MOVAROUNNAHRDA TAFSIR ILMI
Avval ham aytib o'tganimizdek, tafsir kitoblari juda ham ko'p. Har zamon, makon, xalq, millat, elat, mazhab va yo'nalishning o'z tafsiri bor, desak, mubolag'a qilmagan bo'lamiz. Butun dunyoning, ayniqsa musulmon olamining Qur'oni Karimga bo'lgan cheksiz qiziqishi ulamolarni doimo uni o'rganishga, uning tafsirini yozishga chorlab kelgan. Qadimdayoq tafsirlar va mufassirlar haqida alohida katta-katta kitoblar bitilgani fikrimizning dalilidir.
Qo'lingizdagi kitob Ulumi Qur'on mavzusida yozilgan o'zbek tilidagi dastlabki kitob bo'lgani uchun Movarounnahrdagi tafsir ilmi va mufassirlar haqida ham ikki og'iz so'z yuritishni lozim topdik.
Qadimgi Islom manbalarida hozirgi Urta Osiyo Movarounnahr va Huroson nomlari ila zikr qilingan. Islomiy tarix kitoblarida Buxoro, Samarqand, Nasaf, Termiz, Koson, Shosh, Farg'ona, Marv, Nasaf, Urganch, Uzgan va boshqa shaharlarning nomlari ham zikr qilingan. Mazkur shaharlarning barchasi diyorimizdadir, ulardan ko'plari hozirgi vaqtgacha o'zining qadimiy nomlari bilan ataladi.
Butun Islom olamiga ma'lum va mashhurki, bu o'lka barcha ilmlarda, jumladan, Islom ilmlarida ham jahonga dong taratgan buyuk allomalarni etishtirgan. Mazkur ilmlar ichida hadis, tavhid, nahv, fiqh va boshqa ko'pgina ilmlar bor. Biz esa hozir faqat Movarounnahrdagi tafsir va mufassirlar haqida so'z yuritmoqchimiz.
Musulmonlar kelib, fath qilganlaridan so'ng Alloh subhanahu va taolo bu diyorlarni ham Islom nuri bilan munavvar qildi. Yerlyk aholi Islomni qabul qilganlaridan so'ng avvalgi musulmonlar yangi musulmonlarga Islom ilmlarini o'rgata boshladilar. Ushbu ilmlar ichida tafsir ilmi ham bor edi. Ma'lumki, bu diyorlarning tub aholisi Islomdan avval ham ba'zi bir ilm va madaniyat turlaridan xabardor edilar.
Ushbu sababga ko'ra, alloma Ibn Haldun ta'kidlaganidek, ularda Islom ilmlarini qabul qilish va rivojlantirishga loyiq malaka bor edi. Bir oz vaqt o'tishi bilan muhaddislar madrasasi paydo bo'ldi va ular Qur'on tafsiri to'g'risidagi asarlarni jamlagan birinchi kishilar deb e'tirof qilindilar. Ularning sardori imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy edi. «Kashfuz-zunnun» nomli kitobda zikr qilinishiga ko'ra, u zot «At-Tafsirul-kabir» nomli alohida bir tafsir kitobini ta'lif qilgan ekan. Lekin afsuski, mazkur kitob bizgacha etib kelmagan,
Shunga qaramasdan, imom Buxoriy tafsir ilmida ulkan asar qoldirib ketgan, u zotning «Al-Jami'us-sahih» kitobida Qur'oni Karim tafsiriga oid mingdan ziyod hadis mavjud.
Ikkinchi hijriy asrda tafsir ilmi hadisdan ajrab, alohida ilm bo'lgandan so'ng, Movarounnahrdan ulkan mufassirlar etishib chiqdilar va shuhratlari butun jahonga taraldi. Ulardan ba'zilarini zikr qilib o'tamiz:
U kishi Hanafiy mazhabida bo'lib, imom A'zamning shogirdlari imom Muhammad ibn Hasan rahmatullohi alayhining ikki vosita ila shogirdi bo'lgan. Ya'ni u kishining ustozi imom Muhammadning shogirdi bo'lgan.
Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhi fuqaholar va muhaddislar chaqirgan narsaga chaqirgan. U kishi juda ham mashhur bo'lib, Movarounnahrda barcha unga murojaat qilgan. Ular u kishidan fiqh, usuli fiqh va boshqa diniy ilmlarni o'rganganlar.
Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhi usul bo'yicha «Kitabul-jadal»ni va fiqxda «Maaxizush-shari'a»ni ta'lif qilganidan keyin shuhrati yana ham oshib ketdi. Shundan keyin ilmi kalomda shuhrat qozonib, Huroson ahli ushlagan mazhab sohibiga aylandi. Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhining aqiydadagi mazhabi Abulhasan Ash'ariyning mazhabiga teng bo'ldi.
Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhi o'zining «Ta'vilatu ahlis-sunna» nomli tafsirida mo''tazila, xavorij, rofiza, karromiy, jahmiy, mushabbiha, munajjim, folbin va boshqalarning fikrlarini munoqasha qilgan va hammalariga raddiya bergan. U kishi Ahli sunna va jamoaning mazhabini qo'llab-quvvatlagan.
Sa'duddin Taftazoniy, imom Tahoviy, imom Umar Nasafiy, Faxrulislom Bazdaviy, Ibn Humom va boshqa ulamolar aqoid ilmining moturidiya yo'nalishida ko'zga ko'ringan ulamolardan bo'ldilar.
Imom Moturidiy o'zining «Ta'vilatu ahlis-sunna» nomli tafsirida ilmi kalom ulamolari yo'lidan borgan va Qur'oni Karim oyatlarini aqiydada Ahli sunna va jamoa mazhabini qo'llab, tafsir qilgan.
Imom Moturidiy o'z tafsirida asarlarni naql qilish bilan birga, ra'yni ham ishlatgan, naql bilan birga, aqlni ham ishlatgan.
Imom Moturidiy muayyan mazhabga taassub qilmagan, haqiqatni izlagan. U kishi masalaga umumiy tarzda nazar solgan.
Imom Moturidiy Qur'oni Karimni Qur'on bilan, Sunnat bilan, sahobalar va tobe'inlarning so'zlari bilan tafsir qilishga alohida ahamiyat bergan. Shu bilan birga, Hanafiy bo'lgani uchun tafsirda ra'y maktabi bo'yicha aqlni ham o'z o'rnida ishlatgan. Bir oyatning ta'vilida bir necha qavl bo'lsa, ularni ham keltirgan.
Imom Moturidiy o'z tafsirida sababi nuzuyani ham zikr qilgan. O'zidan avval o'tgan mufassirlarning qavllaridan ham foydalangan. Y kishining tafsirida fiqh, lug'at va kalom ilmi ham keragicha o'rin olgan.
Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, imom Moturidiyning «Ta'vilatu ahlis-sunna» nomli tafsiri qomusiy asardir. Ammo ming afsuslar bo'lsinkim, bu tafsir yaqingacha nashr etilmagan edi. Faqatgina milodiy 2005 yilga kelib, doktor Majdiy Boslum bu ulug' tafsirni uchta qo'lyozmasi asosida nashrga tayyorladi va chop qildi. «Ta'vilatu ahlis-sunna» tafsirini Bayrutdagi «Darul-kutubil-ilmiyya» nashriyoti birinchi bor nashr etdi. Kitob o'n jilddan ibo-rat bo'lib, 6230 betdan iboratdir.
Imom Abu Lays Samarqandiy ko'plab kitoblar ta'lif qilgan. Jumladan, fiqh bo'yicha «An-Navazil» kitobi va «Hizanatul-fiqh» nomli kitob, va'z-nasihat xususidagi «Tanbihul-g'ofilin» kitobi shu kishining qalamiga mansubdir.
Imom Abu Lays Samarqandiy tafsirga oid kitobini «Bahrul-ulum» deb nomlagan va bu tafsir «At-tafsir bil-ma'sur» toifasidandir.
Imom Abu Lays Samarqandiy o'z tafsirida sahoba va tobe'inlardan ko'plab rivoyatlarni keltirgan. Ammo sanadlarini zikr qilmagan.
Imom Abu Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Samarqandiyning «Bahrul-ulum» tafsiri qo'lyozmasi Aliy Muhammad, Odil Ahmad va Zakariyo Abdulmajid tomonidan tahqiq qilindi hamda 1413 hijriy yilda Bayrutdagi «Darul-kutubil-ilmiyya» nashriyoti tomonidan birinchi bor nashr etildi.
Bu ulug' imom Horazmning Zamaxshar qishlog'ida 467 hijriy sanada tavallud topgan va hijriy 538 sanada vafot etgan. U zot o'zi tug'ilgan yurtda dafn qilingan. Imom Zamaxshariy turli ilmlarga doir ko'plab kitoblar tasnif qilgan. Eng mashhur muallafotlaridan biri «Al-Kashshaf an haqoiqi va uyunil-aqovil fi vujuhit-ta'vil» nomli tafsir kitobi bo'lib, u ko'pchilikka «Kashshof» nomi bilan mashhurdir.
Bu tafsir eng mashhur tafsirlardan biridir. U o'zidan keyingi ko'plab tafsirlarga manba bo'lgan.
«Kashshof» tafsiri haqida ulamolar juda ko'plab yaxshi maqtovlarni aytganlar. Ba'zilar: «Agar «Kashshof» bo'lmaganida, Qur'oni Karimning ma'nolari to'liq kashf bo'lmay qolar edi», degan.
Ulamolar «Kashshof»ning quyidagi xususiyatlarini alohida ta'kidlaydilar:
«Kashshof»ning maqtovida aytilgan gaplar juda ham ko'p. Shu bilan birga, uni tanqid qilganlar ham oz emas. Tanqidlarning xulosasi ikki narsaga borib taqaladi. Birinchisi – muallifning mo''taziliy fikrlari va tafsir-da hadislarning zaif hamda to'qimalarini ham keltirgani.
Keyingi ulamolardan ikkitasi «Kashshof»dagi ushbu ikki nuqsonni ham to'ldirganlar. Imom Ahmad ibn Muhammad ibn Munir «Al-Insof» nomli kitob yozib, «Kashshof»dagi mo''taziliy fikrlarni to'g'rilashni yo'lga qo'ydi.
Imom Abdulloh ibn Yusuf Zayla'iy «Kashshof»dagi zaif va soxta rivoyatlarni aniqlab chiqdi. «Kashshof» tafsiri ushbu ikki ilova ila nashr qilindi. Bu juda katta foyda berdi.
U kishining «Mafatiyhul-g'oyb» nomli tafsir kitobi ilm axdi o'rtasida oyatlar orasidagi munosabatlarni va suralar o'rtasidagi bog'lanishlarni bayon qilish va boshka bir qancha imtiyozlari bilan mashhur bo'lgan. Imom Roziy xijriy 606 sanada vafot etgan. («Mafatiyhul-g'oyb» to'g'risidagi ma'lumotlar oldin o'tdi.)
Nasafiyning tafsir kitobi «Madarikut-tanzil va haqoiqut-ta'vil» deb nomlangan. Bu kitob ko'pchilikning tahsiniga sazovor bo'lgan va bo'lib kelmoqda. U hajmi o'rtacha bo'lishiga qaramay, eng ulug' kitoblardandir. Iboralari oson. E'rob, qiroat, badi' va bayon, balog'at va fasohat ilmlarini o'z ichiga olgan. Aqiydada Axli sunna va jamoaning qavlini keltirgan. Bid'at va zalolatlardan xoli. Uzun ham, qisqa ham emas.
Imom Nasafiy o'zining «Madarikut-tanzil» nomli tafsir kitobini ta'lif qilishda Imom Zamaxshariyning «Kashshof» nomli tafsiridan foydalangan. Imom Nasafiyning «Madarikut-tanzil» nomli bu kitobi hozirgi kunimizgacha ulamoyu tolibi ilmlar orasida zo'r e'tibor bilan shuhrat topib kelmoqda va ko'pgina Islom o'quv yurtlarida qo'llanma sifatida ishlatib kelinmoqda.
Bundan tashqari, Movarounnahrda «Itqon», «Tafsiri Nu'moniy», «Tafsiri Tibyon», «Tafsiri Mavlono Charxiy» kabi mahalliy tillarda ta'lif qilingan ko'plab tafsirlar mavjud. Ular tojik, o'zbek, tatar va boshqa tillarda yozil gan. Eslatib o'tmoq lozimki, mazkur mashhur mufassirlarning kitoblari hozirgi vaqtda O'zbekistonning kutubxona va muzeylarida mavjuddir, jumladan, Movarounnahr musulmonlari diniy idorasi qoshidagi kutubxonada ham bor. Bu kitoblardan ulamolar va ilm toliblari Islom va musulmonlar xizmati uchun bo'layotgan ilmiy bahslarida istifoda qilmoqdalar. Alloh taolo ularning barchalarini O'zi xush ko'rgan va rozi bo'lgan xayrli ishlarga muvaffaq kilsin! Omin!
YaNGI TAFSIRLAR
Zamon o'zgarib, odamlar qadimgi kitoblarning uslubi va tilidan uzoqlashib qoldilar. Ushbu sabab tufayli katta ulamolardan boshqalar eski tafsirlardan foydalanishni o'ylamay ham qo'ydilar. Shunda ba'zi tushungan ulamolar tafsir ilmida ham yangilanish bo'lishi lozimligini o'ylay boshladilar. O'y-fikrlar va maslahatlar tafsir bo'yicha yangi, zamona ruhini aks ettiradigan, musulmonlarning ehtiyojlarini qondiradigan tafsir yozilishi zamonning talabi ekaniga ishonch hosil qilish bilan yakunlandi.
Yangi tafsir qilish va yozish Misrdan boshlandi. Bizga etib kelgan ma'lumotlarga qaraganda, birinchi bo'lib Misrning islohotchi olimlaridan shayx Muhammad Abdux «Amma» porasiga tafsir yozdi. Shuningdek, Al-Azhardagi darslarida Qur'oni Karimning birinchi besh porasini tafsir qildi.
- Al-Azharning shayxi Mahmud Shaltut birinchi o'n popaga tafsir yozdi.
Ba'zi yangi tafsirlar haqida qisqacha ma'lumotlar
Shayx Ahmad Mustafo Marog'iy o'zining «Tafsirul-Marog'iy» deb nomlangan kitobini kichik hajmda o'ttiz juz qilib yozdi. Bu tafsir katta hajmda o'n jildda nashr etilgan.
Shayx Ahmad Mustafo Marog'iy rahmatullohi alayhi o'z tafsirida avval oyatni keltirib, keyin alohida so'zlarning tafsirini qilgan. Keyin umumiy ma'noni bayon qilib, so'ngra izoh berishga o'tgan. Jumlalarni oson til bilan, ko'pchilikka tushunarli bo'lishini e'tiborga olib, tuzgan.
U kishi kitobning avvalida ish uslubini ham bayon qilgan.
- Ma'lum oyatlar majmuasini avval keltirib olish.
So'ngra mazkur oyatlarning umumiy ma'nosini bayon qilish.
Mufassirlar keltirgan rivoyatlarni saralash.
Bu kitobni chop qilish 1365 hijriy sananing birinchi kunidan boshlangan.
Muallif kitobning avvalida uni yozishda o'zi foydalangan o'ttizta manbaning ro'yxatini ham keltirgan.
Tunisning ko'zga ko'ringan olimlaridan biri bo'lmish shayx Tohir ibn Oshur rahmatullohi alayhi «At-Tahrir vat-Tanvir» nomli katta va mukammal tafsir yozgan. Shayx Tohir ibn Oshurning shogirdlari va mutaxassislarning ta'kidlashlaricha, u kishi o'z tafsirini yigirma yilda yozib bitirgan. Bu tafsirning egasi har bir narsani erinmay, mukammal bayon qilgan. Ayniqsa, u kishining lug'at bo'yicha olib borgan tadqiqotlari, shuningdek, ilmiy tadqiqotlari ham tahsinga sazovor. Shayx Tohir ibn Oshur fiqhiy masalalarni ham batafsil yoritgan. Yangi paydo bo'lgan hayotiy muammolar va madaniy qarashlarni ham o'z joyida hal qilgan.
Shayx Muhammad Tohir ibn Oshur rahmatullohi alayhining o'zi muqaddimasida ta'kidlashicha, quyidagi tafsirlar muhim hisoblanadi:
«Al-Kashshaf» – Zamaxshariy.
«Al-Muharrar al-Vajiyz» – Ibn Atiyya.
«Mafatiyhul-g'oyb» – Faxriddin Roziy.
«Anvarut-tanzil va asrorut-ta'vil» imom Bayzoviy,
«Ruhul-ma'aniy» – imom Olusiy.
Abu Sa'ud tafsiri.
Qurtubiy tafsiri.
Tabariy tafsiri.
Tiybiy, Qazviyniy, Qutb va Taftazoniy tarafidan «Kashshof»ga yozilgan hoshiyalar.
Hafochining Bayzoviy tafsiriga yozgan hoshiyasi.
Albatta, shayx Tohir ibn Oshur rahmatullohi alayhi o'zining tafsirida mazkur tafsirlardan foydalangan. Ammo o'zining aytishicha, cho'zilib ketmasligi uchun qayerdan olganini aytmagan.
Shayx Tohir ibn Oshur rahmatullohi alayhi Qur'oni Karim e'jozi turlariga, balog'at nuqtalariga, badiiy uslublarga katta e'tibor bergan. Shuningdek, oyatlarning bir-biriga bog'lanish munosabatlarini ham bayon qilgan. Har bir suraning maqsadlarini ham batafsil aytib o'tgan. Har bir so'zning arab tilidagi ma'nolarini chuqur tushuntirgan.
Shayx Tohir ibn Oshur rahmatullohi alayhining aytishicha, kitobning to'liq nomi «Tahriru ma'nas-sadid va tanviru aqlil-jadid min tafsiri kitabil-majid»dir.
Muallif o'z tafsirining avvalida Qur'oni Karim va uning tafsiriga oid o'nta muqaddima yozgan, so'ngra Fotiha surasini tafsir qilishni boshlagan.
Har bir suraning ismi, uning nozil bo'lish vaqti va sharoiti hamda unga bog'liq boshqa ma'lumotlarni bataf-sil keltirgan. Ma'lumotlarning xulosasini aytgan.
Baqara surasining tafsiri avvalida «Alif laam mim» harflarini keltirib, shu va shunga o'xshash hijo harflari haqidagi ko'plab ma'lumotlarni taqdim qilgan. Shu tariqa kitob katta ma'lumotlar to'plamiga aylangan.
Men turli sabablarga ko'ra, shayx Tohir ibn Oshur rahmatullohi alayhining ba'zi shogirdlari bilan suhbatlarda bo'ldim. Ularning aytishlaricha, ustozlari juda ham talabchan kishi ekan. Tafsirni yozgandan keyin ham har varaqning qo'lyozmasini qayta-qayta ko'rar, tahrir qilar va tuzatishlar kiritar ekan.
Men bu tafsir bilan chet elda o'qib yurgan kezlarimda tanishgan edim. Keyinroq, ayniqsa Qur'oni Karim ma'nolarini va «Tafsiri Hilol»ni rus tiliga o'girish jarayonida uni asosiy manbalardan qilib oldim. Shu tariqa ushbu kitob bilan juda yaqindan tanishdim va uning haqiqatda ham maqtovga sazovor ilmiy ish ekaniga to'la ishonch xosil qildim.
Alloh bu tafsirning muallifi Shayx Tohir ibn Oshurni O'z rahmatiga olgan bo'lsin.
Bu tafsirning ikkinchi nomi «Tafsirul Qosimiy»dir. Tafsirning muallifi esa Shomning mashhur ulamolari-dan biri Muhammad Jamoluddin Qosimiydir. U kishi o'z tafsirini yozishni hijriy 1316 yilda Shavvol oyining birinchi o'n kunligida boshlagan. Kitobning birinchi juzi tafsir ilmi borasidagi qoidalardan iborat. Unda Qur'oni Karim va uning tafsiri bo'yicha juda ko'p ma'lumotlar jamlangan.
Bu tafsirning muallifi Al-Azhar universitetining olimlaridan bo'lib, u kishi avval tafsirini bir juzdan tayyorlab, yozib bo'linganini nashr etib boravergan. Keyin esa alohida qilib, katta hajmda uch juzda chop ettirgan.
Bu tafsirning tili oson va ravon bo'lib, ko'pchilikka mo'ljallangan. Unda avval so'zlarning lug'atdagi ma'nosi berilgan. Keyin esa oyatning to'liq ma'nosi engil uslub-da bayon etilgan. Oyatlarning ma'lum majmuasiga alohida sarlavhalar ham qo'yilgan. Arab tilini biladigan har bir kishi o'qisa, tushunadigan darajada tafsir qilingan.
Men ham talabalik paytimda ushbu tafsirni avvalidan oxirigacha qiziqish bilan o'qib chiqqanman. Juda ko'p foyda olsa bo'ladigan tafsir.
Iordaniyalik hamasr olimlardan Sa'id Havvo rahmatullohi alayhi uch qismdan iborat asarlar silsilasini rejalashtirgan. Bu silsila quyidagi asarlardan iborat bo'lgan;
Muallifning tafsir muqaddimasida yozishicha, shaxsiy sabablarga ko'ra, bu asarni yozish jarayonida asosan «Tafsiru Ibn Kasir» va «Tafsiru Nasafiy»dan foydalangan.
Sa'id Havvo rahmatullohi alayhi Qur'oni Karimning suralari va oyatlari orasidagi bog'lanishlarga alohida e'tibor bergan. Bu maqsadni amalga oshirish niyatida oyatlarning bir-biriga bog'lanishi ham, suralarning bir-biriga bog'lanishi ham erinmasdan bayon qilingan. Ammo avvalida katta ahamiyat bilan bayon qilib borilgan suralar orasidagi bog'lanish keyinroq zaiflashgan va to'xtab ham qolgan.
Tafsir yozish to'xtab, yangi tafsir yozish yo'lga qo'yilguncha o'tgan davrda er yuzida juda ko'p ilmlar, tushunchalar, nazariyalar paydo bo'ldi, hodisa va voqealar bo'lyb o'tdi. Ushbu tafsirda ana o'sha narsalarga Qur'oni Karim va Islomning munosabati qanday, degan savolga javob berishga harakat qilingan.
Bizning asrimizda Qur'oni Karimga nisbatan turli shubhalar va e'tirozlar paydo bo'ldi. Shuningdek, unga qarshi tushunchalar va yo'nalishlar ham yuzaga chiqdi. «Al-Asas fit-tafsir» kitobida musulmon inson mazkurlarga nisbatan qanday munosabatda bo'lishi kerakligi bayon qilingan.
Utgan davr ichida musulmonlar Qur'oni Karimdan va Islom ta'limotlaridan ancha uzoqlashib ketgan edilar.
Sa'id Havvo rahmatullohi alayhi o'z kitobida musulmon larning Qur'oni Karimga va Islomga qanday yaqinlashishlari yo'llarini bayon qilishga harakat qilgan.
Hayot tarzi o'zgarishi tufayli musulmonlar har bir mavzu bo'yicha tayyor xulosani izlaydigan bo'lib qoldilar. Uzlari izlanishni, tahlil qilish va xulosa chiqarishni o'ylamay qo'ydilar. Eski tafsirlardan esa tayyor xulosani topish qiyin. «Al-Asas fit-tafsir» bu masalani ham o'rniga qo'yish harakatida bo'lgan.
Aqiyda va din masalalari bo'yicha musulmonlarning turli qarashlari paydo bo'lgan edi. Har kim o'z fikrini qo'llab, boshqanikini rad etar edi. Sa'id Havvo rahmatullohi alayhi o'zining ushbu kitobida bu masala bo'yicha ham tahlillar olib bordi.
«Al-Asas fit-tafsir» asari hijriy 1397 yilda nashrga berilgan. Uning birinchi nashri «Darus-Salam» nash-riyoti tomonidan hijriy 1405 – milodiy 1985 yilda o'n bir jild qilib chop etilgan.
Mashhur olim va faqih, doktor Vahba Mustafo Zuhayliy hazratlari o'zining biz hozir u haqda so'z yuritmoqchi bo'lgan «At-Tafsir al-Munir» nomli kitobining muqaddimasida aytishicha, ushbu tafsirni yozishga katta ilmiy ishlarni amalga oshirib bo'lganidan keyingina jur'at qilgan. Avval usuli fiqh bo'yicha ikki jildli katta kitob yozgan. Keyin hammaga mashhur bo'lgan «Al-Fiqhul-islamiyyu va adillatuhu» deb nomlangan barcha mazhablarni o'z ichiga olgan sakkiz jildli qomusiy asarini chiqargan. Oliy o'quv yurtlarida o'ttiz yil ustozlik qilgan. Imom Samarqandiyning «Tuhfatul-fuqoha» kitobidagi hadislarni tahqiq qilgan. Bir ming to'rt yuzga yaqin hadislarni o'z ichiga olgan «Al-Mustofa min ahadisi Mustofa» nomli kitobni yozgan. Yana boshqa o'ttizdan ortiq entsiklopedik asarlarni bitgan.
Shayx Vahba Mustafo Zuhayliy hazratlari «At-Tafsir al-Munir»ning muqaddimasida qayd etishicha, bu tafsirni yozishdan maqsad musulmonni ham, musulmon emasni ham hozirda bus-butun turgan yagona ilohiy vahiy bilan bog'lashdir.
U kishi o'z tafsirida naql bilan aqlni jamlagan. Yangi va eski mo''tabar tafsirlardan foydalangan. Shuningdek, Qur'oni Karim, uning nozil bo'lish sabablari haqidagi boshqa yozuvlardan ham istifoda qilgan.
Shayx Vahba Mustafo Zuhayliy «At-Tafsir al-Munir»ni yozishda quyidagi reja asosida ish yuritgan:
Shayx Vahba Mustafo Zuhayliy hazratlarining «At-Tafsir al-Munir» deb atalgan ushbu tafsiri o'ttiz juzdan iborat bo'lib, o'n besh jildda chop etilgan. Uttiz birinchi va o'ttiz ikkinchi juzlar alohida o'n oltinchi jildda bo'-lib, tafsirning fihristidan (mundarijasidan) iboratdir. U orqali tafsirdagi istagan mavzuni osonlik bilan topib olish imkoni mavjud.
Iordaniya davlatida qozilar raisi bo'lib ishlagan shayx Ibrohim Qatton rahmatullohi alayhi «Taysirut-Tafsir» deb nomlangan bir kitob yozgan. Kitobning nomi bizning tilimizga «Tafsirni osonlashtirish» deb tarjima qilinadi. Shuning o'zidan muallifning ko'zlagan maqsadi nima ekanini bilib olish qiyin emas.
Shayx Ibrohim Qatton rahmatullohi alayhi o'z tafsiriga yozgan muqaddimasida Qur'oni Karimning musulmonlarga ta'siri haqida anchagina ma'lumotlar keltirgan. Keyin bu ilohiy Kitob nafaqat musulmonlarga, balki musulmon bo'lmagan boshqa insonlarga ham ta'sir ko'rsatayotgani haqida so'z yuritib, Qur'oni Karimdan ta'sirlangan g'ayrimusulmon kishilarning bu ilohiy Kitob haqidagi so'zlaridan namunalar keltirgan. Shayx Ibrohim Qatton rahmatullohi alayhi bu kitobida frantsiyalik mashhur tabib Moris Bukayning gaplariga alohida e'tibor qaratadi.
Keyin doktor Mustafo Mahmudning Qur'oni Karim uslubi haqidagi «Qur'on tirik mavjudotdir» degan ajoyib ilmiy bahsini keltiradi. So'ng yana bir qancha qo'shimcha ma'lumotlar taqdim qilinganidan keyin bevosita tafsirni boshlaydi.
Shayx Ibrohim Qatton rahmatullohi alayhi avval har bir suraning umumiy ma'nosini keltiradi. Keyin esa oyatlarni tafsir qilishga o'tadi.
Bu tafsirning tili ravon bo'lib, o'quvchining malol olishiga yo'l qo'ymaydi. Tafsir to'rt jildda nashr qilingan.
Shayx Abdulhamid Kishk bu tafsirni yozishni 1981 yilda boshlagan. Yozib bitirilgan juzlarni nashrga berib, qolganlarini yozishda davom etavergan.
Tafsirning muqaddimasida Qur'oni Karimga oid ko'pgina foydali ma'lumotlarni keltirgan. Keyin suralarni tafsir qilishni boshlagan. Har bir suraga uning haqidagi alohida ma'lumotlarni qo'shib, muqaddima qilgan. Suralar orasidagi bog'lanishlar haqida ham bahs yuritgan. Bir mavzudagi oyatlar majmuasiga alohida sarlavha qo'ygan.
Shayx Abdulhamid Kishk o'z tafsirida juda ko'p ma'lumotlarni keltirgan. Bu tafsir katta hajmda, sakkiz jildda chop etilgan. Birinchi jildning o'zi ming betdan ko'p bo'lgan.
Muallif bilan bo'lgan shaxsiy suhbatda u kishi bu kitobni avval devoniyada odamlarga taqdim qilganini, keyin esa kitob shaklida chop etilganini aytib o'tgan edi. «Devoniya» Kuvaytga xos so'z bo'lib, bizdagi ba'zi kishilarning ulfat bo'lib, uylarida navbat bilan o'tkazadigan suhbatla-riga o'xshash majlis u erda shunday ataladi. Farq shundaki, ularda bir kishi uyida devoniya ochilganini e'lon qiladi va ma'lum kunlarda kishilar mazkur devoniyaga keladilar. Roshid Abdulloh Farhon janoblari Qur'oni Karimni o'z devoniyasiga kelgan kishilarga tafsir qilib bergan.
Muallif muqaddimada o'z tafsirini o'rtacha qilishni, uning olimga ham, ilm tolibiga ham mos bo'lishini iroda qilganini ta'kidlagan.
Roshid Abdulloh Farhon janoblari o'z tafsirida izohga ehtiyoji bor har bir so'zni sharhlashga harakat qilgan. Bunda arab tili lug'at ilmi ulamolarining gaplaridan keng foydalangan. Shuningdek, so'zlarning balog'at va fasohat, e'robga tegishli joylarini ham bayon qilgan.
Muallif o'z kitobida qiroatlarga oid ma'lumotlarni ham o'z o'rnida tushuntirib ketgan. Oyatlarning nozil bo'lish sabablari ham bayon qilingan. Shaxslar va makonlarning nomlari ham sharhlangan. Fiqhiy masalalarga ham keragicha ahamiyat berilgan.
Roshid Abdulloh Farhon janoblari o'z tafsirlarini yozishda ko'plab mo''tabar manbalardan foydalanganlar.
Kitob 1993 yilda to'rt jildda chop etilgan.
Bu tafsir shia mazhabidagi mo''tadil zamonaviy tafsirning namunasidir. Tafsir muallifi Muhammad Javod Mag'niya bir necha kitoblar nashr qilganidan so'ng ushbu tafsirni ta'lif qilgan. Tafsir oson, ravon til bilan zamonaviy uslubda yozilgan. Muallif hozirgi zamon o'quvchisiga Islom va Qur'on haqiqatini anglatishga harakat qilgan. Ularning hozirgi zamon talablariga qanday javob berishini yorqin misollar bilan ko'rsatgan.
Oyat yoki oyatlar majmuasini keltirgandan keyin avval lug'atga oid bahs yuritgan, keyin e'robni bayon qilgan, so'ngra umumiy ma'noni aytgan.
«At-Tafsirul-Kashif» etti jildda chop etilgan.
KYeYINGI MAVZU:
Qur'oni Karim ma'nolarining tarjimasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomani taqdim etdi.
– So‘nggi to‘qqiz yilda biz sizlar bilan, el-yurtimiz bilan birgalikda katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdik. Iqtisodiyotimiz yangidan shakllandi, bozor munosabatlari, ijtimoiy himoyani kengaytirdik, qonun ustuvorligini mustahkamladik. Eng muhimi, islohotlarimiz samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.
Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, boshlangan demokratik islohotlar qat’iy davom ettirilgani, xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi va yoshlarimizning g‘ayrat-shijoati, hamjihatlik asosi bo‘lgan mahallaning hayotimizdagi o‘rni va ta’siri kuchaytirilgani, odamlarning ongi va dunyoqarashi o‘zgarib, el-yurtimiz yanada jipslashgani, tadbirkor, dehqon va fermerlarning tashabbuskorligi va mardona mehnati, o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan do‘stona tashqi siyosat hisobiga 2025 yilda barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishildi.
Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Joriy yil eksportimiz 23 foizga oshib, 33,4 milliard dollarga yetkazilishi ta’kidlandi. Eng muhimi, oltin-valyuta zaxiralarimiz ilk bor 60 milliard dollardan oshdi.
Iqtisodiyotimizga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetdi. Jami investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31,9 foizni tashkil etmoqda. Yetakchi xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning suveren reytingini “BB-”dan “BB” pog‘onasiga ko‘tardi.
Energetika sohasida tub burilish yasalgani hisobiga elektr ishlab chiqarish hajmi 85 milliard kilovatt-soatga yetkazildi.
Bu yil 188 ta mahalladagi 715 ming aholi yashaydigan xonadonlarga birinchi marta toza ichimlik suvi kirib bordi, yana 2 million 300 mingga yaqin aholining suv ta’minoti yaxshilandi.
Joriy yilda 5 million aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqdi, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi.
Kambag‘al oilalarga mansub 168 ming nafar bola davlat bog‘chalariga imtiyozli asosda qabul qilindi. Bu yildan boshlab 208 ta bog‘chada birinchi marta inklyuziv ta’lim tizimi joriy etildi.
Yurtimizda kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi.
– Bu ishlarni boshlaganimizda aholining uchdan bir qismi kambag‘allik chegarasida yashardi. Kredit, subsidiya, kompensatsiya kabi 100 dan ziyod xizmatlar orqali ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangi tizimini yo‘lga qo‘yganimiz va bularni mahalladagi “yettilik”ning o‘ziga berganimiz natijasida 8,5 milliondan ziyod odam kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik 2 karra qisqardi.
Natijada uch yil oldin kambag‘allikni 2026 yil yakuni bilan 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan marramizni shu yilning o‘zida uddaladik, – dedi Prezidentimiz.
Iste’dodli o‘g‘il-qizlarimiz ta’lim, ilm-fan, madaniyat, san’at, sport va boshqa sohalarda erishayotgan katta yutuqlari bilan ham Yangi O‘zbekistonimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi.
Keyingi paytda yurtimiz global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoniga aylanib bormoqda.
Xususan, bu yil Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi, YUNЕSKO Bosh konferensiyasining sessiyasi, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti va xalqaro Iqlim forumiga mezbonlik qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilarining mart oyida Xo‘jandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida birinchi marta uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida tarixiy shartnoma imzolandi hamda “Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi deklaratsiya” qabul qilindi.
Mintaqamiz davlat rahbarlarining yaqinda Toshkentdagi Maslahat uchrashuvi chog‘ida integratsiya jarayonlarini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun Markaziy Osiyo hamjamiyati strategik formatini tashkil qilish g‘oyasi ilgari surildi. Ozarbayjonni Markaziy Osiyo formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilish to‘g‘risidagi qaror tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ushbu qadam Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida strategik bog‘liqlik hamda barqarorlikni kuchaytirishi shubhasiz.
Oktyabr oyida Bryusselda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va AQSH sammiti ko‘p tomonlama va uzoq muddatli sheriklikni sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi. O‘tgan haftada Tokioda Markaziy Osiyo va Yaponiya yetakchilarining uchrashuvida ta’lim, tibbiyot, raqamli texnologiyalar, infratuzilma va sanoat sohalari bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Shu haftaning boshida esa Sankt-Peterburgda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab berdi.
– Bularning barchasi xalqaro aloqalarimizni mazmun jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda. Biz dunyodagi uzoq-yaqin mamlakatlar bilan Sharq va G‘arb, Shimol va Janub bilan hamkorlik ko‘priklarini qurishda davom etamiz, – dedi Prezidentimiz.
Mahalla va yaxshi qo‘shnichilik o‘zaro uyg‘un qadriyatlardir. Ular jamiyatda ijtimoiy kapitalni yanada boyitishga beqiyos hissa qo‘shadi.
Mamlakatimizda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlarda ishtirok etganlarning 90 foizi o‘zini mahalla jamoasining bir qismi deb hisoblashi ham shundan dalolat beradi. Mahallaga shu asosda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usining yuqoriligi ushbu institut, avvalo, ijtimoiy birdamlik manbai ekanini ko‘rsatadi.
– Tarix davomida qanday og‘ir sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo birdamlikdan kuch oldik. Mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh bo‘lib qiyinchiliklarni yenggan. Oila – oilaga, qo‘shni – qo‘shniga ko‘mak berib yashagan. Biz mana shunday o‘ta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak.
Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi.
Ammo millati, tili va dinidan qat’i nazar, 38 millionli el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir.
Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyos. Chunki mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi, – dedi Prezidentimiz.
Shularning barchasini hisobga olib, Prezidentimiz 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilishni taklif qildi.
Bu tashabbusni yig‘ilganlar qizg‘in qo‘llab-quvvatladi.
Yangi yil dasturida yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar o‘z ifodasini topadi.
– Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz. Bu yo‘ldagi ishlarimiz har bir soha va tarmoqda chuqur transformatsiyani talab qiladi.
Maqsadimiz aniq: yaqin yillarda daromadi o‘rtadan yuqori mamlakatlar qatoriga kirish.
Farg‘ona vodiysidan Orolbo‘yigacha, Zarafshon vohasidan Qashqadaryo va Surxondaryogacha, Toshkentdan tortib, Jizzax va Sirdaryogacha – yurtimizning qaysi hududida yashamasin, har bir fuqaromiz bugundan boshlab islohotlar natijasini kundalik hayotida yanada ko‘proq his qilishi kerak.
Shuning uchun kirib kelayotgan 2026 yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Birinchi ustuvor yo‘nalish mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat.
Mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, uning qiyofasini yanada go‘zal va obod qilish ishlari davom ettiriladi.
Kelgusi yildan mahallani rivojlantirish bo‘yicha kompleks yondashuv joriy etiladi. Urbanizatsiya va shaharlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha yangi islohotlar boshlanadi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha siyosat davom ettirilib, 2026 yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldiriladi, tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalariga 10 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratiladi. Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion so‘m resurs beriladi. Shundan 43 trillion so‘mi xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Ikkinchi ustuvor yo‘nalish – iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish.
Bundan buyon har bir dollar investitsiya, eng avvalo, ilg‘or texnologiyalar transferi, tashqarida bozori aniq, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga, energiya, suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanishda samaradorlikni oshirishga, mahalliy ishchilarni yangi texnologiyalar bilan ishlashga o‘qitish va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi.
Yangi texnologik bosqichga o‘tish va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish bo‘yicha sanoatni rivojlantirish dasturi boshlanadi. 2026 yilda 52 milliard dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start beriladi. Kelgusi yilning o‘zida 14 milliard dollarlik 228 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi.
Kelgusi yilda iqtisodiyotda 6,6 foiz o‘sishni ta’minlab, yalpi ichki mahsulotni 167 milliard dollarga yetkazish prognoz qilinmoqda.
Innovatsiya asosida yuqori texnologik mahsulot ishlab chiqarayotgan korxonalar rag‘batlantiriladi. Korxona mutaxassislarining ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalaridan olgan daromadi soliqdan ozod qilinadi.
Kelgusi yilda Toshkent shahri, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatida 4 ta data-markaz, 2 ta super kompyuter va 15 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu tibbiyot, transport, qishloq xo‘jaligi, geologiya, bank-moliya, jamoat xavfsizligi kabi muhim sohalarda 100 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
– Bugun sizlarga yana bir muhim yangilikni aytmoqchiman. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sun’iy yo‘ldosh va mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha ishlarni boshladik, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari uchinchi ustuvor yo‘nalish – ichki bozorda talabni rag‘batlantirish masalasiga to‘xtaldi.
To‘qqiz yilda qulay biznes muhiti yaratilib, tovar va xizmatlar hajmi va turi ko‘paytirilgani, kam daromadli oilalar uchun yiliga kamida 1 milliard dollar arzon kredit berilayotgani, inflyatsiya darajasi “bir xonali” raqamga tushirilgani natijasida aholining xarid qobiliyati 2 karra o‘sdi.
Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, iqtisodiyotda eng katta talab yaratadigan uy-joy ipotekasiga 2026 yilda 23 trillion so‘m resurs ajratiladi. Uy-joy sotib olishda boshlang‘ich to‘lov va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun 2 trillion 700 milliard so‘m subsidiya beriladi. Shuningdek, bitta kvartira uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka kreditining miqdori 15 foizga oshiriladi.
Xizmatlarga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish uchun 2026 yilda sohaga 85 trillion so‘m kredit, 9 trillion so‘m subsidiya ajratiladi. Xususan, ta’lim xizmatlari uchun budjetdan 7 trillion so‘m beriladi.
Keyingi besh yilda xorijiy turistlar sonini 2 karra oshirish, turizm xizmatlari hajmini esa 20 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha katta marra olinmoqda. Shu maqsadda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Turistlar oqimi tobora oshayotgani aviatsiya va temir yo‘lda yo‘lovchi tashish quvvatini 2 barobar ko‘paytirishni taqozo etmoqda. Shu bois, 2026 yilda aviaparkdagi havo kemalarining soni 120 taga yetkaziladi.
Ichki temir yo‘llarni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilinadi. Shaharlarni tezyurar poyezdlar qatnovi bilan bog‘lash uchun 2026 yildan yana 500 kilometr temir yo‘l qurilishi boshlanadi. Avtomobil yo‘llarining sifatini yaxshilash, tranzit salohiyatini yanada oshirish maqsadida besh yillik dastur amalga oshiriladi.
Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish kelgusi yil uchun dasturning to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishidir.
Hozirgi vaqtda yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt ta’sirida dunyoda ish o‘rinlarining soni, shakli va mazmuni keskin o‘zgarmoqda. Yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi to‘liq avtomatlashtiriladi, 50 foizi bo‘yicha esa yangi malakalar talab qilinadi.
– Endilikda mamlakatimiz mehnat bozori mutlaqo yangi arxitektura asosida – kasb, malaka, texnologiya va ta’limni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi zarur, – dedi Prezidentimiz.
2026 yildan boshlab har yili kamida 100 tadan texnikum to‘liq ta’mirlanib, texnologik va talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos holda jihozlab boriladi. Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy qilingan texnikumlar soni 100 taga yetkaziladi.
2026 yilda 7 ta viloyatda, 2027 yilda esa qolgan hududlarda Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar shaharchasi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Tibbiyot tizimida ham kasbiy ta’limni rivojlantirish uchun Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan har bir hududdagi bittadan texnikumda xalqaro standart asosida hamshiralar tayyorlash boshlandi. Endi ana shu texnikumlarga Germaniya, Shveysariya, AQSH, Yaponiya kabi davlatlarning ta’lim dasturlari ham joriy etiladi.
Shu asosda xalqaro talablarga javob beradigan, xorijiy tillarni biladigan hamshiralar tarkibi shakllantiriladi.
Beshinchi ustuvor yo‘nalish – ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish.
Yirik korxonalarga filtr, tozalash inshooti va havoga chiqariladigan zararli moddalar tashlanmalarini monitoring qilish stansiyasi o‘rnatish uchun 100 million dollarlik kredit liniyasi ochiladi.
Shaharlardagi tirbandliklar nafaqat odamlar hayotini qiyinlashtirmoqda, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazayotgani qayd etildi. Shu bois, dunyo tajribasidan kelib chiqib, avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar berish tizimi joriy etiladi.
Katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi. Bunday transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr o‘rnatish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.
Eski mashinasini almashtiraman deganlarga avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi. Filtr o‘rnatib, zararni kamaytirishga tayyor bo‘lgan haydovchilar uchun xarajatlarining bir qismi bo‘yicha subsidiya ajratiladi.
Poytaxtimiz va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘ladi.
Ekologik avtomobillarni ko‘paytirish bo‘yicha besh yillik dastur amalga oshiriladi. Bunda mahalliy elektromobillarga 12 foizli, xorijiy elektromobillarga esa 16 foizli avtokreditlar ajratiladi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar beriladi, yerlarni auksiondan 2 karra arzon narxda sotib olish imkoniyati yaratiladi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida avtomobillarni zaryadlashda 1 kilovatt-soat elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi davlat budjetidan qoplab beriladi. Elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatadigan fuqarolarga ham bir qator imtiyozlar beriladi.
Chang-to‘zonlarning oldini olish uchun Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon” va Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiyda jami 250 ming gektar, jumladan, Orolning qurigan tubida 115 ming gektar yerda daraxt va butalar ekiladi. Har bir hududda botanika va dendrologiya bog‘lari hamda 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari barpo qilinadi.
Umuman, ekologiya sohasiga 2026 yilda 1 trillion 900 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish tadbirlariga 2026 yilda jami 3 trillion 300 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, 1 ming 300 kilometr yirik magistral kanallar beton bilan qoplanadi. Bu qo‘shimcha ravishda yiliga 500 million kub metr suvni iqtisod qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, joylardagi ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi. Kanallarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha ham katta loyihalar boshlanadi.
160 million dollarlik katta dastur doirasida Toshkent shahrida 150 kilometr yopiq drenaj tizimi barpo etiladi, 197 kilometr kanal va kollektorlar ta’mirlanadi, 63 kilometr yangi kanallar barpo qilinib, shaharda salqin mikroiqlim yaratiladi.
Oltinchi ustuvor yo‘nalish – zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlar davom ettiriladi.
Avvalo, 2026 yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanadi.
Endi barcha davlat idoralarining 1 mingdan ziyod davlat xizmatlari, 5 mingdan ortiq funksiya va vazifalari, 240 ta ma’lumot bazasi va axborot tizimi, 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisining mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasidagi vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinadi.
– Eng muhimi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilisiz, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli ekotizim yaratamiz. Davlat xizmatlarini proaktiv va jamlanma shaklda ko‘rsatish tizimini rivojlantiramiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Bundan buyon davlat xaridlarida tovar, ish va xizmatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish mumkin bo‘lgan holatlar faqat qonun bilan belgilanadi.
Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida viloyat hokimlari va mahalliy kengashlar raislari lavozimlari bir-biridan ajratilgan edi. Endi bu tizim 2026 yildan 208 ta tuman va shaharda ham yo‘lga qo‘yiladi.
Davlatimiz rahbari islohotlar samaradorligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli muhim ekanini ta’kidladi. Shu bois, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha siyosat kelgusida ham izchil davom ettiriladi. Xususan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiya ishlab chiqiladi.
– Takror aytaman, yurtimizdagi keng ko‘lamli yangilanishlar davrida ochiqlik siyosatidan hech qachon ortga qaytmaymiz. So‘z va matbuot erkinligini ta’minlash ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi, – dedi Prezidentimiz.
Sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi.
Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va roli oshirib borilishi ta’kidlandi. Endi jinoyat protsessiga ingliz huquqidagi davlatlarda ijobiy natija bergan “Xalq vakillari hay’ati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Narkojinoyatlarga qarshi kurashish umummilliy harakatga aylantirilib, jamiyatda bu illatga murosasiz muhit yaratiladi.
Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishda barcha davlat idoralari va keng jamoatchilikni safarbar qilgan holda bunday salbiy holatlarga barham berish bo‘yicha samarali ishlaydigan tizim yaratish topshirildi.
– Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa islohotlarimizga xiyonatdir!
Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda “favqulodda holat” e’lon qilamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi. Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Davlatning har bir so‘m mablag‘i, resursi bo‘yicha shaxsiy javobgarlik kuchaytiriladi.
Jahonda murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolar tobora avj olib bormoqda. Bunday murakkab vaziyatda barcha davlatlar bilan teng huquqli va konstruktiv munosabatlarni yanada mustahkamlash, mutanosib ochiq tashqi siyosat olib borishga qaratilgan faoliyat davom ettiriladi. Nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, iqtisodiy institutlar bilan yaqin hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi.
– Erishilgan ulkan natijalar, yangi ustuvor vazifalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.
Yurtimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, aholining fikr-mulohazalari asosida takomillashtiriladi, – dedi Prezidentimiz.
Kelgusi yilda ijtimoiy-madaniy hayotimizdagi muhim sanalar keng nishonlanishi ta’kidlandi. Jumladan, Vatanimiz mustaqilligining shonli 35 yilligi katta bayram sifatida o‘tkaziladi. Sohibqiron Amir Temur, Mir Alisher Navoiy bobolarimizning qutlug‘ tavallud ayyomlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi.
– Bugun tarixning o‘zi, hayotning o‘zi zimmamizga buyuk bir mas’uliyatni yuklamoqda. Jonajon Vatanimiz bugun yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, ma’naviy munosabatlar asosida yashab, mehnat qilayotgan, mustaqil fikrlaydigan, ozod va erkin insonlar diyoriga aylanmoqda.
Bir bo‘lsak, yagona xalq, yagona millat bo‘lib harakat qilsak, ko‘zlagan ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz! Men bu yo‘lda mard va olijanob xalqimizga ishonaman! O‘zbekistonning beqiyos kuchi va imkoniyatlariga, aziz yoshlarimizning azmu shijoatiga ishonaman! – dedi Prezidentimiz Murojaatnoma yakunida.
https://president.uz/uz/lists/view/8833