Sovuq qish kunlarida, ko'p odamlar bino ichida qolgani ma'qul. Biroq, qattiq sovuq paytida ba'zilar uyda shunchaki qo'l qovushtirib o'tirishni o'ziga ep ko'rmaydi.
Qo'shma Shtatlardan ikki farzandning yolg'iz onasi Aliya Muzamil o'tgan hafta Texasdagi qattiq sovuq paytida uch kunu tun elektrsiz qoldi.
"Bolalarimni qo'shnilarim bilan qoldirib, u erda tarqatilayotgan issiq ovqatni olish uchun masjidga bordim", – dedi muslima ayol. – "Haddan tashqari sovuq tufayli ko'pchilik uydan chiqmaydi deb o'ylagandim".
Irving Islom markaziga borganida, u erga yordam olish ilinjida kelgan 150 nafardan ortiq odamlarning avtomobillarini ko'rgan.
O'tgan hafta qish bo'roni Texasning butun shtatiga ta'sir qilib, natijada kamida 29 kishi o'lgan va qattiq sovuqda millionlab odamlar bir necha kun davomida elektr energiyasiz qoldi.
Muzdek ob-havoda odamlarga yordam berish harakatlari Irvingning musulmonlar jamoasi bilan cheklanib qolmadi.
Ist-Plano Islom markazida (EPIC) ko'ngillilar muhtojlarga 1500 dan tushliklarni tayyorlash uchun ishlashdi.
Markaz rahbari Nadim Bashir: "O'z yaqiningni yaxshi ko'rmasang, mo'min bo'lolmaysan", - dedi.
Islam.ru ma'lumotlarga ko'ra, ehtiyojmand qochqinlarga yordam beruvchi Ma'ruf Dallas notijorat tashkiloti ham 50 000 dan ortiq suv bilan idishlar, yuzlab adyol, paypoq va 1000 ta issiq tushlik tarqatdi.
"Tashkilotimizning asosiy tamoyili - "harakat orqali iymonni mustahkamlashdir", - deydi Ma'ruf Dallas Ijrochi direktori Fuad M. Dadabxoy.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi vakilliklar, masjidlar va ularga yaqin hududlarda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga befarq bo‘lmaslik, tabiatni asrab-avaylash maqsadida kuzgi daraxt ekish ishlari jadallik bilan amalga oshirildi. Mazkur xayrli ishlar soha xodimlari o‘rtasida "Tabiat – Alloh taoloning omonatidir" shiori ostida o‘tkazildi. Zotan, xalqimizda ming yillardan beri davom etib kelayotgan go‘zal an’analar, urf-odatlarimiz borki, ular dinimiz bizga ta’lim bergan go‘zal axloq, odamiylik, o‘zaro muhabbat, hamjihatlik, obodonlashtirish kabi oliyjanob ishlarni o‘z ichiga oladi.
Dinimiz Islomda ham daraxt ekish juda katta savobli, barakali va payg‘ambarlar sunnatlariga muvofiq amalligi ko‘p bora aytilgan. Qur’on va hadislarda bu amalning fazilatlari bayon qilingan. Jumladan: “Biror musulmon daraxt eksa yoki ekin eksa, undan odam, hayvon yoki qush yesa, bu uning uchun sadaqa bo‘ladi” deyiladi (Imom Buxoriy rivoyati).
Mazkur savobli amalning ijrosi uchun bel bog‘lagan Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti, Toshkent shahri va viloyatlar vakilliklari o‘z hududlari hamda Respublikamizdagi 2147 ta masjid hududida bosh imom-xatiblar boshchiligida joylardagi mahalla faollari tomonidan jami 32 ming 670 tup daraxt ko‘chatlari ekildi. Shundan 22 ming 775 tasi manzarali, 9 ming 632 tasi mevali ko‘chat hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish mumkinki, ko‘chat ekish muddati navdan, iqlimdan va ko‘chatning turidan kelib chiqib farqlanadi. Biroq, odatda ko‘chat ekish uchun eng yaxshi vaqt kuzdan bahorgacha bo‘lgan oraliq hisoblanadi. Chunki bu davrda ko‘chatlar yaxshi tomirlagan holda tuproqqa obdon o‘rnashib, yozgi issiqlarga chidamli bo‘lib yetishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati