Oila va farzand tarbiyasida ayolning o'rni beqiyos bo'lgani kabi jamiyat hayotida ham otinoyilarning mavqei juda muhim. Din va dunyoviy ilmlar bilimdoni, ayol-qizlar murabbiysi, diniy marosimlarga boshchilik qiladigan ma'rifatli ayol bo'lgan otinoyilarimiz o'rni pandemiya davri va turli tabiiy ofatlar tufayli elu yurtimiz boshiga tushgan sinovlar oqibatlarini bartaraf etishda, ayniqsa, yoqqol namoyon bo'ldi.
Kuni kecha Yurtboshimiz farmoni bilan bir guruh ayollar faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandi. Ular orasida bir qator otinoyilarimiz ham yuksak davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Jumladan, Qoraqalpog'iston musulmonlari qoziyoti xotin-qizlar masalalari bo'yicha qozi yordamchisi, bosh otinoyisi Dosimbetova Tamara Jumabayevna “Do'stlik” ordeni bilan; Toshkent shahar Uchtepa tumani bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Karabayeva Nafisa Kutpitdinovna, Toshkent viloyati, Yangiyo'l tumani bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Nishanova Hanifaxon Sobirovna, Andijon viloyati, Andijon tumani bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Yunusova Hamidaxon Haldarovnalarga “Shuhrat” medali berildi.
Otinoyilarimizning fidoyi xizmati har qanday maqtov va mukofotga loyiqdir! Zero, Qur'oni karimda: “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir”, deya marhamat qilinadi. Ushbu yuksak mukofot ham kelgusida otinoyilarimizning yurtimiz tinchligi va ravnaqi, xalqimiz farovonligi va dinimiz targ'ibi yo'lidagi xayrli ishlarda yanada shijoat bilan faoliyat olib borishiga turtki bo'ladi, inshaalloh.
Alloh taolo otinoyilarimizga ushbu mukofotlarni muborak qilsin, xalqimiz ma'rifatini oshirish yo'lidagi faoliyatiga rivoj bersin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.
– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.
Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:
– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga tayyormiz.
Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi.