Habar berganimizdek, bugun, 13 avgust kuni yurtimizdagi bir guruh taniqli ulamolari Jizzax viloyatiga tashriflari boshlandi.
Safar davomida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekovning ilk tashrifi Sharof Rashidov tumanidagi “Qo'shchinor” masjidida bo'ldi.
Homidjon domla jamoat bilan juma namozini ado etgandan so'ng namozxonlarga ma'rifiy ma'ruza qilib berdilar. Unda avvalo viloyat ahlini yurtimizda bo'layotgan o'zgarishlar mazmun-mohiyati, butun dunyoda bo'lganidek yurtimizda koronavirus yuqumli kasalligi qayta avj olayotgani, uning oldini olish uchun shifokorlar tavsiya qilgan karantin qoidalariga amal qilish, davlat tomonidan xorijdan olib kelinayotgan vaktsinalar bilan emlanish lozimligini ta'kidladilar.
Ma'ruza davomida Islom dinining asl mohiyati, musulmon kishi faqat yakkayu yagona Haq taologa ibodat qilishi, shirk, bid'at amallardan saqlanish kerakligi, bunda Payg'ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamga ergashib, u kishining sunnatlariga qat'iy amal qilish eng to'g'ri yo'l ekanini aytdilar. Shuningdek, ne'matlar shukrini ado etish, uni yanada ziyoda qilishini eslatdilar.
Suhbat davomida namozxonlarni qiziqtirgan savollariga javob berdilar. Yakunda jamoat bilan Alloh taolodan yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, butun dunyodan virus balosini aritishini so'rab duoi-xayrlar qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati