Ikkinchi yildirki, karonavirus xastaligi butun dunyoga tashvish solib turibdi. Ayni kunlarda ham bu kasallik yanada avj olgan. Jahonning aksariyat davlatlari qattiq karantin holatiga qaytmoqda. Jumladan, qo'shni mamlakatlarda ham ushbu holat kuzatilyapti.
Yurtimizda esa hukumatimiz tomonidan xalqimiz sog'lig'ini asrash yo'lida jiddiy sa'y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Aholi navbati bilan karonavirusga qarshi emlanyapti. Lekin kasallanish holatlari to'xtagani yo'q. Shunday bo'lishiga qaramay, masjidlarimizda muborak ramazon oyining taroveh namozlari o'qilmoqda, xatmi Qur'on o'tkazilmoqda. Albatta, bu yurtdoshlarimiz uchun katta imkoniyat va baxtdir. Biz ham taroveh namozlarida tibbiy niqob taqib, oraliq masofani saqlashimiz, qo'l berib ko'rishmasligimiz kerak.
Bugun karantin holatiga kirgan davlatlarda odamlar ko'chaga ham chiqolmay qiynalishmoqda. Ta'lim muassasalari, turli tashkilot va idoralar faoliyati onlayn rejimiga o'tgan. Shu davlatlarda yashayotgan musulmonlar esa taroveh namozlari, xatmi Qur'onlarni sog'inishmoqda. Shu ma'noda, biz shunday baxtga musharraf qilgani uchun Alloh taologa shukurlar aytishimiz kerak. Namozlarimizda esa yurtimiz tinchligi, karonavirus kasalligi tezroq xalqimiz boshidan arishini Yaratgandan so'rab duoi iltijolar qilsak, har jihatdan maqsadga muvofiq bo'ladi.
Masjidlarimiz namozxonlarga to'lib, o'zgacha tarovat kasb etmoqda. Muazzinu qorilarning diltortar tilovatlari esa, mo'min-musulmonlarning qalbiga inib, tavba-tazarru hamda shukronalik hislarini uyg'otmoqda. Bir so'z bilan aytganda, muazzam Ramazon oyi kishilarni som'e va xushu bilan ibodat qilishga undamoqda. Zotan, Payg'ambarimiz sallolohu alayhi vasallam: “Kim ramazon kechalarida turib, ibodat qilish sunnatligiga ishonib, savob umid etib ibodat qilsa, oldingi gunohlari kechiriladi” (Abu Hurayradan rivoyat qilingan), deganlar. Alloh taolo hammamizni ana shunday saodatga musharraf etsin.
O'zbekiston Musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida pokistonlik jurnalist va yozuvchi Muhammad Abbos Xonning "O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti" nomli kitobining o‘zbek tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oliy Majlisi vakillari, Pokiston Islom Respublikasi Prezidentining maslahatchisi va matbuot kotibi Murtazo Solangi, ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari, fan, adabiyot va media sohalari namoyandalari ishtirok etdi.
“O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” kitobi badiiy-publitsistik asar bo‘lib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi va amalga oshirilayotgan islohotlar dasturining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan. Unga so‘zboshini Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif yozgani esa davlatlarimiz rahbarlari va xalqlarimiz o‘rtasidagi ishonch va yaqin do‘stlikning yorqin ramzidir.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bu asar Uchinchi Renessans va Yangi O‘zbekiston g‘oyalarining ahamiyati xalqaro miqyosda yanada teran anglanishi, O‘zbekiston-Pokiston hamkorligi va do‘stligi yanada mustahkam bo‘lishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.