Riyo — ish va harakatlarni ko'rsatmoq, bir yaxshilikni yoki amalni Allohning roziligi uchun emas balki, insonlarning maqtovi uchun qilishdir. Bu harakatlarni amalga oshirgan insonga riyokor deyiladi.
Riyo — insonlar orasida ruhiy ta'sir, shon-shuhrat, moddiy foyda uchun qilinadi. Dunyoga oid bu kabi moddiy va ma'naviy foydalarni qo'lga kiritish uchun, dinga bo'lgan hurmat va e'tiborni ishlatish, riyoning eng yomon shaklidir. Bunday harakatlar hiylakorlik va yolg'onchilikdir.
Riyokor — kishining so'z va harakatlaridagi samimiyatsizliklari, boshqa insonlar tomonidan qisqa vaqtda bilinadi. Bu insonlarga hech kim ishonmaydi. Riyoning hammasi axloqsizlik bo'lgani kabi, ibodatlarda riyokor bo'lish eng katta axloqsizlikdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta siz uchun eng qo'rqadigan narsam, kichik shirk, ya'ni riyodir» deganlar (Termiziy rivoyat qilgan).
Ibodat Alloh uchun qilinadi. Allohning roziligidan boshqa bir maqsad uchun ibodat qilish, Allohning roziligini o'rtadan olib tashlaydi. Ko'rsatish va foyda tushunchasi bilan Qur'on o'qish, namoz o'qish, ro'za tutish, zakot berish, hajga borish, sadaqa berish ibodatlarni xabata, ya'ni bekorga chiqaradi.
Alloh taolo bu haqda O'zining kalomida shunday marhamat qiladi:
«Ey iymon keltirganlar! Sadaqalaringizni minnat va ozor berish bilan, molini Allohga va oxirat kuniga iymon keltirmasa ham kishilarga riyo uchun nafaqa qilganga o'xshab bekorga ketkazmang. U misoli bir ustini tuproq bosgan silliq toshga o'xshaydi. Bas, kuchli yomg'ir yog'sa, silliq bo'lib qoladir. Kasb qilganlaridan hech narsaga qodir bo'lmaslar» (Baqara surasi, 264-oyat).
Shu holda, Allohning buyrug'ini va roziligini o'ylab emas, dindor ko'rinish uchun ibodat qilish, olim va bilimli deyishsin, deya ilm bilan mashg'ul bo'lish, sahiy deb nomlanish uchun zakot va sadaqa berish, riyodan iborat yomon harakatdan boshqa bir ma'no ifoda qilmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
«Shubhasiz riyo shirkdir» (Ibn Moja rivoyat qilgan).
Allohga va insonlarga qarshi o'zini samimiy tutib riyodan uzoq turish, iloji bo'lsa, ibodatlarni yashirin qilish, Allohning roziligini insonlarning maqtoviga, istagiga, qo'rquviga qarshi tanlash har bir musulmonning tamoyilidir.
Internet manbalari asosida tayyorlandi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh kimnidir O‘ziga do‘stlik sharafi bilan e’zozlabdimi, albatta, uning ko‘ziga dunyoni xunuk qilib qo‘yadi.
Hadisda marhamat etilibdi: “Biror bir qavm yo‘qki oralariga dunyo aralashib qolguday bo‘lsayu Alloh taolo shu sabab o‘rtalariga bug‘zu adovat solmagan bo‘lsa”.
Butun dunyo boyliklari Haq subhanahu va taolo nazdida pashshaning qanoticha qiymatga ega emas. Buni tushungan kishi biror bir Allohni tanigan solih odamni dunyoni tark etganligi sababli maqtab yurmaydi. Chunki barcha zohidlar hissasiga o‘sha “qanotcha” bo‘lgan dunyoning bir ko‘zga ko‘rinmas qismidangina voz kechish majburiyati tushgan xolos. Shunday arzimas, qimmatsiz narsadan voz kechganni maqtash, aslida o‘sha voz kechilgan narsaning, ya’ni dunyoning bahosini oshirgan, qadrini ulug‘lagan bo‘ladi. Haqning xizmatida bo‘lgan sodiq va xos xodimlar go‘yo bunday deydilarki, “Biz biror bir dunyo ahlini to o‘sha o‘ziga yetgan pashsha qanoti bo‘lagini tashlab, oyoqosti qilmagunicha Haq taolo dargohiga yo‘latmaymiz!”. Lekin dunyoni sevuvchilarning hech biri bunga jur’at etolmaydi.
Imom Sha’roniy quddisa sirruhu deydilar: “Bizdan bu dunyoning arzimas va vafosiz ekanligini ko‘ra olishligimizni va undan kechib abadiy hayot obodligi uchun intilishligimiz lozimligi haqida va’damizni olishgan. Ey, mening qadrdon do‘stim, sevimli og‘am, oladigan va chiqaradigan nafaslarimiz hammasi hisobli, uni endi oshishini va kamayishini hech iloji yuqdir. Bu dunyo abadiy hayotning ekinzoridir. Kim ekish vaqti yalqovlik qilsa, o‘rim (xirmon) vaqti qayg‘uda qoladi. Alloh taolo marhamat etadiki: “Har bir insonga o‘z qilganidan boshqa narsa yo‘q” (Najm surasi, 39-oyat).
Shuningdek, rizqu nasiba haqida ham Alloh bunday deydi: “Yer yuzida o‘rmalagan narsa borki, ularning rizqi Allohning zimmasidadir. U ularning turar joylarini ham, borar joylarini ham bilur. Hammasi ochiq-oydin kitobdadir”. (Hud surasi, 6-oyat).
Allohning biz uchun kafil va vakil bo‘lgan narsalarini qo‘lga kiritishda oshiqcha sa’yu harakat qilishimiz, aksincha buyurgan narsalarini talab qilish va bajarishda yalqovlik va beparvolik qilishimiz, ayni nodonlik va bema’nilikdir. Senga shu narsa aniq ma’lum bo‘lsinki, nafsoniy xohish va dunyo ishlari haqida tashvish chekkan odam bamisoli bir ilon tarbiyat qiluvchidirki oqibat uning zahridan o‘zi halok bo‘ladi. O‘tkinchi dunyo hayotiga mukkasidan ketib, oxiratini esidan chiqargan banda go‘yo bir anqigan o‘laksaga tashlangan it kabidir!
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi