– Ro'za tutgan kishiga qanday ishlarni qilish sunnat?
– Saharlik qilish; subhdan ilgari ro'zaga niyat qilish; ro'za bilan nafsni yomon niyatlardan to'xtatishni qasd qilish; ro'za bo'lgan holda befoyda so'zlardan hamda ibosiz so'zlarni gapirishdan va eshitishdan o'zini saqlash; kishi bilan urishmoqdan va har bir gunoh ishlardan o'zini tortish; mumkin qadar zikr va tasbeh ila va ham Qur'on o'qimoqqa mashg'ul bo'lish; quyosh botgan vaqtda shom namozini o'qimasdan ilgari og'iz ochish sunnatdir.
– Ro'za tutgan kishilarga qanday ishlar makruh hisoblanadi?
– Foydasiz so'zlarni so'zlash; ibosiz so'zlarni so'zlash; odamlar bilan yoqalashish; hammomga tushish; suvga sho'ng'ish; taomni tatib ko'rish; o'tar ro'za, ya'ni bir kun kechgacha ro'za tutib og'iz ochmasdan ikkinchi kun ro'zasini davom ettirish kabi ishlar makruh.
– Ro'za tutgan kishiga qanday ishlarni qilish durust bo'ladi?
– Sotib oladigan narsalarni til tekkizib tatib ko'rish, zarur bo'lganda taom chaynab berish, ko'ziga surma tortish, yuzini moylash, misvokdan foydalanish, qon oldirish, zuluk soldirish, obdasta bilan g'usl qilish, sovun bilan poklanish durust bo'ladi, makruh emas.
– Ro'zani qanday narsalar buzadi?
– Kunjut qadar bo'lsa ham, taom eyish; bir qatra bo'lsa ham, suv ichish; er bilan xotinning yakinlik qilishi ro'zani buzadi.
– Bir kishi o'zining ro'za ekanini bila turib ixtiyoriy ravishda ro'zani buzadigan ishlarni birinchi marta qilsa, u kishi nima qilishi lozim?
– Ro'zasining qazosini tutishi va ham kafforat qilishi lozim.
"Ibodati islomiya"dan.
Qashqadaryo viloyatida muborak Ramazon oyini yuqori saviyada kutib olish va mo‘min-musulmonlar uchun masjidlarda qulay shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasining tegishli buyrug‘i asosida hududlardagi ibodat maskanlari mavsumga shay holatga keltirilmoqda.
Amalga oshirilgan asosiy ishlar:
Masjid binolari va atrofi obodonlashtirilib, sanitariya holati yaxshilandi;
Tahoratxonalar, isitish va yoritish tizimlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi;
Taroveh namozlarini xavfsiz va tartibli o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar belgilandi.
Joriy yilning 28 yanvar kuni viloyat hokimining o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov Koson tumanidagi masjidlar faoliyati bilan tanishdilar. O‘rganish davomida namozxonlar uchun yaratilgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Bu kabi o‘rganish ishlari viloyatning barcha tumanlarida davom ettiriladi. Maqsad — muqaddas oyni yuksak ruhiy kayfiyatda, tinchlik va osoyishtalikda o‘tkazishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Axborot xizmati