— Masjidda namoz payti imomga qancha yaqin qatorda o'tirsa, shuncha savobi katta, deb eshitgandim. Shu rost-mi?
— Albatta, avvalgi safga savob bor. Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam safning u boshidan bu boshigacha orani to'g'rilab, elkalarimiz va ko'kraklarimizni silab chiqar va: “Ixtilof qilmanglar, yana qalblaringiz ixtilof qilib qolmasin”, der edilar. Yana: “Albatta, Alloh va Uning farishtalari birinchi saflarga salovot ayturlar”, der edilar” (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy rivoyat qilganlar).
Sharh: Bu hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam saflarning to'g'ri bo'lishiga nafaqat og'izda, balki amalda ham e'tibor berganliklari bayon etilmoqda. Safning to'g'riligini ko'rish bilan kifoyalanmay, qo'llari bilan ham ushlab, to'g'rilab chiqishlari shuni ko'rsatadi. Imomlarimiz ham ushbu sunnatga amal qilishlari kerak.
Ikkinchidan, safdagi qing'ir-qiyshiqlik musulmonlarning qalblaridagi egrilikka ham sabab bo'lib qolishi mumkinligi bayon qilinmoqda. Demak, musulmonlar jamoat namozida safni to'g'ri olib, bir tekis tutsalar, qalblari ham to'g'ri bo'ladi. Agar ular saflarini qing'ir-qiyshiq tutsalar, qalblari ham egri bo'lib qoladi. Namoz o'qib, jamoatda ishtirok etganlarning holi shu bo'lsa, namoz o'qimay, jamoatga kelmay yurganlarning holi qanday bo'lishini o'zingiz bilib olavering!
Uchinchidan, hadisda Alloh birinchi safda turganlarga O'z rahmatini nozil qilishi, farishtalarning ularning haqqiga istig'for aytib, duo qilishlari bayon qilinmoqda. Demak, safda turgan namozxonlar o'zlariga Allohning rahmati yog'ilayotganini va farishtalarning duo qilayotganlarini his qilib turishlari lozim. Bu qanday ham yaxshi holat! Allohning rahmatiga, farishtalarning duolariga loyiq bo'lmoq va ularga erishishga muvaffaq bo'lmoq lozim! (“Hadis va Hayot” kitobidan) Vallohu a'lam!
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Vanihoyat kutilgan final o‘yini bo‘lib o‘tdi. “Muftiy sovrini – 2025” mini-futbol musobaqasi yakuniy uchrashuvida Namangan vakilligi va Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti jamoalari o‘zaro bellashdi. Ikkala jamoa ham ushbu musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib kelishgani yaqqol namoyon bo‘ldi. Boisi ularning saralashlardan muvaffaqiyatli o‘tib, yuqori bosqichgacha yetib kelgani ham bejis emas.
Final o‘yinini taniqli futbol sharhlovchilari Mirzahakim To‘xtamirzayev va Orif Tolipov sharhlab bordi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra:
1-o‘rin: Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti jamoasi;
2-o‘rin: Namangan vakilligi jamoasi;
3-o‘rin: Samarqand vakilligi jamoasiga nasib etdi.
Murosasiz kechgan o‘yinni futbol shaydolari olqishlar ila kuzatib borishdi. Asosiy vaqtda jamoalar 4:4 hisobida durang qayd etishdi. G‘olib jamoa penaltilar seriyasi orqali aniqlandi. Unda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti jamoasi 4:2 hisobda mutlaq chempion bo‘lishdi.
Musobaqadan so‘ng taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, O‘zbekiston milliy terma jamoasi yordamchi murabbiyi Temur Kapadze, futbol afsonasi Mirjalol Qosimov va bir guruh mutasaddilar bosh kubokni final o‘yini g‘olibi Qoraqalpog‘iston jamoasiga tantanali tarzda topshirdi.
Shuningdek, g‘olib jamoa a’zolarining har biriga birinchi o‘rin medali va noutbuk taqdim etildi.
Namangan jamoasiga esa ikkinchi o‘rin medali va zamonaviy televizor, Samarqand jamoasiga uchinchi o‘rin medali va planshet topshirildi.
Hakamlar, “Eng yaxshi darvozabon”, “Eng ko‘p to‘purar”, “Eng yaxshi o‘yinchi” nominatsiyalariga sazovor bo‘lgan o‘yinchilarga ham qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, barcha o‘rin sohiblariga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari ham taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati