani kabi, salbiy tomonlari ham ko'p. Ko'plab yurtdoshlarimiz bu sohada foydali faoliyat olib borib, o'zlariga ham, jamiyatga ham manfaat keltirishmoqda. Jumladan, fan, madaniyat, reklama, savdo-sotiq, ko'rgazma va ilmiy faoliyatlar xalqaro tarmoqlarda olib borilayotganiga guvoh bo'lib turibmiz. Ammo, bu sohada ham odamlarning soddaligi, ishonuvchanligidan foydalanib, firibgarlik bilan shug'ullanuvchilar ham afsus-ki, topiladi. Bu maqolada ijtimoiy tarmoqlarning insonlar hayotidagi salbiy tomonlari haqida fikr yuritamiz, zero ogohlik davr talabidir, qolaversa, oxiratini o'ylagan har bir inson nojoiz gunoh ishlardan o'zini saqlashga harakat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarliklarni shartli ravishda umumiy ikki guruhga bo'lish mumkin: moliyaviy firibgarlik va ma'naviy firibgarlik.

  1. Moliyaviy firibgarlik. Bunda ba'zi yomon niyatli insonlar odamlarning ishonuvchanligidan foydalanib, aldov yo'li bilan harom mol to'plashga harakat qiladi. Masalan, yolg'ondan biror bemor kishining suratini qo'yib, yordam so'raladi va pul tashlash uchun kartalar joylashtiriladi. Bunga ishongan qo'li ochiq kishilar kartalarga pul jo'natishadi. Shunday qilib xolis kishilarning mablag'larini firibgar o'zlashtiradi.

Gohida esa firibgarlar ijtimoiy tarmoqlarga turli maqsadlarda o'z plastik kartalarini joylashtirgan kishilarga pul tashlab beramiz, deb maxfiy kodni yoki to'liq karta ma'lumotlarini so'rashadi, kod yoki ma'lumotlar aytilsa, karta ichidagi pulni tortib oladilar.

Boshqa holatlarda esa sizga to'lov qilganini aytib, hisobni tekshirish uchun havola jo'natadi. O'sha havolani ochib ko'rilsa, sizning kartangizdan pulni echib oladigan tizim ishga tushadi.

Yana boshqa firibgar telefon qilib ma'lumotlarni so'raydi, o'zini falon bank xizmatchisiman, deb tanishtirishi ham mumkin. Bu ishlarning barchasi zamonaviy firibgarlik – o'g'rilikdir.

O'g'rilik – dinimizda katta gunohlardan sanalib, dunyoda ham jazo tayinlangan jinoyatlardan biridir. O'g'rilik qadimdan barcha ilohiy dinlarda gunoh va jinoyat sanalgan. Katta gunohlarga dunyoda – jazo, oxiratda azob belgilangan bo'ladi. Katta gunohlar faqat tavba va birovni haqqini egasiga etkazish bilan yuviladi.

Alloh taolo musulmonlarni o'zaro mollarini botil yo'llar bilan eyishdan qaytaradi. Qur'oni karimda shunday deyiladi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ إِلَّا أَنْ تَكُونَ تِجَارَةً عَنْ تَرَاضٍ مِنْكُمْ

وَلَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o'rtada nohaq (yo'llar) bilan emangiz! O'zaro rozilik asosidagi tijorat bo'lsa, u bundan mustasno…” (Niso surasi 29-oyat).

Odamlarni norozi qilib, ularning mablag'larini o'g'irlaydiganlarni topgan harom luqmalari ularni do'zaxning tubiga tortadi. Abu Hurayra raziyallohu anhu aytadilar: “Sizlardan har bir kishi og'ziga tuproq solishi harom luqma solishidan ko'ra xayrliroqdir”. Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallam aytdilar: «Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi»” (Imom Abu Ya'lo va Imom Bazzor rivoyatlari).

  1. Ma'naviy firibgarlikBu tur firibgarlik ijtimoiy tarmoqlarda iqtisodiy firibgarlikdan ham ko'proq uchraydi. Quyida ularga to'xtalamiz:

Yolg'on xabar tarqatish. Har kuni ijtimoiy tarmoqlarda minglab xabarlar tarqaladi. Lekin ularning hammasi ham ishonchli emas. Ba'zilari bilmasdan  yolg'onga aralashsa, ba'zilari qasddan, qandaydir maqsadlar bilan yolg'on ma'lumot tarqatadi. Natijada ular o'zi va yolg'onga amal qilganlarning gunohini elkalariga “ortib” oladilar. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنْ جَاءَكُمْ فَاسِقٌ بِنَبَأٍ فَتَبَيَّنُوا أَنْ تُصِيبُوا قَوْمًا بِجَهَالَةٍ فَتُصْبِحُوا عَلَى مَا فَعَلْتُمْ نَادِمِينَ

ya'ni: “Ey, mo'minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat etkazib qo'yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo'lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko'ringiz!” (Hujurot surasi 6-oyat).

Odamlardan eshitgan narsasini surishtirmay gapiraverish gunoh ekaniga ko'plab hadisi shariflar ham dalolat qiladi.

Qimor va firibgarlik o'yinlari. Ijtimoiy tarmoqlarda qimor o'yinlari sezilarli darajada ko'paydi. Ayniqsa bukmekerlik kompaniyalarda futbol uyinlariga pul tikish, ayrim blogerlarning qimor o'yinlarini tashkil etishi ko'zga tashlanmoqda. Islomda qimor o'yini qat'iy harom qilingan!

Qimordan topilgan molni emoq sudxo'rlik bilan topilgan molni emoqdan ham og'irroqdir! Chunki qimorboz shariatda harom qilingan ikki gunohi azimga qo'l uradi. Harom o'yin o'ynaydi va o'yinda yutib olgan harom molni o'zlashtiradi. Qimorni reklama qilib targ'ib qilayotganlar shuni bilsinlar-ki, ularning targ'iboti bilan qimorga qo'shilgan har bir kishining gunohidan bularga ham tengma-teng yozilib turadi.

Odamlarning obro'larini to'kish va ularni bir-biriga gij-gijlash. Shariatimizga ko'ra, har bir musulmonning sha'ni va obro'sini to'kish xuddi qonini to'kish yoki molini o'zlashtirish kabi, boshqa musulmon uchun haromdir! Aslida turli fitnalar uyushtirish, insonlar o'rtasida adovat urug'ini sochish – dinimizda eng katta jinoyatlardan biri ekani ta'kidlangan. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:

 وَالْفِتْنَةُ أَكْبَرُ مِنَ الْقَتْلِ  

ya'ni: “Fitna qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir” (Baqara surasi 217-oyat).

Fahsh va behayolikning tarqalishi. Firibgarlar katta daromad topish, odamlarni ma'naviy tubanlikka tushirish, xalqning o'zligini emirish uchun jamiyatda behayo tasvirlar, videoroliklar tarqatadilar. Nomahram bo'lgan shaxslarning ijtimoiy tarmoqlardagi noshar'iy suhbatlari ko'plab oilalarning buzilishiga sabab bo'lmoqda. Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi:

 قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ

ya'ni: “(Ey, Muhammad!) Mo'minlarga ayting, ko'zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo'l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir” (Nur surasi 30-oyat).

Ijtimoiy tarmoqlarda o'g'il-qizlarni “ovlash” uchun “to'r” tashlab, poylab turgan fahsh targ'ibotchilari biz o'ylagandan ko'ra ancha ko'p. Farzandlarimizni ularning qo'liga topshirib qo'ymaylik, ularga o'zimiz ega chiqaylik! Buning uchun, chiroyli tarbiya berish bilan birga, doimiy nazoratni ham unutmaslik kerak! Zero yoshligidan fahsh botqog'iga botgan o'g'il-qizning kelajagi mavhumdir.

Ijtimoiy tarmoqdagi soxta da'vatchilar. Ming yillardan beri haq yo'lda sobit turgan musulmon jamoasi o'rtasiga turli xiloflar solish, Qur'on va sunnatning zohiriga yopishib olib, XVIII asrda paydo bo'lgan “bid'at” (yangi paydo bo'lgan) g'oyalar asosida fatvolar chiqarib, zamonaviy masalalarning aksariyatiga “bid'at” tamg'asini urib, natijada o'zini ham, o'zgani ham adashtirib da'vat qilyaptilar! Bunday kishilar odamlarga o'zlarini olim qilib ko'rsatib, izidan ergashtirib, noto'g'ri tomonga yo'llamoqdalar. Bu dunyoning o'zidayoq borsa-kelmas joylarga jo'natishmoqda va buzuq e'tiqod sababli “do'zax”ning yoqasiga olib borib qo'yishmoqda. Internet orqali, ijtimoiy tarmoqlar orqali dindan, shariatdan gapirayotgan, lekin aslida kimligi ham, kimdan ta'lim olgani ham noma'lum kimsalardan din olinmaydi. Chunki, fatvo bu – din demakdir!  Shariatimizga ko'ra esa, uni kim etkazayotgani muhimdir. Shuning uchun mashhur tobein Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi: “Bu ilm – dindir. Dinlaringizni kimdan olayotganingizga qaranglar”, – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).

Peshqadam olimlarini tahqirlash, tuhmat-buhton so'zlari bilan obro'sizlantirish, ularni nifoqda, kufrda ayblash. Ijtimoiy tarmoqlar orqali dinimizga bo'layotgan zararlardan yana biri –  har bir yurtning peshqadam olimlarini tahqirlash, tuhmat-buhton so'zlari bilan obro'sizlantirish, ularni nifoqda, kufrda ayblashdir. Ularning bundan o'ylagan maqsadlari – musulmon ommasini ilmiy rahbarsiz qoldirib, o'zlariga ergashtirish va boshqarish va shu orqali musulmonlar orasida fitna chiqarib, ularni bir-biridan bo'lish va kuchsizlantirishdir. Shunda ular o'zlari ko'zlagan maqsadga etishmoqchi bo'ladilar.

Qalbidan din tashvishi, ummat g'ami o'chib, ishi faqatgina ulamolarning ayblarini qidirish, ularni g'iybat qilish bo'lgan kimsalarning ushbu nayranglariga nisbatan xushyor bo'lmasak, oqibati juda ham xatarli bo'lishi mumkin. Alloh asrasin!

Har bir inson ijtimoiy tarmoqdan foydalanar ekan, yuqorida keltirilgan ma'lumotlarni bilishi, oqdan qorani ajrata olishi, nima gunoh, nima savob ekanini aniq ajratishi, qiladigan ishining oqibatlarini o'ylashi va bu dunyodagi va oxiratdagi mas'uliyatini his qilishi kerak! Zero, u Insondir!

Alloh taolo barchamizni O'zining dinida sobitqadam qilsin, ikki dunyo saodatini nasib qilsin! Amin!

 

Muslim.uz materiallari asosida

Hodjimuratova Zuxra tayyorladi

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Arafa kuni ushbu 5 amalni bajarishni unutmang!

04.06.2025   997   1 min.
Arafa kuni ushbu 5 amalni bajarishni unutmang!

1. Duo qilish. Bu kun qilingan duolar eng afzal duodir.

Solihlardan biri aytadi: "Allohga qasam! Arafa kuni biror duo qilsam, bir yil o‘tmasidan turib uni xuddi yorishgan tong kabi amalga oshganini ko‘rdim".

O‘tgan solihlar ehtiyojlari uchun qiladigan duolarini arafa kuniga saqlab qo‘yishar edi. Qanchadan qancha orzu-umidlar va duolar arafa kunida ijobat qilingan.


2. Ushbu duoni ko‘p qilish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi arafa kunidagi, men va mendan oldingi nabiylarning “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shayin qodiyr”, deb aytgan duosidir”, dedilar.


3. Allohdan do‘zaxdan panoh so‘rash. Bu kundan ko‘ra do‘zaxdan ko‘p ozod bo‘ladigan kun yo‘q. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!”.


4. Takbiri tashriq aytish. Bu kunning bomdod namozidan boshlab takbir aytiladi. “Allohu akbar! Allohu akbar! Allohu akbar! Laa ilaha illallohu vallohu akbar! Allohu akbar va lillaahil hamd”.


5. Ro‘za tutish. Bu kun tutilgan ro‘za ikki yillik gunohlarga kafforot bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunining ro‘zasi undan oldingi va undan keyingi yillardagi gunohlarga kafforot bo‘ladi deb Allohdan umid qilaman”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Arafa kuningiz muborak bo‘lsin. Alloh taolo sizni bu kunning fazilatlaridan to‘liq bahramand etsin.

 

Davron NURMUHAMMAD