“Oqil” arabcha so'z bo'lib, u o'zbek tilida “aqlli”, “aql egasi”, “farosatli” degan ma'nolarni anglatadi. “Oqil” so'zi “O'zbek tilining izohli lug'ati”da bunday izohlanadi: “Oqil (arabcha) - aqlli, farosatli, ba'ma'ni”. Ma'lumki, o'z aqliga suyanib ish qiladigan kishini oqil kishi deyiladi. Oqil kishining o'z fikri va xulosasi bo'ladi. U hayotdagi barcha ishlarini foyda-yu zararga qarab, har bir narsani hisob-kitob bilan bajaradi.
“Dono” so'zi esa o'zbek tiliga fors tilidan o'zlashgan so'z hisoblanadi. U o'zbek tilida “donishmand”, “bilimdon”, “hikmatli” degan ma'nolarni anglatadi. “Dono” so'zi “O'zbek tilining izohli lug'ati” da: “Dono (forscha) biluvchi, bilimdon, donishmand” deb izohlanadi. Yuqori darajada bilim, tajribaga va hikmatga ega bo'lgan kishi dono deyiladi.
Ho'sh, oqil bilan dono kishining nima farqi bor?
Oqil kishi biror yomon vaziyatga tushib qolsa, bu vaziyatdan to'g'ri xulosa chiqarib, aqlini ishlatib o'zini yomon holatdan qutqazadi. Dononing oqildan farqi shuki, dono kishi o'zini bilimi va tajribasidan kelib chiqib, o'zini yomon vaziyatlarga tushib qolish ehtimoli bor joy va holatlardan asraydi.
R. Akbarov,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi
Islom dinining eng oliy maqsadi insoniyatni hidoyat yo‘liga boshlash, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat, bag‘rikenglik va birdamlikni mustahkamlashdir. Alloh taolo Qur’oni karimda:
“Albatta, mo‘minlar birodardirlar, bas, ikki birodaringiz o‘rtasini isloh qiling, Allohga taqvo qiling, shoyadki, rahm qilinsangiz.” (Hujurot surasi, 10-oyat).
Mazkur oyat musulmonlarning o‘zaro birodar va do‘st ekanligiga urg‘u beradi. Biroq tarix davomida ayrim toifalar islom ta’limotini noto‘g‘ri talqin qilib, musulmonlarning o‘ziga qarshi turli fitnalar chiqarishga harakat qildilar. Shulardan eng xatarlisi takfirchilik, ya’ni musulmonni kufrda ayblash masalasidir.
Takfirchilik bir musulmonni boshqa bir musulmonga nisbatan “dindan chiqqan”, “kofir” deb hukm chiqarishidir. Qarshisidagi odamni kofir deyishning oqibatini Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom quyidagicha tushuntirganlar:
“Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa, bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa gapiruvchining o‘ziga qaytadi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati)
Ushbu hadisdan anglashilganidek, “takfir qilish” jiddiy masala bo‘lib, uning hukmi aytovchining o‘ziga qaytishi mumkin.
Insonlarni kufrda ayblashning bir nechta asosiy sabablari bor:
Musulmon ulamolari takfirchilikka qarshi qat’iy fikr bildirishgan. Imom Navaviy rahmatullohi alayh shunday degan: “Hech bir kishi yagona gunoh sababli kufrga tushgan deb hisoblanmaydi. Modomiki, u Islom dinining asosiy va zaruriy qoidalarini qasddan inkor qilmayotgan bo‘lsa, u takfir qilinmaydi. Bir inson Islom asoslarini inkor qilganida, avval uning buni bilib-bilmasdan qilgani aniqlanishi kerak. Agar u jaholat sababli yoki ma’lumotsizlik tufayli xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, takfir qilinmaydi.
Shuningdek, Imom Tohaviy rahmatullohi alayh o‘z mashhur aqida risolasida: “Qibla ahlidan bo‘lgan biror-bir musulmonni gunohi kabira tufayli kofir sanamaymiz”, deb ta’kidlaydilar.
Bu so‘zlardan ma’lumki, bir inson shahodat kalimasini aytgan va islomning asoslariga ishongan bo‘lsa, uni kufrda ayblashga yo‘l yo‘q.
Takfirchilik faqat diniy jihatdan emas, balki ijtimoiy barqarorlik uchun ham xavflidir:
Takfirchilik islom ta’limotiga zid bo‘lgan xatarli g‘oyadir. U insonlarni Allohning rahmatidan uzoqlashtiradi, musulmonlar o‘rtasida birodarlik rishtalarini uzadi va fitna-fasodga sabab bo‘ladi. Har bir musulmonning vazifasi — birodarini kufrda ayblash emas, balki uni hidoyat va xayrli amallarga chorlashdir.
Shu boisdan, barcha holatlarda bo‘lgani kabi bu masalada ham ulamolarning yo‘liga ergashish lozim. Musulmonlar orasida birlik, bag‘rikenglik va inoqlikni mustahkamlash bugungi kun musulmonlarining eng muhim vazifasi bo‘lib qolmoqda.
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi
imom-xatibi Shermuhammad Boltayev