ٱللَّهُ وَلِيُّ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ يُخۡرِجُهُم مِّنَ ٱلظُّلُمَٰتِ إِلَى ٱلنُّورِۖ وَٱلَّذِينَ كَفَرُوٓاْ أَوۡلِيَآؤُهُمُ ٱلطَّٰغُوتُ يُخۡرِجُونَهُم مِّنَ ٱلنُّورِ إِلَى ٱلظُّلُمَٰتِۗ أُوْلَٰٓئِكَ أَصۡحَٰبُ ٱلنَّارِۖ هُمۡ فِيهَا خَٰلِدُونَ٢٥٧
Alloh taolo mo'minlarning do'sti bo'lgani uchun ularni johillik zulmatlaridan hidoyat nurlariga chiqardi, Qur'oni karim va so'nggi Payg'ambarining sunnati bilan sharafladi. Alloh taoloning amr-farmonlariga amal qilish bilan johil, qabila-qabila bo'lib yashagan kishilar yana Parvardigor shariatini ushlab, mukarram insonlarga aylanishdi. Inson Alloh yuborgan nur, ya'ni Qur'on va Sunnatni mahkam tutib, ma'naviyati keng, madaniyati yuksak bo'ldi. Ruhan quvvatga to'lib, o'zgalarga bo'ysunmaydigan va o'zgalar bo'ysundira olmaydigan muzaffar millatga aylandi. Kofirlarning do'stlari esa tog'ut-shaytonlardir. Shu bois ular Alloh nuridan bebahra qolib, moddiy jihatdan qanchalar rivojlanmasin, ma'naviy jihatdan qashshoqligicha qolishaveradi. O'zlarining idroksizliklari, imonsizliklari tufayli mukarramlikni qo'ldan boy berishadi, xorlikka yuz tutishadi. Alal-oqibat do'zaxga mahkum bo'lib, azob joyida abadiy qolib ketishadi
G‘aflatda qolmang! Ertaga Ashuro kuni: Ro‘za tutishni va oilangizga kengchilik qilishni unutmang!
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi Allohdan umid qilamanki bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Esda tuting! Muharram oyining yolg‘iz o‘ninchi kunida emas, bu kunga qo‘shib, bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutish lozim.
Ashuro kuni yaqinlarga kengchilik qilish – bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga hadya ulashsa, Alloh yilning barchasida unga ham hadya ulashadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”.
Davron NURMUHAMMAD