Ma'lumki, Zulhijja oyining o'ninchi kuni hayit bayrami bo'ladi. Undan oldingi bir kunni esa xalqimiz Arafa kuni deydi.
Ho'sh, Arafa qanday kun?
“Arafa” arabcha so'z bo'lib, u o'zbek tilida "bilish", "tanish" kabi ma'nolarni anglatadi. Bu haqda “O'zbek tilining izohli lug'ati”da:“Arafa – (arabcha) Makka yaqinidagi tog' nomi; bilish, tanish. Qurbon hayitidan oldingi kun” deb izohlanadi.
Ba'zilar "haj qiluvchilarning asosiy ziyorati Arafot tog'ida o'tganligi va ana shu kunning e'tiboridan hayitdan oldingi kun arafa kuni deyiladi", deyishadi. “Islom entsiklopediya” kitobida bunday izoh beriladi: “Arafa-(arab. – bilmoq, tanimoq, ma'rifat hosil qilmoq). 1) hijriy-qamariy yil hisobi bo'yicha 12 oy (Zulhijja)ning 9 kuni nomi. Kunning arafa deb atalishiga sabab Ibrohim alayhissalomga Jabroil alayhissalom haj ibodatining arkonlarini o'rgatgan. Shu bois hojilar zulhijja oyining 9 kuni Arafot tepaligiga chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat, duo va iltijo bilan mashg'ul bo'lishadi; 2) Hayitdan oldingi kun. Shundan kelib chiqib, musulmon xalqlar orasida tantanali, olamshumul voqealar va bayramlar oldingi kun va muddatni ham Arafa deb nomlash odatga aylangan[1]”.
Ayrimlar esa arafa chin va yolg'on arafa kunlaridan iborat deyishadi. Ularning fikriga ko'ra, arafa kunidan oldingi kunni yolg'on arafa kuni hisoblanadi. Rivoyat qilishlaricha, Ibrohim alayhissalom tush ko'radilar. Tushlarida o'g'illari Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilishga buyuriladilar. Ammo Ibrohim alayhissalom bu bir tush deb o'ylab, tushni yolg'on yoki chinligiga shubhada bo'ladilar. Tush ko'rilgan o'sha kun yolg'on arafa kuni bo'lib qoldi deyishadi. Ertasiga Alloh taoloning inoyati bilan Ibrohim alayhissalom yana o'sha tushni qayta ko'radilar. Shu jihatdan bu kun chin arafa kuni deyiladi, deyishadi.
Arafa kuni dunyo kunlarining ichidagi eng xayrli kunlarning biridir. Alloh taolo “Qur'oni karim”da bunday marhamat qiladi: “Tongga qasam. O'n kechaga qasam. Juftga, toqqa qasam” (Fajr surasi, 1-3-oyatlar). Ushbu oyatning tafsiri haqida “Tafsiri irfon”da: “Yuqoridagi to'rt oyati karimada Alloh taolo tabarruk oylardan zulhijjaning dastlabki o'n kuni qadridan mo'min bandalarini ogoh etib, shu kunlarga qasam, deyapti. Ushbu kunlar ichida eng ulug' ibodatlar namoz, ro'za, sadaqa, haj jamlangan. Qurbon hayiti ana shu zulhijjaning o'ninchi kunidan boshlanadi, mazkur oy haj ibodatini ado etish vaqtidir. Bu o'n kunlikda Arafa va jonliq so'yish bor. Shuning uchun Alloh taolo fazlu karami va hikmati bilan ayrim kunlarni boshqalardan afzal, mo''tabar qilgan. Alloh taolo aytadi: "Ma'lumki kunlarda Alloh ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlari (ni qurbonlik uchun so'yish) ustida Alloh nomini zikr qilish uchun (kelishadi)"(Haj surasi, 28-oyat).
Abdulloh ibn Abbos roziyalohu anhu ushbu oyatdagi “ma'lum kunlarni” zulhijjaning o'n kuni, deb tafsir qilganlar. Ushbu oyat va hadislarda kelgan dalillarga binoan, zulhijja oyining oldingi o'n kuni dunyo kunlarining eng afzali sanaladi, ushbu kunlari qilingan amallar boshqa kunlardagiga qaraganda Alloh taologa suyukliroqdir[2]”.
Arafa kunida Alloh taolo O'zining dinini komil qilib berilgani haqidagi oyatni nozil qilgan: "Bugun diningizni mukammal qildim, ne'matlarimni benuqson, to'liq qilib berdim va sizlarga Islomni din deb rozi bo'ldim”(Moida surasi, 3-oyat). Ushbu oyatning tafsiri haqida “Tafsiri irfon”da bunday deyiladi: “Mazkur oyati karima Arafa kuni nozil bo'lgan. Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hijratning o'ninchi yili haj qilish uchun Makkaga bordilar va Arafotda mashhur xutbalarini qildilar. Hutbani tamomlagach, uch marta: “Allohim, shohid bo'l!” dedilar. Huddi shu paytda yuqoridagi oyati karimaning oxirgi jumlalari nozil bo'ldi. Imom Buxoriy bunday rivoyat qiladi: “Bir yahudiy Umar roziyallohu anhuning huzurlariga kelib, “Sizlar bir oyatni o'qiysizlar, agar o'sha oyat bizga nozil bo'lganida, uni bayram qilib olgan bo'lur edik”, dedi. “Men o'sha oyatning qachon, qayerda, qanday nozil bo'lganini bilaman. Allohga qasamki, bu arafa kuni bo'lib, biz ham Arafotda edik”, dedilar hazrat Umar roziyallohu anhu[3]”.
Arafa kunida Alloh taolo bandalarining gunohlarini mag'firat etadi, ko'p bandalarini do'zaxdan ozod qiladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Arafa kunidan ko'ra Alloh unda bandani do'zaxdan ko'proq ozod qiladigan kun yo'q", deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Alloh taolo biron kun Arafa kunichalik ko'p bandani do'zaxdan ozod etmaydi. U yaqinlashib, so'ng do'zaxdan ozod qilgan bandalari bilan farishtalar oldida faxrlanadi"(Imom Muslim rivoyati).
Ibn Abdul-Barr aytadilar: «Bu o'sha bandalarning gunohlari mag'firat etilganiga ishoradir. Chunki Alloh taolo gunoh-ma'siyat ahli bilan hech qachon faxrlanmaydi. Faqat tavba va mag'firatdan so'ng bu narsa bo'lishi mumkin».
Arafa bayram qilinadigan kundir, chunki u bayram kunlar sirasiga kiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Arafa kuni, qurbonlik kuni va tashriq kunlari biz – Islom ahlining bayramimizdir”(Imom Abu Dovud rivoyati).
Arafa kunida nafl ro'zasi tutgan kishi ikki yillik gunohlariga kafforatni qo'lga kiritadi. Bu haqda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunining ro'zasi o'zidan avvalgi bir yil va o'zidan keyingi bir yilning gunohlariga kafforat bo'lishini Allohdan umid qilaman”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Shuni eslatib o'tamizki, bu yilgi Arafa kuni 19 iyul' kuniga to'g'ri keladi. Kelayotgan Arafa kunini Alloh taolo barchamizga xayrli qilsin! Alloh taolo Arafa kunida qiladigan duo, ibodatlarimizni, xayrli amallarimizni O'z dargohida maqbul aylasin! Barchamizni ikki dunyo saodatiga etkazsin!
R. Akbarov,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Qashqadaryo viloyatidagi vakillik xodimi
[1] Islom entsiklopediya. O'zb. MED ilmiy nashriyoti. T. 2017. 66-bet.
[2] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. Tafsiri irfon. T. “Sharq”nashriyoti. MAKBT. -2019. 6-juz. 589-bet.
[3] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. Tafsiri irfon. T. “Sharq”nashriyoti. MAKBT. -2019. 3-juz. 525-bet.
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va "takbiri tahrima" aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan:
Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu: "Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Anas ibn Molik roziyalloxu anhu rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar" (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).
Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan "qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.
Uychi tuman "Xizirobod" jome masjidi
imom-xatibi Sherzod Rahimov
Manba: t.me/softalimotlar