Har bir amalning ma'lum bir qoidalari bo'lganidek, tirnoq olishning ham o'z tartibi bor. Inson tirnoqlarini olib yurishi lozim. Chunki tirnoq orasiga har xil kir-iflosliklar kirib qolib inson sog'ligiga zarar etkazadi. Payg'ambarimiz sollallohu anhu o'n besh asr ilgari: “Tirnoqlaringni olib yuringlar, Shayton barmoq uchi va tirnoqlaring orasiga o'z urug'ini qo'yadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Shaytonning urug'i – tirnoq uchidagi qorayib turgan kirlardir. Payg'ambarimiz alayhissalom shayton urug'i deb hozirgi tibbiyot tili bilan aytganda, zararli virus, bakteriyalarni aytganlar. Tirnoq olishimiz bilan sog'ligimiz uchun zararli bakteriyalardan qutilamiz. Shu sabab Islom dini tirnoqlarni olib yurishga targ'ib qiladi.
Dinimizda tirnoq olish sunnat amallardan hisoblanadi. Bu haqda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy marhum Usmonxon Alimov hazratlari bunday yozganlar: “Tirnoq olish sunnat amallardan. Payg'ambarimiz sollollohu alayhi va sallam mo'ylabni qisqartirishga, tirnoq, qo'ltiq va kindik tagi tuklarni olishga buyurganlar.
“Tuhatul axbor” kitobida tirnoq olish tartiblari bunday bayon qilingan: “Tirnoq olish o'ng qo'l ko'rsatkich barmog'idan boshlab bosh jimjilog'igacha olinadi. So'ng chap qo'l jimjilog'idan boshlab bosh barmog'i tirnog'ini olib, oxirida o'ng qo'lning bosh barmog'i tirnog'i olinadi. Boshqacha ko'rsatilgan yo'llari ham bor,oyoq tirnoqlari o'ng oyoq jimjilog'idan boshlanib, chap oyoq jimjilog'ida tugatiladi”. Ya'ni, o'ng qo'lda boshlagan tirnoq olish yana o'ng qo'lga kelib tugaydi. Oyoq tirnoqlari esa o'ngdan boshlanib, chapida tugaydi.
“Avrod”ning sharhida: “Kunduzi yoki tunda xoh shanba, xoh yakshanba bo'lsin, tirnoq olinaveradi, yaxshi ish ortga surilmaydi. Kunlardan irim qilish-bid'atchining ishi” , deyilgan. Tirnoqni tish bilan olish mumkin emas. Tirnoq erga ko'miladi. Junub kishi g'usl qilmasdan oldin soch yoki tirnoq olishi makruh bo'ladi.
Dinimizda qo'ltiq va kindik osti tuklardan poklanishga targ'ib qiladi. U qo'ltiq va kindik osti tuklarini o'stirib yurishni nopoklik hisoblaydi. Inson qo'ltiq va kindik osti tuklarini olish bilan vujudiy poklanadi. Kindik osti tuklarni kindikdan boshlab olinadi. Bu joylarda tuk olinmasa, u erda kir to'planib qo'lansa hid tarqatadi. Yoki teri kasalligini keltirib chiqaradi. Qo'ltiq va kindik osti tuklarini har 15 kunda olinadi. Ularni 40 kundan o'tkazib, olmay yurish makruhdir. Shu sababli Islom dini mo'ylovlarni qisqartirish, tinoqlarni olish, qo'ltiq va kindik osti mo'ylarni tozalash, xatna qildirish, misvok tutish kabi ishlarga targ'ib qiladi” ( Islom nuri gazetasi. 2012 yil 15-yanvar. 1-son. ).
Tirnoq va soch tolalarini erga ko'mish fazilatli amal hisoblanadi. Bu haqda Imom A'zam rahmatullohi alayh bunday hikoya qiladilar: “Makkaning yo'lida soch oladigan sartarosh mendan uchta xato topdi. Hatolardan biri soch oldirishda yuzimni qiblaga qarab turmaganim, ikkinchisi esa soch oldirarda o'ng tomonimni tutmaganim va uchinchisi esa sochimni olinganlarini erga ko'mishga harakat qilmay ketayotganim bo'ldi”.
Soch va tirnoqlarni erga ko'mish haqida ota-bobolarimizning qadimiy kitobi “Chor kitob”da bunday deyiladi: “Olingan tirnoq va qirqilgan soch va hayz xirqasi va tushgan tish va fasod qoni va shunga o'xshaganlar odam a'zosining juz'iy qismlari bo'lgani uchun ( ko'milmog'i) dafn qilinmog'i talab etilur.
Bu haqda “ Chor kitob” da bunday she'r beriladi:
Yetti narsa bordur inson tanida,
Rasuldan merosdur ularni ko'mmoq.
Go'dak tug'ilganda o'ralgan parda,
Ul neki xatna ziyoda har choq.
Nifosdan ul lahza hayz hirqasi,
Sochu tish, tirnog'u qongacha mutloq”.
Qo'l tirnoqlari har haftada, oyoq tirnoqlari esa 12-15 kunlarda olinadi. Tirnoqlarni olib yurish inson pokligi va sog'ligi uchun foydali ishlardan hisoblanadi.
Ruhiddin Akbarov,
Qashqadaryo viloyatdagi vakillik xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bandaning haqqi yengil qaraladigan narsa emas. Bu haq – to ado qilinmaguncha kechilmaydigan haq. Bu shunday haqki, Alloh taolo aralashmaydigan haq.
Bandaning haqqi iymonning bir bo‘lagi. Ado qilinmaguncha jannatga kirishdan to‘sib turadigan devor. Bandani haqqini ado qilish aslida iymon keltirishdan boshlanadi.
Guvohlik beraman albatta Allohdan boshqa iloh yo‘qdir, yana guvohlik beraman albatta Muhammad alayhissalom Allohning bandasi va elchisidir.
“Allohdan boshqa iloh yo‘qdir” bu kalom Allohning haqqidir.
“Muhammad Allohning bandasi va elchisidir” bunisi esa bandaning haqqidir.
Ushbu jumlalar bir-biridan ajratilganda esa, iymon mukammal bo‘lmaydi.
“Namozni barkamol o‘qingiz”, Allohning haqqidir.
“Zakot beringiz” bandaning haqqidir.
“Allohga itoat etingiz” Allohning haqqidir.
“Payg‘ambarga itoat etingiz” bandaning haqqidir.
“Menga va ota-onangga shukr qilgin”
“Menga (shukr qilgin)” Allohning haqqidir.
“Ota-onangga shukr qilgin” bandaning haqqidir.
Agar kishi Allohning haqqini go‘zal ado qilsa-yu, bandaning haqqiga rioya qilmasa najot topmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim haj qilsa-yu, (unda) rofas (fahsh) va fisqqa yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa, u uyiga xuddi onadan yangi tug‘ilgandek gunohlardan pok bo‘lib qaytadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
“Haj” – Allohning haqqi.
“Faxsh va fisq” bandalar haqqiga rioya qilmaslik oqibatida bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga “Falonchi ayol kechalari namoz o‘qib, kunduzlari ro‘za tutadi. Biroq tili yomon, qo‘shnilariga behayolik bilan ozor beradi”, deyishgan edi, u zot sollallohu alayhi vasallam: “Unda yaxshilik yo‘q, u do‘zaxda” , dedilar (Imom Hokim rivoyati, sahih hadis).
“Namoz va ro‘za” Allohning haqqi. Ayol uni ado qilardi.
“Tildagi ozor va behayolik” bandalarning haqqi. Shu haq ado qilinmagani sababli “Unda yaxshilik yo‘q, u do‘zaxda”, dedilar.
Yorbek ISLOMOV,
Olmazor tumani “Oxunguzar” masjidi imom-xatibi.