Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

Doimo shukrona keltirishga arziydigan buyuk ne'mat!

21.11.2023   2133   7 min.
Doimo shukrona keltirishga arziydigan buyuk ne'mat!

Mo'min-musulmonlar bir-biri bilan ko'rishganda bir-biriga salom berib, o'zaro tinchlik, omonlik tilaydi, Haq taolodan yurtga tinchlik, obodlik so'rab duoi xayrlar, har bir yaxshilik ustida tinchlik bo'lsin deya, yaxshi niyatlar qiladi. Bu, albatta, bejiz emas.

Negaki har bir inson hayoti davomida ezgu maqsad, orzu-istaklariga etish uchun harakat qiladi. Buning uchun unga eng katta tayanch – tinchlik muhitidir. Osoyishtalik hukm surgan oila bardavom va mustahkam, el-yurtning tinchligi esa mamlakat taraqqiyoti, aholi turmush farovonligiga sabab bo'ladi.

Alloh asrasin, oila va yurt notinch bo'lsa, hayot lazzatini tasavvur qilib bo'lmaydi. Hatto kishi biror luqmasini xotirjam yutolmaydi.

Islom dinida tinchlikni ulug'lash komil mo'minlikning muhim belgilaridan hisoblanadi. Tinchlikni qadrlash, osoyishta hayot uchun shukronalik uni saqlab qolish va mustahkamlashning zaruriy shartidir. Dinimiz ta'limotida masalaning bu jihatiga ham alohida e'tibor berilgan.

Qur'on karimda marhamat qilinadi: “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in'om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o'girib, o'z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag'allik kabi) biror yomonlik etsa, noumid bo'lur” (Isro surasi, 83-oyat).

Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik barqarorligini ta'minlash yo'lida katta ish olib borilmoqda. Shunga ko'ra biz ham tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga etib, uning davomiyligiga o'z hissamizni qo'shmog'imiz lozim.

Tinchlik va xotirjamlik ulug' ne'mat ekanini hammamiz yaxshi bilamiz, ammo uning qadriga etish lozimligini ayrimlar tushunmaydi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ta'kidlaganlaridek: “Ikki ne'mat borki, ko'pchilik odamlar uning qadri­ga etmaydi. U sihat-salomatlik va xotirjamlikdir” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati). Ushbu ne'matlar qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro'y beradi.

Dinimizda tinchlikka bo'lgan e'tibor nechog'lik katta bo'lish bilan birga bag'rikenglik uning negizidir. Inson o'zidagi ne'matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, undan o'zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o'ylab ko'rish bilan his etadi.

Barcha ezgu ishlar ro'yobga chiqishining boisi osoyishtalikdir. Shu bois insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga etishi, balki unga noshukrlik qilib futur etkazishdan saqlanishi lozim. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey, Parvardigor! Dunyo va oxiratda tinch va omonda qilgin” deb qilingan duodan ko'ra afzalroq duo yo'qdir”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Bugungi tahlikali davrda insoniyat uchun tinchlik va xotirjamlik suv va havodek zarur. Farzandlarimiz, yon-atrofdagi kishilarga ushbu ne'matlarning qadriga etib, uni asrab- avaylash zimmamizdagi burchi ekanini tushuntirishimiz lozim.

Qur'oni karimda Ibrohim alayhissalom tilidan Vatanlari haqiga bunday duo qilgan: “Eslang: Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” (Baqara surasi, 126-oyat). Oyati karimada Haq taolo Payg'ambarimiz alayhissalomga o'tgan payg'ambarlar hayotidan xabardor qilib, ummatlarini ulug' ne'matlar tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab-avaylab hayot kechirishga undalmoqda. Ibrohim alayhissalom yashagan davrda Makka tinch shaharlardan bo'lgan. Shunday bo'lsada, tinchliki doimo so'rab duo qilish muhim ekaniga dalolatdir.

Demak, ushbu buyuk ikki ne'mat bardavom bo'lishi uchun insondan shukr va qadrlash, tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so'rab duo qilish dinimizning eng dolzarb talabidir. Ayniqsa, dinimizni niqob qilib, o'zlarining g'arazli maqsadlariga erishishga urinayotgan firqa va oqimlarga qarshi doimo sergak va hushyor turish zarurligini doimo yodda tutmoq lozim.

Qur'oni karimda: “... Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir”, deya marhamat qilinadi (Moida surasi, 2-oyat). Oyati karimada aytilganidek, ezgu niyat yo'lida va taqvo yo'lida hamkorlik qilish er yuzida tinchlik va xotirjamlikni barqaror bo'lishiga bosh omil bo'ladi.

Bashariyat barcha narsasi: aql-zakovat, mol-dunyo va kuch-quvvatini sarflashiga haqli bo'lgan ushbu ulug' ne'matlar bardavom bo'lishi uchun uning sabablarini ham davomli bajarilishi lozim. Buning uchun insonlar, ayniqsa, yosh avlod, Haq taoloning toatida bo'lishga targ'ib qilish, ma'siyat ishlardan qaytarish, ne'matlarni qadrlash ruhida tarbiyalash lozim. Bu borada har bir inson o'zining burchi va majburiyatlarini yaxshi bilishi va unga qat'iy amal qilishi dinimiz tavsiyasidir.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to'lig'icha berilibdi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Jahonda ro'y berib turgan notinchlik, kishi dilini xufton qiladigan holatda g'aflatda qolish hech kimning haqqi yo'q. Mamlakat, oila va insonlarni halokat va falokatga uchratadigan eng yomon musibatlardan bu – beparvolik, g'aflat, loqaydlik va shunga oid yomon hislatlardir. Bu ko'zga ko'rinmaydigan illat, kasallikdir desak mubolag'a bo'lmaydi.

Ushbu yomon illatlardan barchamiz xolos bo'lishimiz lozim va lobuddir. Zero, dinimiz beparvolik, g'aflat, loqaydliklardan qat'iy qaytarib, uni ulamolar orqali muaolaja qilishga targ'ib etadi.

Hulosa qiladigan bo'lsak, tinchlik va xotirjamlik amaliy shukr talab qiladigan ne'matlardandir. Uni ado etish barchaning zimmasiga farz. Yoshi ulug' insonlar ushbu ikki ulug' ne'matning mustahkamligini so'rab ko'proq duo qilishi, yoshlar o'zining halol mehnati, Vatanga har jabhada sharaf bilan xizmat qilishga astoydil bel bog'lash bilan bu ne'matning shukrini ado etgan bo'lamiz, inshoalloh.

Alloh taolo yurtimiz tinchligini bardavom, xalqimiz hayotini faravon qilsin.

Isomiddin AHROROV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Kadrlar bo'limi mudiri

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston elchisi Bahrayn adliya va islom ishlari vaziri bilan o‘zaro hamkorlikni muhokama qildi

14.07.2025   3956   1 min.
O‘zbekiston elchisi Bahrayn adliya va islom ishlari vaziri bilan o‘zaro hamkorlikni muhokama qildi

O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida joylashgan) Bahrayn adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri. 

 

Vazir muloqot avvalida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlarning Islom tamadduniga hissa qo‘shgan hissasini, mamlakat tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tibor, yosh kelajak avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tahsinga sazovor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, al-Xorazmiy, Farobiy, Zamaxshariy kabi Islom olamida yuksak obro‘-e’tibor topgan olimlarning merosi dunyo musulmonlarining umumiy boyligidir.

 

– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Islom ummatiga xizmat qilmoqda. Bahrayn Islom merosini o‘rganish bo‘yicha o‘zbek tomoni bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ilmiy izlanishlarni birgalikda amalga oshirishga tayyor", – dedi adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida.

 

Muloqot chog‘ida Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida Bahrayn delegatsiyani ishtirokini ta’minlash, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ikki mamlakat ilmiy markazlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

 

Tomonlar O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasida adliya, Islom ishlari va vaqf sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda ilmiy-amaliy ishlarni tashkil etish maqsadida mas’ul xodim tayinlash taklifini qo‘llab-quvvatladilar. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

 

Dunyo yangiliklari