O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent viloyati Qibray tumani "Baytqo'rg'on" jome masjidi imom-xatibi Abdussamad domla Jabbarovning padari buzrukvorlari Abduqahhor otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo'lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o'stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o'zlariga hamroh aylab, O'z mag'firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o'qituvchi-mudarrislari nomidan Abdussamad domlaga, u kishining oila a'zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
"Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun".
«Musibat etganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Bugun, 2026 yil 23 noyabr kuni Istanbul shahrida Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan «Ummat birligi va global muammolar qarshisida fatvo kengashlari» mavzusida Fatvo kengashlarining xalqaro maslahat yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli xalqaro anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy — Idora huzuridagi Fatvo markazi direktori Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.
Anjumanda BAA Fatvo kengashi vakillari, Yaman vaqf va irshod vaziri Turkiy Abdulloh Ali al-Vadeiy, Falastin Oliy sud kengashi raisi, bosh qozisi Mahmud Sidqiy Abdurrahmon Al-Habbosh, Suriya muftiysi, Fatvo kengashi raisi Usoma Ar-Rifoiy, Livan muftiysi Muhammad Abdullatif Dariyon kabi vazirlar, muftiylar, fatvo kengashlari rahbarlari hamda taniqli ulamolar qatnashmoqda.
Yig‘ilishning tantanali ochilish marosimi “Ayo Sofiya” jome masjidi imom-xatibi Bunyamin To‘pchu o‘g‘luning Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Shundan so‘ng Turkiya Respublikasi Diyonat ishlari boshqarmasi raisi, professor, doktor Safiy Arpagush kirish so‘zi bilan ishtirokchilarni qutladi.
Ushbu xalqaro maslahat yig‘ilishi axborot xurujlari va turli g‘oyaviy tahdidlar kuchaygan bugungi global sharoitda Islom ummatining birligini mustahkamlash hamda jamiyatda yuzaga kelayotgan fatvo tarqoqligi va ilmsizlikka asoslangan chalkash fikrlarning oldini olish nuqtayi nazaridan nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati