Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “(Ey imon keltirganlar! Alloh) sizlar uchun din bo'yicha Nuhga buyurgan narsani va Biz sizga (Muhammadga) vahiy qilgan narsani, (shuningdek) Biz Ibrohim, Muso va Isoga buyurgan narsani – shariat qildi: «Dinni barpo qilingiz va unda firqa-firqaga bo'linmangiz!» (Ey Muhammad!) Mushriklarga Siz da'vat qilayotgan narsa (tavhid) og'irlik qildi. Alloh unga (dinga) O'zi xohlagan kishilarni tanlar va Unga inobat qiladigan kishilarni hidoyat sari yo'llar” (Sho'ro surasi, 13).
Dinlararo bag'rikenglik g'oyasi xilma-xil e'tiqodli kishilarning bir zaminda olijanob niyatlar yo'lida hamkor va hamjihat bo'lib yashashini anglatadi. Dunyodagi dinlarning barchasi ezgulik g'oyalariga asoslanadi, u halollik, tinchlik, yaxshilik va do'stlik kabi bir qancha ezgu fazilatlarga tayanadi. Insonlarni halollik va poklik, mehr-oqibat, insonparvarlik va bag'rikenglikka da'vat etadi.
Yana bir oyati karimda marhamat qilinadi: “Ey, imon keltirganlar! Alloh uchun (to'g'rilikda) sobit turuvchi, odillik bilan guvohlik beruvchi bo'lingiz: biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni ularga nisbatan adolatsizlik qilishga undamasin! Adolatli bo'lingiz! Zero, u (adolat) taqvoga yaqinroqdir. Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh ishlaringizdan xabardordir” (Moida 8).
G'ayri dinlar musulmonlar tilida “Ahli zimma” deb nomlanadi, ya'ni samoviy din egalarining barchasi musulmonlarning zimmasida degani. Musulmonlar bu ahli zimmani omonligi, tinchligi, moli, jonini o'z zimmalariga olgan. Ularni himoya qilish, ularni ijtimoiy ta'minot bilan ta'minlash musulmonlarning bo'yniga bo'lgan. Shuning uchun ularni “Ahli zimma” deb atalgan. Ular o'z dinlarining ko'rsatmalariga binoan bemalol yashayveradi. Faqat o'zlarining dinlarini musulmonlarga targ'ib qilmasliklari kerak.
Hozirgi globallashuv jarayonda diniy bag'rikenglik muammosi jahon hamjamiyati davlatlari uchun g'oyat dolzarb masalalardan biri. 1995 yil 16 noyabrda BMTning fan, ta'lim va madaniyat bo'yicha ixtisoslashgan tashkiloti YuNYeSKO tomonidan Bag'rikenglik printsiplari deklaratsiyasining qabul qilinishi buning yorqin dalilidir.
Bosh qomusimizda mamlakatimizda yashayotgan barcha millat vakillari millati, tili, e'tiqodi, ijtimoiy xolatidan qat'iy nazar O'zbekiston halqini tashkil qilishi va ularning huquq va manfaatlari, shuningdek, e'tiqod erkinligini mustahkamlaydi.
Konstitutsiyasimizning 18-moddasida: “O'zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat'iy nazar, qonun oldida tengdirlar”, deya qayd etilgan.
Asosiy qonunimizda ushbu huquqning aks ettirilishi mamlakatimizda insonlarning vijdon va e'tiqod erkinligi ta'minlanishining asosi bo'lib xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda bir yuz o'ttizdan ortiq millat va elat vakillari yagona oila farzandlaridek ahil yashaydi. Ana shunday ko'p sonli millat va elat vakillarining birgalikda hamkor va hamjihat bo'lib umr kechirishi natijasida ularning har biri ma'naviy va madaniy jihatdan boyib, o'zaro munosabatlar ta'sirida ko'p millatli xalqimizning turmush tarzi yanada yuksalmoqda.
Shuningdek, ularning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta'minlash, ta'lim olishi, o'z qiziqishi va layoqati bo'yicha kasb-hunar egallashi, mehnat qilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Ayni paytda turli millat va elatlarning milliy an'ana va qadriyatlarini asrab-avaylash, ularni yanada rivojlantirish, boyitish masalasi davlatimizning doimiy e'tiborida bo'lib kelmoqda.
Yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillarining o'z ona tilida o'qishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani, oliy o'quv yurtlari, kasb-hunar kollejlari, akademik litsey va maktablarda barcha millat vakillari uchun teng shart-sharoitlar yaratilgani, ko'plab tillarda gazeta va jurnallar chop etilib, teleko'rsatuv va radioeshittirishlar olib borilayotgani bu boradagi faoliyatning yaqqol dalilidir.
Mustaqillik yillarida respublikamizda yuzlab masjid, cherkov, sinagoga va ibodat uylari qurildi, borlari qayta ta'mirlandi.
O'zbekistonda diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlik tarixiy ildiz va mustahkam qonuniy asoslarga ega bo'lib, dunyoviy davlat va din orasidagi munosabatlarning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo'l qo'yilmaydi” deb belgilangan.
Ushbu moddani amalga oshirish mexanizmi 1998 yil 1 mayda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi qonunida keng yoritib berilgan. Uning 3-moddasiga ko'ra: «Vijdon erkinligi fuqarolarning har qanday dinga e'tiqod qilish yoki hech qanday dinga e'tiqod qilmaslikdan iborat kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir».
Shuningdek, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 18-moddasida: “Har bir inson fikr, vijdon va din erkinligi huquqiga ega, bu huquq o'z dini yoki e'tiqodini o'zgartirish erkinligini va ta'limotda, toat ibodat qilishda va diniy rasm-rusum hamda marosimlarni ommaviy yoki xususiy tartibda ado etish, o'z dini yoki e'tiqodiga yakka tartibda, shuningdek, boshqalar bilan birga amal qilish erkinligini o'z ichiga oladi”, deb belgilangan.
Hulosa qilib aytganda, yurtimizda millatlararo va davlatlararo totuvlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan yangi g'oya va tashabbuslarning paydo bo'layotganligi do'stlik va hamjihatlik qo'rg'onining yanada mustahkam bo'lishiga xizmat qiladi.
Muhammad G'oibov,
Sayxunobod tumani “Mulla Negmurod”
Jome masjid imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhmurid va yaqinlariga «safar qilsangiz va yukingiz sizga bepul olib ketishingizga ruxsat bergan miqdordan ortiq bo‘lsa, albatta, ortiqcha yukning haqqini ado eting va keyin safar qiling», deya ko‘rsatma berar edilar.
Bir kuni u kishi safar qilish uchun vokzalga yetib keldilar. Poyezd kelishiga yaqin qolgan edi. Hazrat yuklarini olib, yuklar tortiladigan joyga yetib keldilar va navbatga turdilar. Tasodifan poyezdda birga ketadigan konduktor u yerga keldi va hazratni tanib qoldi. Darhol: «Hazrat, siz bu yerda nega turibsiz?» deb so‘radi.
Hazrat: «Yukimni torttirish uchun kelganman», dedilar.
Konduktor: «Sizga yukingizni torttirishga zarurat yo‘q. Hech qanday muammo bo‘lmaydi. Men siz bilan birga poyezdda ketaman. Ortiqcha yuk uchun haq to‘lashingiz shart emas», dedi.
Hazrat: «Siz men bilan birga qayergacha borasiz?» deb so‘radilar.
Konduktor: «Falon bekatgacha boraman», dedi.
Hazrat: «Keyin u yog‘iga nima bo‘ladi?» deb so‘radilar. Konduktor: «U bekatda boshqa konduktor keladi. Men unga bu hazratning yuklari, deb aytib qo‘yaman», dedi.
Hazrat: «U konduktor men bilan birga qayergacha boradi?» deb so‘radilar.
Konduktor: «U uzoqqa ketadi. Undan ancha oldin sizning bekatingiz keladi», dedi.
Hazrat: «Yo‘q, men ancha uzoqqa ketaman, oxirat tarafga ketaman, qabrimga ketaman. Qaysi konduktor men bilan birga ketadi?» dedilar. Keyin: «Oxiratda mendan bir davlatga oid poyezdda yukning haqqini ado qilmay qilgan safaring va o‘g‘irliging hisobini ber degan talab bo‘lsa, u yerda qaysi konduktor menga yordam bera oladi?!» dedilar.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan