Tarixdan yaxshi ma'lum, Nabiy alayhissalomning safdoshlari kofir va mushriklarga qahri qattiq, mo'min-musulmonlarga nisbatan esa rahmdil bo'lishgan.
Hadisi sharifda: “Bir-birlaringizga mehribon bo'lmaguningizcha jannatga kira olmaysiz”, deyildi (Imom Hokim rivoyati). Shunda sahobalar: “Bizlarning har birimiz farzandlarimizga mehribonmiz”, deyishdi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Bu rahmat emas. Haqiqiy rahmat kishi o'ziga ravo ko'rgan narsasini birodariga va farzandlariga ilinishidir”, dedilar.
No''mon ibn Bashir roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda esa: “Mo'minlarning barchasi bir kishi kabidir. Uning bir a'zosi og'risa, tanasining barcha a'zosi isitmalaydi va bedor bo'ladi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
“Ularni (mudom) Allohdan fazl va rozilik tilab ruku va sajda qilayotgan hollarida ko'rarsiz”. Ya'ni, bu Allohdan jannatni so'rab, rahmatidan umidvor bo'lishidir. “Ruku va sajda qilayotgan hollari...”ning esa ikki xil ma'nosi bor. Birinchisi, ularning namozni doimiy tarzda jamoat bilan o'qishi muntazam ravishda ruku va sajda qilishiga ishora etilmoqda. Ikkinchisi, Rabbisidan qo'rqishi hamda mo'minlarga tavozeli bo'lishdir.
Ba'zi mufassirlar “Allohdan fazl va rozilik tilab...”dan murod yashash uchun zarur narsalarni so'rash ekanini aytishadi.
“Ularning yuzlarida sajda asoratidan (qolgan) belgilari bordir”. Hasan Basriy rahimahulloh va boshqalar oyatdan murod yuzlarida gunohlari bois qo'rquv va namozning belgilari bor, deydilar.
“Ularning yuzlarida...” oyatidan murod qiyomat kuni tahorat va sajda belgilari borligi uchun shunday deyilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «“Men qiyomat kuni ummatimni boshqa ummatlar orasida taniyman”, dedilar. Shunda sahobalar: “Qanday qilib taniysiz?” deyishdi. Nabiy alayhissalom: “Sajda belgilari tufayli qiyomat kuni ummatimning (peshonasi) porlab turadi. Lekin bu holat hech bir ummatda uchramaydi”, dedilar» (Imom Ibn Moja rivoyati).
“Mana shu (sifatlar) ularning Tavrotdagi misollaridir.
Davomi bor...
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligidagi delegatsiya Istanbulda bo‘lib o‘tgan Fatvo kengashlarining xalqaro maslahat yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda Qatar, Afg‘oniston, Bolgariya, Somali, Mavritaniya, Yaman, Falastin, Suriya, Iroq, BAA, Qozog‘iston, Rossiya, Indoneziya, AQSH, O‘zbekiston va boshqa ko‘plab davlatlardan fatvo markazlari vakillari qatnashdi.
Uchrashuvda Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Somali vaqflar vaziri, Mavritaniya ta’lim va islom ishlari vaziri, Yaman vaqflar va irshod vaziri, Falastin oliy shar’iy qozisi, Suriya bosh muftiysi hamda boshqa diniy ulamolar nutq so‘zladi.
Tadbir fatvo kengashlarining ummat birligini mustahkamlashdagi roliga bag‘ishlandi. Fatvolarni jamoaviy ishlab chiqish, ayni bir diniy masala bo‘yicha zid talqinlar tarqalishining oldini olish va yoshlarni qiziqtirgan e’tiqod masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Oila instituti muammolari, fatvo kengashlarining zo‘ravonlik va terrorizmga munosabati, migratsiya bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham fikr-mulohaza almashildi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar arab tilida O‘zbekistonda diniy sohada amalga oshirilayotgan davlat siyosati va islohotlar haqida so‘z yuritib, bu boradagi asosiy yo‘nalishlar va rejalar haqida ma’ruza qildi.
Muftiyning ta’kidlashicha, tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi davrda ummat hamjihatligi tinchlik va taraqqiyotning muhim omilidir. Fatvo kengashlari zamonaviy muammolarga shariat mezonlari va mo‘tadillik tamoyili asosida yechim topishi lozim. Internet orqali tarqatilayotgan asossiz fatvolarning oldini olish zarur.
Shu bilan birga, Misr Fatvo uyining “Imom Qarofiy” mukofotiga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston Fatvo markazining faoliyati va tajribasi haqida ham alohida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbarining fatvo hay’atlari tomonidan tasdiqlangan fatvolar uchun yagona raqamli platforma tashkil etish, internetda fatvo e’lon qilish va sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha mezonlarni ishlab chiqish, malakali faqihlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish yuzasidan ilgari surgan takliflari ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.
O‘zbekiston va Turkiya diniy idoralari vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ziyorat turizmi, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik hamda boshqa sheriklik yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvga erishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati