Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vasiyatlarining ushbu qismida Abu Zarr (roziyallohu anhu)ga har bir mo'min hojatlarini faqat Alloh taolodan so'rashini tavsiya qilganlar. Haqiqiy mo'min hech qachon Undan o'zgaga suyanmaydi.
Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) vasiyatlarining yana birida bunday marhamat qilinadi. Ismoil ibn Muhammad ibn Sa'd ibn Abu Vaqqos otasidan, u bobosi (roziyallohu anhum)dan rivoyat qiladi: «Bir kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga kelib: “Yo Rasululloh! Menga vasiyat qiling”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Insonlarning qo'liga qarama. Bu boylikdir. Tamadan saqlan. U faqirlikdir. Namozingni xuddi vidolashayotgan odamdek o'qi. Uzr so'raladigan narsalardan saqlan”, dedilar».
Dono xalqimiz ham hadislarda kelgan ma'nolarni chuqur anglagan holda, “Baxtni birovlarning ostonasidan qidirishning o'zi baxtsizlikning boshi” yoki “Birovning yog'li nonidan o'zingning zog'orang yaxshi” kabi maqollari vositasida tamaxo'rlik va birovlarning qo'liga qaram bo'lib qolishdan ogohlantirgan.
O'z qadrini bilgan insonlar boshqalardan aslo umidvor bo'lmaydi. Ular Alloh taolo buyurganidek, barcha hojatlarini Parvardigordan so'raydi. Alloh taolo: “Allohning fazlidan so'rang” (Niso, 32), deb marhamat qilgan. Duosining qabul qilinishiga ishonib, o'tinib so'rasa, Alloh taolo, shubhasiz, ijobat qiladi. Hojatlarni Alloh taolodan so'rash bandalikning asosidir.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Allohning fazlu marhamatidan so'rang. Zero, Alloh Undan so'rashlarini xush ko'radi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Gohida ba'zi odamlardan: “Hudoni tinch qo'ysang-chi, arzimas narsalar uchun ham bezovta qilaverasanmi”, degan bema'ni so'zlarni eshitib qolamiz. Bu noto'g'ri tushuncha. Biror narsaning arzirli yoki arzimas bo'lishi bizning qarashimizga ko'radir. Alloh taologa nisbatan ehtiyojlarimiz katta-kichik bo'lishining e'tibori yo'q. Zero, Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytganlaridek: “Alloh subhonahu va taolo uchun (bandasiga) in'om etgan hech narsasi ulkan tuyulmaydi” (Imom Termiziy rivoyati). Haqiqatda, bitmas-tuganmas xazinalar Egasi Haq taolo hech qachon bandalarining so'rovi va ilinjidan malollanmaydi. Shu sababli ham Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Alloh taolo duo-iltijo qilmay qo'ygan bandasidan g'azablanishini aytib: “Kim Allohdan so'ramasa, Alloh unga g'azab qiladi. Har biringiz barcha hojatini, hatto oyoq kiyimining uzilib ketgan bog'ichini ham Parvardigoridan so'rasin!” deganlar.
Agar banda o'zining birorta dunyoviy hojatini so'rab duo qilsa, Alloh taolo uning duosini ijobat etadi yoki so'raganidan ham yaxshiroq o'zga bir ne'mat beradi. Bu ham Alloh taoloning unga ko'rsatgan fazlu marhamatidan hisoblanadi.
Endi o'ylab ko'raylik, nahot shuncha ta'kiddan keyin ham birovlarga narsa berishdan og'rinadigan va iltimoslarni malol oladigan ojiz insondan umidvor bo'lsak?! Shoirlardan biri aytganidek:
Ojiz bandalardan umidvor bo'lmang,
So'rang, saxovati cheklanmas Zotdan.
Alloh g'azab qilur so'ramay qo'ysak,
Insonlar darg'azab iltimos qilsang.
Ulug'larimiz Alloh taolodan o'zgadan madad tilash, o'zgalar yordamiga ko'z tikish zaiflik va xorlik belgisidir, deb bilgan. Chunki odamlardan biror narsa so'rasangiz, berish-bermasliklari dargumon. Agar bersalar, minnat qilishadi. Rad etsalar, sizga xo'rlik va xorlik etkazishadi. Cho'zilgan qo'lning siltab tashlanishi nafsga nafrat olib kiradi. Ko'ngil oynasini sindiradi. Shu bois, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ba'zi sahobalardan bay'at qabul qilayotganlarida hech qachon odamlardan so'ramaslik xususida ahd-paymon olganlar. Abu Bakr Siddiq, Abu Zarr G'iforiy, Savbon va Avf ibn Molik (roziyallohu anhum) ana shunday bay'at berganlar safida edi. Ular qamchilari yoxud tuyalarining jilovi erga tushib ketsa ham, o'zlari tushib olardi. Birovlardan iltimos qilmasdilar.
Yordam so'rab qo'l cho'zgan kishi o'zining ojizligini, muhtojligini holati bilan e'tirof etib turgan bo'ladi. Ayni muhtojlik insonda faqat va faqat Alloh taologa nisbatan bo'lishi kerak. Zero, madad tilash ibodat mohiyati sanaladi. Aslida, yordam so'raluvchi foyda etkazish va zararni daf etishga hamda so'rovchining maqsadini ro'yobga chiqarishga qodir bo'lmog'i shart. Bunga faqat Alloh taolo qodirdir. O'zi yordamga muhtoj bo'lgan insondan umidvor bo'lish oqillar ishi emas. Dunyoda inson o'ziga o'xshagan oddiy bir insonning qo'liga qaram bo'lishidan, uning huzuridagi mavjud narsaga muhtoj bo'lishidan xunukroq holat bo'lmasa kerak.
Albatta, bu o'rinda moddiy jihatdan imkoniyatli bo'lgan odamlar yordamlariga muhtoj bo'lib turgan insonlarni quruq qaytarmasliklari lozimligini ham ta'kidlab o'tish o'rinli, deb o'ylaymiz. Inson boshida har xil kunlar bor. Shunday kunlar bo'ladi, bir og'iz shirin so'zga yoki tasalli beruvchi hamdardga muhtojlik sezadi. Gohida esa, moliyaviy jihatdan qiynalib qoladi. U eyish-ichish, boshpana, davolanish kabi asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun do'stlari yordamiga muhtoj bo'ladi. Har ikki holatda ham u atrofidagi kishilarga ko'z tikadi va mana shu odam menga yordam berishga qodir, deb o'ylagan kishisining huzuriga yo'l oladi... Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) yordam so'rab kelgan kishini quruq qaytarmaslikni qattiq ta'kidlaganlar. Alloh taolo yo'lida qarz berish va muhtojlarga yordam ko'rsatishning fazli borasida ko'plab oyat va hadislar kelgan. Muhtoj uchun berilgan qarz zohiran unga berilgan bo'lsa-da, lekin Alloh taolo unga go'yo O'zi uchun olgan qarzdek e'tibor qilgan va buning evaziga bir necha barobar qilib qaytarish va'dasini bergan. Nafsining baxilligini enggan kishilarni “najot topuvchilar” deb sifatlagan.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim bir mo'minning bitta dunyoviy tashvishini aritsa, Alloh taolo uning qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishiga engillik keltirsa, Alloh taolo unga dunyo va oxiratda engillik beradi. Modomiki banda birodarining yordamida ekan, Alloh taolo uning yordamida bo'ladi”, deya marhamat qilganlar».
Dinimizda insonlarga yaxshilik qilishga va saxovat ko'rsatishga shunchalik targ'iblar bo'lsa-da, ichimizda nafsining baxilligini enga olmagan hamda oxiratdagi mukofotdan bu dunyodagi “naqd”ini afzal ko'rgan kishilar uchrab turadi. Halqimizda “Qishda qor so'rasang bermaydi” kabi maqollar bejizga aytilmagan. Hayotda shunday insonlarga duch kelasiz, baxillik, mumsiklik va qizg'anchiqlik ularning qon-qoniga singib ketgan. Ulardan biror narsa so'rab xijil bo'lishdan ko'ra muhtojlik afzal.
Shuning uchun ham barcha ehtiyojlar baxillikdan saxiylikni ustun qilib qo'ygan Qodir Zotdan so'raladi. Zero, biz doim kattayu kichik muammolar qarshisida ko'makka muhtojmiz. Ushbu ehtiyojlarimizni esa, Alloh taolodan boshqa hech kim qondira olmaydi.
Alloh taolodan biror ehtiyojimizni so'rasak, duo qilib so'raymiz. Duolarimiz qabul bo'lishiga umid qilamiz, so'raganlarimiz tezroq amalga oshishiga oshiqamiz. Istagimiz amalga oshsa, nihoyatda shodon bo'lamiz. Lekin xohishimiz ozgina kechiksa yoki ro'yobga chiqmasa, jazavaga tushib, shikoyat boshlaymiz. Aslida, bu ojizligimizdan va shoshqaloq ekanimizdan hamda Alloh taoloning hikmatini va biz uchun nima yaxshi-yu, nima yomonligini bilmaganimizdan. “Sizdan (ey Muhammad!) bandalarim Mening haqimda so'rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman” (Baqara, 186) mazmunli oyati karimani, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: «Kimga duo qilish ne'mati berilgan bo'lsa, ijobat ham berilibdi. Chunki Alloh taolo aytadi: “Menga duo qilinglar, sizlar uchun ijobat etaman”» (Imom Tabaroniy rivoyati) deganlarini o'qiymiz-da, o'zimizcha “Nima uchun Alloh taolo mening duoimni ijobat qilmayapti”, deb o'ylaymiz. Qalbimizga mana shunday xayol oralaganida, kamchilikni o'zimizdan qidiraylik va o'zimizga savol beraylik. So'rash odoblariga rioya qilyapmizmi? Duolarimiz til uchida bo'lmasdan, qalbdan chiqyaptimi? Sabr-matonat bilan so'rayapmizmi? Balki so'rayotganimiz berilmayotgani biz uchun yaxshiroqdir?! Shu kabi savollarga javob o'rnida quyidagilarni aytish lozim deb o'ylaymiz.
Fazilatli vaqtlarni g'animat bilish, tahorat va namozdan keyin tavba-tazarru bilan duo qilish, qiblaga yuzlanib, ikki qo'lni ko'tarish, duo avvalida Alloh taologa hamdu sano, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga salavotlar aytish, faqat o'z g'amini emasdan, barcha mo'minlarni duo qilish hamda Alloh taolodan ijobatini umid qilish duo odoblaridan hisoblanadi.
Ushbu duo odoblariga rioya etgan holda, duo qilishdagi shartlarga ham amal qilish zarur bo'ladi.
Imom Termiziy rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ijobat etilishiga aniq ishonib, Allohga duo qilinglar. Alloh taolo g'ofil, parvoyi falak qalbdan chiqqan duoni qabul etmaydi”, deb marhamat qilganlar».
﴿وَلَا تُفۡسِدُواْ فِي ٱلۡأَرۡضِ بَعۡدَ إِصۡلَٰحِهَا وَٱدۡعُوهُ خَوۡفٗا وَطَمَعًاۚ إِنَّ رَحۡمَتَ ٱللَّهِ قَرِيبٞ مِّنَ ٱلۡمُحۡسِنِينَ٥٦﴾
«...Unga (Allohga) ham qo'rqinch, ham umid bilan duo qilingiz! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir».
Darhol ijobat etilmagani tufayli duo qilishni tashlab qo'yadigan kimsalar ijobat marhamatidan butunlay mahrum bo'lib qolishlari mumkin. Banda ijobatdan umidvor bo'lib duo qilishi lozim. Alloh subhonahu va taolo sabr-toqat bilan duo qiluvchilarni sevadi. Hadisi sharifda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Modomiki qay biringiz shoshma-shosharlik qilib: “Allohga duo qilgandim, ijobat etmadi”, deb aytmasa, uning duosi ijobat bo'ladi», deb marhamat qilganlar.
Ushbu keltirilgan shartlardan tashqari, duo qiluvchi duosining qabul bo'lishi yoki qabul bo'lmasligiga nisbatan e'tiqodi Abu Said (roziyallohu anhu) Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan qilgan rivoyatdagidek bo'lishi ayni muddaodir: “Qaysi bir musulmon duo qilsa va uning duosida gunoh yoki silai rahmni uzishga etaklaydigan so'z bo'lmasa, Alloh unga quyidagi uchta narsaning birini beradi: so'raganini tezda ijobat qiladi yo duosini oxiratga zaxira qilib qo'yadi yoki undan shu barobardagi bir ziyonni aritadi”, dedilar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam). Sahobalar: “U holda biz duoni ko'paytiramiz”, deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh yanada ko'proq yaxshilik beradi”, dedilar.
Qalb Alloh taolo izmidadir, Alloh uni O'zi xohlagan tarafga burib qo'yadi. Shuning uchun, keling, haqiqiy Hojamiz, Beruvchimiz, fazlu marhamati cheksiz Alloh taologa iltijo qilaylik. Har bir mushkulot qarshisida faqat U Zotni zikr etib, qullik maqomida tavakkul etaylik. Alloh taolo: “...Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) o'zi unga kifoya qilar...” (Taloq, 3), deya marhamat qilgan.
Inson qo'lidagi mavjud ne'mat oz bo'lsa ham, shukr va sabr qilishi lozim. Oldida turgan kunlari uchun ortiqcha tashvishga tushib, sabrsizlik qilishi o'zi uchun zarardir. Chunki bu holat Alloh taologa isyon qilishgacha olib borishi mumkin. Mo'min har qanday holatda ham o'z imkoniyati darajasida harakat qilib, qolganiga Alloh taologa tavakkul qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) muborak hadislarida bunday marhamat qiladilar: “Agar Allohga haqiqatan tavakkul qilsangiz, u erta bilan och chiqib, kechqurun to'q qaytgan qushlarni rizqlantirgani kabi sizlarni ham rizqlantiradi”.
Hazrat Hoja Abdulxoliq G'ijduvoniy bunday nasihat qilgan: «Ey farzand! Odamlardan biror narsa so'rama, erta uchun ozuqa jamlama, chunki Alloh rizqingga kafildir. Alloh deydi: “Ey Odam farzandi, men har kuni sening rizqingni beraman!” Tavakkul qiluvchilarga Alloh deydi: “Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, Allohning o'zi unga kifoya qiladi”. Esingda bo'lsin, rizq Alloh tomonidan taqsimlangandir».
Imom G'azzoliy “Mukoshafatul qulub” asarida quyidagi ibratli voqeani keltiradi: «Shaqiq Balxiy rizq topish uchun hech harakat qilmas edi. Bir vaqt haj sabab bo'lib u kishi Ibrohim Adham bilan Makkada uchrashib qoldi. Ibrohim Adham undan rizq topish uchun bunday harakat qilmasligingga sabab nima, deb so'radi. Shaqiq Balxiy buning sababini aytib: “Bir kun cho'lda qanoti singan bir qushni ko'rdim. U harakat qila olmas, ucholmasdi. Birdan og'zida chigirtka bilan bir qush uchib keldi-yu qanoti siniq qushning og'ziga chigirtkani soldi. Bu voqeani ko'rib, o'zim-o'zimga dedim: “Bu qanoti siniq qushni ta'minlagan Alloh meni ham ta'minlagay!” Shunday dedim-da, kechayu kunduz ibodatda band bo'ldim”, dedi. Ibrohim Adham: “Nechun sen nogiron qushni ta'minlovchi sog'lom qush bo'lmaysan? Harakat qiluvchi qush bo'lsang, yanada fazilatli va yana sharafli bo'larding! Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Beruvchi qo'l oluvchi qo'ldan xayrliroqdir”, deganlarini eshitmaganmisan?” dedi. Shunda Shaqiq Balxiy o'z xatosini angladi».
Abu Said Hudriy (roziyallohu anhu) boshidan o'tgan voqeani bunday rivoyat qiladi: «Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan bir narsa so'rash uchun keldim. U zot (sollallohu alayhi va sallam)ni: “Kim sabr ko'rsatsa, Alloh unga sabr beradi. Kim o'zini tiysa, Alloh unga iffat beradi. Kim behojatlik so'rasa, Alloh uni behojat qiladi”, deb gapirib turgan hollarida topdim. Shunda men: “Bugundan e'tiboran sizdan biror narsa so'ramayman”, dedim».
Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sahobalar insonlar qo'lidagi narsalarga ko'z tikuvchi, tamagir bo'lib qolishdan saqlanishlarini hamda Umar (roziyallohu anhu) nazarda tutgan tavakkul qiluvchilardan bo'lishlarini istar edilar. Umar (roziyallohu anhu) Yaman ahlidan bo'lgan bir qavmning oldidan o'taturib: “Sizlar kimsiz?” deb so'radi. Ular: “Biz tavakkul qiluvchilarmiz”, dedi. Shunda Umar (roziyallohu anhu): “Yolg'on gapiryapsizlar... sizlar tavakkul qiluvchi emassizlar... Albatta, erga urug' tashlab, Allohga tavakkal qilgan kishi haqiqiy tavakkalchidir”, degan edi.
Mo'min mol-dunyoga qul bo'lib qolishdan saqlanishi, Alloh taolo taqsim qilgan narsaga rozi bo'lishi lozim. Zero, kifoya qiladigan ozgina narsa tug'yonga ketkazadigan ko'pdan yaxshiroqdir. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Oz bo'lib kifoya qilgani ko'p bo'lib band qilganidan yaxshiroqdir”, deb marhamat qilganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Bu borada Savbon (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Men: “Yo Rasululloh! Dunyodan menga nima kifoya qiladi?” dedim. U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Ochligingni to'sib, avratingni yopadigan narsa. Agar senga boshpana bo'ladigan uying bo'lsa, bu mulk. Va agar uloving bo'lsa, qanday yaxshi”, dedilar». Ya'ni, inson uchun hayotda qorni to'yadigan darajada taomi, avratini yopadigan bir sidra kiyimi va o'ziga munosib boshpanasi bo'lsa, kifoya qiladi. Ushbu hadisni sahobalar to'g'ri tushunib etishgan. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning o'rinbosari, merosxo'ri, adolat timsoli Umar (roziyallohu anhu) bir kuni suhbatdoshlariga: “Sizlarga Allohning molidan nimaga haqli bo'lganimni aytaymi?” dedi. “Ha”, deyishdi. U: “Qishki va yozgi jilbob (uzun ko'ylak), haj va umra qilishim uchun yordam beradigan ulov. Bundan keyin mening ozuqam Qurayshdan bo'lgan bir kishining ozuqasi kabidir... men ularning eng yuqorisi va eng pasti ham emasman...”, degan.
Darhaqiqat, Alloh taolo insonlarni bir-biriga muhtoj qilib yaratgan. Birida bo'lgan imkoniyat yoki iqtidor boshqasida yo'q, tabiiy. Bu dunyoning muvozanati ham mana shu bilan barqaror bo'lib turadi. Chunki insonning hech kimga muhtoj bo'lmasligi tug'yonga ketkazib qo'yganidek, o'ta muhtoj holda bo'lishi umidsizlikka duchor qilib qo'yadi. Demak, inson ojiz ekan, atrofidagi insonlar yordamiga muhtoj bo'ladi. Hayoti davomida oldida turgan muammolar echimini topishga bir o'zining moddiy yoki ma'naviy imkoniyatlari etmaydi. Shu sababli gohida sharoit uni atrofidagi kishilardan biror narsa so'rashga majbur qiladi. Ushbu holatda avval vaziyatni to'g'ri baholashi lozim. Muammolarni hal qila olmayotgani o'zining dangasaligi, lanjligi oqibatidan emasmi? Haqiqatdan ham u mana shu narsaga o'ta muhtojmi yoki nafs havosining istagidan kelib chiqyaptimi? So'rash odat tusiga aylanib, qalbida tama urug'ining tomir otishiga sabab bo'lmaydimi? So'ralayotgan odam oldida o'zining xorlanishiga olib bormaydimi? Agar mana shu narsalardan birortasi vujudga keladigan bo'lsa, ojizlikda o'ziga o'xshash insondan so'ramagani ma'qul. Zero, u ushbu ishi bilan Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Sizlardan biringiz arqon olib, bir quchoq o'tinni orqasiga ortib kelib, yuzini (sarg'ayishdan) saqlashi uning uchun insonlardan so'rashidan yaxshidir. Insonlar unga beradilar yoki bermaydilar”, degan so'zlariga amal qilgan bo'ladi.
Hoja Abdulxoliq G'ijduvoniy insonni xorlik o'rinlariga tushib qolishidan saqlash ma'nosida bunday nasihat qiladi: “Ey farzand, fiqh va hadis ilmini o'rgan, johil so'fiylardan uzoq yur, moling fiqh kitoblari bo'lsin, biror kishi seni maqtasa, g'ururlanma, tanqid qilsa, ranjima. Insonlardan hech narsa so'rama, tama qilma, futuvvat (saxovat) ahlidan bo'l, Haq taolo senga nima bergan bo'lsa, xalqqa tarqat... Biron bir mansab-maqomga intilma”.
Shoirlardan biri esa, ushbu ma'nolarni quyidagi she'ri bilan ifodalagan:
Tama qilib, maxluqqa bo'yinsunmagin,
Bunday qilish dinga bergan zararingdir.
Alloh xazinasidan so'ra rizqingni,
Chunki u “kof” va “nun” o'rtasidadir.
Ushbu mavzuning xulosasi sifatida Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Agar so'rasang, Allohdan so'ra. Agar yordam talab qilsang, Allohdan talab qil” (Imom Termiziy rivoyati) degan qisqa, ammo purma'no tavsiyalarini keltirib o'tish etarli bo'lsa kerak, deb o'ylaymiz.
KYeYINGI MAVZU:
YeTTINChI VASIYaT:
Ziyorat;
Qabrlarni ziyorat qilish;
“Hozir kim ham kitob o‘qirdi?”. Bugungi kunda kitob mutolaasini unutgan odamlar jamiyat nomidan ana shu gapni gapirishga o‘rganib qolgan.
Rostdan ham kitob o‘qishdan yuz o‘girdikmi yoki o‘qishga to‘siqlar bormi? Balki muammo o‘qimaslikda emas, mutolaa madaniyati va targ‘ibotning pasayganidadir?
Odamlar kitob mutolaasi haqida qanday fikrda?
Bu haqda maqola yozishdan avval ijtimoiy tarmoqda va aholi o‘rtasida “Nega kitob o‘qishga odatlanmay qo‘ydik?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazdik.
So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ishtirokchilarning eng katta ulushi — 29 foizi “Muntazam kitob o‘qib boraman” javobini tanlagan. Bu yaxshi, ammo 26 foiz ishtirokchi kitob o‘qishga vaqti yo‘qligi, 25 foiz qatnashchi kitobdan ko‘ra telefon qulayligi, 2 foizi kitob o‘qish zerikarli ekanini bildirdi. 13 foiz respondentlar esa kitob o‘qishga sabri yetmasligini ta’kidladi. Shuningdek, ayrim fuqarolar erinchoq bo‘lib ketgani, kitob o‘qimaslikka turli bahonalar topilishi, qiziqarli kitoblar kamligi, audio va elektron kitoblar qulayligini qayd etdi.
Bundan tashqari, kuzatuvchilarning asosiy qismi ilgari metro va avtobuslarda ham kitob o‘qilishi, hozir esa nafaqat uyda, balki ovqatlanganda, yo‘lda yurganda, chorrahada, ishxonada, xullas, aksariyat hollarda eng ko‘p vaqtimiz telefonga tikilish bilan o‘tayotgani, ayniqsa, yoshlar telefondan bo‘shamasligini kam kitob o‘qilishining asosiy sababi sifatida aytishdi.
So‘rovnoma natijasidan ko‘rish mumkinki, jamiyatda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish saqlanib qolgan. Biroq ko‘pchilik vaqtini telefon, internet yoki boshqa texnologiya va yumushlarga sarflayotgani yomon. Bu kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish zarurligi, qulay muhit yaratish va ommaviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, shuningdek, mutolaa faqat shaxsiy istak emas, balki muhit va hayot tarziga bog‘liq ekanini anglatadi.
Kitobxonlikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor natija beryapti(mi)?
Ma’lumotlarga ko‘ra, eng taraqqiy etgan mamlakatlar emas, so‘nggi yillarda tez rivojlanayotgan davlatlar aholisi ko‘proq kitob o‘qir ekan. Xususan, hindistonliklar faqat qo‘shiq kuylaydi yoki kino ko‘radi, desak adashamiz. Ular dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan xalq. Hindlar haftasiga 10,7 soat vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. Umuman, eng ko‘p kitob o‘qiydigan davlatlar o‘ntaligiga e’tibor beradigan bo‘lsak, keyingi o‘rinlarda Tailand - haftasiga 9,4 soat, Xitoy - haftasiga 8 soat, Filippin - haftasiga 7,6 soat, Misr - 7,5 soat, Chexiya - 7,4 soat, Rossiya - 7,1 soat, Shvetsiya – haftasiga 6,9 soat, Fransiya - 6,9 soat, Vengriya aholisi esa haftasiga 6,8 soat kitob o‘qir ekan.
Xo‘sh, yurtmizda kitobxonlik madaniyatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qanday samara beryapti?
Axborot oqimining tezlashishi va raqamlashuvning kengayishi natijasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish nafaqat ijtimoiy, balki ma’naviy taraqqiyot uchun ham muhim vazifaga aylanmoqda. Yurtimizda ham ushbu yo‘nalishda bir qancha qarorlar, farmonlar va dasturlar qabul qilinib, samarali ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali kitob o‘qiyotgan yoshlar sezilarli oshdi. Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali qariyb 5 millionga yaqin yoshlar qamrab olingan. Kitob do‘konlari va kutubxonalarda eng ko‘p izlanayotgan kitoblar ham “Yosh kitobxon” tanlovida e’lon qilingan 140 nomdagi adabiyotlar ekan. Bu o‘z o‘rnida kitob bozorida talab va taklifning ortishiga ham xizmat qilmoqda.
2017-2024 yillarda 280 nafar yoshlar “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 20 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi sovrindori bo‘lgan. E’tiborlisi, tanlovda g‘olib bo‘lgan 17 nafar qizning 7 nafari keyinchalik O‘zbekiston Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Demak, kitob yoshlarning keyingi taqdiriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kitob o‘qib, ota-onasiga avtomobil sovg‘a qilayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Misol uchun, o‘tgan yil ushbu tanlovning respublika bosqichida 10-14 yosh toifasida qirqdan ortiq badiiy-ommabop kitoblarni o‘qigan Jomboy tumanidagi 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva birinchi o‘rinni egalladi. Unga Prezident sovg‘asi – “Cobalt” avtomashinasi sovg‘a qilindi.
Albatta, kitobxonlikni targ‘ib qilish ishlari shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Davlat dasturlari, mahalliy va xalqaro loyihalar orqali kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yosh avlodni ma’naviy jihatdan boyitish uchun keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish vazifasi sifatida belgilangani ham ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Yoshlar kitob o‘qiyapti, siz ham o‘qing
Bugun yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi kamaygandek tuyulsa-da, aslida ular turli xil formatlarda va platformalarda kitob o‘qiyapti. Yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishi kamayganini ta’kidlashdan oldin, ularning kitob o‘qish uchun imkoniyatlarini va kitob o‘qishga odatlanmaslikka nima sabab bo‘layotganini e’tiborga olish lozim. Bu haqda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimovning mulohazalarini keltiramiz.
- “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”. Keyingi paytda bu gapni muntazam kitob mutolaa qiladiganlar ham, o‘qimaydiganlar ham aytadigan bo‘ldi, - deydi S.Karimov. - To‘g‘ri, xalqimiz ma’naviyati uchun kuyinib gapiradiganlar bor. Ammo men bu gapga qo‘shilmayman. Albatta, yoshlar doim kitob o‘qiyapti, deyishdan yiroqman, lekin ular kitob o‘qimay qo‘ygani yo‘q, o‘qiyapti. Elektron kitoblar, audiokitoblar va onlayn platformalar yoshlar uchun kitob o‘qishni osonlashtiryapti. Yoshlarni ko‘ryapmiz, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lyapti, xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olyapti, ixtirolar qilyapti, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taryapti, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lyapti. Agar yoshlar kitob o‘qimayotgan bo‘lsa, bunday natijalarga qanday erishyapti? Balki kimningdir farzandi kitob o‘qimayotgandir yoki tarbiyasi “buzilib” to‘g‘ri yo‘ldan adashgandir, lekin hammaning ham emas. Buning sababi bitta - oiladagi muhit va ota-onaning farzand tarbiyasidagi e’tiborsizligi.
Deylik, bir oilada 4 farzand tug‘ilib, voyaga yetdi. Ularning hammasini ham kitobga, ilmga qiziqtirish mushkul. Bittasi sportchi bo‘lishni xohlasa, boshqasi usta, shifokorlikni tanlaydi. Albatta, bu jarayonda bola, avvalo, ota-onasidan keyin yon-atrofidagilardan o‘rnak olib, o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llaydi. O‘shanda biz, ota-onalar har bir ishning samarali va natijador bo‘lishi uchun farzandlarimizga o‘rnak bo‘lishimiz, ularda ijobiy taassurot qoldirib, ma’rifatga undashimiz kerak bo‘ladi.
Masalaning ikkinchi tomonini ham bor. Ba’zilar «Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”, deb ko‘pincha badiiy adabiyotni nazarda tutadi. Badiiy adabiyot ham axborot manbai. Ayni paytda, insonga badiiy-estetik zavq bag‘ishlovchi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazuvchi noyob manba. Internet tarmoqlarida media olamning axborot ta’minoti g‘oyatda kuchayib ketgan, butun insoniyat undan foydalanishni afzal deb bilayotgan bir paytda yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtirish oson ish emas. Faqat targ‘ibot-tashviqot bilan bu muddaoga erishib ham bo‘lmaydi. Badiiy kitob o‘qish ko‘ngil ishi, yosh qalbni tarbiyalash esa avvalo ota-onaning, keyin esa ustozlar va jamiyatning zimmasida bo‘ladi. Shunday ekan, o‘zgarishni har birimiz o‘zimizdan boshlaylik.
“Tirik kitob” nega tanqidga uchradi? Yoxud ma’naviyatli insonlarga ergashish kerak
Axborot texnologiyalari rivojlanib, elektron qurilmalar hayotimizning asosiy ajralmas qismiga aylanib qoldi va kitob mutolaasiga juda kam vaqt ajratadigan bo‘ldik. Ammo shunday insonlar borki, ular kitobning qadrini eslatib, jamiyatni ma’rifatga chorlamoqda. Ulardan biri ijtimoiy tarmoqlarda “Tirik kitob” nomi bilan mashhur bo‘lgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov. U kitobga da’vat etuvchi chiqishlari, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi va ma’naviyat haqidagi nutqlari orqali minglab insonlarni, ayniqsa, yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga undamoqda.
Biroq u ham har bir ommaviy shaxs singari tanqidlarga duch keldi. Albatta, tanqidlar tabiiy hol, ayniqsa, jamoatchilik diqqat markazida bo‘lgan inson uchun. Xayrulla Asadov kitobga bo‘lgan muhabbatni keng ommaga yetkazishda zamonaviy, xalqona va ta’sirli usullarni qo‘llamoqda. U olim emas, ma’rifat yo‘lida fidoyilik qiluvchi shaxs. Ko‘pchilik uning qarashlarida ilmiy yondashuv va isbotlar yo‘qligini ta’kidlamoqda. Bu bir tomondan to‘g‘ri. Lekin u o‘z hayot tajribasi va o‘qigan kitoblari orqali xulosa chiqaryapti, misollar keltiryapti. Bu amaliyotga asoslangan, xalqqa yaqin uslub.
Ijtimoiy tarmoqlarda kitob sotuvchisi mashhur bo‘lish bilan birga, kitobni emas, o‘zini va faoliyatini targ‘ib qilayotgani haqida ham tanqidiy fikrlar bildirildi. Bugungi axborot texnologiyalari asrida raqamli to‘lqinda ajralib turish uchun har qanday shaxsning auditoriyaga mos vizual va muhokamabop formatda chiqishi talab etiladi. Chunki bu zamon talabi. Shuningdek, Xayrulla Asadovning shaxsi kitobga bo‘lgan sadoqat bilan tanilgan. Agar shaxs orqali kitobga muhabbat uyg‘onsa, bu ma’rifat ulashishda eng samarali usul.”Tirik kitob” o‘zini emas, shaxsiy namunasi orqali kitobni hayot tarzi sifatida hamda kitoblarni shunchaki o‘qish emas, balki o‘qilgan g‘oyalarni hayotda tatbiq qilishni targ‘ib qilmoqda.
Albatta, tanqidlar rivojlanish va xolislik uchun kerak. Biroq kitob o‘qish, uni targ‘ib qilish, jamiyatni ma’rifatga yetaklovchi, ilmli insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ergashish va to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Zero, kitob inson ongini uyg‘otadi, ma’naviy dunyosiga nur olib kiradi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.