— Ba'zilar Hizr buvani ko'rdim, deydi. Hizr buva o'zi kim va rostdan bor-mi? Odamlar ko'ziga ko'rinadi-mi?
— Qur'oni karimning “Kahf” surasida Hizr alayhissalom haqida qissa kelgan. Bu qissani ulamolarimiz “Muso alayhissalom va solih banda qissasi” deb ataydilar. Chunki Qur'onda Hizr alayhissalom “Hizr alayhissalom” nomi bilan atalmagan, balki “solih banda” deb atalgan.
“Kahf” surasida kelgan oyatlarning tafsirida Imom Buxoriy keltirgan rivoyatda solih banda “Hazr” deb ataladi, biz “Hizr” deb o'rganib qolganmiz. Ana shundan Hizr alayhissalom borligi, Qur'onda “solih banda” nomi bilan esga olinganligi va sahih hadislarda “Hizr” nomi bilan tanilganliklari, mashhur bo'lganliklari kelib chiqadi.
“Hizr alayhissalom bor, doim bo'ladi, odamlarga ko'rinib turadi”, degan ulamolarimiz ham bor. Bu gapni ko'proq ahli tasavvuflar aytishadi. Lekin ochiq-oydin Hizr alayhissalomning barhayot ekanliklari, qiyomatgacha boqiy qolishlari va odamlarga ko'rinib turishlari to'g'risida na Qur'onda va na hadislardan dalil keltira olmaydilar. Agar mabodo hozirgi kundagi ba'zi bir kishilar dalil keltirishayotgan bo'lsa ham, u dalillar noto'g'ri, to'qima va zaif hadislardan olinganligi ma'lum.
Har kim Alloh taoloning O'zidan hojatini so'rab boraversa, yaxshi bo'ladi. Hizr alayhissalomni ko'rib, u kishidan biror narsa so'rash ma'nosidan ko'ra afzali shu. Ibodatlarni vaqtida ado qilib, namozlarni ixlos bilan o'qib, duo qabul bo'lish shartlarini o'rganib, Allohning O'zidan so'rash tajribadan o'tgan haqiqat hamdir. Alloh taolo barchamizning hojatlarimizni ravo qilsin!
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Bu muqaddas oyda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush farovonligini yaxshilash va jamiyatda o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Ramazon oyi munosabati bilan mamlakatimizda muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir martalik moddiy yordam ajratilmoqda. Tegishli tartibga muvofiq, ehtiyojmand fuqarolarga 1 million va 500 ming so‘m miqdorida moliyaviy ko‘mak taqdim etilmoqda.
Mazkur tashabbus nafaqat moddiy yordam, balki davlatning aholiga bo‘lgan e’tibori, g‘amxo‘rligi va ijtimoiy mas’uliyatining amaliy ifodasidir. Ayniqsa, muqaddas oyda bunday ko‘makning yetkazilishi hududlardagi ko‘plab oilalar uchun katta ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘lmoqda.
Jumladan, Namangan viloyatida ham 68 mingdan ortiq oilaga bir martalik moddiy yordam yetkazilishi rejalashtirilgan.
Joylarda bu jarayon izchil va manzilli tarzda amalga oshirilib, yordam haqiqatan ehtiyojmand aholi qatlamini qamrab olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunday ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlari jamiyatda o‘zaro mehr-muruvvat muhitini mustahkamlab, inson qadri va farovonligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasini namoyon etmoqda. Ramazon oyida ezgulik va saxovat har bir xonadonga kirib borayotgani esa bu ishlar samarasining yaqqol ifodasidir.
Bunday savobli amallar respublikaning barcha tumanlarida davom ettiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA