Boshqirdiston Respublikasining Kushnarenkovskiy tumanidagi Sultonayevo qishlog'ida yangi masjid ochildi.
Mynamaz.ru xabariga ko'ra, qishloqdagi masjid 1920 yilgacha faoliyat ko'rsatgan. Barcha ibodatxonalar yopilgach, minorani arralab tashlashdi, bino esa qishloq Madaniyat uyiga aylantirilgan. 2016 yilda qishloq aholisi yangi masjid qurish tashabbusi bilan chiqishdi. Natijada besh yil avval poydevor qo'yildi, shu bilan qurilish ham to'xtab qoldi.
Ammo bu yil masjid qurish fikriga yana qaytildi va u atigi o'n to'qqiz kun ichida qurildi. Ochilish marosimida Rossiya musulmonlari Markaziy diniy idorasi raisi Talg'at Tojuddin ishtirok etdi.
Eslatib o'tamiz, o'tgan hafta Boshqirdiston Respublikasining Burayevo qishlog'ida 107 yil avval qurilishi boshlangan masjid ochilgan edi. Mahalliy tatar savdogari Sharafutdin Hamitov 1914 yilda "Tarixiy masjidi"ni qurishga kirishdi. Faqat tom va minoralarni tugatish qoldi, lekin quloqlashtirish va tazyiq ostiga tushmaslik uchun savdogar va uning oilasi o'z ona yurtlarini tark etib, Hitoyga yo'l oldi. Burayevoning ettinchi jome masjidi o'shanda ochilmay qoldi.
Inqilobdan keyin masjid binosi don ombori, kutubxona, klub va kinoteatr sifatida ishlatilgan. 2000 yillar boshida binoni buzib, uning o'rnida ko'ngilochar savdo markazini qurmoqchi bo'lishgan, biroq mahalliy aholi masjid binosini himoya qila olgan. Unga tarix va madaniyat yodgorligi maqomi berildi va 2003 yilda masjid barpo etishga kirishildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kunlarning birida Sulaymon ibn Abdulmalik vazir, shahzoda va mulozimlari bilan birga Masjidul haromga bordi. U barcha musulmonlar kabi ehrom (rido va izor) kiyib olgandi.
Uning oldida to‘lin oy kabi nurli, atirgul kurtaklaridek yangi va xushbo‘y ikki o‘g‘li ham bor edi.
Yer yuzining uchdan bir qismini boshqargan musulmonlar xalifasi Baytullohni tavof qilib bo‘lgach, o‘ziga yaqin bir kishidan: “Makkaning olimi kim?” deb so‘radi.
Unga: “Ato ibn Abu Raboh”, deb javob berishdi.
U: “Meni u bilan uchrashtiring”, dedi.
Shunday qilib, u bilan uchrashdi. Ato ibn Abu Raboh qora tanli, jingalak sochli va yassi burunli habash keksa odam ekan.
Xalifa: “Butun dunyoga shuhrati tarqalgan Ato ibn Abu Raboh senmisan?” dedi.
U: “Ha, shunday deyishadi”, dedi.
Sulaymon ibn Abdulmalik: “Bu sharafga qanday erishdingiz?” deb so‘radi.
Ato ibn Abu Raboh: “Insonlarning qo‘lidagi mol-dunyo (ta’ma)dan yuz o‘girish va ilm bilan ularning hojatlarini qondirish orqali”, deb javob berdi.
Yana bunday dedi: “Agar insonlar ilmingizdan behojat bo‘lsalar, mol-dunyoingiz bilan ularning hojatini ravo qilasiz. Agar odamlarning mol-mulkidan behojat bo‘lsangiz, ular sizning ilmingizga muhtoj bo‘ladilar. Peshona teri va qo‘l mehnati orqali rizq talab qilish eng afzalidir. O‘tgan ulamolarning aksariyati kasb-hunar bilan mashg‘ul bo‘lganlar”.
Sulaymon: “Haj amallari haqida Ato ibn Abu Rabohdan boshqa hech kim fatvo bermasin”, dedi.
Sulaymon ibn Abdulmalik o‘g‘illariga: “Ey o‘g‘illarim, Allohga taqvo qiling. Allohga qasamki, Alloh O‘zi xohlagan bandasining darajasini ko‘taradi. Hatto boyligi va nasabi bo‘lmagan habash qul bo‘lsa ham. Allohga qasamki, O‘zi xohlagan kishini xor qiladi, hatto u oliyjanob nasldan bo‘lsa ham”.
Xalifa yana so‘zini davom ettirib bunday dedi: “Siz guvohi bo‘lgan bu kishi – Qur’on tarjimoni Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning merosxo‘ridir. Shunday ekan ilm o‘rganing, ilm o‘rganing”.
Davron NURMUHAMMAD