Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Mart, 2026   |   4 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:01
Quyosh
06:20
Peshin
12:34
Asr
16:50
Shom
18:43
Xufton
19:56
Bismillah
24 Mart, 2026, 4 Shavvol, 1447

Fitr sadaqasi

11.05.2021   8288   8 min.
Fitr sadaqasi

 

قدْ أَفْلَحَ مَنْ تَزَكَّى    ٰ

Batahqiq, kim pok bo'lsa, yutuq topadir..

وَذَكَرَ اسْمَ رَبِّهِ فَصَلَّىٰ

Va Robbisi ismini zikr qilsa va namoz o'qisa hamdir.

(A'la surasi 14-15-oyatlar)

Fitr sadaqasi ushbu oyat bilan farz bo'lgan.

Kasir ibn Abdullohdan, otasidan, bobosi roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ushbu oyat haqida so'ralganda, "Fitr sadaqasi haqida nozil bo'lgan", deganlar.

Fitr sadaqasi Ramazondan fitr (og'iz ochiqlikka) chiqish munosabati bilan berilgani uchun ham shunday nom olgan. Fitr sadaqasi hanafiy mazhabida vojib amal bo'lib, boshqa sadaqalar moldan qilinsa, bu kishi boshidan qilinadi.

Fitr sadaqasining bir nechta nomlari bor. Ular:

  1. Fitr sadaqasi
  2. Fitr zakoti
  3. Ro'za zakoti
  4. Ramazon sadaqasi

Ushbu nomlari hadislarda vorid bo'lgan.

Farz bo'lishining hikmatlari:

  1. Ro'zadorni ramazon oyi davomida qilgan gunohlaridan poklaydi.
  2. Insonni ziqnalikdan asraydi.
  3. Ro'zadorni ajrini ko'paytiradi.
  4. Faqir va miskinlarga tenglik qilishni o'rgatadi.
  5. Alloh taologa ramazonga va ro'za tutishga etkazgani uchun shukr izhor qilishga undaydi.
  6. Musulmonlarni o'zaro muhabbatli bo'lishga chorlaydi.

Fitr sadaqasiga oid ba'zi hukm va ma'lumotlar:

  • Fitr sadaqasi ibodatlardan biri.
  • Uning vojib bo'lishligi zakot bilan bog'liq.
  • Fitr sadaqasining hukmi Hanafiy mazhabida vojib qilingan. Qolgan mazhablarda farz.
  • Fitr sadaqasi ikki sabab bilan farz bo'lgan:

     a) ro'za tutuvchini turli xil yomonliklardan poklash uchun.

Vaki' ibn Jarroh rohimahulloh: "Ramazon oyida fitr sadaqasini berishlik, namozdagi sajdai sahv kabidir. Sajdai sahv namozning nuqsonlarini to'g'rilagani kabi u ham ro'zaning nuqsonlarini to'g'rilaydi".

b) u miskinning o'sha kundagi taomi bo'lgani uchun.

  • Fitr sadaqasidan maqsad: miskinlarga kenglik, shodlik va quvonch kuni bo'lgan hayit bayrami kuni ularni taom so'rab yurishlaridan ozod qilishdir.

 Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Fitr sadaqasi ro'zadorni bekorchi va fahsh so'zlardan poklovchi va miskinlarga taom ulashishdir", dedilar". (Abu Dovud rivoyati)

Umar ibn Abdulaziz rohimahulloh aytdilar: "Fitr sadaqasini berib, so'ng iyd namozida chiqiladi".

  • Fitr sadaqasi har bir nisobga etgan moli bor mo'minga farzdir.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir hur va qul yoki har bir erkak va ayolga fitr sadaqasini farz qildilar". (Muttafaqun alayhi rivoyati)

  • U ro'za tutadimi, tutmaydimi, kattami yo kichikmi hattoki beshikdagi go'dak bo'ladimi nisobga etgan puli bo'lsa fazrdir.
  • U ramazon hayitining quyoshi chiqishi bilan farz bo'ladi. Kim quyosh chishidan avval tug'ilsa yo islomni qabul qilsa, unga vojib bo'lmaydi. Lekin quyosh chiqqach, vojib bo'adi.
  • Kim mana shu vaqtdan oldin vafot etsa unga ham vojib emas. Kim o'sha vaqtga etgan zahoti vafot etsa, uni merosidan chiqariladi.
  • Musulmon kishi o'zi, kichik bolalari va ota-onasi hamda turmushga chiqmagan qizi nomidan beradi.
  • Hotinining nomidan ham bermaydi.
  • Majnun bolasining nomidan beradi.
  • Boy farzandi nomidan bermaydi.
  • Erkak kishi raj'iy taloq qo'ygan ayoli nomidan ham beradi.
  • Boin taloq qo'yganidan bermaydi.
  • Farzand otasining faqir xotini nomidan bermaydi, chunki u ayolning nafaqasi u bolaga vojib emas.
  • Ota-onasining nomidan ham bermaydi. Ammo ota-onasi ham faqir, ham majnun bo'lsa unda beradi.
  • Farzand agarchi otasi uni nomidan beradigan bo'lsa ham, o'zi berishga qodir bo'lsa, o'zi berishi kerak bo'ladi.
  • Kishi musulmon ishchilari nomidan bermaydi. Agar bersa, hech qisi yo'q.
  • Yetim bolani kafilligiga olgan kishi uning nomidan fitr sadaqa berishi shart emas.
  • Fitr sadaqaning miqdori bug'doydan yarim so', undan boshqalaridan bir so'. Bir so'=3.800 gramm.
  • Abu Said Al-Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida bir so' miqdoricha taom berar edik". (Muttafaqun alayhi)
  • Barcha mazhab hurmo va arpadan bir so' berilishiga ittifoq qilganlar.
  • Bug'doydan bersa, yarim so' beradi.
  • Fitr sadaqasi har o'lkada o'sha erning keng tarqalgan taomidan beriladi.
  • Shakar, tuz kabi narsalardan chiqarilmaydi. Insonlar odatda ovqat sifatidan tanovul qiladigan narsadan berilishi kerak.
  • Konservalangan narsalardan ham berib bo'lmaydi.
  • Bir so'dan ko'proq miqdorda bersa ham joiz. Ziyodasiga savob oladi.
  • Hanafiy mazhabida arpa, hurmo, mayiz va bug'doyni o'zini berish joiz. Undan boshqa narsani pulidan beradi.
  • Bir kishining qarzi o'rniga bersa joiz emas.
  • Ishchisiga xizmat haqqi hisobidan ham berishi jozi bo'lmaydi.
  • Fitr sadaqasi berishning ikki vaqti bor. A) Mustahab vaqti: hayit kuni namozga borishdan avval.  B) joiz vaqti: hayitdan bir yoki ikki kun avval.
  • Kim bu vaqtlardan ham oldin bergan bo'lsa, Hanafiy mazhabiga ko'ra joiz bo'ladi. Qolgan mazhablarda qaytadan beradi.
  • Kishi bir vakil orqali bersa ham bo'ladi. Muhimi vaqtida bersa kifoya.
  • Iyd namozidan avval bera olmasa, keyin beradi.
  • Hanafiy mazhabida puldan bersa ham joiz.
  • Fitr sadaqasini haqiyqiy musulmon miskinga beradi.
  • Ishlashga qurbi etsa ham ishlamay yurganlarga bermaydi.

 

“Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi mudiri F.Homidov

 

RAMAZON-2021
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uyg‘onish va yangilanish ayyomi

19.03.2026   14161   4 min.
Uyg‘onish va yangilanish ayyomi

Yurtimizda azaldan uch xil taqvim, hijriy, milodiy va dehqonchilik kalendari bilan ish yuritish odat tusiga aylangan. Yillar hisobini bilishimiz uchun Alloh Qur’oni karimning “Isro” surasi, 12-oyatida shunday zikr qiladi: “Kunduz alomatini esa, Rabbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz”. Ulug‘ mufassirlarimiz mazkur oyatning “yillar sanog‘ini” qismini qamariy (Oy) taqvim bilan ish yuritish (binobarin, diniy yumushlarda), “yillar hisobini” qismini esa shamsiy (Quyosh) taqvim bilan ish yuritish (ayniqsa, dehqonchilikda) mazmunida tafsir qilib, fatvo yozib qoldirganlar.

Xalqimizning “Hamal kirdi – amal kirdi” degan maqoli juda mashhur. Hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha Quyoshning birinchi burjga va oyning o‘n ikki burjdan biri – Hamalga kirishi bilan “Navro‘z”, ya’ni “Yangi kun”, u bilan birga esa yangi fasl – bahor kirib keladi. Dehqonlarimiz bu imkoniyatdan foydalanib, erta bahordan pok niyatlar bilan yerga urug‘ qadaydilar.

Ulug‘larimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning an’anaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan, Navro‘zni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, “Fatovoi zahiriya”da shunday deyiladi: “Navro‘z uch xildir: Navro‘zi Jamshidiy, Navro‘zi Majusiy va Navro‘zi Sultoniy. Navro‘zi Sultoniyni o‘tkazmoqlik maqbuldir va hech dinga ziyoni yo‘qdur”.

Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Chag‘miniy, Ulug‘bek kabi dunyoviy ilm sohiblari ham tun bilan kun barobar bo‘ladigan va Quyosh Hamal burjiga kiradigan kunni Navro‘z ayyomi sifatida nishonlash maqbul ekanligini ta’kidlashgan. Ulug‘ mutasavvif Hakim Termiziy “Solnoma” asarida, buxorolik buyuk faqih Abdulaziz ibn Moza “Al-Muhit ul-burhoniy fil-fiqh an-nu’moniy” qomusida Navro‘z haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirishgan. Qadim Sharqda Quyosh qaysi burjga kirsa, oyga o‘sha burjdagi yulduzlar turkumi shakliga qarab nom berishgan. Jumladan, Hamal oyini – burj shakli homilador qo‘yga o‘xshagani uchun Hamal deb, Savr oyini – yulduzlar turkumi ho‘kizga o‘xshab ko‘ringani uchun Savr deb atashgan.

Shuni ta’kidlash joizki, o‘n ikki yil davomida ketma-ket bir-biriga o‘rin almashtirib keladigan muchal tushunchasi aslida “mo‘ljal” so‘zidan olingan. O‘n ikki yil davomida osmon jismlarining joylashishi qanday shaklni berishiga qarab, yillarga muchal nomlari berilgan.

Jumladan, yulduzlar turkumining sichqonga o‘xshashi yilning sichqon yili, sigirga o‘xshashi sigir yili va h.k. deb nomlanishiga asos bo‘lgan.

Ulamolarimiz mana shu o‘n ikki yilga o‘n ikki maqom berilganligi maxsus hujjat bilan tasdiqlashgan. Jumladan, Zayniddin Mahmud Vosifiy (vaf. 1554 y.) “Badoye’ ul-vaqoye’” (Ajoyib voqelar) nomli asarida muchal haqida nodir qaydlar yozib qoldirgan.

Abu Rayhon Beruniy o‘z asarlarida Navro‘zning yaratilishiga oid qimmatli fikrlarni keltiradi. Bu fikrlarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, alloma Navro‘zni koinot va olam bilan bir butunlikda ta’riflaydi.

Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu holga shunday ta’rif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yo‘lini ochdi. Oq rang ketib, bo‘z yerni alvon rang qopladi, olam o‘ziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana o‘z hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib o‘z o‘rniga keldi, Baliq (Hut) dumidan Qo‘zi (Hamal) burjiga ko‘chdi. Uyquga kirgan daraxtlar yana yashil to‘n kiydi, ol, sariq, ko‘k, qizil rangli harir yopinchiqlar bilan bezandi”.

Navro‘z haqidagi fikrlar, afsona-asotirlar turlicha bo‘lishiga qaramay, bunyodkorlik, ezgulik, yasharish va obod etish kabi umumbashariy, mushtarak g‘oyalar ularni bog‘lab turadi. Zotan, Navro‘z butun insoniyat uchun uyg‘onish va yangilanish ayyomidir.

 

Abdulg‘afur domla Razzoqov,

Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar