«Keyingi paytda sahnaga chiqqan aqidaviy ixtiloflar sababi ko'p o'ylantirayotgan va qiynayotgan edi.
Musulmonlarni bo'laklarga bo'lib tashlayotgan bu ko'rinish meni qattiq iztirobga solib, uning sabablari va muolajalari haqida jiddiy izlanayotgan edim. Va bular natijasida ayrim xulosalarga kelgan ham edim.
Bugun ana shu xulosalarimni to'ldiradigan qimmatli jumlalarni uchratdim. Ular marhum shayx Muhammad Said Ramazon Butiyning «Tavhidiy mazhablar va zamondosh falsafalar» kitoblaridagi quyida keltiradiganim satrlar edi», deydi ustoz, Islom olimi Mubashshir Ahmad domla.
Quyida ushbu iqtibosni keltirib o'tamiz:
«Agar aqida asoslari qalbiy taslimiyat bilan himoyalangan va asl insoniy fitrat to'siqlari bilan o'ralgan bo'lsa, odatda nafsning tashidan keladigan tashvish va shubhalar aqlni egallamagan bo'lsa, ixtilof omillaridan biror narsa bunday holdagi kishi ongiga kirib kela olmaydi.
Ixtilof bir narsada chuqurlashish natijasida paydo bo'ladi. Chunki izlanish olib borayotgan kishi bunda aniq zohirdan zonniy botinga o'tgan bo'ladi.
Agar izlanuvchilar ana shunday botinga etib borishsa, ixtilof qilishdan omonda bo'lishmaydi. Chunki bunda dalillarning ko'pi zonniy bo'ladi. Bu esa, ittifoqqa erishishga yo'l bermaydi.
Qalbiy taslimiyat egalari esa ixtilofga o'rin bermaydigan zohirdan boshqa tomonga o'tib ketishmaydi.
Zero, ular zohirning ortida bo'lgan noaniqlik va muammolarga e'tibor qaratishmaydi. Masalani mushohada qilishdan ko'z yumishadi va fikriy taammul eshiklarini yopishadi.
Ishni Alloh azza va jallaga taslim etishadi. So'ng, asosiy o'q tomir va ravshan kulliy zohirni mahkam tutishga qaytishadi. Bunda hech qanday xilofga o'rin qolmaydi.
Bu ilk davrlardagi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ashoblarining holatlari edi. Agar holat mana shunday davom etganida musulmonlar safiga ixtilof sizib kirmagan va turli mazhab-firqalar paydo bo'lmagan bo'lar edi».
(Shayx Muhammad Said Ramazon Butiyning «Al-mazohibut tavhidiyya val falsafotul muosira» kitoblaridan, 45-46 betlar. «Dorul-fikr» nashriyoti, 2008-y.)
Bu iqtibosdan ma'lum bo'lyaptiki, agar musulmon Allohning borligi va birligiga iymon keltirish bilan kifoyalanib, qolgan masalalarni Allohga taslim eta olsa, ixtiloflardan omonda bo'lar ekan.
Mubashshir Ahmad
Bog‘ot tumanida yangidan qurib bitkazilgan "Mirhoshim bobo" jome masjidining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev, Bog‘ot tumani bosh imom-xatibi Rashidbek domla Ernazarov, mutasaddilar, mahalla ahli jam bo‘lishdi.
Qur’oni karim tilovatidan so‘ng bu masjidning to qiyomatgacha Alloh taologa ibodat qilinadigan, tarovehlar, xatmi Qur’onlar, zikru tasbehlar qilinadigan sajdagoh bo‘lishini, yangi masjid xalqimiz e’tiqodi, ma’rifatini mustahkamlashda hidoyat va ziyo maskani bo‘lib ko‘p yillar xizmat qilishini so‘rab, bu xayrli ishda ko‘makchi bo‘lgan barcha ezgu niyatli kishilar haqlariga duolar qilindi.
Ochilish marosimidan so‘ng yangi masjidda ilk juma namozi ado etildi.
Juma namozidan oldin jomega yig‘ilgan jamoatga “Ramazon – ezgulik va yaxshilik oyi” mavzusida suhbat qilib berildi.
Go‘zal suhbat oxirida Xayrulla domla Haq taolo barchaga ikki dunyo saodatini nasib qilishini so‘rab, elu yurtimiz haqqiga xayrli duolar qildi.
Zamaxshariy.uz