Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447

Mulla Bozor Oxund maqbarasi haqida bilasizmi?

05.04.2021   2431   3 min.
Mulla Bozor Oxund maqbarasi haqida bilasizmi?

Halqimizning tabarruk maskanlaridan biri bo'lgan Namangan shahridagi ushbu majmua bugungi kunga kelib go'zal maskanga aylangan, deya xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Namanganga tashrif buyursangiz, Labbaytog'a dahasida joylashgan Mulla Bozor Oxund yodgorligi o'zining chiroyi, naqshinkor bezaklari va betakror qurilish arxitekturasi bilan o'ziga maftun qiladi.

Mulla Bozor Oxund yodgorlik majmuasi 3 qismdan iborat: masjid, asosiy bino (xonaqoh va ziyoratgohga kirish) va darvozaxona. Hovlida diametri 10 metr bo'lgan hovuz bor. U asta-sekin 8 ta o'ttiz santimetrlik qadam bo'ylab pastga tushadi. Uning asosi temir-beton panellardan iborat bo'lib, devorlar va asosiy kirish eshigi noyob figurali dizaynda pishiq g'ishtdan qurilgan.

Jome masjidning asosiy katta xonasi - xonaqohi erto'lali, pishiq g'isht va temir-beton paneldan qurilgan. O'lchami 30×24 metr. Sathi 720 kvadrat metr. Uch tomoni ayvon. Ustunlar va peshtoqiga milliy bezaklar berilib, pishiq g'ishtdan tiklangan. O'lchami 36×6 metr va 24×6 metr, sathi 576 kvadrat metr. Asosiy darvozadan kirishda qibla tomonda ayvonga tutash holda 16 metrli mezana - minora pishiq g'ishtdan bezakli qilib tiklangan.

Majmuaga tashrif buyurgan ziyoratchilar va sayyohlar, ulug' donishmand hayoti va faoliyati haqida ma'lumotlar olish bilan birga mohir ustalar mahoratidan bahramand bo'ladi.

Ma'lumot uchun, Mulla Bozor Oxund 16-asr oxirida Namangan shahrida tavallud topgan. U kishi Namangan madrasalarida ilm olgan. O'z davrining fiqh, hadis, tarix, geografiya, ilmi-hisob, adabiyot, ruhiyatshunoslik bilimlarini mukammal egallagan. Shuningdek, turkiy, arabiy va forsiyda ijod qilgan.

Ilmga tashnalik allomani Turkistonning ilmu fan markazlaridan biri - Buxoroga boshlab borgan. Talabalik yillari oshpazga shogird tushib, tirikchilik o'tkazgan. Buxoroda donishmand olim Mirzo Bahodir Buxoriy bilan tanishgan, undan ta'lim olgan.

Keyinchalik O'rta va Yaqin Sharq mamlakatlari bo'ylab sayohat qilgan. Qoshg'arning Ho'tan, Yorkand shaharlarida bo'lgan. Ma'lumotlarga ko'ra, Mulla Bozor Oxund 1668 yil Namanganda vafot etgan.

Muqaddam u kishining qabri ustida maqbara va madrasa bunyod etilgan. Ushbu inshootlar HH asrning 30-yillarida butunlay buzib yuborilgan edi. 1993 yilda maqbarani me'moriy majmua sifatida qayta tiklash to'g'risida qaror qabul qilindi. Qurilish ishlari 1994 yilning 18 mayida tugatildi. Uni Namangan bosh me'mori Abdujabbor Abdug'afforov boshchiligidagi yosh, iqtidorli me'mor Odiljon Qodirov amalga oshirdi.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

16.07.2025   10988   5 min.
O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

Saudiya Arabistonining Makka shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Butunjahon Islom uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv va tashrif Butunjahon Islom uyushmasi taklifiga binoan amalga oshirildi. Unda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov ham qatnashdi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.

Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi  qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:

– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga   tayyormiz.

Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari  va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi. 

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu  masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi. 

Islom sivilizatsiyasi markazi