2016 yilda Frantsiya meditsina akademiyasi, “Avitsenna – Franse” (Ibn Sino – Frantsiya) jamiyati va MYeD21 dasturi tomonidan ta'sis etilgan Halqaro Ibn Sino mukofoti 2021 yilda O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarovga topshirildi.
Bu haqda xalqaro hay'at qarori e'lon qilindi.
O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi direktsiyasi qarorgohi Frantsiyada joylashgan “Ibn Sino – Frantsiya” jamiyati rahbari, professor Bonnel va u orqali xalqaro hay'at a'zolariga minnatdorlik maktubi yo'lladi. Unda, jumladan, ushbu qaror so'nggi yillarda O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida O'rta asrlar allomalarining bebaho merosini saqlash va o'rganish bo'yicha amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlarning e'tirofi sifatida qabul qilingani bayon etilgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Shoazim Minovarovni ushbu nufuzli mukofot bilan muborakbod etadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Qashqadaryo viloyatida muborak Ramazon oyini yuqori saviyada kutib olish va mo‘min-musulmonlar uchun masjidlarda qulay shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasining tegishli buyrug‘i asosida hududlardagi ibodat maskanlari mavsumga shay holatga keltirilmoqda.
Amalga oshirilgan asosiy ishlar:
Masjid binolari va atrofi obodonlashtirilib, sanitariya holati yaxshilandi;
Tahoratxonalar, isitish va yoritish tizimlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi;
Taroveh namozlarini xavfsiz va tartibli o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar belgilandi.
Joriy yilning 28 yanvar kuni viloyat hokimining o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov Koson tumanidagi masjidlar faoliyati bilan tanishdilar. O‘rganish davomida namozxonlar uchun yaratilgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Bu kabi o‘rganish ishlari viloyatning barcha tumanlarida davom ettiriladi. Maqsad — muqaddas oyni yuksak ruhiy kayfiyatda, tinchlik va osoyishtalikda o‘tkazishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Axborot xizmati