Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Sentabr, 2025   |   14 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:33
Quyosh
05:54
Peshin
12:26
Asr
16:55
Shom
18:52
Xufton
20:06
Bismillah
06 Sentabr, 2025, 14 Rabi`ul avval, 1447

21.05.2021 y. Ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarlik va aldovlardan ogoh bo'ling!

18.05.2021   6152   17 min.
21.05.2021 y. Ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarlik va aldovlardan ogoh bo'ling!

     بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

IJTIMOIY TARMOQLARDAGI FIRIBGARLIK VA ALDOVLARDAN OGOH BO'LING!

Hurmatli jamoat! Kundan-kunga ijtimoiy tarmoqlarning inson hayotidagi ahamiyati tobora ortib bormoqda. Ularning jamiyat uchun ijobiy jihatlari bilan birga, salbiy ta'sirini ham qayd etish lozim. Ko'plab yurtdoshlarimiz bu sohada foydali faoliyat olib borib, o'zlariga ham, jamiyatga ham manfaat keltirishmoqda. Jumladan, fan, madaniyat, reklama, savdo-sotiq, ko'rgazma va ilmiy faoliyatlar xalqaro tarmoqlarda olib borilayotganiga guvoh bo'lib turibmiz.

Ammo, “guruch kurmaksiz bo'lmaydi” deganlaridek, bu sohada ham odamlarning soddaligi, ishonuvchanligidan foydalanib, firibgarlik bilan shug'ullanuvchilar topiladi. Aslida, dinimiz har bir ishda to'g'ri so'z bo'lishga targ'ib qilgan. To'g'ri so'zlikning samarasi o'laroq – Alloh taolo bandaning barcha ishlarini to'g'irlashi va'da qilingan. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَقُولُوا قَوْلًا سَدِيدًا  يُصْلِحْ لَكُمْ أَعْمَالَكُمْ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ

 وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَقَدْ فَازَ فَوْزًا عَظِيمًا   

ya'ni: Ey, mo'minlar! Allohdan qo'rqingiz va to'g'ri so'zlangiz!(Shunda Alloh) ishlaringizni o'nglar va gunohlaringizni mag'firat etar. Kimki Allohga va Uning payg'ambariga itoat etsa, bas, u ulug' yutuqqa erishibdi(Ahzob surasi 70-71 oyatlar).

Ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarliklarni shartli ravishda ikkiga bo'lish mumkin:

  1. Moliyaviy firibgarlik.

Keyingi paytlarda xalqqa xizmat qilib kelayotgan ko'plab xayriya fondlari “soya”sida odamlarning ishonuvchanligidan foydalanib, aldov yo'li bilan harom mol to'plovchilar ham ko'zga tashlanib qolmoqda. Masalan, yolg'ondan biror bemor kishining suratini qo'yib, yordam so'raladi va pul tashlash uchun kartalar joylashtiriladi. Bunga ishongan kishilar kartalarga pul jo'natishadi. Shunday qilib xolis kishilarning mablag'larini firibgarlar o'zlashtiradilar.

Gohida firibgarlar ijtimoiy tarmoqlarga turli maqsadlarda o'z plastik kartalarini joylashtirgan kishilarga pul tashlab beramiz, deb maxfiy kodni yoki to'liq karta ma'lumotlarini so'rashadi, kod yoki ma'lumotlar aytilsa, karta ichidagi pulni tortib oladilar.

Boshqa holatlarda sizga to'lov qilganini aytib, hisobni tekshirish uchun havola (ssielka) jo'natadi. O'sha havolani ochib ko'rilsa, sizning kartangizdan pulni echib oladigan tizim ishga tushadi.

Odamlarni chalg'itadigan jihati telefon qilib ma'lumotlarni so'raydigan firibgar o'zini falon bankni xizmatchisiman, deb tanishtirishi ham mumkin. Bu ishlarning barchasi zamonaviy firibgarlik – o'g'rilikdir.

O'g'rilik – dinimizda katta gunohlardan sanalib, dunyoda ham jazo tayinlangan jinoyatlardan biridir. O'g'rilik qadimdan barcha ilohiy dinlarda gunoh va jinoyat sanalgan.

Katta gunohlarga dunyoda – jazo, oxiratda azob belgilangan bo'ladi. Katta gunohlar faqat tavba va birovni haqqini egasiga etkazish bilan yuviladi.

Makka fathidan so'ng Rasululloh sallallohu alayhi vasallam erkaklardan keyin ayollar bilan bay'at qilishni boshladilar. Bu Safo tepaligida edi. Umar raziyallohu anhu Payg'ambarimiz alayhissalomdan pastroqda o'tirib olib, Ul Zotning nomidan imon keltirgan ayollarga oyatdagi shartlarni etkazib bay'at qilgan. O'sha shartlar ichida o'g'rilik qilmaslik ham bor edi. Oyati karimada  bu jinoyat katta gunohlar bilan birga sanalgan. Qur'oni karimda shunday deyiladi:

 يَا أَيُّهَا النَّبِيُّ إِذَا جَاءَكَ الْمُؤْمِنَاتُ يُبَايِعْنَكَ عَلَى أَنْ لَا يُشْرِكْنَ بِاللَّهِ شَيْئًا وَلَا يَسْرِقْنَ وَلَا يَزْنِينَ وَلَا يَقْتُلْنَ أَوْلَادَهُنَّ وَلَا يَأْتِينَ بِبُهْتَانٍ يَفْتَرِينَهُ بَيْنَ أَيْدِيهِنَّ وَأَرْجُلِهِنَّ وَلَا يَعْصِينَكَ فِي مَعْرُوفٍ فَبَايِعْهُنَّ وَاسْتَغْفِرْ لَهُنَّ اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ غَفُورٌ رَحِيمٌ

ya'ni: “Ey, Payg'ambar! Qachonki, Sizning oldingizga mo'mina ayollar kelib, Allohga biror narsani sherik qilmaslikka, o'g'irlik qilmaslikka, zino qilmaslikka, o'z bolalarini o'ldirmaslikka, qo'l va oyoqlari orasida to'qib oladigan bo'htonni keltirmaslikka hamda biror yaxshi ishda Sizga itoatsizlik qilmaslikka huzuringizda qasamyod etsalar, Siz ularning qasamyodlarini qabul qiling va ular uchun Allohdan mag'firat so'rang! Albatta, Alloh (o'z bandalariga nisbatan) kechirimli va rahmlidir” (Mumtahana surasi 12-oyat).

Alloh taolo musulmonlarni o'zaro mollarini botil yo'llar bilan eyishdan qaytaradi. O'g'irlik, firibgarlik ham – botil yo'llarning biridir. O'zaro rozilik va halol tijorat bilan topilgan boyliklar – haloldir.  Qur'oni karimda shunday deyiladi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ إِلَّا أَنْ تَكُونَ تِجَارَةً عَنْ تَرَاضٍ مِنْكُمْ

وَلَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o'rtada nohaq (yo'llar) bilan emangiz! O'zaro rozilik asosidagi tijorat bo'lsa, u bundan mustasno...” (Niso surasi 29-oyat).

Odamlarni norozi qilib, ularning mablag'larini o'g'irlaydiganlarni topgan harom luqmalari ularni do'zaxning tubiga tortadi. Abu Hurayra raziyallohu anhu aytadilar: “Sizlardan har bir kishi og'ziga tuproq solishi harom luqma solishidan ko'ra xayrliroqdir”. Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallam aytdilar: «Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi»” (Imom Abu Ya'lo va Imom Bazzor rivoyatlari).

  1. Ma'naviy firibgarlik.

Bu tur firibgarlik ijtimoiy tarmoqlarda iqtisodiy firibgarlikdan ham ko'proq uchraydi. Quyida ularga to'xtalib o'tamiz:

  1. Yolg'on xabar tarqatish.

Har kuni ijtimoiy tarmoqlarda minglab xabarlar tarqaladi. Lekin shuning hammasi ham ishonchli emas. Ba'zilari bilmasdan hatto yolg'onga aralashsa, ba'zilari qasddan, qandaydir maqsadlar bilan yolg'on ma'lumot tarqatadi. Natijada ular o'zi va yolg'onga amal qilganlarning gunohini elkalariga “ortib” oladilar. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنْ جَاءَكُمْ فَاسِقٌ بِنَبَأٍ فَتَبَيَّنُوا أَنْ تُصِيبُوا قَوْمًا بِجَهَالَةٍفَتُصْبِحُوا عَلَى مَا فَعَلْتُمْ نَادِمِينَ

ya'ni: “Ey, mo'minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat etkazib qo'yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo'lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko'ringiz!” (Hujurot surasi 6-oyat).

Odamlardan eshitgan narsasini surishtirmay gapiraverish gunoh ekaniga ko'plab hadisi shariflar dalolat qiladi.

  1. Qimor va firibgarlik o'yinlari.

Keyingi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda qimor o'yinlari sezilarli darajada ko'paydi. Ayniqsa bukmekerlik kompaniyalarda futbol uyinlariga pul tikish, ayrim blogerlarning qimor o'yinlarini tashkil etishi ko'p ko'zga tashlanmoqda. Islomda qimor o'yini qat'iy harom qilingan! Bunga Alloh taoloning ushbu oyati asos bo'lgan:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالأَنصَابُ وَالأَزْلاَمُ رِجْسٌ مِّنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

ya'ni: “Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho'plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo'ling. Shoyadki, najot topsangiz” (Moida surasi 90-oyat).

Qimordan topilgan molni emoq sudxo'rlik bilan topilgan molni emoqdan ham og'irroqdir! Chunki qimorboz shariatda harom qilingan ikki gunohi azimga qo'l uradi. Harom o'yin o'ynaydi va o'yinda yutib olgan harom molni o'zlashtiradi. Qimorni reklama qilib targ'ib qilayotganlar shuni bilsinlarki, ularning targ'iboti bilan qimorga qo'shilgan har bir kishining gunohidan bularga ham tengma-teng yozilib turadi.

  1. Odamlarning obro'larini to'kish va ularni bir-biriga gij-gijlash.

Shariatimizga ko'ra, har bir musulmonning sha'ni va obro'sini to'kish – xuddi qonini to'kish yoki molini o'zlashtirish kabi, boshqa musulmon uchun haromdir! Qolaversa, Payg'ambarimiz alayhissalom muborak hadisi shariflaridan birida shunday deganlar:

مَّا عُرِجَ بِي مَرَرْتُ بِقَوْمٍ لَهُمْ أَظْفَارٌ مِنْ نُحَاسٍ، يَخْمُشُونَ وُجُوهَهُمْ وَصُدُورَهُمْ، فَقُلْتُ: مَنْ هَؤُلَاءِ يَا جِبْرِيلُ؟ قَالَ: هَؤُلَاءِ الَّذِينَ يَأْكُلُونَ لُحُومَ النَّاسِ، وَيَقَعُونَ فِي أَعْرَاضِهِمْ

(رواه الإمام أبو داود عن أنس رضي الله عنه)

ya'ni: “Jabroil alayhissalom meni osmonga olib chiqqanda bir qavmning oldidan o'tdim. Ularning misdan tirnoqlari bo'lib, u bilan yuzlari va ko'ksilarini timdashar edi. Men: “Ey Jabroil, bular kimlar?” – deb so'radim. Shunda: “Ular odamlarning go'shtini eb, ularni g'iybat qilib, obro'larini to'kkan kimsalardir”,– deb javob berdi” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Aslida turli fitnalar uyushtirish, insonlar o'rtasida adovat urug'ini sochish – dinimizda eng katta jinoyatlardan biri ekani ta'kidlangan. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:

 وَالْفِتْنَةُ أَكْبَرُ مِنَ الْقَتْلِ  

ya'ni: “Fitna esa qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir...” (Baqara surasi 217-oyat)

  1. Fahsh va behayolikning tarqalishi

Firibgarlar katta daromad topish, odamlarni ma'naviy tubanlikka tushirish, xalqning o'zligini emirish uchun jamiyatda behayo tasvirlar, video-roliklar tarqatadilar.

Nomahram bo'lgan shaxslarning ij  timoiy tarmoqlardagi noshar'iy suhbatlari ko'plab oilalarning buzilishiga sabab bo'lmoqda. Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qiladi:

 قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ

ya'ni:(Ey, Muhammad!) Mo'minlarga ayting, ko'zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo'l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir (Nur surasi 30-oyat).

Shu o'rinda ota-onalarga eslatib o'tamizki, ijtimoiy tarmoqlarda o'g'il-qizlarimizni “ovlash” uchun “to'r” tashlab, poylab turgan fahsh targ'ibotchilari biz o'ylagandan ko'ra ancha ko'p. Farzandlarimizni ularning qo'liga topshirib qo'ymaylik, ularga o'zimiz ega chiqaylik! Buning uchun, chiroyli tarbiya berish bilan birga, doimiy nazoratni ham unutmaslik kerak! Zero yoshligidan fahsh botqog'iga botgan o'g'il-qizning kelajagi mavhumdir.

  1. Ijtimoiy tarmoqdagi soxta da'vatchilar

Ming yillardan beri haq yo'lda sobit turgan musulmon jamoasi o'rtasiga turli xiloflar solish, Qur'on va sunnatning zohiriga yopishib olib, 18 asrda paydo bo'lgan “bid'at” (yangi paydo bo'lgan) g'oyalar asosida fatvolar chiqarish, yangi uchragan masalalarni aksariyatiga “bid'at” tamg'asini urish, natijada o'zini ham, o'zgani ham adashtirish ham – katta firibgarlikdir!

Bunday kishilar odamlarga o'zlarini olim qilib ko'rsatib, izidan ergashtirib, noto'g'ri tomonga yo'llamoqdalar. Bu dunyoning o'zidayoq borsa-kelmas joylarga jo'natishmoqda va buzuq e'tiqod sababli do'zaxning yoqasiga olib borib qo'yishmoqda. Qolaversa, diniy ilmlarni olishda, fatvo olishda shaxsiyatlar muhimdir. Internet orqali, ijtimoiy tarmoqlar orqali dindan, shariatdan gapirayotgan, lekin aslida kimligi ham, kimdan ta'lim olgani ham noma'lum kimsalardan din olinmaydi. Chunki, fatvo bu – din demakdir!  Shariatimizga ko'ra esa, uni kim etkazayotgani muhimdir. Shuning uchun mashhur tobein Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi: “Bu ilm dindir. Dinlaringizni kimdan olayotganingizga qaranglar”, – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).

Imom   Abu Lays Samarqandiy rahmatullohi alayh: “Ilmni ishonchli zotlardan olish lozim, chunki dinning ustuni ilm bilandir. Kishi o'zining jonini ishonadigan kishigagina dinini ham ishonib topshirishi lozim”, – deganlar.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali dinimizga bo'layotgan zararlardan yana biri –  har bir yurtning peshqadam olimlarini tahqirlash, tuhmat-buhton so'zlari bilan obro'sizlantirish, ularni nifoqda, kufrda ayblashdir. Ularning bundan o'ylagan maqsadlari – musulmon ommasini ilmiy rahbarsiz qoldirib, o'zlariga ergashtirish va boshqarishdir.

Jundab raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kimki birovni sharmisor qilsa, Alloh ham uni Qiyomat kuni sharmanda qiladi, kimki o'zgalarni qiynasa, Alloh ham uni Qiyomat kuni qiynaydi”, – deb aytdilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Qalbidan din tashvishi, ummat g'ami o'chib, ishi – faqatgina ulamolarning ayblarini qidirish, ularni g'iybat qilish bo'lgan kimsalarning ushbu nayranglariga nisbatan xushyor bo'lmasak, oqibati juda ham xatarli bo'lishi mumkin.

Alloh taolo barchamizni O'zi rozi bo'ladigan ishlarga muvaffaq aylab, ikki dunyo saodatini nasib qilsin! Omin!

 

 

Muhtaram imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” mavzusida bo'ladi, inshaalloh.

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni tarannum etayotgan diyor

05.09.2025   1658   8 min.
Tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni tarannum etayotgan diyor

Bugungi kunda O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘yganini barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar yaqqol namoyon etmoqda. Ichki va tashqi siyosat, iqtisodiy-ijtimoiy hayot, madaniy hamda diniy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli o‘zgarishlar xalqimiz turmush tarzida o‘z ifodasini topmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi hamda xalqimizning birdamligi asosida qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizdagi yangilanishlar uchun mustahkam huquqiy va amaliy poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur dastur doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz farovonligini yuksaltirish, davlat va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlash yo‘lida ulkan natijalarga zamin yaratmoqda.


So‘nggi yillarda mamlakatimizda turli diniy konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini yanada mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash hamda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga qaratilgan izchil va puxta o‘ylangan siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda.


E’tiborlisi, 2017 yili 19 sentyabrda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi sifatida
2018 yili BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi yalpi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik“ deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.


Mazkur rezolyutsiya jahonda ekstremizm, terrorizm muammosi avj olib, turli din va e’tiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilayotgan bir vaqtda global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida ma’rifat, ta’lim-tarbiya masalasini ilgari surgani bilan, ayniqsa, ahamiyatlidir.


Mazkur yo‘nalishdagi ishlarning uzviy davomi sifatida

2022 yilda “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasida mustahkamlangan  tamoyil va qoidalarni hayotga tatbiq etish hamda
2020 yilda davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi maqsadlariga erishish maqsadida “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi o‘tkazilgan edi.


Xalqaro uchrashuvning asosiy natijasi sifatida “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilingan edi. Ilgari Marokash, Makka, Jakarta, Potomak va Punto-del-Esteda qabul qilingan deklaratsiyalarni to‘ldiradigan ushbu hujjat O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik g‘oyalarini xalqaro darajada qaror toptirishga qo‘shadigan muhim hissasi bo‘ldi.


Muhim jihati shundaki mazkur muloqot an’anaviy tus olib, joriy yilning 10-13-sentabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Deklaratsiyalar muloqoti” ikkinchi xalqaro forumi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.


Mazkur xalqaro forum jahon hamjamiyatining e’tiqod erkinligini ta’minlash  va dinlararo muloqotni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatini birlashtirish jarayoni ajralmas qismi bo‘lib, davlatimizning inson huquq va erkinligi bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga qat’iy sodiqligni  xalqaro miqyosda faol targ‘ib etishga tayyorligi ifodasidir.


Ta’kidlash joizki, dunyoning turli mintaqa va davlatlarida insonning yashashi, ta’lim olishi, mehnat qilish va o‘z iqtidorini namoyish etish va o‘z diniy e’tiqodiga amal qilish kabi hayotiy va tabiiy haq-huquqlari turli darajada poymol etilayotgan bir davrda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari bag‘rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelmoqda. Turli millat va din vakillarining bexavotir o‘z ibodatlarini emin-erkin ado etishlari esa jamiyat barqarorligida ustuvor jihat hisoblanadi.


Hozirgi kunda O‘zbekistonda jami 2373 ta diniy tashkilot bo‘lib, shundan 2174 tasi islomiy va 199 tasi noislomiy diniy tashkilot hisoblanadi.


So‘nggi sakkiz yilda respublika bo‘yicha jami 130 ta diniy tashkilot, shu jumladan 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, 105 ta masjid hamda 25 ta turli konfessiyaga taalluqli noislomiy diniy tashkilotlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.


Albatta, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning huquqiy asosi sifatida 2025 yil 25 fevraldagi O‘zbekiston Respublikasining 1037-sonli Qonuni bilan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi”ni alohida e’tirof etish zarur.


Mazkur konsepsiya vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqni va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplarini va ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi.


Konsepsiya davlatchiligimiz rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, ko‘pmillatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekistonda umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida o‘zaro totuvlikda yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun zarur barqaror muhitni ta’minlashga qaratilganini ta’kidlash lozim.


O‘tgan qisqa vaqt ichida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi.


Ushbu muassasalar “Jaholatga qarshi ma’rifat” ezgu umuminsoniy g‘oyasi asosida jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlashga, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan va buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.


Bir so‘z bilan aytganda, 2017 yilga qadar 3 ta oliy (1 ta islomiy 2 ta noislomiy) hamda 9 ta o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kundagi holatga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 16 ta diniy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ulardan

6 tasi oliy ta’lim berishga mo‘ljallangan.


Mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish borasida “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmon imzolandi.


Ushbu Farmonning imzolanishi nafaqat diniy-ma’rifiy soha vakillari tomonidan, balki keng jamoatchilik tomonidan ham katta xursandchilik va mamnuniyat bilan qabul qilindi.


Yana bir e’tiborli jihat: so‘nggi yillarda nislomiy konfessiyalarning tadbirlari yuqori saviyada tashkil etib kelinmoqda. Xususan, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasining 145 yilligi (2017 yil noyabr) va 150 yilligi (2021 yil noyabr), Arman apostollik cherkovining 120 yilligi (2023 yil sentyabr), O‘zbekiston Bibliya jamiyatining 25 yilligi (2018 yil noyabr) va 30 yilligi (2023 yil sentyabr), Bahoiylar diniy jamoasi asoschisi Bahoulla tavalludining 200 yilligi (2017 yil noyabr), Bob tavalludining 200 yilligi (2019 yil noyabr) va Abdul Baho vafotining 100 yilligi (2022 yil yanvar) kabi tadbirlarning yuqori saviyada tashkil etilgani – yurtimizdagi tinchlik va bag‘rikenglikning yaqqol namunasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.


Shu bilan birga, turli din vakillarining xorijdagi muqaddas maskanlarni ziyorat qilishiga ham katta e’tibor qaratildi. Jumladan, 500 mingga yaqin fuqaro Haj va Umra safariga, 10 000 dan ortiq fuqarolar Isroil, Rossiya, Gruziya, Turkiya kabi davlatlarda ziyoratlarni amalga oshirdi.


Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston ming yillar davomida Buyuk Ipak yo‘lining ajralmas va muhim qismi sifatida dunyo sivilizatsiyasi taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelgan. Bu zaminda savdo-sotiq, ilm-fan va madaniyat markazlari hamisha rivojlanib, xalqimizga xos bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik hamda turli madaniyat vakillariga hurmat tuyg‘ulari taraqqiyotning asosiy omili bo‘lgan.


Shu bois, bugungi kunda ham yurtimizda turli millat va xalqlarning urf-odat hamda an’analari o‘zaro uyg‘unlikda rivojlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan izchil siyosat nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni ta’minlashda muhim asos bo‘lib xizmat qilayotgani shubhasiz.


Yurtimizda bo‘lib o‘tadigan “Deklaratsiyalar muloqoti” ikkinchi xalqaro forumida dunyoning turli hududlaridan keng doiradagi vakillar ishtirok etishi ham O‘zbekiston Respublikasining e’tiqod erkinligini, konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash borasidagi davlat siyosati samaradorligi jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilayoganidan dalolat.
 

Davronbek MAXSUDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining
birinchi o‘rinbosari

Maqolalar