Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam onalarining qabrlarini ziyorat qildilar va yig'ladilar. Hatto atrofidagilarni ham yig'latdilar.
Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men sizlarni qabrlar ziyoratidan qaytargan edim. Endi ularni ziyorat qilaveringlar”, deb marhamat qildilar (Imom Muslim rivoyati). Imom Ahmad va Imom Termiziylarning rivoyatida: “Bas, ularni ziyorat qilaveringlar. Chunki ular sizlarga oxiratni eslatadi”; Imom Ibn Mojaning Abdulloh Ibn Mas'ud roziyallohu anhudan qilgan rivoyatida esa: “Albatta, u dunyoda zuhd qildiruvchidir”, degan qo'shimcha so'z bor.
Hadisdagi “Ziyorat qilinglar” buyrug'i aksar usul ulamolari nazdida vojibni ifodalaydi. Jumhur ulamolar nazdida esa qabr ziyorati sunnat yoki mustahab hisoblanadi. Uni muboh degan faqihlar ham bor. Hanafiylarning mujtahid olimlaridan Kamol ibn Humom rahimahulloh bu borada mo''tadil gapni aytganlar: “Bu buyruq avvalgi hukmga qaytadi: aslida qabr ziyorati sunnat edi. Shunday ekan, hukm unga qaytadi”. Ya'ni, aslida qabr ziyorati sunnat amal bo'lib, u man qilingan. Endi qachon o'sha amalga amr qilinsa, uni o'z holiga, ya'ni sunnatligiga qaytarish bo'ladi. Sodda qilib aytganda, man qilingan sunnat amaldan taqiq olib qo'yildi va u sunnatligicha qoldi.
Dinimizda qabrlarni ziyorat qilish sunnat yoki mustahab amallardan hisoblanar ekan. Chunki bu ish bandaga dunyoning foniyligini va oxirat Ziyorat ham ibodatdir ning haqligini eslatib turadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o'zlari ham Baqi' qabristoniga tez-tez chiqib turar edilar.
Bu borada boshqa mazhablardan farqli o'laroq, bizning mazhabimizda erkagu ayol marhumlar haqiga duo-istig'for aytishda, ota-onasi, aka-ukasi va yaqinlarining qabrlarini ziyorat qilishda tengdir.
Ayollar nozik xilqat bo'lganlari uchun qabr ustida his-hayajonga berilib, dod-voy solishdan, oh-voh qilishdan o'zlarini tiyishlari kerak. Aks holda ularning qabr ziyoratiga chiqishlari mumkin emas. Ayollarning ochiq-sochiq kiyimlarda ziyoratgohlarga borishlari shariatga ziddir.
Qabrlarni ziyorat qilishda nafaqat tiriklarga, balki marhumlarga ham manfaat bor: tiriklar undan o'lim va oxiratni eslash bilan foyda olishsa, marhumlar ziyoratchilarning duolaridan bahramand bo'lish orqali manfaat ko'radilar. Zotan, qabrlarni ziyorat qilishdan ikki ma'no ko'zlanadi: birinchisi – qabrdagilarning ahvolini ko'rib, ibrat olish va oxiratni eslash; ikkinchisi – marhumlar haqiga duo-istig'for aytib, Allohning rahmatini so'rash.
Qabr ziyoratiga borishda marhumlar holidan ibrat olish hamda ularga salom berib, duo-istig'for va Allohning mag'firatini so'rashni niyat qilish kerak. Shuningdek, qabristonziyoratgohda tavoze bilan yurish, ovozni baland ko'tarmaslik, dunyo gaplarini ko'paytirmaslik sunnatdir. Qabriston-maqbaraga kirishda qabr ahliga, hadislarda kelganidek, salom berib kiriladi:
“Assalomu alaykum, mo'min-musulmonlar diyorining ahli. Albatta, biz ham, inshoalloh, sizlarga qo'shiluvchidirmiz. Allohdan o'zimizga va sizlarga ofiyat so'raymiz” (Imom Muslim rivoyati).
Ziyoratchi Qur'on o'qishi, salavot, istig'for, tasbeh, tahlil aytib, savobini marhumlarga bag'ishlashi mumkin. Duosida o'zini ham qo'shishi mandubdir. Yuqoridagi hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ham o'zlariga, ham marhumlarga ofiyat so'raganlari ko'rinib turibdi.
Ahli sunna val jamoa ulamolari duo va sadaqalarning savobi mayyitga etib borishi, undan manfaat olishiga ittifoq qilishgan. Shuningdek, barcha asrlarda musulmon ummati Qur'oni karimni qiroat qilib, uning savobini marhumga bag'ishlash joizligiga ijmo qilishgan. Mana bu hadislari ham ushbu ma'noni qo'llab-quvvatlaydi: “Agar inson vafot etsa, uning barcha amallari to'xtaydi. Faqatgina uchtasining savobi etib turaveradi: sadaqai joriyaning, manfaat beradigan ilmning va ortidan duo qiladigan solih farzandning” (Imom Muslim rivoyati).
“Aqoidun Nasafiya”da aytiladi: “Tiriklarning mayyitlar haqiga qilgan duolari va ular nomidan qilgan sadaqalari marhumlar uchun manfaat beradi. Zotan, bu borada ko'plab sahih hadislar vorid bo'lgan. Mayyitga janoza o'qishdan murod ham uning haqiga duo qilishdir. Agar duo-istig'forning marhumga nafi bo'lmaganida, u holda janoza o'qishdan ham ma'no bo'lmas edi”.
Manbalar asosida
Azizbek HOLNAZAROV tayyorladi.
“Islom Nuri” diniy-ma'rifiy gazetasining 2021-yil, 1-sonidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.