Sayt test holatida ishlamoqda!
03 May, 2025   |   5 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:18
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:25
Xufton
20:50
Bismillah
03 May, 2025, 5 Zulqa`da, 1446

E'tiqod durdonalari: Payg'ambarlarning sifatlari bayoni; Zulqarnayn va Luqmon haqida; Qiyomatning katta alomatlari bayoni;

03.05.2021   4372   28 min.
E'tiqod  durdonalari: Payg'ambarlarning sifatlari bayoni;    Zulqarnayn va Luqmon haqida;    Qiyomatning katta alomatlari bayoni;

 

Payg'ambarlarning sifatlari bayoni

- وَمَا كَانَتْ نَبِيًّا قَطُّ أُنْثَى    وَلاَ عَبْدٌ وَشَخْصٌ ذُو افْتِعَالِ

 

Ma'nolar tarjimasi:

Biror ayol ham, qul ham va biror bir pastkash shaxs ham hech qachon payg'ambar bo'lgan emas.

Nazmiy bayoni:

Ayol aslo payg'ambar bo'lgan emas,

Hamda biror qulu, qabih fe'lli shaxs.

Lug'atlar izohi:

مَا – ushbu o'rinda لَيْسَ ning amalini qiladi.

كَانَتْ – noqis fe'l.

نَبِيًّا – noqis fe'lning xabari.

قَطُّ – moziy fe'lining “istig'roqi” (ma'nosini batamom qamrab olish) uchun kelgan zarfi zamon.

اُنْثَى – noqis fe'lning ismi. Ko'plik shakli اِنَاثٍ bo'ladi.

عَبْدٌ – noqis fe'lning ismiga atf qilingan. Bu o'rinda qul deganda uni sotish va sotib olish shar'an durust bo'ladigan inson ko'zda tutilgan.  

شَخْصٌ – shaxs deganda jismi bor narsalar tushuniladi.

ذُو – “asmoi sitta”dan biri, “sohib” ma'nosini anglatadi. شَخْصٌ ga sifat bo'lgani uchun raf bo'lib turibdi.

افْتِعَالِ – shariatga xilof ish yoki so'z ma'nosida ishlatilgan. Chunki bu masdar odatda soxtakorlik qilishga nisbatan ishlatiladi.

Matn sharhi:

Alloh taolo biror ayolni payg'ambar etib yubormagan. Chunki payg'ambarlik nihoyat darajada ulug' ish bo'lib, bunday mas'uliyati ulug' ishning ojiza ayol kishiga topshirilishi hikmatdan bo'lmaydi. Qolaversa, qasos va shar'iy had[1] kabi masalalarni ijro qilishni tushuntirish hamda ularni hayotga tatbiq etish kabi ishlar ham nozik qalbli ayollarga mos kelmaydi. Shuning uchun  Alloh taolo ayollarni  payg'ambar qilib yubormagan. Bu haqda Qur'oni karimda shunday xabar kelgan:

﴿وَمَآ أَرۡسَلۡنَا قَبۡلَكَ إِلَّا رِجَالٗا نُّوحِيٓ إِلَيۡهِمۡۖ فَسۡ‍َٔلُوٓاْ أَهۡلَ ٱلذِّكۡرِ إِن كُنتُمۡ لَا تَعۡلَمُونَ٧

(Ey Muhammad!) Biz Sizdan ilgari ham faqat erkaklarni o'zimiz vahiy qilgan holda (payg'ambar etib) yuborganmiz”[2]

 Shuningdek, Alloh taolo biror  qulni yoki biror  qabih fe'lli pastkash insonni ham  payg'ambar etib yubormagan. Chunki bunday shaxslarga insonlar ergashmaydilar, balki ulardan jirkanadilar. Payg'ambarlarning eng so'nggi vakilining xulqi muloyim, atrofdagilarni o'ziga tortadigan darajada go'zal bo'lgani shunday xabar berilgan:  

﴿فَبِمَا رَحۡمَةٖ مِّنَ ٱللَّهِ لِنتَ لَهُمۡۖ وَلَوۡ كُنتَ فَظًّا غَلِيظَ ٱلۡقَلۡبِ لَٱنفَضُّواْ مِنۡ حَوۡلِكَۖ فَٱعۡفُ عَنۡهُمۡ وَٱسۡتَغۡفِرۡ لَهُمۡ وَشَاوِرۡهُمۡ فِي ٱلۡأَمۡرِۖ فَإِذَا عَزَمۡتَ فَتَوَكَّلۡ عَلَى ٱللَّهِۚ إِنَّ ٱللَّهَ يُحِبُّ ٱلۡمُتَوَكِّلِينَ١٥٩

“Allohning rahmati sababli (Siz ey Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag'al va toshbag'ir bo'lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo'lur edilar”[3].    

Payg'ambarlar bashariyatga to'g'ri yashash tarzini so'zda ham, amalda ham ko'rsatib beradigan, boshqalarga namuna bo'lishi kerak bo'lgan shaxslardir. Shuning uchun payg'ambarlarning barchasi o'zlari yashayotgan jamiyatda har taraflama ilm jihatidan ham, amal jihatidan ham eng afzali bo'lganlar. Ular insoniyatning eng rostgo'ylari, xulqi eng go'zali bo'lganlar. Alloh taolo ularni maxsus fazilatlar bilan siylagan bo'lib, bu fazilatlarda hech bir ulug' inson ularga eta olmagan.

 

 

Zulqarnayn va Luqmon haqida

31- وَذو الْقَرْنَيْنِ لَمْ يُعْرَفْ نَبِيًّا      كَذَا لُقْمَانُ فَاحْذَرْ عَنْ جِدَالِ

 

Ma'nolar tarjimasi:

Zulqornayn payg'ambar deb tanilmagan, shu kabi Luqmon ham, shuning uchun tortishishdan tiyilgin.

Nazmiy bayoni:

Zulqarnayn nabiy deb tanilganmas bil,

Shuningdek, Luqmon ham tortishishdan tiyil.

Lug'atlar izohi:

الْقَرْنَيْنِ ذُو – mubtado. Ba'zi olimlarning so'zlariga ko'ra Zulqarnayn quyoshning sharqdagi chiqadigan “shoxi”dagi joylarga ham, g'arbdagi botadigan “shoxi”dagi joylarga ham, ya'ni butun dunyoga podshohlik qilgani uchun “ikki shox egasi” deb nomlangan. 

لَمْ – nafiy, jazm va qalb harfi.

يُعْرَفْ – majhul muzori' fe'li. Mahzuf هُوَ noib foili bo'lib, ذُو الْقَرْنَيْنِ   ga qaytadi.

نَبِيًّا – ikkinchi maf'ullikka ko'ra nasb bo'lib turibdi. Jumla mubtadoning xabaridir.

كَذَا – tashbeh harfi bo'lgan كَ vaذَا  ismi ishoradan tuzilgan kinoya ism. Habari muqaddamlikka ko'ra raf o'rnida turibdi.

لُقْمَانُ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.

فَ – “ta'liyliya” (izohlamoq) ma'nosidagi harf.

احْذَرْ – amr fe'li. Taqdiriy اَنْتَ foili.

عَنْ – jor harfi مِنْ ma'nosida kelgan.

جِدَالِ jor majrur احْذَرْ ga mutaalliq. “Jidal” kalimasi o'zbek tilida “tortishish” ma'nosiga to'g'ri keladi. Ya'ni “jidal” deganda narigi tarafning qarashlari to'g'ri ekaniga shubha qilib, o'zinikini ma'qullashga urinish tushuniladi.

Matn sharhi:

O'shiy rahmatulohi alayh ushbu baytda Qur'oni karimda nomlari kelgan Zulqarnayn va Luqmonlarning payg'ambar bo'lganlari, yo solih va taqvodor banda bo'lganlari to'g'risidagi bahsli masalada jumhur ulamolarning qarashlarini bayon qilgan.

Zulqarnaynning payg'ambar bo'lgan-bo'lmagani to'g'risida gap ketar ekan, shuni ta'kidlab aytish lozimki, ushbu bahs qilingan zot Zulqarnayn laqabli makedoniyalik kishi emas. Qur'oni karimda zikr qilingan Zulqarnayn solih, taqvodor mo'min banda bo'lgan. Ba'zi ulamolar ushbu Zulqarnaynning makedoniyalik Zulqarnayn laqabli kishidan ikki ming yildan ko'proq vaqt oldin yashab o'tganini aytganlar. 

Zulqarnaynni payg'ambar bo'lgan deydiganlar oyatdan dalil keltirishgan:

﴿حَتَّىٰٓ إِذَا بَلَغَ مَغۡرِبَ ٱلشَّمۡسِ وَجَدَهَا تَغۡرُبُ فِي عَيۡنٍ حَمِئَةٖ وَوَجَدَ عِندَهَا قَوۡمٗاۖ قُلۡنَا يَٰذَا ٱلۡقَرۡنَيۡنِ إِمَّآ أَن تُعَذِّبَ وَإِمَّآ أَن تَتَّخِذَ فِيهِمۡ حُسۡنٗا٨٦

“Biz: “Ey Zulqarnayn! Yo (ularni) azobga duchor qilursan yoki ularga yaxshi muomalada bo'lursan”, – dedik”[4].    

Ushbu oyatda aytilgan narsani Alloh taolo Zulqarnaynga vahiy bilan bildirgan, vahiy esa payg'ambarlarga keladi, – deydilar.

 Zulqarnaynni payg'ambar bo'lmagan deydiganlar bu dalilga shunday javob beradilar: Oyatda aytilgan narsa Zulqarnaynga vahiy bo'lmagan, balki unga ilhom bo'lgan. Zero, bir narsaga ilhom berishning ham vahiy deb atalishi Qur'onda kelgan. Alloh taolo asalariga ilhom berishini vahiy deb atagan:

﴿وَأَوۡحَىٰ رَبُّكَ إِلَى ٱلنَّحۡلِ أَنِ ٱتَّخِذِي مِنَ ٱلۡجِبَالِ بُيُوتٗا وَمِنَ ٱلشَّجَرِ وَمِمَّا يَعۡرِشُونَ٦٨

“Robbing asalariga vahiy qildi: “Tog'lardan, daraxtlardan va ko'tarilgan so'ritoklardan uy tutgin”[5].     

Ushbu oyati karimadagi “asalariga vahiy qildi” ma'nosidagi so'zidan “asalariga ilhom qildi”, “asalariga to'g'ri yo'l ko'rsatdi” ma'nolari iroda qilingan. Zulqarnaynga aytilgan so'z ham payg'ambarlarga keladigan vahiy emas, balki Alloh taoloning uni to'g'ri yo'lga ilhom qilishi bo'lgan, – deganlar.   

Luqmonning ham payg'ambar bo'lgani yo bo'lmagani to'g'risida bir-birlaridan farqli qarashlar aytilgan. Qur'oni karimda Luqmonga hikmat ato etilgani va uning o'g'liga qilgan nasihatlari hikoya tarzda bayon qilingan:

﴿وَلَقَدۡ ءَاتَيۡنَا لُقۡمَٰنَ ٱلۡحِكۡمَةَ أَنِ ٱشۡكُرۡ لِلَّهِۚ وَمَن يَشۡكُرۡ فَإِنَّمَا يَشۡكُرُ لِنَفۡسِهِۦۖ وَمَن كَفَرَ فَإِنَّ ٱللَّهَ غَنِيٌّ حَمِيدٞ١٢

“Biz Luqmonga hikmat ato etdik (va unga dedik): “Allohga shukr qilgin! Kimki shukr qilsa, faqat o'zi uchun shukr qilur. Kimki noshukurlik qilsa, bas, albatta, Alloh behojat va hamd egasidir”[6].  

Ya'ni Alloh taolo Luqmonga to'g'ri fikrlash va haqqa muvofiq so'zlash iqtidorini bergan. Mujohid rahmatullohi alayh: “Hikmat: fiqh, aql va haqqa muvofiq so'zlashdir, u nabiy bo'lmagan, balki hakim zot bo'lgan”, – degan.

Qurtubiy rahmatullohi alayh: “To'g'risi Luqmonning hakim bo'lgani, nabiy bo'lmaganligi haqidagi jumhurning ittifoq qilganidir, bu hadisda ham kelgan”, – degan. 

Luqmonning hikmat bilan so'zlovchi hakim zot bo'lgani uning o'g'liga qilgan nasihatomuz so'zlarida ochiq-oydin ko'rinib turadi:

﴿وَإِذۡ قَالَ لُقۡمَٰنُ لِٱبۡنِهِۦ وَهُوَ يَعِظُهُۥ يَٰبُنَيَّ لَا تُشۡرِكۡ بِٱللَّهِۖ إِنَّ ٱلشِّرۡكَ لَظُلۡمٌ عَظِيمٞ١٣

“Eslang, Luqmon o'g'liga nasihat qilib, degan edi: “Ey o'g'ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir”[7].     

Luqmonga hikmat ato qilingani hadisi sharifda quyidagicha bayon qilingan:

عَنْ ابْنِ عُمَرَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ حَقًّا لَمْ يَكُنْ لُقْمَانُ نَبِيًّا وَلَكِنْ كَانَ عَبْدًا صَمْصَامَةً كَثِيرَ التَّفَكُّرِ حُسْنَ الظَّنِّ أَحَبَّ اللهَ فَأَحَبَّهُ وَضَمِنَ عَلَيْهِ بِالْحِكْمَةِ كَانَ نَائِمًا نِصْفَ النَّهَارِ إِذْ جَاءَهُ نِدَاءٌ يَا لُقْمَانُ هَلْ لَكَ أَنْ يَجْعَلَكَ اللهُ خَلِيفَةً فِي الأَرْضِ تَحْكُمُ بَيْنَ النَّاسِ بِالْحَقِّ فَانْتَبَهَ فَأَجَابَ الصَّوْتَ فَقَالَ إِنْ يُخَيِّرُنِي رَبِّي قَبِلْتُ فَإِنِّي أَعْلَمُ إِنْ فَعَلَ ذَلِكَ بِي أَعَانَنِي وَ عَلَّمَنِي وَ عَصَمَنِي وَ إِنْ خَيَّرَنِي رَبِّي قَبِلْتُ الْعَافِيَةَ وَلَمْ أَقْبَلِ الْبَلاءَ فَقَالَتْ الْمَلاَئِكَةُ بِصَوْتٍ لاَ يُزَاحِمُ لم يا لقمان قَالَ لِأَنَّ الْحَاكِمَ بِأَشَدِّ الْمَنَازِلِ وَأَكْبَدِهَا يَغْشَاهُ الظُّلْمُ مِنْ كُلِّ مَكَانٍ يَنْجُو أَوْ يُعَانُ وَ بِالْحَرِيِّ أَنْ يَنْجُوَ وَإِنْ أَخْطَأَ أَخْطَأَ طَرِيقَ الْجَنَّةِ وَمَنْ يَكُنْ فِي الدُّنْيَا ذَلِيلاً خَيْرٌ مِنْ أَنْ يَكُونَ شَرِيفًا وَمَنْ يَخْتَرِ الدُّنْيَا عَلَى الآخِرَةِ فَتَنْتَهِ الدُّنْيَا وَلاَ يُصِيبُ مُلْكَ الآخِرَةِ فَتَعَجَّبَتِ الْمَلائِكَةُ مِنْ حُسْنِ مَنْطِقِهِ فَنَامَ نَوْمَةً فَغُطَّ بِالْحِكْمَةِ غَطًّا فَانْتَبَهَ فَتَكَلَّمَ بِهَا. رَوَاهُ الدَّيْلَمِيُّ

Ibn Umardan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Haqiqatda, Luqmon payg'ambar bo'lmagan! Lekin ko'p tafakkur qiluvchi, ezgulik bilan ziynatlangan qat'iyatli banda bo'lgan. Allohni yaxshi ko'rgan, Alloh ham uni yaxshi ko'rgan va hikmat ato etgan. Bir kuni kunning yarmida uxlab yotganida unga bir nido kelgan: “Ey Luqmon, insonlar orasida haq bilan hukm qilishing uchun Alloh taoloning seni erda xalifa qilishiga rag'bating bormi?”. U uyg'ongan va ovozga javob berib: “Agar Robbim meni tanlagan bo'lsa, qabul qildim, men bilamanki agar U o'shani menga qilgan bo'lsa, albatta menga yordam beradi, bildiradi va saqlaydi. Agar Robbim menga tanlash imkonini bergan bo'lsa, ofiyatni qabul qildim, baloni qabul qilmadim” – degan. Maloikalar baralla ovoz bilan: “ Nimaga ey Luqmon”, – deyishgan. U: “Chunki hokim eng qiyin va eng tashvishli o'rinlarda bo'ladi,  uni hamma tarafdan zulm o'rab turadi, u  qutulib qoladi yo unga yordam beriladi,  yaxshisi qutulib qolmoqdir. Agar adashsa, jannat yo'lidan yanglishgan bo'ladi. Kishining dunyoda mansabsiz bo'lishi mansabli bo'lishidan yaxshiroqdir. Kimki oxiratni qo'yib, dunyoni ixtiyor qilgan bo'lsa, bilsinki, dunyo tamom bo'lib oxiriga etadi, u esa oxirat mulkiga erisholmay qoladi” – degan. Farishtalar uning go'zal nutqidan hayratga tushganlar. Hech qancha vaqt o'tmasdan u qattiq uyquga ketgan va hikmatga batamom cho'mdirilgan. Uyqudan uyg'ongach, hikmat bilan gapiradigan bo'lgan...” – deyayotganlarini eshitganman”.  Daylamiy rivoyat qilgan. 

 

Qiyomatning katta alomatlari bayoni

32- وَعِيسَى سَوفَ يَأْتِي ثُمَّ يَتْوِي     لِدَجَّالٍ شَقِيٍّ ذِي خَبَالِ

 

Ma'nolar tarjimasi:

Iyso (alayhissalom) kelajakda keladi, so'ngra to'xtamasdan badbaxt buzg'unchi dajjolga yo'l oladi.

Nazmiy bayoni:

Iso kelajakda, albatta, kelar,

Badbaxt dajjolga u tezda yo'l olar.

Lug'atlar izohi:

عِيسَى – mubtado. Maqsur ism bo'lgani uchun marfu'ligi bilinmay turibdi.  

سَوفَ – muzori' fe'lining oldidan kelishga xos bo'lgan “tasviyf” va “istiqbol” harfi.

يَأْتِي – muzori' fe'li. Taqdiriy هُوَ foili. Ushbu fe'l va foil raf o'rnida bo'lib, mubtadoning xabaridir.

ثُمَّ – tartibni va ma'lum muddat o'tishini ifodalaydigan atf harfi.

يَتْوِي – ushbu fe'l biror narsaga to'xtamasdan maqsadga intilishga nisbatan ishlatiladi. Ba'zi sharhlarda يُتْوِي (halok etadi) ma'nosi berilgan. Tahqiqlarga ko'ra, yuqoridagi ma'no mo''tabar hisoblanadi.   

لِ – jor harfi اِلَى ma'nosida kelgan.

دَجَّالٍ – jor majrur يَتْوِي ga mutaalliq.

شقي – sifat. Lug'atda “badbaxt” ma'nosini anglatadi.

ذي – “sohib”  ma'nosini anglatuvchi “asmoi sitta”dan biri. Sifatdan keyin kelgan yana bir sifat. 

خَبَالِ –  muzofun ilayh. Lug'atda “buzuq” ma'nosini anglatadi.

Matn sharhi:

Kelajakda Iso alayhissalom er yuziga tushadi va buzuq da'volari bilan ko'pchilikni dovdiratib qo'ygan dajjolni halok etadi.

Iso alayhissalomning tushishlari, dajjolning chiqishi  qiyomatning eng katta alomatlaridan hisoblanadi. Qiyomat yaqin qolgan bir paytda ushbu voqealar sodir bo'ladi. Dajjol lug'atda “yolg'onchi”, “firibgar”, kabi ma'nolarni anglatadi. Istilohda esa o'ta yolg'onchi, g'ayri oddiy qobiliyatga ega, bir ko'zi tep-tekis, peshonasiga “kofir” deb yozilgan, qiyomatga yaqin chiqib xudolik da'vosini qiladigan dajjol laqabli kimsa tushuniladi.  Hadisi shariflarda u haqida batafsil ma'lumotlar kelgan. Uning yolg'onchi kazzob kishi bo'lishi bilan birga, fitnasi katta bo'lishini, uning fitnasidan saqlanish uchun nima qilish kerakligi ham aytilgan. 

عَنِ النَّوَّاسِ بْنِ سَمْعَانَ الْكِلاَبِىِّ قَالَ ذَكَرَ رَسُولُ اللَّهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الدَّجَّالَ فَقَالَ إِنْ يَخْرُجْ وَأَنَا فِيكُمْ فَأَنَا حَجِيجُهُ دُونَكُمْ وَإِنْ يَخْرُجْ وَلَسْتُ فِيكُمْ فَامْرُؤٌ حَجِيجُ نَفْسِهِ وَاللَّهُ خَلِيفَتِى عَلَى كُلِّ مُسْلِمٍ فَمَنْ أَدْرَكَهُ مِنْكُمْ فَلْيَقْرَأْ عَلَيْهِ فَوَاتِحَ سُورَةِ الْكَهْفِ فَإِنَّهَا جِوَارُكُمْ مِنْ فِتْنَتِهِ قُلْنَا وَمَا لُبْثُهُ فِى الأَرْضِ قَالَ أَرْبَعُونَ يَوْمًا يَوْمٌ كَسَنَةٍ وَيَوْمٌ كَشَهْرٍ وَيَوْمٌ كَجُمُعَةٍ وَسَائِرُ أَيَّامِهِ كَأَيَّامِكُمْ فَقُلْنَا يَا رَسُولَ اللَّهِ هَذَا الْيَوْمُ الَّذِى كَسَنَةٍ أَتَكْفِينَا فِيهِ صَلاَةُ يَوْمٍ وَلَيْلَةٍ قَالَ لَا اقْدُرُوا لَهُ قَدْرَهُ ثُمَّ يَنْزِلُ عِيسَى ابْنُ مَرْيَمَ عِنْدَ الْمَنَارَةِ الْبَيْضَاءِ شَرْقِىَّ دِمَشْقَ فَيُدْرِكُهُ عِنْدَ بَابِ لُدٍّ فَيَقْتُلُهُ.  رَوَاهُ ابُو دَاوُدَ

Navvos ibn Sam'on  Kilobiy: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dajjolni zikr qilib: “Agar u chiqsa va men sizlarning oralaringizda bo'lsam, sizlarsiz o'zim unga qarshi turaman. Agar u chiqqanida men bo'lmasam, hamma o'z-o'zini himoya qiladi. Alloh har bir musulmonga yordam beradi. Sizlardan kim unga etsa, unga qarshi “Kahf” surasining boshlarini o'qisin. Chunki u uning fitnasidan sizlarning himoyalaringizdir”. Biz: “Uning erda qolishi qanday”, – dedik. U zot: “Qirq kun. Bir kuni bir yildekdir, bir kuni bir oydekdir, bir kuni bir haftadekdir, boshqa kunlari sizlarning kunlaringiz kabidir”, – dedilar. Shunda biz: “Ey Allohning Rasuli, o'sha bir yildek kunda bizga bir kecha kunduzning namozi kifoya qiladimi”, – dedik. U zot: “Yo'q, uning miqdorini belgilanglar, so'ngra Iso ibn Maryam Damashqning sharqiy oq minorasi oldida tushadi va uni “Bobi lud”da topib halok qiladi”, – dedilar”.  Abu Dovud rivoyat qilgan.

Qiyomat alomatlari haqida xabar beruvchi ushbu hadisga juda ko'plab sharhlar yozilgan. Jumladan, imom Abu Dovudning “Sunan”i sharhida quyidagi so'zlar aytilgan: “ Biz: uning erda qolishi qanday, – dedik. U zot: “Qirq kun. Bir kuni bir yildekdir, bir kuni bir oydekdir, bir kuni bir haftadekdir, boshqa kunlari sizlarning kunlaringiz kabidir” – dedilar. Ya'ni u chiqqanidan keyin erda qolish muddati qirq kundir. Birinchi kuni bir yildekdir, ikkinchi kuni bir oydekdir, uchinchi kuni bir haftadekdir, qolgan o'ttiz etti kun esa bizlarning kunlarimiz kabidir. Bu o'sha zamonda bo'ladigan g'ayrioddiy ishlardan biri bo'ladi. Sahobai kiromlar o'sha paytda namozning qanday o'qilishi haqida: “Ey Allohning Rasuli, o'sha bir yildek kunda bizga bir kecha-kunduzning namozi kifoya qiladimi”, – deya so'rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yo'q uning miqdorini belgilanglar", – dedilar. Ya'ni besh vaqt namozni oldin o'qib yurganlaring kabi o'qinglar. Bomdodni o'qiganlaringdan keyin qancha vaqtdan so'ng peshinni o'qirdilaring, o'sha miqdorni belgilab peshinni o'qinglar, qolgan namozlarni ham shu tartibda miqdorini belgilab o'qinglar. Ushbu vaqt kunlarning adadlari e'tiboridan yil kabi bo'ladi, lekin u bir kunning o'rnida bo'ladi. Ya'ni shu vaqt davomida insonlar quyoshning botmasdan turaverganini ko'rib turadilar. Quyosh ana shunday to'liq bir yil botmasdan turadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga har bir namozning orasini bilishlari uchun miqdorni belgilashni tayinlaganlar. Ular bir namozni o'qiganlaridan so'ng keyingi namoz vaqti kiradigan muddat kelguncha kutadilar, so'ngra navbatdagi namozni ado etadilar. Shunday qilib miqdori bir yilga teng bo'lgan o'sha kun ham o'tadi. Undan keyin miqdori bir oyga teng bo'lgan kunni ham, undan keyingi miqdori bir haftaga teng bo'lgan kunni ham shu tartibda o'tkazadilar. Huddi shunday ishni kecha va kunduzni bilolmaydigan quyosh va oyni ko'rishdan to'silib qolgan mahbus ham qiladi. Ya'ni u ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tayinlaganlaridek miqdorini belgilab o'qiydi. Uzun muddat quyosh botmasdan turadigan joylar ham dajjol haqida kelgan ushbu hadisdagi ko'rsatmaga ko'ra amal qiladilar”[8].       

Payg'ambarlar orasidan nima uchun aynan Iso alayhissalomning tushishlari xoslangani haqida shunday deyilgan: “Payg'ambarlar orasidan aynan Iso alayhissalomning tushishlarining hikmati shuki, bunda u zotni o'ldirganlarini da'vo qiladigan yahudiylarga raddiya bor. Alloh taolo ularning yolg'onlarini oshkor qiladi. U zot tushganlaridan so'ng ularni halok qiladi. Yoki u zotning tushishlari ajallari yaqinlashgani sababli erda dafn etilishlari uchun bo'ladi. Chunki u zotga ham ajal tayin qilingan bo'lib, tayin qilingan vaqtda, albatta, o'limni totadilar. Tuproqdan yaratilgan zotning samoda vafot etishi lozim emasdir. U zotning tushishi dajjolning chiqqan paytiga to'g'ri keladi va u zot uni o'ldiradi. Aslida uni o'ldirishni qasd qilib tushgan bo'lmaydi”[9].

 

 

KYeYINGI MAVZULAR:

Valiylar va ularning karomatlari bayoni:

Valiylarning martabalari;

Karomatning turlari;

Farosat – yarim karomat;

Istidroj haqida.

 

[1] Had lug'atda “to'sish” ma'nosini anglatadi. Shunga ko'ra, ikki narsa orasini to'sadigan va ularni bir-biriga aralashib ketishdan himoya qilib turadigan har bir narsaga had so'zi ishlatiladi. Masalan, hovlining chegarasi uni ajratib turganligi uchun “hovlining hadi”, deyiladi. Shar'iy istilohda, bandalarga zarar bo'ladigan turli fasod ishlarning oldini olish uchun Alloh taoloning haqqi bo'lib belgilangan jazo, had deyiladi. Had man qilingan ish sodir bo'lishdan avval undan to'suvchi bo'ladi, sodir bo'lgandan keyin esa unga qaytishning oldini oluvchi hisoblanadi. Qarang: Abdulhamid Mahmud Tohmoz. Fiqhul Hanafiy fi savbihil jadid, uchinchi juz. – Damashq: “Dorul qalam”, 2009. – B. 246.

[2] Anbiyo surasi, 7-oyat.

[3] Oli Imron surasi, 159-oyat.

[4] Kahf surasi, 86-oyat.

[5] Nahl surasi, 68-oyat.

[6] Luqmon surasi, 12-oyat.

[7] Luqmon surasi, 13-oyat.

[8] Abdul Muhsin. Sharhu Sunani Abi Dovud, birinchi juzi. “Maktabatush shomila”. – B. 2.

[9] Munoviy. Fayzul qodir, oltinchi juzi. “Maktabatush shomila”. – B. 464.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir

03.05.2025   4881   7 min.
O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir

Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda. 
 

Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan.


Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.


Farmon asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan.


Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.


Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir.


Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.


Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:


Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.

Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.


Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:


O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.

Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.


Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.


Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.


Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.


Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:


Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.

Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,

Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.


Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.


Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.


Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari

O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir
Ibratli hikoyalar