— Emizikli bolam bor. Bunday holda ro'za tutsam bo'ladimi?
— Bismillahir Rohmanir Rohim. Homilador yoki emizikli ayol ro'za tutganda bolasiga yoki o'zining joniga zarar etishidan qo'rqsa, ro'za tutmaydi va keyinchalik ro'zaning qazosini tutib beradi. Bu haqda fiqhiy manbalarimizda bunday deyiladi: “Homilador va emizikli ayol o'z joniga yoki bolasiga zarar etishidan qo'rqsa, ro'zani ochadi va (imkon bo'lganda) qazosini tutadi. Ularga ro'zani ochgani uchun kafforat lozim bo'lmaydi. Zero, “Hulosa” kitobida shunday deyilgandir” (“Fatavoi hindiya”).
Boshqa bir manbada bunday deyiladi: “Homilador va emizikli ayol bolasi yoki o'ziga zarar etishidan qo'rqsa, ro'zani ochishi joiz. Bu ruxsat qiyinchilikni ketkazish uchundir. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh musofirdan ro'zaning (hammasini) va namozning yarmini, homilador va emizikli ayoldan ro'zaning (hammasini) ko'targan”, deganlar (Imom Nasaiy Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan).
Homilador yoki emizikli ayolning ro'zani ochishi zarardan qo'rqishga bog'lab qo'yildi. Bu qo'rquv yo tajribalar natijasida paydo bo'lgan kuchli gumon bilan yoki musulmon, mohir tabibning xabar berishi bilan yuzaga keladi. “Fatavoi Zohiriya” kitobida shunday kelgan. Agar homilador yoki emizikli ayol bolasi yo o'zining joniga zarar etishidan qo'rqmasa, ro'zani ochishiga ruxsat berilmaydi” (“Bahrur-roiq”).
Demak, homilador yoki emizikli ayol ro'za tutsa bolasiga yoki o'zining joniga zarar etishini tajriba orqali bilsa, yoki buni tajribali, bilimdon musulmon (din-diyonatli) tibbiyot xodimi xabar bersa, ro'za tutmaydi. Imkon topganda qoldirilgan kunlarni har bir kuniga bir kundan qazosini tutib beradi.
Shuni ham ta'kidlab o'tish kerakki, homilador va emizikli ayollar ro'za tutmaganlari uchun fidya bermaydilar. Chunki ular kelajakda ro'zaning qazosini tutishga qodir hisoblanadilar.
Homilador va emizikli ayollar farzandi yoki joniga zarar etmaydigan bo'lsa, ro'za tutishlari shartdir. Ularga yuqoridagi ruxsatlar tegishli hisoblanmaydi. Ayniqsa bolalari taom eyishga o'rgangan emizikli ayollar bu borada taqvo bilan ish tutishlari lozim.
Cafarga chiquvchilarning haqqiga duo qilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan sanaladi. U zot alayhissalom:
أَسْتَوْدِعُ اللهَ دِيْنَكَ وَأَمَانَتَكَ وَخَوَاتِيمَ عَمَلِكَ
“Astavdi’ulloha diynaka va amaanataka va xavotiyma amalika”, deb sahobalarni safarga kuzatar edilar.
Ma’nosi: “Diningizni, omonatingizni va amallaringiz xotimasini Allohga topshiraman”.
Hojilarni kuzatishda quyidagi duolarni qilish tavsiya etiladi:
1. Allohim, hojilarning safarlarini oson qilgin. Ularni Senga topshirdik.
2. Allohim, hojilarni safarlari davomida har qanday balo va yomonliklardan asragin hamda oilalari bag‘riga sog‘-salomat qaytargin.
3. Allohim, hojilarning duo, ibodatlarini va qalblaridagi barcha shar’iy niyat hamda maqsadlarini ijobat etgin. Gunohlarini mag‘firat, tavbalarini qabul qilgin.
4. Allohim, hojilarning ibodatlarini O‘zing uchun xolis qilingan amallar qatorida qabul aylagin.
Allohning farz ibodatini ado etishga otlangan muhtaram yurtdoshim Alloh taolo yurtimiz, xalqimiz haqqiga qiladigan barcha duolaringizni qabul etsin. Duolaringizda bizni ham unutmang!
Hajingiz mabrur, sa’yingiz mashkur va gunohlaringiz mag‘fur bo‘lsin!
Davron NURMUHAMMAD