— Ko'pincha ovqatlangandan so'ng “edik, ichdik, savoblarini o'tganlar ruhiga bag'ishladik”, deb duo qilinadi. Inson ovqat tanovul qilsa ham savob bo'ladimi, buning hikmati nimada? Aslida dasturxonga nima deb duo qilish kerak?
— Qilingan barcha yaxshilikning savobini o'tganlarga bag'ishlash joiz. Shuningdek, taom berish kabi yaxshiliklardan hosil bo'lgan savobni bag'ishlash shariatimizda bor. Taomdan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha duo qilar edilar. Shunisi sunnat.
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qachon dasturxonlari yig'ishtirilsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohga ko'p, pok, muborak hamd bo'lsin. Undan o'zga kifoyachi yo'q. U tark qilingan ham emas. Undan behojat ham bo'linmas. Robbimiz”, der edilar” (Beshovlaridan faqat Imom Muslim rivoyat qilmagan).
Imom Buxoriyning rivoyatida: “Bizga kifoya qilgan va bizni qondirgan, Undan o'zga kifoyachi yo'q va inkor ham qilinmagan Allohga hamd bo'lsin”, deyilgan.
“Sunan” sohiblarining rivoyatida: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon taomlaridan forig' bo'lsalar: “Bizni edirgan, ichirgan va musulmonlardan qilgan Allohga hamd bo'lsin”, der edilar”, deyilgan.
Mu'oz ibn Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim taom esa-yu, keyin: “Shuni mening kuch-quvvatimsiz menga taom qilib, rizq qilib bergan Allohga hamd bo'lsin” desa, uning avvalgi gunohlari mag'firat qilingay”, dedilar” (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a'lam!
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ro‘zadorga ikki xursandchilik bor. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘ladi. Robbisiga yo‘liqqanida xursand bo‘ladi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolar ushbu hadisning sharhida bunday deydilar:
"Birinchi xursandchilik - farz ibodatni salomat holda bajargani, Alloh taolo unga kuch-quvvat va tavfiq bergani, ko‘plab savoblarga ega bo‘lgani uchun bo‘ladi.
Ikkinchi xursandchilik - oxiratda Robbiga yo‘liqqanida tutgan ro‘zasi uchun berilgan ulkan savoblarni ko‘rganida bo‘ladi".