Payg'ambarlarning sifatlari bayoni
3٠- وَمَا كَانَتْ نَبِيًّا قَطُّ أُنْثَى وَلاَ عَبْدٌ وَشَخْصٌ ذُو افْتِعَالِ
Ma'nolar tarjimasi:
Biror ayol ham, qul ham va biror bir pastkash shaxs ham hech qachon payg'ambar bo'lgan emas.
Nazmiy bayoni:
Ayol aslo payg'ambar bo'lgan emas,
Hamda biror qulu, qabih fe'lli shaxs.
Lug'atlar izohi:
مَا – ushbu o'rinda لَيْسَ ning amalini qiladi.
كَانَتْ – noqis fe'l.
نَبِيًّا – noqis fe'lning xabari.
قَطُّ – moziy fe'lining “istig'roqi” (ma'nosini batamom qamrab olish) uchun kelgan zarfi zamon.
اُنْثَى – noqis fe'lning ismi. Ko'plik shakli اِنَاثٍ bo'ladi.
عَبْدٌ – noqis fe'lning ismiga atf qilingan. Bu o'rinda qul deganda uni sotish va sotib olish shar'an durust bo'ladigan inson ko'zda tutilgan.
شَخْصٌ – shaxs deganda jismi bor narsalar tushuniladi.
ذُو – “asmoi sitta”dan biri, “sohib” ma'nosini anglatadi. شَخْصٌ ga sifat bo'lgani uchun raf bo'lib turibdi.
افْتِعَالِ – shariatga xilof ish yoki so'z ma'nosida ishlatilgan. Chunki bu masdar odatda soxtakorlik qilishga nisbatan ishlatiladi.
Matn sharhi:
Alloh taolo biror ayolni payg'ambar etib yubormagan. Chunki payg'ambarlik nihoyat darajada ulug' ish bo'lib, bunday mas'uliyati ulug' ishning ojiza ayol kishiga topshirilishi hikmatdan bo'lmaydi. Qolaversa, qasos va shar'iy had[1] kabi masalalarni ijro qilishni tushuntirish hamda ularni hayotga tatbiq etish kabi ishlar ham nozik qalbli ayollarga mos kelmaydi. Shuning uchun Alloh taolo ayollarni payg'ambar qilib yubormagan. Bu haqda Qur'oni karimda shunday xabar kelgan:
﴿وَمَآ أَرۡسَلۡنَا قَبۡلَكَ إِلَّا رِجَالٗا نُّوحِيٓ إِلَيۡهِمۡۖ فَسَۡٔلُوٓاْ أَهۡلَ ٱلذِّكۡرِ إِن كُنتُمۡ لَا تَعۡلَمُونَ٧﴾
“(Ey Muhammad!) Biz Sizdan ilgari ham faqat erkaklarni o'zimiz vahiy qilgan holda (payg'ambar etib) yuborganmiz”[2].
Shuningdek, Alloh taolo biror qulni yoki biror qabih fe'lli pastkash insonni ham payg'ambar etib yubormagan. Chunki bunday shaxslarga insonlar ergashmaydilar, balki ulardan jirkanadilar. Payg'ambarlarning eng so'nggi vakilining xulqi muloyim, atrofdagilarni o'ziga tortadigan darajada go'zal bo'lgani shunday xabar berilgan:
﴿فَبِمَا رَحۡمَةٖ مِّنَ ٱللَّهِ لِنتَ لَهُمۡۖ وَلَوۡ كُنتَ فَظًّا غَلِيظَ ٱلۡقَلۡبِ لَٱنفَضُّواْ مِنۡ حَوۡلِكَۖ فَٱعۡفُ عَنۡهُمۡ وَٱسۡتَغۡفِرۡ لَهُمۡ وَشَاوِرۡهُمۡ فِي ٱلۡأَمۡرِۖ فَإِذَا عَزَمۡتَ فَتَوَكَّلۡ عَلَى ٱللَّهِۚ إِنَّ ٱللَّهَ يُحِبُّ ٱلۡمُتَوَكِّلِينَ١٥٩﴾
“Allohning rahmati sababli (Siz ey Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag'al va toshbag'ir bo'lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo'lur edilar”[3].
Payg'ambarlar bashariyatga to'g'ri yashash tarzini so'zda ham, amalda ham ko'rsatib beradigan, boshqalarga namuna bo'lishi kerak bo'lgan shaxslardir. Shuning uchun payg'ambarlarning barchasi o'zlari yashayotgan jamiyatda har taraflama ilm jihatidan ham, amal jihatidan ham eng afzali bo'lganlar. Ular insoniyatning eng rostgo'ylari, xulqi eng go'zali bo'lganlar. Alloh taolo ularni maxsus fazilatlar bilan siylagan bo'lib, bu fazilatlarda hech bir ulug' inson ularga eta olmagan.
Zulqarnayn va Luqmon haqida
31- وَذو الْقَرْنَيْنِ لَمْ يُعْرَفْ نَبِيًّا كَذَا لُقْمَانُ فَاحْذَرْ عَنْ جِدَالِ
Ma'nolar tarjimasi:
Zulqornayn payg'ambar deb tanilmagan, shu kabi Luqmon ham, shuning uchun tortishishdan tiyilgin.
Nazmiy bayoni:
Zulqarnayn nabiy deb tanilganmas bil,
Shuningdek, Luqmon ham tortishishdan tiyil.
Lug'atlar izohi:
الْقَرْنَيْنِ ذُو – mubtado. Ba'zi olimlarning so'zlariga ko'ra Zulqarnayn quyoshning sharqdagi chiqadigan “shoxi”dagi joylarga ham, g'arbdagi botadigan “shoxi”dagi joylarga ham, ya'ni butun dunyoga podshohlik qilgani uchun “ikki shox egasi” deb nomlangan.
لَمْ – nafiy, jazm va qalb harfi.
يُعْرَفْ – majhul muzori' fe'li. Mahzuf هُوَ noib foili bo'lib, ذُو الْقَرْنَيْنِ ga qaytadi.
نَبِيًّا – ikkinchi maf'ullikka ko'ra nasb bo'lib turibdi. Jumla mubtadoning xabaridir.
كَذَا – tashbeh harfi bo'lgan كَ vaذَا ismi ishoradan tuzilgan kinoya ism. Habari muqaddamlikka ko'ra raf o'rnida turibdi.
لُقْمَانُ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.
فَ – “ta'liyliya” (izohlamoq) ma'nosidagi harf.
احْذَرْ – amr fe'li. Taqdiriy اَنْتَ foili.
عَنْ – jor harfi مِنْ ma'nosida kelgan.
– جِدَالِ jor majrur احْذَرْ ga mutaalliq. “Jidal” kalimasi o'zbek tilida “tortishish” ma'nosiga to'g'ri keladi. Ya'ni “jidal” deganda narigi tarafning qarashlari to'g'ri ekaniga shubha qilib, o'zinikini ma'qullashga urinish tushuniladi.
Matn sharhi:
O'shiy rahmatulohi alayh ushbu baytda Qur'oni karimda nomlari kelgan Zulqarnayn va Luqmonlarning payg'ambar bo'lganlari, yo solih va taqvodor banda bo'lganlari to'g'risidagi bahsli masalada jumhur ulamolarning qarashlarini bayon qilgan.
Zulqarnaynning payg'ambar bo'lgan-bo'lmagani to'g'risida gap ketar ekan, shuni ta'kidlab aytish lozimki, ushbu bahs qilingan zot Zulqarnayn laqabli makedoniyalik kishi emas. Qur'oni karimda zikr qilingan Zulqarnayn solih, taqvodor mo'min banda bo'lgan. Ba'zi ulamolar ushbu Zulqarnaynning makedoniyalik Zulqarnayn laqabli kishidan ikki ming yildan ko'proq vaqt oldin yashab o'tganini aytganlar.
Zulqarnaynni payg'ambar bo'lgan deydiganlar oyatdan dalil keltirishgan:
﴿حَتَّىٰٓ إِذَا بَلَغَ مَغۡرِبَ ٱلشَّمۡسِ وَجَدَهَا تَغۡرُبُ فِي عَيۡنٍ حَمِئَةٖ وَوَجَدَ عِندَهَا قَوۡمٗاۖ قُلۡنَا يَٰذَا ٱلۡقَرۡنَيۡنِ إِمَّآ أَن تُعَذِّبَ وَإِمَّآ أَن تَتَّخِذَ فِيهِمۡ حُسۡنٗا٨٦﴾
“Biz: “Ey Zulqarnayn! Yo (ularni) azobga duchor qilursan yoki ularga yaxshi muomalada bo'lursan”, – dedik”[4].
Ushbu oyatda aytilgan narsani Alloh taolo Zulqarnaynga vahiy bilan bildirgan, vahiy esa payg'ambarlarga keladi, – deydilar.
Zulqarnaynni payg'ambar bo'lmagan deydiganlar bu dalilga shunday javob beradilar: Oyatda aytilgan narsa Zulqarnaynga vahiy bo'lmagan, balki unga ilhom bo'lgan. Zero, bir narsaga ilhom berishning ham vahiy deb atalishi Qur'onda kelgan. Alloh taolo asalariga ilhom berishini vahiy deb atagan:
﴿وَأَوۡحَىٰ رَبُّكَ إِلَى ٱلنَّحۡلِ أَنِ ٱتَّخِذِي مِنَ ٱلۡجِبَالِ بُيُوتٗا وَمِنَ ٱلشَّجَرِ وَمِمَّا يَعۡرِشُونَ٦٨﴾
“Robbing asalariga vahiy qildi: “Tog'lardan, daraxtlardan va ko'tarilgan so'ritoklardan uy tutgin”[5].
Ushbu oyati karimadagi “asalariga vahiy qildi” ma'nosidagi so'zidan “asalariga ilhom qildi”, “asalariga to'g'ri yo'l ko'rsatdi” ma'nolari iroda qilingan. Zulqarnaynga aytilgan so'z ham payg'ambarlarga keladigan vahiy emas, balki Alloh taoloning uni to'g'ri yo'lga ilhom qilishi bo'lgan, – deganlar.
Luqmonning ham payg'ambar bo'lgani yo bo'lmagani to'g'risida bir-birlaridan farqli qarashlar aytilgan. Qur'oni karimda Luqmonga hikmat ato etilgani va uning o'g'liga qilgan nasihatlari hikoya tarzda bayon qilingan:
﴿وَلَقَدۡ ءَاتَيۡنَا لُقۡمَٰنَ ٱلۡحِكۡمَةَ أَنِ ٱشۡكُرۡ لِلَّهِۚ وَمَن يَشۡكُرۡ فَإِنَّمَا يَشۡكُرُ لِنَفۡسِهِۦۖ وَمَن كَفَرَ فَإِنَّ ٱللَّهَ غَنِيٌّ حَمِيدٞ١٢﴾
“Biz Luqmonga hikmat ato etdik (va unga dedik): “Allohga shukr qilgin! Kimki shukr qilsa, faqat o'zi uchun shukr qilur. Kimki noshukurlik qilsa, bas, albatta, Alloh behojat va hamd egasidir”[6].
Ya'ni Alloh taolo Luqmonga to'g'ri fikrlash va haqqa muvofiq so'zlash iqtidorini bergan. Mujohid rahmatullohi alayh: “Hikmat: fiqh, aql va haqqa muvofiq so'zlashdir, u nabiy bo'lmagan, balki hakim zot bo'lgan”, – degan.
Qurtubiy rahmatullohi alayh: “To'g'risi Luqmonning hakim bo'lgani, nabiy bo'lmaganligi haqidagi jumhurning ittifoq qilganidir, bu hadisda ham kelgan”, – degan.
Luqmonning hikmat bilan so'zlovchi hakim zot bo'lgani uning o'g'liga qilgan nasihatomuz so'zlarida ochiq-oydin ko'rinib turadi:
﴿وَإِذۡ قَالَ لُقۡمَٰنُ لِٱبۡنِهِۦ وَهُوَ يَعِظُهُۥ يَٰبُنَيَّ لَا تُشۡرِكۡ بِٱللَّهِۖ إِنَّ ٱلشِّرۡكَ لَظُلۡمٌ عَظِيمٞ١٣﴾
“Eslang, Luqmon o'g'liga nasihat qilib, degan edi: “Ey o'g'ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir”[7].
Luqmonga hikmat ato qilingani hadisi sharifda quyidagicha bayon qilingan:
عَنْ ابْنِ عُمَرَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ حَقًّا لَمْ يَكُنْ لُقْمَانُ نَبِيًّا وَلَكِنْ كَانَ عَبْدًا صَمْصَامَةً كَثِيرَ التَّفَكُّرِ حُسْنَ الظَّنِّ أَحَبَّ اللهَ فَأَحَبَّهُ وَضَمِنَ عَلَيْهِ بِالْحِكْمَةِ كَانَ نَائِمًا نِصْفَ النَّهَارِ إِذْ جَاءَهُ نِدَاءٌ يَا لُقْمَانُ هَلْ لَكَ أَنْ يَجْعَلَكَ اللهُ خَلِيفَةً فِي الأَرْضِ تَحْكُمُ بَيْنَ النَّاسِ بِالْحَقِّ فَانْتَبَهَ فَأَجَابَ الصَّوْتَ فَقَالَ إِنْ يُخَيِّرُنِي رَبِّي قَبِلْتُ فَإِنِّي أَعْلَمُ إِنْ فَعَلَ ذَلِكَ بِي أَعَانَنِي وَ عَلَّمَنِي وَ عَصَمَنِي وَ إِنْ خَيَّرَنِي رَبِّي قَبِلْتُ الْعَافِيَةَ وَلَمْ أَقْبَلِ الْبَلاءَ فَقَالَتْ الْمَلاَئِكَةُ بِصَوْتٍ لاَ يُزَاحِمُ لم يا لقمان قَالَ لِأَنَّ الْحَاكِمَ بِأَشَدِّ الْمَنَازِلِ وَأَكْبَدِهَا يَغْشَاهُ الظُّلْمُ مِنْ كُلِّ مَكَانٍ يَنْجُو أَوْ يُعَانُ وَ بِالْحَرِيِّ أَنْ يَنْجُوَ وَإِنْ أَخْطَأَ أَخْطَأَ طَرِيقَ الْجَنَّةِ وَمَنْ يَكُنْ فِي الدُّنْيَا ذَلِيلاً خَيْرٌ مِنْ أَنْ يَكُونَ شَرِيفًا وَمَنْ يَخْتَرِ الدُّنْيَا عَلَى الآخِرَةِ فَتَنْتَهِ الدُّنْيَا وَلاَ يُصِيبُ مُلْكَ الآخِرَةِ فَتَعَجَّبَتِ الْمَلائِكَةُ مِنْ حُسْنِ مَنْطِقِهِ فَنَامَ نَوْمَةً فَغُطَّ بِالْحِكْمَةِ غَطًّا فَانْتَبَهَ فَتَكَلَّمَ بِهَا. رَوَاهُ الدَّيْلَمِيُّ
Ibn Umardan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Haqiqatda, Luqmon payg'ambar bo'lmagan! Lekin ko'p tafakkur qiluvchi, ezgulik bilan ziynatlangan qat'iyatli banda bo'lgan. Allohni yaxshi ko'rgan, Alloh ham uni yaxshi ko'rgan va hikmat ato etgan. Bir kuni kunning yarmida uxlab yotganida unga bir nido kelgan: “Ey Luqmon, insonlar orasida haq bilan hukm qilishing uchun Alloh taoloning seni erda xalifa qilishiga rag'bating bormi?”. U uyg'ongan va ovozga javob berib: “Agar Robbim meni tanlagan bo'lsa, qabul qildim, men bilamanki agar U o'shani menga qilgan bo'lsa, albatta menga yordam beradi, bildiradi va saqlaydi. Agar Robbim menga tanlash imkonini bergan bo'lsa, ofiyatni qabul qildim, baloni qabul qilmadim” – degan. Maloikalar baralla ovoz bilan: “ Nimaga ey Luqmon”, – deyishgan. U: “Chunki hokim eng qiyin va eng tashvishli o'rinlarda bo'ladi, uni hamma tarafdan zulm o'rab turadi, u qutulib qoladi yo unga yordam beriladi, yaxshisi qutulib qolmoqdir. Agar adashsa, jannat yo'lidan yanglishgan bo'ladi. Kishining dunyoda mansabsiz bo'lishi mansabli bo'lishidan yaxshiroqdir. Kimki oxiratni qo'yib, dunyoni ixtiyor qilgan bo'lsa, bilsinki, dunyo tamom bo'lib oxiriga etadi, u esa oxirat mulkiga erisholmay qoladi” – degan. Farishtalar uning go'zal nutqidan hayratga tushganlar. Hech qancha vaqt o'tmasdan u qattiq uyquga ketgan va hikmatga batamom cho'mdirilgan. Uyqudan uyg'ongach, hikmat bilan gapiradigan bo'lgan...” – deyayotganlarini eshitganman”. Daylamiy rivoyat qilgan.
Qiyomatning katta alomatlari bayoni
32- وَعِيسَى سَوفَ يَأْتِي ثُمَّ يَتْوِي لِدَجَّالٍ شَقِيٍّ ذِي خَبَالِ
Ma'nolar tarjimasi:
Iyso (alayhissalom) kelajakda keladi, so'ngra to'xtamasdan badbaxt buzg'unchi dajjolga yo'l oladi.
Nazmiy bayoni:
Iso kelajakda, albatta, kelar,
Badbaxt dajjolga u tezda yo'l olar.
Lug'atlar izohi:
عِيسَى – mubtado. Maqsur ism bo'lgani uchun marfu'ligi bilinmay turibdi.
سَوفَ – muzori' fe'lining oldidan kelishga xos bo'lgan “tasviyf” va “istiqbol” harfi.
يَأْتِي – muzori' fe'li. Taqdiriy هُوَ foili. Ushbu fe'l va foil raf o'rnida bo'lib, mubtadoning xabaridir.
ثُمَّ – tartibni va ma'lum muddat o'tishini ifodalaydigan atf harfi.
يَتْوِي – ushbu fe'l biror narsaga to'xtamasdan maqsadga intilishga nisbatan ishlatiladi. Ba'zi sharhlarda يُتْوِي (halok etadi) ma'nosi berilgan. Tahqiqlarga ko'ra, yuqoridagi ma'no mo''tabar hisoblanadi.
لِ – jor harfi اِلَى ma'nosida kelgan.
دَجَّالٍ – jor majrur يَتْوِي ga mutaalliq.
شقي – sifat. Lug'atda “badbaxt” ma'nosini anglatadi.
ذي – “sohib” ma'nosini anglatuvchi “asmoi sitta”dan biri. Sifatdan keyin kelgan yana bir sifat.
خَبَالِ – muzofun ilayh. Lug'atda “buzuq” ma'nosini anglatadi.
Matn sharhi:
Kelajakda Iso alayhissalom er yuziga tushadi va buzuq da'volari bilan ko'pchilikni dovdiratib qo'ygan dajjolni halok etadi.
Iso alayhissalomning tushishlari, dajjolning chiqishi qiyomatning eng katta alomatlaridan hisoblanadi. Qiyomat yaqin qolgan bir paytda ushbu voqealar sodir bo'ladi. Dajjol lug'atda “yolg'onchi”, “firibgar”, kabi ma'nolarni anglatadi. Istilohda esa o'ta yolg'onchi, g'ayri oddiy qobiliyatga ega, bir ko'zi tep-tekis, peshonasiga “kofir” deb yozilgan, qiyomatga yaqin chiqib xudolik da'vosini qiladigan dajjol laqabli kimsa tushuniladi. Hadisi shariflarda u haqida batafsil ma'lumotlar kelgan. Uning yolg'onchi kazzob kishi bo'lishi bilan birga, fitnasi katta bo'lishini, uning fitnasidan saqlanish uchun nima qilish kerakligi ham aytilgan.
عَنِ النَّوَّاسِ بْنِ سَمْعَانَ الْكِلاَبِىِّ قَالَ ذَكَرَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الدَّجَّالَ فَقَالَ إِنْ يَخْرُجْ وَأَنَا فِيكُمْ فَأَنَا حَجِيجُهُ دُونَكُمْ وَإِنْ يَخْرُجْ وَلَسْتُ فِيكُمْ فَامْرُؤٌ حَجِيجُ نَفْسِهِ وَاللَّهُ خَلِيفَتِى عَلَى كُلِّ مُسْلِمٍ فَمَنْ أَدْرَكَهُ مِنْكُمْ فَلْيَقْرَأْ عَلَيْهِ فَوَاتِحَ سُورَةِ الْكَهْفِ فَإِنَّهَا جِوَارُكُمْ مِنْ فِتْنَتِهِ قُلْنَا وَمَا لُبْثُهُ فِى الأَرْضِ قَالَ أَرْبَعُونَ يَوْمًا يَوْمٌ كَسَنَةٍ وَيَوْمٌ كَشَهْرٍ وَيَوْمٌ كَجُمُعَةٍ وَسَائِرُ أَيَّامِهِ كَأَيَّامِكُمْ فَقُلْنَا يَا رَسُولَ اللَّهِ هَذَا الْيَوْمُ الَّذِى كَسَنَةٍ أَتَكْفِينَا فِيهِ صَلاَةُ يَوْمٍ وَلَيْلَةٍ قَالَ لَا اقْدُرُوا لَهُ قَدْرَهُ ثُمَّ يَنْزِلُ عِيسَى ابْنُ مَرْيَمَ عِنْدَ الْمَنَارَةِ الْبَيْضَاءِ شَرْقِىَّ دِمَشْقَ فَيُدْرِكُهُ عِنْدَ بَابِ لُدٍّ فَيَقْتُلُهُ. رَوَاهُ ابُو دَاوُدَ
Navvos ibn Sam'on Kilobiy: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dajjolni zikr qilib: “Agar u chiqsa va men sizlarning oralaringizda bo'lsam, sizlarsiz o'zim unga qarshi turaman. Agar u chiqqanida men bo'lmasam, hamma o'z-o'zini himoya qiladi. Alloh har bir musulmonga yordam beradi. Sizlardan kim unga etsa, unga qarshi “Kahf” surasining boshlarini o'qisin. Chunki u uning fitnasidan sizlarning himoyalaringizdir”. Biz: “Uning erda qolishi qanday”, – dedik. U zot: “Qirq kun. Bir kuni bir yildekdir, bir kuni bir oydekdir, bir kuni bir haftadekdir, boshqa kunlari sizlarning kunlaringiz kabidir”, – dedilar. Shunda biz: “Ey Allohning Rasuli, o'sha bir yildek kunda bizga bir kecha kunduzning namozi kifoya qiladimi”, – dedik. U zot: “Yo'q, uning miqdorini belgilanglar, so'ngra Iso ibn Maryam Damashqning sharqiy oq minorasi oldida tushadi va uni “Bobi lud”da topib halok qiladi”, – dedilar”. Abu Dovud rivoyat qilgan.
Qiyomat alomatlari haqida xabar beruvchi ushbu hadisga juda ko'plab sharhlar yozilgan. Jumladan, imom Abu Dovudning “Sunan”i sharhida quyidagi so'zlar aytilgan: “ Biz: uning erda qolishi qanday, – dedik. U zot: “Qirq kun. Bir kuni bir yildekdir, bir kuni bir oydekdir, bir kuni bir haftadekdir, boshqa kunlari sizlarning kunlaringiz kabidir” – dedilar. Ya'ni u chiqqanidan keyin erda qolish muddati qirq kundir. Birinchi kuni bir yildekdir, ikkinchi kuni bir oydekdir, uchinchi kuni bir haftadekdir, qolgan o'ttiz etti kun esa bizlarning kunlarimiz kabidir. Bu o'sha zamonda bo'ladigan g'ayrioddiy ishlardan biri bo'ladi. Sahobai kiromlar o'sha paytda namozning qanday o'qilishi haqida: “Ey Allohning Rasuli, o'sha bir yildek kunda bizga bir kecha-kunduzning namozi kifoya qiladimi”, – deya so'rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yo'q uning miqdorini belgilanglar", – dedilar. Ya'ni besh vaqt namozni oldin o'qib yurganlaring kabi o'qinglar. Bomdodni o'qiganlaringdan keyin qancha vaqtdan so'ng peshinni o'qirdilaring, o'sha miqdorni belgilab peshinni o'qinglar, qolgan namozlarni ham shu tartibda miqdorini belgilab o'qinglar. Ushbu vaqt kunlarning adadlari e'tiboridan yil kabi bo'ladi, lekin u bir kunning o'rnida bo'ladi. Ya'ni shu vaqt davomida insonlar quyoshning botmasdan turaverganini ko'rib turadilar. Quyosh ana shunday to'liq bir yil botmasdan turadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga har bir namozning orasini bilishlari uchun miqdorni belgilashni tayinlaganlar. Ular bir namozni o'qiganlaridan so'ng keyingi namoz vaqti kiradigan muddat kelguncha kutadilar, so'ngra navbatdagi namozni ado etadilar. Shunday qilib miqdori bir yilga teng bo'lgan o'sha kun ham o'tadi. Undan keyin miqdori bir oyga teng bo'lgan kunni ham, undan keyingi miqdori bir haftaga teng bo'lgan kunni ham shu tartibda o'tkazadilar. Huddi shunday ishni kecha va kunduzni bilolmaydigan quyosh va oyni ko'rishdan to'silib qolgan mahbus ham qiladi. Ya'ni u ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tayinlaganlaridek miqdorini belgilab o'qiydi. Uzun muddat quyosh botmasdan turadigan joylar ham dajjol haqida kelgan ushbu hadisdagi ko'rsatmaga ko'ra amal qiladilar”[8].
Payg'ambarlar orasidan nima uchun aynan Iso alayhissalomning tushishlari xoslangani haqida shunday deyilgan: “Payg'ambarlar orasidan aynan Iso alayhissalomning tushishlarining hikmati shuki, bunda u zotni o'ldirganlarini da'vo qiladigan yahudiylarga raddiya bor. Alloh taolo ularning yolg'onlarini oshkor qiladi. U zot tushganlaridan so'ng ularni halok qiladi. Yoki u zotning tushishlari ajallari yaqinlashgani sababli erda dafn etilishlari uchun bo'ladi. Chunki u zotga ham ajal tayin qilingan bo'lib, tayin qilingan vaqtda, albatta, o'limni totadilar. Tuproqdan yaratilgan zotning samoda vafot etishi lozim emasdir. U zotning tushishi dajjolning chiqqan paytiga to'g'ri keladi va u zot uni o'ldiradi. Aslida uni o'ldirishni qasd qilib tushgan bo'lmaydi”[9].
KYeYINGI MAVZULAR:
Valiylar va ularning karomatlari bayoni:
Valiylarning martabalari;
Karomatning turlari;
Farosat – yarim karomat;
Istidroj haqida.
[1] Had lug'atda “to'sish” ma'nosini anglatadi. Shunga ko'ra, ikki narsa orasini to'sadigan va ularni bir-biriga aralashib ketishdan himoya qilib turadigan har bir narsaga had so'zi ishlatiladi. Masalan, hovlining chegarasi uni ajratib turganligi uchun “hovlining hadi”, deyiladi. Shar'iy istilohda, bandalarga zarar bo'ladigan turli fasod ishlarning oldini olish uchun Alloh taoloning haqqi bo'lib belgilangan jazo, had deyiladi. Had man qilingan ish sodir bo'lishdan avval undan to'suvchi bo'ladi, sodir bo'lgandan keyin esa unga qaytishning oldini oluvchi hisoblanadi. Qarang: Abdulhamid Mahmud Tohmoz. Fiqhul Hanafiy fi savbihil jadid, uchinchi juz. – Damashq: “Dorul qalam”, 2009. – B. 246.
[2] Anbiyo surasi, 7-oyat.
[3] Oli Imron surasi, 159-oyat.
[4] Kahf surasi, 86-oyat.
[5] Nahl surasi, 68-oyat.
[6] Luqmon surasi, 12-oyat.
[7] Luqmon surasi, 13-oyat.
[8] Abdul Muhsin. Sharhu Sunani Abi Dovud, birinchi juzi. “Maktabatush shomila”. – B. 2.
[9] Munoviy. Fayzul qodir, oltinchi juzi. “Maktabatush shomila”. – B. 464.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Annotatsiya. Maqolada ilk hadis to‘plami – musnadning lug’aviy va istilohiy ma’nolari, uning hadis ilmida tutgan o‘rni hamda ahamiyati bayon etilgan. Xususan, Movarounnahr hududidan yetishib chiqqan yetuk muhaddislardan biri – Haysam ibn Kulayb Shoshiyning yagona ilmiy merosi – “Musnadul kabir” asarining hadis ilmidagi oʻrni hamda tarqalish tarixi tahlil etilgan.
Asardagi hadislar roviylari, ularning ishonchlilik darajalari (siqa, hofiz, hujjat, saduq kabi) va hadis rivoyat qilishda qoʻllanilgan istilohlar (“axbarana”, “haddasana”, “qola”, “qara’tu aʼla” va boshqalar) ilmiy jihatdan oʻrganilgan.
Tadqiqotda “Musnadul kabir” asarining Balx, Hirot, Bagʻdod va Damashq kabi ilmiy markazlar orqali tarqalgani, Xaliliy, Gʻaznaviy, Samʼoniy, Maqdisiy, Mizziy va Ibn Hajar Asqaloniy kabi buyuk muhaddislar orqali keyingi avlodlarga yetib kelgani dalillar asosida yoritilgan.
VII-VIII asrlarda yashagan muhaddislar orasida saqlanib, hadis ilmida ishonchli manba sifatida oʻqitilgani taʼkidlangan.
Abstract. The article describes the lexical and terminological meanings of the first hadith collection – musnad and analyzes its significance in the science of hadith. The analysis focuses on particular literature namely “Musnad al-Kabir” which is considered as the only scientific legacy of one of the outstanding muhaddith from Movarounnahr, Haytham ibn Kulayb Shashi.
The source was scientifically examined by studying the narrators of the hadiths, their levels of reliability (such as siqa, hafiz, hujjat, saduq) and the terms used in narrating hadith (“akhbarana”, “haddasana”, “qala”, “qara'tu a'la”, etc.).
The research found evidences verifying that the literature of “Musnad al-Kabir” was spread through scientific centers such as Balkh, Herat, Baghdad, and Damascus, and reached subsequent generations through great hadith scholars such as Khalili, Ghaznavi, Samani, Maqdisi, Mizzi, and Ibn Hajar Asqalani. Furthermore, research highlights that the literature was preserved among hadith scholars of the 7th-8th centuries who used it as a reliable source in the education of hadith.
Kalit soʻzlar: Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Musnad, hadis, roviy, isnod, siqa, hofiz, hujjat, saduq, ijoza.
Keywords: Haytham ibn Kulaib Shashi, Musnad, hadith, narrator, isnad, siqa, hafiz, hujja, saduq, ijaza.
KIRISH
Hadis ilmi manbalarining koʻp sonliligi, xilma-xilligi, mavzularining kengligi bilan boshqa sohalardan ajralib turadigan keng tarmoqli yoʻnalish hisoblanadi. Rivoyat ilmi boʻyicha yozilgan asarlar qatorida musnad uslubida taʼlif etilganlari oʻziga xos oʻringa ega. Ular muhaddislarning roviylarga asoslangan toʻplamlari boʻlib, hadis rivoyat qilgan roviy rivoyatining sonini aniqlashda, yashagan davridagi mavqeini hamda islom tarixida tutgan oʻrnini koʻrsatib berishda xizmat qiladigan katta hajmdagi kitoblar sirasiga kiradi. Shu bilan birga hadis toʻplamlarini aniqlashda katta yordamchi vazifani oʻtaydi. Natijada keyingi davrlarda tasnif etilgan hadis kitoblari sahih, sunan, jomeʼ kabi hadis yoʻnalishidagi asarlarning asosiy manbasini musnadlar tashkil etdi.
ASOSIY QISM
Hadislarning ishonchlilik (sahihlik) darajasini aniqlashning asosiy talablaridan biri – uning “isnod” (sanad) deb ataluvchi roviylar zanjirini aks ettirgan qismiga eʼtibor berish sanaladi. Chunki sanaddagi roviylarni tadqiq etish orqali hadisning sahih yoki zaifligi, qabul qilish mumkinligi yoki rad etilishi maʼlum boʻladi.
Isnod (tayanch, dalil, asos) hadisning tarkibiy qismi boʻlib, u hadis matnini Paygʻambar alayhissalomdan muhaddisga bir-biriga ketma-ket yetkazuvchi roviylar zanjir hisoblanadi. Hadisning asosiy qismi yaʼni matnni Paygʻambar alayhissalomdan musannifga yetib kelish yoʻlini “isnod” koʻrsatadi. Agar sanad (zanjir) qanchalik ishonchli kishilardan tarkib topgan boʻlsa, hadis shunchalik sahih sanaladi.
Isnodi muttasil boʻlgan, yaʼni sanadi bilan rivoyat qilingan hadislar “Musnad” deb ataladi (Nuriddin Itr, 1997: 223).
Bundan tashqari “musnad” soʻzi “isnod” maʼnosida ham kelishi mumkin. Shuningdek, hadislarni isnodlariga koʻra, yaʼni roviylariga koʻra tartiblab jamlangan ilk hadis toʻplamlari ham “Musnad” deyiladi.
Ahmad ibn Foris (vaf. 395/1005): “Sanadning maʼnosi bir narsani boshqa bir narsaga qoʻshilishini ifoda etadi. Shuning uchun, zamon ham musnad deb nomlanadi, chunki ular ham bir-biriga yopishgandir” (Ibn Foris, 1979:105), deb taʼriflagan.
Arab lugʻatshunosi, filolog Abu Mansur Azhariy (vaf. 393/1003) “Tahzib al-lugʻa” asarida: “Togʻ yoki adirlik tomondagi yerdan koʻtarilgan tepalik sanad deb ataladi. Unga biror narsani suyantirgan har bir narsang – musnad”, deb yozadi (Abu Mansur Azhariy, 1964: 365).
Doktor Mahmud Tahhon (1935-2022) “Taysir mustalah al-hadis” nomli asarida musnad soʻzi hadis istilohida uch xil maʼnoda ishlatilishini yozadi (Mahmud Tahhon, 1994:17):
Birinchi maʼno – sanadi muttasil, yaʼni uzluksiz holda rivoyat qilingan hadis. Bunday hadis sanadining avvalidan to oxirigacha Rasululloh alayhissalomga marfuʼ (koʻtarilgan) qilingan.
Muhaddis Hokim Naysoburiy (321-405): “U Rasululloh alayhissalomgacha isnodi muttasil boʻlgan hadisdir”, degan. Mashhur tarixchi va muhaddis Xatib Bagʻdodiy (1002-1071) aytadi: “U oxirigacha muttasil boʻlgan hadisdir”.
Muarrix Ibn Abdulbarr (368-463): “U Rasululloh alayhissalomdan rivoyat qilingan hadis boʻlib, muttasil yoki munqoteʼ boʻlishi barobardir”, degan.
Ushbu taʼriflardan kelib chiqib, sahoba va tobeʼinlardan sanadi muttasil holda rivoyat qilingan mavquf yoki maqtuʼ hadislar ham musnad hisoblanadi. Ammo buyuk ikki muhaddis Naysoburiy va Ibn Abdulbarrning taʼrifiga koʻra, bunday hadislar musnad sanalmaydi.
Muhaddis Ibn Abdulbarrga koʻra, munqoteʼ (Qanday uzilish boʻlishidan qatʼi nazar, isnodi muttasil boʻlmagan hadisga aytiladi. Yaʼni, isnodi muttasil boʻlmagan muaʼllaq, mursal, moʻzal shartlari topilmagan rivoyatdir. Bu uch sifatdan boshqa koʻrinishda uzilish paydo boʻlib kelgan rivoyatga “munqoteʼ”, deyiladi), mo‘zallar (Lugʻatda “juda qiyin qilingan” degan maʼnoni anglatadi. Istilohda esa, isnoddan ikki yo undan koʻp roviylarning ketma-ket tushib qolishiga aytiladi) va sanadi jihatidan uzilgan boshqa hadislar ham musnad deyilaveradi.
Muhaddis imom Hokimning taʼrifiga koʻra, musnad deyilmaydi. Ibn Hajar Asqaloniy aytadi: “Nabiy alayhissalomgacha marfuʼ holatda sanadi ulangan hadis – musnad deyiladi” (Mahmud Tahhon, 1994:170).
Ikkinchi maʼno – har bir sahobiyning rivoyati alohida jamlangan asar. Xatib Abu Bakr Bagʻdodiy hadis asarlari mualliflari haqida soʻz ochganda: “Ular orasida hadislarni musnad shaklida rivoyat qilishni ixtiyor etganlari ham bor” (Xatib Bagʻdodiy, 1983:284) deydi.
Muhaddis Zarkashiy ham shu fikrga qoʻshilgan holda: “Baʼzi muhaddislar har bir sahobаni rivoyat qilgan hadislarini alohida toʻplab, ularni alifbo harflari boʻyicha tartiblaydilar. Baʼzilari esa sahobalarning darajalariga qarab, masalan, asharai mubashshara (jannat bashorati berilgan oʻnta sahoba), soʻng Badrda ishtirok etganlarning rivoyatini avval keltiradilar” (Zarkashiy, 1998:348) degan.
Uchinchi maʼno – sanad maʼnosida, yaʼni musnad soʻzi ishlatilib undan sanad – roviylar silsilasi tushuniladi.
Muhaddislar boblarga ajratib yozilgan asarlarni ham “musnad” deb nomlashgan. Ushbu nom bilan atalgan asar mualliflari undan “uzluksiz sanad bilan rivoyat qilingan hadislar” degan maʼnoni iroda qilganlar. Imom Buxoriy (vaf. 256/870)ning “Al-Jomeʼ al-musnad as-sahih al-muxtasar min umuri Rasulillah va sunanihi va ayyamihi” (Rasululloh alayhissalomning sunnatlari va u kishining hayotlari haqida qisqa, sahih, sanadi uzluksiz, barcha islom ahkomlarini jamlovchi) asari, Imom Muslim (vaf. 261/875)ning “Al-musnad as-sahih al-muxtasar min as-sunan bi naql al-adl an al-adl an Rasulillah” asari hamda Imom Dorimiyning “Musnad ad-Dorimiy” asari va boshqa shu kabi hadis toʻplamlarining musnad deb nomlanishi ham aynan shu maʼnoda ishlatilgan.
Musnadlar hadis toʻplamini aniqlashda birlamchi manba vazifasini oʻtaydi. Chunki musnad asarlarining yozilishi hadis ilmi taraqqiyoti va hadislarni turlarga ajratish, ularning sanad (isnod)larini va hadis toʻplamlarini aniqlashda asosiy manba boʻlib xizmat qildi (Irshodi Soriy, 2000:6-7). Zero, musnad toʻplamlaridagi hadislar sahih, hasan, zaif, noqis, marfuʼ, mavquf, shozz kabilarga ajratib oʻrganilgan va zavoid, majma, zayl, atrof kabi turdagi hadis toʻplamlari yozishda foydalanilgan.
Maʼlumki, sahih hadis toʻplamlarida hadisning matnidan oldin Rasululloh alayhissalomdan boshlab, muhaddisgacha boʻlgan roviylar birma-bir zikr qilingan isnodlari keltiriladi. Roviylarni va ularning ishonchlilik darajasini aniqlash muhaddislarning asosiy vazifalaridan biri sanaladi.
Hadisning roviysi toʻliq va aniq oʻrganilmagunicha rivoyat muhaddislar tomonidan ishonchli deb qabul qilinmagan. Shu bilan birga, hadis ilmida roviylarning hadisi maqbul boʻlishi uchun maʼlum shartlar qoʻyilgan. Ulardan biri roviylarning adolatli (musulmon, balogʻatga yetgan, aqlli, fosiqlik alomatlardan xoli) va zabtli (ishonchli, xotirasi kuchli, masʼuliyatli) boʻlishidir.
Hadis rivoyat qilgan roviylarning ishonchlilik darajalariga koʻra muhaddis ulamolar turli darajalarni belgilaganlar. Ularning bilim darajasi, hadis ilmidagi mavqei, yodlagan hadislari miqdori, roviylarga oid maʼlumotlarni bilishiga qarab alohida nomlar bilan atashgan.
Baʼzi muhaddislarga bir emas, bir nechta laqablar ham berilgan. Xususan, Kulayb Shoshiyning “Musnadul kabir” asarida kelgan hadislarning aksariyati ishonchli va oʻta rostgoʻy roviylar tomonidan rivoyat qilingan. Buni “Musnad”da kelgan hadislar isnodini tahlil etish orqali, roviylarga jarh va taʼdil ulamolarining bergan xulosalaridan bilish mumkin.
Ilmiy izlanish tahlillariga koʻra, “Musnadi Shoshiy”dagi roviylar quyidagi darajalarga ajratiladi:
Siqa sabt [ثِقَةٌ ثَبْت] – “ishonchli, mustahkam”. Baʼzan roviylarning martabalari shu kabi bir yoki undan ortiq tavsifiy soʻzlar bilan taʼkidlanadi. Xususan, “Musnadul kabir” roviylaridan Muhammad ibn Isʼhoq ibn Jaʼfar va Saʼid ibn Masʼud ibn Abdurahmon “siqa sabt” darajasidagi muhaddislar sanaladi. Saʼid ibn Masʼud hadislarni isnodi bilan rivoyat qilgani uchun “musnid” deb ham atashgan.
Siqa [ثقة] – Lugʻatda “ishonchli” degan maʼnoni bildiradi. Hadis istilohida esa, rivoyat qilgan hadisiga ishonch bildirsa boʻladigan roviyga “siqa” deyiladi. “Musnadul kabir”dagi Humayd ibn Masʼud ibn Muborak, Shuʼayb ibn Lays ibn Saʼd ibn Abdurahmon, Ali ibn Ibrohim ibn Abdulmajid, Ali ibn Dovud ibn Yazid, Ahmad ibn Ali ibn Fuzayl, Abdulloh ibn Hasan ibn Ahmad ibn Abdulloh kabi 20dan ortiq muhaddislar siqa roviylar sanaladi.
Siqa ma`mun [ثِقَةٌ مَأْمُون] – “Musnadul kabir”dagi roviylar silsilasidagi birgina Abdukarim ibn Haysam ibn Ziyod ibn Imron shu daraja bilan sifatlangan.
Siqa hofiz [ثِقَةٌ حَافِظ] – “yodlovchi, yoddan biluvchi, xotirasida saqlovchi”. Muhaddislikning yuqori darajalaridan biri hisoblanadi. Uning talablari boʻyicha ulamolar turlicha fikr bildirishgan. Muhaddis Abdulloh ibn Muhammad Afifuddin Hanafiy Buxoriy (870-941/1466-1535): “Hofiz deb yuz ming hadis matni va sanadini, uning roviylari jarhi, taʼdili va tarixini bilgan kishidir”, degan. “Muhaddis” va “Hofiz” bir xil maʼnoda ishlatiladi, degan fikrlar ham mavjud.
“Musnadul kabir”dagi hadislar isnodida bunday muhaddislar koʻp uchraydi. Jumladan, Abbos ibn Muhammad ibn Hotim ibn Voqid, Muhammad ibn Bashar ibn Usmon ibn Dovud ibn Kayson, Ahmad ibn Hozim ibn Muhammad ibn Yunus ibn Qays, Ahmad ibn Zuhayr ibn Harb ibn Shaddod, Ahmad ibn Mulaʼib ibn Hayyon, Ibrohim ibn Abdulloh ibn Muslim ibn Moʼiz, Ismoil ibn Isʼhoq ibn Ismoil ibn Holid, Husayn ibn Muhammad ibn Mavdud ibn Hammod, Muhammad ibn Husayn ibn Muso ibn Abu Hunayn, Muhammad ibn Solih ibn Abdurahmon, Muhammad ibn Abdulloh ibn Sulaymon, Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok, Ibrohim ibn Isʼhoq ibn Ibrohim ibn Bashir kabi muhaddislar ana shunday eng baland va maqomi yuksak darajadagi roviylar sanaladi.
Saduq [صدوق] – lugʻatda “oʻta rostgoʻy, adolatli” degan maʼnolarni anglatadi. Istilohda rostgoʻyligi bilan tanilgan roviyga nisbatan ishlatilgan. Ibn Abu Hotim va Ibn Saloh kabi muhaddislar ushbu atamani “taʼdil”ning ikkinchi darajasi sifatida baholab, “saduq” kishilarning rivoyati yozib olinishini aytishgan. Muhaddislardan Zahabiy va Iroqiy esa, uni “taʼdil”ning uchinchi darajasida zikr etishgan. Agar Zahabiy va Iroqiylarning “siqa” soʻziga “sabt”ni qoʻshib, uni ikkita darajaga boʻlishgani inobatga olinsa, Ibn Abu Hotim va Ibn Salohlarning bahosi bilan ularning bahosi roviyga nisbatan bir hukmni bildirishi anglashiladi.
Nuriddin Itr ushbu atama “laa ba`sa bihi” [لا بأس به] (uning yomon sifati yoʻq), “xiyor” (yaxshilar), “ma`mun” (ishonilgan) kabi “taʼdil” atamalari bilan bir darajada turishini aytib, bunday tavsiflangan roviyning “adolatli” ekanini bilib olish mumkinligini taʼkidlaydi.
Shu bilan birgalikda, ushbu atama roviyning “zabt”i (yaʼni, uning hadisi qabul qilinishidagi asosiy shartlardan biri) kuchli yoki kuchsizligi toʻgʻrisida maʼlumot bermasligini ham taʼkidlaydi. Uningcha, ushbu atama bilan vasf qilingan roviyning rivoyatini qabul qilishda uning zabtiga ishora qiluvchi boshqa maʼlumotlar borligi aniqlanib, shundan soʻng unga amal qilinishi yoki rad etilishi mumkin boʻladi (Sayyid Abdulmajid Gʻovriy, 2007:355-356).
Kulayb Shoshiyning “Musnad” asaridagi Muhammad ibn Abdulloh ibn Quraysh, Muhammad ibn Ahmad ibn Yazid ibn Dinor, Zakariyo ibn Yahyo ibn Asad, Muhammad ibn Najih ibn Abdurahmon, Abdumalik ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Muhammad, Solih ibn Muhammad ibn Yahyo ibn Saʼid, Hasan ibn Ali ibn Affon kabi roviylar shunday sifat bilan taʼriflangan.
Hujjat [حجة] – “hujjat, dalil”. Hadis matni va sanadi haqidagi ilmlarni puxta egallashi bilan, ulardan foydalangan holda zaruriy masalalarni hal qilishda hujjat keltira oladigan kishiga berilgan.
Muhaddislar “hujjatga” bunday taʼrif beradilar: “Uch yuz ming hadis matni va sanadini yoddan biladigan, roviylarining jarhi, taʼdili va tarixini bilgan kishi boʻlib, hadislarning umumiy hamda xos jihatlarini ajratib bera oladi”. Imom Shoshiyning “Musnadul kabir” asari roviylaridan Solih ibn Muhammad ibn Amr ibn Habib ibn Hasson (Solih Jazra) hofiz, sabt, hujjat darajasidagi muhaddis sanaladi.
Shuningdek, hadislarning sanad zanjiridan joy olgan roviylarning hadis shayxlaridan qanday shaklda hadis olganlarini belgilashlari (yaʼni sama’ va ’ada kabi lafzlarni qoʻllashlari) hadis ilmining eng muhim mavzularidan birini tashkil etadi.
Muhaddislar “tahammul hadis” deb nom bergan bu rivoyat shakllarini alohida ifodalar qoʻllab belgilaydilar. Chunki hadis sahih boʻlishining beshta shartlaridan eng avvali – sanadning muttasil boʻlishi sanaladi.
Hadis ulamolarining nazdida sanadning muttasilligidan murod “Sanad roviy undan tushib qolishidan salomat boʻlishidir”.
Bunda roviylardan har biri oʻzining ustozidan rivoyat qilishda سمعتُ, حدثني, أخبرني (axbaroniy, haddasaniy, samiʼtu) – “menga xabar berdi”, “menga hadis aytdi”, “eshitdim” kabi eshitishlikka ochiq dalolat qiladigan siygʻalarni keltiradi yoki zohiridan qaraganda eshitganini bildirib turuvchi عن فلان (ʼan fulonin) – “falonchidan” va أنَّ فلانا قال (anna fulonan qola) – “albatta falonchi aytdi” kabi siygʻalar bilan bayon qiladi.
Haysam ibn Kulayb Shoshiy “Musnadul kabir”dagi hadislarni ustozlaridan qay tartib va shaklda olganini, hadisning sanadini belgilashda quyidagi ifodalarni qoʻllagan:
Ushbu ikki iborani bir-biridan farqlashni taklif etgan olimlar ham mavjud. Agar shogirdlar jamoasida rivoyat qiluvchi shogirdning oʻzi hadislarni oʻqigan boʻlsa, أخْبَرَنا iborasini aytadi. Agar shogirdlar xalqasida rivoyat qiluvchi shogirddan boshqa shogird hadislarni oʻqigan, uning oʻzi ham ustozi kabi eshitib oʻtirgan boʻlsa, u holda أنْبَأَنا iborasini aytadi. Bu holda أنْبَأَنا iborasining oʻrnigaقرات عليه “Unga oʻqib berdim” va أنا أسمع “Eshitib turgandim” iboralarini qoʻllagan maʼqul (Abu Iso at-Termiziy, 2021:228-229).
Imom Shoshiy “Musnadul kabir” asarining rivoyatlar zanjirida 22 ta hadisdan 20 tasini siqa muhaddis Ali ibn Abdulazizdan, qolgan ikkitasini esa siqa hofiz Ahmad ibn Zuhayrdan keltirgan.
Haddasana – (qisqartma shakli [ثنا] sana) – roviyning shayxdan olgan hadislarini rivoyat qilish istilohlaridan biri boʻlib, lugʻatda “bizga naql qildi, rivoyat qildi, hadis aytdi” maʼnosini anglatadi. Istilohda hadisni ustozidan koʻpchilik bilan birga yodlagan holda olishda qoʻllanilgan ibora. Bu lafz faqatgina eshitish (sama’) yoʻli bilan olingan hadislarning ketma-ketligi davomida qoʻllaniladi (Uğur, Mücteba, 1996:107).
Yahyo ibn Saʼid Qatton: ““Haddasana” va “Axbarana” bir maʼnoni anglatadi”, degan (Abu Iso Muhammad Termiziy, 2017:51) boʻlsa, Imom Ahmad: “Istiloh ilmida “axbarona” iborasi quvvatda “haddasana”dan yengilroq” deb yozgan (Sayid Abdulmajid Gʻoviy, 2007:49).
Haysam ibn Kulayb 1492 ta hadisni aynan shu lafzda keltirgan. Imom Shoshiy sanadda bu oʻtimli feʼlni oʻziga hadis aytgan va hadis ilmida ishonchli boʻlgan ustozlari (Ahmad Asqaloniy, Abbos Duriy kabi)ga nisbatan qoʻllagan. Oʻnta hadisning rivoyatida bu istiloh qisqartma ﺎﻧ va ﺎﻨﺛ shaklda ishlatilgan.
3. Haddasaniy (حدثني) – lugʻatda “menga soʻzlab berdi” degan maʼnoni anglatib, haddasana istilohining birlik shaklidir. Imom Shoshiy musnadida rivoyat zanjirida 17 ta hadisda ushbu istiloh ishlatilgan.
Eshitish uslubi bilan shayxga oʻqib berish uslubidan qaysi biri afzalroq ekani borasida ikki xil qarash mavjud boʻlib, Imom Molik va Imom Shofeʼiy eshitish uslubini afzal deganlar. Imom Aʼzam Abu Hanifa esa, shayxga oʻqib berish uslubini afzal sanagan. Chunki bu holatda hadis ibora va soʻzlarida ehtiyotkorlik va mustahkamlik hosil boʻladi. Shogird xato oʻqisa, ustoz darhol uni tuzatadi. Tuzatish va toʻgʻrilash eshitish uslubidan koʻra ustozga oʻqib berish uslubida koʻproqligi oʻz-oʻzidan yaxshi maʼlum.
Muhaddis hofiz Saxoviy ikki holatda ham xato va yanglishuvning oldini olish va unga imkon qoldirmaslik maqsad qilinganini taʼkidlagan (Abu Iso at-Termiziy, 2021:230).
Demak, shogirdlarning zehni, oʻtkir xotirasi, ehtiyotkorligi, ustozning eʼtiborli boʻlishiga bogʻliq. Kimda bu holat qaysi uslubda hosil boʻlsa, uning uchun oʻsha uslub afzal hisoblanadi. Kimdir eshituv yoʻli bilan hadislarni xotirasida mustahkam saqlay oladi. Boshqa birov esa oʻqish bilan hadislarni qalbida asray oladi.
4. Qola (قال) – “aytdi”, “dedi” degan maʼnoni bildiruvchi, birlik shaxs siygʻasidir. Odatda bu istiloh hadis oʻrganuvchining ustozi bilan muloqotga kirishib, undan eshitgan hadisiga nisbatan ishlatiladi. Ammo ayrim muhaddislar samʼa (eshitish) yoʻli bilan eshitgan hadislariga ham ushbu istilohni qoʻllaganlar. Shu sabab, baʼzi muhaddislar bu istilohni “haddasana” lafzi bilan teng deb hisoblaydilar.
Imom Shoshiy ustozidan eshitgan faqatgina bitta hadisni ushbu istiloh bilan keltirgan.
5. Qara`tu aʼla (قرأت على) – bu istiloh “qaratu aʼla ash-shayx (shayxga oʻqib berish)” shaklida ham qoʻllaniladi. Hadis rivoyat qilish usullaridan biri. Bunda shogird ustoziga hadislarni oʻqib beradi, ustoz esa ularni bevosita eshitib, toʻgʻrilaydi. Bu holatda ustoz oʻzi rivoyat qilayotgan hadislarni eshitib, haqiqatdan ham oʻzi rivoyat qilganini tasdiqlaydi. Imom Shoshiy bitta hadisni shu ibora bilan keltirgan. Ushbu hadisni ustozi Ali ibn Dovud Qantoriy (vaf. 272/885. Bagʻdodlik siqa (ishonchli), hofiz muhaddis. Ibn Moja va yana koʻplab mashhur muhaddislar undan hadis rivoyat qilishgan)ga oʻqib berganini va shayxi uni tasdiqlaganini yozgan (Abu Saʼid Haysam ibn Kulayb Shoshiy, 1990:97).
Shuningdek, Haysam ibn Kulayb Shoshiy hadislarni rivoyat qilishda (حدثنا إملاءً) “haddasana imla`an” iborasini qoʻllashi muhaddisning imlo majlislarida qatnashib, hadis yozganini koʻrsatadi (Abu Saʼid Haysam ibn Kulayb Shoshiy, 1990:341).
Imom Shoshiy “Musnad”dagi 1452-raqam ostidagi hadisni “imom”, “hujjat” tabaqasidagi mashhur muhaddis, Abu Hasan kunyasi bilan tanilgan Ali bin Sahl (vaf. 261)dan aynan ushbu uslubda keltirgan.
MUHOKAMA
Imom Shoshiy “Musnadul kabir” asarining ayrim oʻrinlarida qaysi sana va shaharlarda hadis tinglagani, rivoyat qilgani haqida maʼlumotlar uchraydi. Xususan, qoʻlyozmaning turli sahifalarida 487/1094, 488/1095 va 490/1097-yillarda “Musnadul kabir” asarining roviylar zanjirining ikkinchi xalqasi boʻlgan Xaliliy “Musnadul kabir”dan dars bergani, hadis majlislarida “Musnadul kabir”ni talabalar oʻqib berishgani, baʼzan Xaliliydan hadis tinglashgani keltirilgan. Ilm majlislarida Abu Shijoʼ Bistomiy, Abu Hafs Balxiy, Abu Bakr Asbahoniy, Abul Qosim Tamimiy, Abu Abdulloh Hasaniy, Abu Abdulloh Manadiliy, Abu Nasr Yunoritiy, Ibrohim ibn Muborak Vahshiy va Abul Hasan Tusiy muntazam qatnashishgan. Ulardan Yunoritiy, Manadiliy, Bistomiy, Vahshiy va Tusiy koʻpincha “Musnadul kabir”ning maʼlum qismlarini Xaliliy huzurida ovoz chiqarib oʻqiganlar.
Maʼlumotlarga koʻra, Haysam ibn Kulayb Shoshiyning “Musnadul kabir” asarini Xaliliydan oʻrgangan boshqa bir olim Abu Saʼid Gʻaznaviy (vaf. 536/1141) boʻlib, Xaliliy bilan Balxda uchrashib, hadis tinglagan va unga “Musnad”ni oʻqib bergan (Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad Samʼoniy, 1988:548).
Yana bir muhaddis Abu Maoliy Marvarruziy (vaf. 545/1150) Balxda Xaliliydan “Musnad”ni tinglagan. Asli hirotlik muhaddis Abu Mahosin Gʻanimiy (vaf. 553/1158) Balxda Xaliliydan hadis keltirgan. Xaliliydan taʼlim olgan kitoblari orasida imom Shoshiyning “Musnad”idan tashqari, imom Termiziyning “Shamoil” asari ham bor edi.
Haysam ibn Kulayb Shoshiyning “Musnadul kabir” asari Xaliliy va uning shogirdlari orqali samʼa hamda ijoza usuli bilan turli mintaqalarga keng tarqaldi. Jumladan, ilm oʻrganish uchun butun Islom olamini kezgan, yetti ming ustozdan hadis tinglagan ulugʻ muhaddis Abu Saʼid Abdulkarim Samʼoniy (vaf. 562/1166) “Musnadul kabir” asarini tahammul (shayxlardan hadisni qabul qilib olish yoʻllari) qilgan shogirdlaridan sanaladi. Muhaddis Samʼoniy Abu Mahosin Gʻanimiy va Abu Said Gʻaznaviydan rivoyat qilgan hamda shu ikki silsila orqali sanadga bogʻlangan.
Shuningdek, “Musnadul kabir” qoʻlyozmasidagi samʼa (hadis tinglash) yozuvlari kitobning Hirotda 558/1163-yilda Xaliliydan ijoza olgan Abu Hasan Musaviy tomonidan oʻqitilganini koʻrsatadi (Abu Saʼid Haysam ibn Kulayb Shoshiy, 1990:35-36).
597/1201 va 598/1202-yillardagi majlislarda hirotlik muhaddis Abdulboqiy ibn Abdujabbor Hurdiy Xaliliyning shogirdlari Abu Shijoʼ Bistomiy va Abu Hasan Musaviydan “Musnad”ning baʼzi qismlarini tinglagan (Abu Saʼid Haysam ibn Kulayb Shoshiy, 1990:36-38).
600/1204-yili Bagʻdodda vafot etgan Hurdiyning maʼruza majlislariga oid samʼa yozuvlaridan birida joy maʼlumoti sifatida “Madina as-salom” (Tinchlik shahri) yaʼni Bagʻdod nomi tilga olingan (Zekiyyüddîn Abdülazîm b. Abdülkavî el-Münzirî, 1984:45). Bu imom Shoshiyning “Musnad” asari Bagʻdod ilmiy muhitida ham muomalada boʻlganini koʻrsatadi.
Movarounnahr hududidan tashqarida, turli ilm markazlariga yetib borgan va muhaddislar orasida shuhrat qozongan imom Shoshiyning “Musnadul kabir” asari madrasalarda ham oʻqitilgan. Masalan, Damashqdagi Qosiyun togʻi etagida qurilgan Ziyoiya madrasasi hijriy VII asrda Haysam ibn Kulayb Shoshiyning “Musnadul kabir” asari oʻqitilgan muassasa sifatida eʼtiborni tortadi. “Musnad”ning ijozasini Abdulboqiy ibn Abdujabbor Hurdiydan olgan Ibn Buxoriy kunyali Faxriddin Ali ibn Ahmad Maqdisiy (vaf. 690/1291) 679-yilda “Ziyoiyya” madrasasida hadis majlislarini oʻtkazgan, maʼruzaga kelganlar “Musnadul kabir”ni tinglashgan (Abu Saʼid Haysam ibn Kulayb Shoshiy, 1990:38-45).
“Muhaddis Shom”, “Shayx as-sunna” deya e’tirof etilgan damashqlik muhaddis Ziyouddin Muhammad ibn Abdulvohid Maqdisiy (vaf. 643/1245) tomonidan 620-1223-yilda qurilgan “Dor al-hadis” (Hadis uyi) sifatida tanilgan “Ziyoiyya” madrasasida “Musnadul kabir” oʻqitilgan va ijoza berilgan (Abu Saʼid Haysam ibn Kulayb Shoshiy, 1990:38-45).
Qolaversa, yuqorida zikr etilgan madrasa asoschisi Ziyouddin Maqdisiy ham Abdulboqiy ibn Abduljabbor Hurdiydan “Musnadul kabir”dan tahsil olgan va asarning keyingi avlodlarga oʻtishini taʼminlagan (Ibn Hajar, 1998:139).
TAHLIL
Yuqoridagi maʼlumotlar imom Shoshiyning “Musnadul kabir” asari hijriy VII-VIII asrlarda yashagan muhaddislar orasida muomalada boʻlganini koʻrsatadi. Bu davrda hadis ilmiga oid asarlarni tadqiq qilgan, oʻz asrining mashhur muhaddisi, zamonasining hofizi, Shom muhaddislarining imomi sifatida tanilgan olimlardan biri Abul Hajjoj Jamoliddin Yusuf ibn Abdurahmon Mizziy (vaf. 742/1341. Jamoliddin Mizziy hijriy VIII asr ulamolari orasida Hadis va unga tegishli ilmlar boʻyicha oʻz oʻrniga ega boʻldi. Hadis ilmida “Tuhfatul ashrof” va “Tahzibul kamol” asarlarini taʼlif qilgan. Mizziy haqida muhaddis Yaʼmariy bunday degan: “Damashqda avvalgilar va oxirgilar ilmini toʻplagan, hadis ilmining dengizi, roviylar va tarjimalar bilimdoni Abul Hajjoj Mizziyni topdim”. Muhaddis haqida Zahabiy, Safadiy, Shamsiddin Husayniy, Abdulvahhob Subkiy kabi allomalar maqtov gaplar aytishgan. Xususan, Subkiy bunday degan: “Shayximiz, ustozimiz Jamoliddin Mizziy zamonamiz hofizi, ahli sunnat bayrogʻini koʻtaruvchisi, bil ijmoʼ oʻz asrining yagonasi, dunyo muhaddislari raisligi unda nihoyalanadi”) hadis ilmiga oid “Tuhfatul ashrof” va “Tahzibul kamol” kitoblariga Faxriddin Ali ibn Ahmad Maqdisiy va Ahmad ibn Shaybon Tagʻlib Shayboniydan (vaf. 685/1286) tinglagan hadislarini kiritgan.
Qirq yildan ortiq hadis rivoyat qilgan muhaddislardan Ahmad ibn Shaybon (597-685) Damashqning Solihiyya mahallasida joylashgan “Jomeʼ al-Muzaffariy” madrasasida hadis ilmidan dars bergan olimdir. Muhaddis Mizziy esa ana shu “Jomeʼ al-Muzaffariy”dagi maʼruzalarda qatnashgan va hadis tinglagan. Muhaddislardan Ahmad ibn Shaybondan ushbu madrasada “Musnadul kabir” asarini eshitgan. Bu Haysam ibn Kulayb Shoshiyning “Musnad” asari Damashqdagi hadis taʼlimi muassasalarida ham oʻqitilgan ishonchli asar ekanidan dalolat beradi.
Muhaddis Mizziy “Musnadul kabir” asarini rivoyat qilish ijozasi orqali asar hijriy IX asrda Ibn Hajar Asqaloniyga ham yetib kelgan (Ibn Hajar, 1998:139). Bu haqda Ibn Hajar bunday degan: “Musnadul kabir” asaridagi hadislarni ushbu sanad orqali rivoyat etganman: Abdulboqiy ibn Abdujabbor Haroziy Sufiy, Umar ibn Muhammad Bistomiy, Abu Qosim Ahmad ibn Muhammad Xaliliy, Abu Qosim Ali ibn Ahmad Xuzoiy. Shuningdek, “Musnad”ning toʻliq birinchi juzini Ahmad ibn Ali ibn Abdulhaqdan ogʻzaki tarzda, hofiz Abu Hajjoj Mizziydan ijoza orqali, Faxr Ali ibn Ahmad ibn Abdulvohid, Ahmad ibn Shaybon, Umar bin Muhammad ibn Tobarzid, Abu Bakr Muhammad ibn Qosim Shahrazaviy, Abu Qosim Xaliliydan tinglaganman (Hamid Abdulloh Mahallaviy, 2012:14).
Demak, Ibn Hajar Asqaloniy “Musnadul kabir” asarini rivoyat qilish ijozasini bir necha xil uslub va ustozlar orqali olgani maʼlum boʻladi. Masalan, Mizziydan ijoza olgan Kamol Ahmad ibn Ali ibn Abdulhaqdan (vaf. 802/1400) ogʻzaki ijoza olganini koʻrish mumkin.
Boshqa tomondan, Ummul Hasan binti Munajja (vaf. 803/1400) nomi bilan tanilgan (asli damashqlik ayol roviy Fotima binti Muhammad Tanuhiyya) ustoziga “Musnadul kabir”ning koʻp qismini oʻqib bergan va asarning qolgan qismlariga ijoza olgan. Ummul Hasan binti Munajjaning “Musnad”dagi silsilasi Sulaymon ibn Hamza orqali Ziyouddin Maqdisiyga bogʻlanadi. Maqdisiy esa bu asarni Abdulboqiy ibn Abduljabbor Hurdiydan eshitgan (Ibn Hajar, 1998:139).
XULOSA
Movarounnahr hadis ilmi rivojiga katta hissa qoʻshgan muhaddis Haysam ibn Kulayb Shoshiyning “Musnadul kabir” asari hijriy IX asrga qadar asar sama’, qiroat va ijoza usuli bilan naql qilinib, keng tarqalgani, Ablulkarim Samʼoniy, Ziyouddin Maqdisiy, Mizziy, Ibn Hajar kabi mashhur muhaddislar tomonidan oʻrganilgani va oʻrgatilgani, Balx, Hirot, Bagʻdod va Damashq kabi yirik ilm markazlarida ham rivoyat qilingani, ilmiy majlis hamda madrasalarda oʻqitilgani, hijriy VII asrda hadis ilmining bir boʻlagiga aylangani asarning muhaddislar nazdida qanchalik ishonchli ekanini koʻrsatadi.
Davron NURMUHAMMAD
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI