Bugun muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning barcha sohalarga qaratayotgan e'tibori hammani birdek to'lqinlantirmoqda. Yurtboshimizning viloyatlarga safarlari chog'ida aholi bilan muloqotlarini kuzatar ekanmiz, bevosita ko'zimizdan sevinch yoshlari tomchilaydi. Yangicha O'zbekistonga yangi nazar bilan boqa boshlaymiz.
So'nggi yillarda xotin-qizlarga munosabat yangicha mazmun kasb etdiki, buning natijasida mushtipar opa-singillarimiz bugun jamiyatning turli sohalarida fidoyilik ko'rsatib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo'shishyapti.
Muhtaram Yurtboshimiz yaqinda o'tkazilgan xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig'ilishida: “Oliy ma'lumotli bo'lishni istagan, qobiliyati, bilimi bor, lekin taqdir taqozosi bilan orzusiga erisha olmagan xotin-qizlarni rag'batlantirish tizimi joriy qilinadi. Ya'ni, ota-onasining biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo'q yolg'iz ayollarning shartnoma to'lovi hokimlik va oliy o'quv yurti hisobidan qoplab beriladi”, deya ta'kidladi.
Demak, tez orada ma'rifatli qizlar, bilimli ayollar safi yanada kengayadi. Zotan, yovuzlik ustidan ezgulik, razolat ustidan adolat, yomonlik ustidan yaxshilik g'alaba qozongani singari ilm ham hamisha jaholatdan ustun kelgan.
Nozik xilqat egalari – ayollar bilan ishlaydigan biz otinoyilar ham mamlakatimmizda diniy-ma'rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan ilhomlanib, bir nechta xayrli ishlarni amalga oshirishda qo'lni qo'lga berib ishlayapmiz.
Diniy-ma'rifiy, ma'naviy muhitni sog'lomlashtirishda otinoyilar bilan bir qancha tadbirlar uyushtirib, tushuntirish ishlari olib boryapmiz. Shuningdek, ijtimoiy ko'makka muhtoj, yolg'iz va boquvchisini yo'qotgan ayollar bilan tinmay aloqada bo'lib, turli yordamlarni ko'rsatib kelyapmiz.
Bundan tashqari, oilaviy ajrimlarning oldini olish va yosh oilalarni saqlab qolishda etarlicha foydamiz tegyapti. Bu bilan tirik etimlar soni ortishiga yo'l qo'yilmayapti.
Oliy, o'rta-maxsus hamda umumta'lim o'quv maskanlariga tashrif buyurar ekanmiz, yoshlar o'rtasida milliy qadriyatlarni yuksaltirishga ham qo'ldan kelgancha o'z hissamizni qo'shyapmiz. To'y-marosimlarni ixchamlashtirishda, ayrim bid'at-xurofotlarning oldini olishda tinmay mehnat qilib kelmoqdamiz.
Ana shu kamtarona xizmatlarimiz davlatimiz tomonidan yuksak rag'batlantirilib, kuni kecha matbuotda e'lon qilingan «8 mart – Halqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to'g'risida»gi Prezident Farmoniga binoan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Bu mukofot bizni yanada ruhlantirib, yangi-yangi marralarga chorlaydi.
Qisqasi, shu va boshqa faoliyatlarimiz bilan yurtimiz tinchligi hamda faravonligi yo'lida zarracha bo'lsin, ko'maklasha olsak, o'zimizni baxtiyor his etamiz.
Hanifaxon NIShONOVA,
Yangiyo'l tumani bosh imom-xatibining
xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi
حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.
Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.
U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.
Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD