Ikki mazhab egalari ham – salaf ham, xalaf ham Alloh subhanahu va taoloni shubhadan, ta'til – sifatlarni inkor qilishdan, mutashobihning U Zotga to'g'ri kelmaydigan sirtqi ma'nolaridan poklash kerakligiga ittifoq qiladilar. Ta'vil qilishda ixtilof bor: salaf uni man qiladi, xalaf esa ruxsat beradi.
Ikki mazhab ham sahobai kiromlardan nakd qilingan. Aliy ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Mas'ud va Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhum ta'vil qiluvchi sahobalar guruhidandirlar. Sahobalarning davrida ta'vilni man qilish ko'p tarqalgan.
Imom Abu Hanifa va imom Abulhasan Ash'ariy rahmatullohi alayhimoning mutashobih sifatlar borasida tutgan yo'llari o'rta bosqich hisoblanadi.
Ushbulardan ko'rinib turibdiki, boshqa narsalar qatori, bu o'ta muhim masalada ham musulmonlarning ehtiyojini hisobga olish, ulardan xatarni daf qilish avvalgi o'ringa qo'yilgan.
Salaflar ta'vilni man qilgan bo'lsalar, o'sha vaqtda unga ehtiyoj yo'qligidan va agar bu ish qilinsa, fitna chiqishi e'tiboridan man qilganlar. Halaflar ta'vilni yo'lga qo'ygan bo'lsalar, ularning zamonida bunga hojat tushgani uchun majbur bo'lib qilganlar. Chunki zamon o'zgarishi bilan odamlar brasida turli fikrlar, mazhablar, oqimlar va falsafalar ko'payib, shunday qilmasa bo'lmaydigan holga kelib qolgan edi. Bunga imom Ibn Qutayba o'zining «Ta'vilu mushkilil-Qur'an» nomli kitobining muqaddimasida yozgan quyidagi gaplar yorqin dalil bo'la oladi:
«Batahqiq, xudosizlar Allohning Kitobiga ta'na etkazdilar. Ular uni o'yin qilib oldilar va undan mutashobih bo'lgan narsalarga ergashib, kalta fahmlari, xasta nazarlari va jinni kallalari ila ta'vil qilishga o'tdilar. Natijada kalomni o'z o'rnidan o'zgartirdilar va o'z yo'lidan boshqa tarafga burdilar. So'ngra uning haqida «Unda qarama-qarshilik bor, aql ko'tarmaydigan narsalar bor, behuda narsalar bor, nazmi buzuq, ixtilofi bor», deya hukm chiqardilar. Bu bilan ular qalblarga shubha va ko'ngillarga shak soldilar.
Bas, men Allohning Kitobini bayon qilishni, odamlarni chalkashlikka solgan narsalarga qarshi ochiq hujjatlar va yorqin dalillar keltirishni qasd qildim. Ushbu kitobni Qur'on mushkilotlari ta'vilini jamlovchi qilib yozdim».
Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, salaf ham, xalaf ham etuk islomiy fikrdan iboratdir. Ikkovlari ham musulmonlarning hojatlarini qondirgan, ularga nasihat qilib, aqiydalarini himoya etgandir.
MUTAShOBIH SIFATLARGA OID OYaTLARDAN NAMUNALAR
Kelasi satrlarda mutashobih sifatlarga oid oyatlardan namunalar keltirib, Allohdan yordam so'ragan holimizda ular haqida batafsilroq so'z yuritishga harakat qilamiz.
Ma'lumki, «istivo» so'zi, xususan Qur'oni Karimda kelgan «istivo» lafzi haqida juda ko'p tortishuvlar, tushunmovchiliklar mavjud. Lekin diqqat bilan, atroflicha o'rganib chiqilsa, bu narsani anglab olishning imkoni bor. Hususan, istivo to'g'risidagi gap-so'zlar, yozuv-chizuvlarning hammasi Alloh subhanahu va taoloning Arshga istivo qilishi haqidagi masalaga bog'liq bo'ladi. Alloh taoloning Arshga istivo qilishi masalasi Qur'oni Karimda, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida kelgandir.
Albatta, bu mavzuning haqiqatini bilish uchun avvalo arab tiliga murojaat qilishimiz lozim.
Arab tilida istivo so'zi bir necha ma'nolarni anglatadi.
Misol uchun, Alloh subhanahu va taolo Qosos surasining 14-oyatida marhamat qilib aytadi:
﴿وَلَمَّا بَلَغَ أَشُدَّهُۥ وَٱسۡتَوَىٰٓ ءَاتَيۡنَٰهُ حُكۡمٗا وَعِلۡمٗاۚ وَكَذَٰلِكَ نَجۡزِي ٱلۡمُحۡسِنِينَ١٤﴾
«U voyaga etganida va kamol topganida, unga hikmat va ilm berdik. Yaxshilik qiluvchilarni ana shunday mukofotlarmiz».
Ya'ni yoshligi benuqson bo'lib, oxiriga etib, tugal bo'lganda.
Yana Alloh taolo Fath surasining 29-oyatida aytadi:
كَزَرۡعٍ أَخۡرَجَ شَطَۡٔهُۥ فََٔازَرَهُۥ فَٱسۡتَغۡلَظَ فَٱسۡتَوَىٰ عَلَىٰ سُوقِهِۦ يُعۡجِبُ ٱلزُّرَّاعَ
«Bu xuddi urug'ini yorib chiqib, quvvatlanib, yo'g'onlashib, poyasida tik turib, dehqonlarni ajablantirgan bir ekinga o'xshar».
Ya'ni o'simlik tik turdi – kuchlandi, o'zining yuqori nuqtasiga etdi, batamom bo'ldi.
Ulamolar bu borada Banu Tamim qabilasining bu ma'noda aytgan bir jumlasini misol qiladilar:
«Qabilaning zolimi va mazlumi (istivo qildilar) to'g'rilandilar», ya'ni e'tidol – mo''tadillik yo'liga kirdilar, o'rtacha bo'ldilar».
Bu ma'no Baqara surasining 29-oyatida o'z ifodasini topgan:
﴿هُوَ ٱلَّذِي خَلَقَ لَكُم مَّا فِي ٱلۡأَرۡضِ جَمِيعٗا ثُمَّ ٱسۡتَوَىٰٓ إِلَى ٱلسَّمَآءِ فَسَوَّىٰهُنَّ سَبۡعَ سَمَٰوَٰتٖۚ وَهُوَ بِكُلِّ شَيۡءٍ عَلِيمٞ٢٩﴾
«U er yuzidagi barcha narsani sizlar uchun yaratgan, so'ngra osmonga yuzlanib, ularni etti osmon qilib to'g'-rilagan Zotdir. Va U har bir narsani o'ta biluvchidir».
Bunga ulamolar arab shoirlarining she'ridan bir baytni misol qilib keltirishadi. Bu baytda shunday deyiladi:
«Qachonki bir qavmga g'azot qilsa, ayollarini muboh biladi va ular alarga mulk bo'lgan narsani egallab oladilar».
Bu erda «istivo» so'zi «istiylo», ya'ni «egallab olish» degan ma'noni ifodalamoqda.
Mu'minun surasining 28-oyatida kelgan «istivo» lafzi mana shu ma'noni anglatgan:
﴿فَإِذَا ٱسۡتَوَيۡتَ أَنتَ وَمَن مَّعَكَ عَلَى ٱلۡفُلۡكِ فَقُلِ ٱلۡحَمۡدُ لِلَّهِ ٱلَّذِي نَجَّىٰنَا مِنَ ٱلۡقَوۡمِ ٱلظَّٰلِمِينَ٢٨﴾
«Bas, sen o'zing bilan birga bo'lganlar ila kemaga joylashib olgach: «Bizni zolim qavmlardan qutqargan Allohga hamdlar bo'lsin», degin».
Ya'ni «joylashib olish» – «istiqror topish» deganidir.
Zuxruf surasining 13-14-oyatlarida ham xuddi shu ma'noda kelgan:
﴿لِتَسۡتَوُۥاْ عَلَىٰ ظُهُورِهِۦ ثُمَّ تَذۡكُرُواْ نِعۡمَةَ رَبِّكُمۡ إِذَا ٱسۡتَوَيۡتُمۡ عَلَيۡهِ وَتَقُولُواْ سُبۡحَٰنَ ٱلَّذِي سَخَّرَ لَنَا هَٰذَا وَمَا كُنَّا لَهُۥ مُقۡرِنِينَ١٣ وَإِنَّآ إِلَىٰ رَبِّنَا لَمُنقَلِبُونَ١٤﴾
«Toki siz ularning ustiga o'rnashgaysizlar, so'ngra, ularying ustiga o'rnashib olgach, Robbingizning ne'matini eslab, deysiz: «Bizga buni xizmatkor qilib qo'ygan Zot pokdir. Bunga qodir emas edik. Va albatta, biz Robbimizga qaytuvchilardirmiz».
Ya'ni bunda markabning ustiga o'rnashish – istiqror topish ma'nosi bor.
Bu ma'nolar Sa'lab qabilasi adabiyotidan olingan bo'lib, ularda bu so'z «istaval-vajhu» shaklida kelgan. «Vajh istivo qildi», ya'ni «ittasala» – «bog'landi» degan ma'noda qo'llangan ekan.
Yana bu so'z to'lin oyga nisbatan «istaval-qamaru», ya'ni «oy to'lishdi» degan ma'noda ham ishlatilar ekan.
Shuningdek, «Istava fulanun va fulanun», deyilsa, «Falonchi bilan falonchi bir-birlariga o'xshashdi» degan ma'noni anglatar ekan.
Arab tilidagi «istava ila samaai» iborasi «osmonga chiqdi» yoki «osmonni qasd qildi», yoxud «osmonga yuzlandi», yoki «unga ega bo'ldi» degan ma'nolarni bildiradi.
Lug'at ilmi ulamolari: «Arablarda ushbu ma'nolarni bir-birining o'rniga ishlatish mumkin», deydilar.
«Istava 'alal-arsh» birikmasi Qur'oni Karimning ettita oyatida kelgan.
Shulardan birinchisi – A'rof surasining 54-oyati:
﴿إِنَّ رَبَّكُمُ ٱللَّهُ ٱلَّذِي خَلَقَ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضَ فِي سِتَّةِ أَيَّامٖ ثُمَّ ٱسۡتَوَىٰ عَلَى ٱلۡعَرۡشِۖ
«Albatta, Robbingiz osmonlaru erni olti kunda yaratgan, so'ngra Arshga istivo qilgan... Allohdir».
Ikkinchisi – Yunus surasida:
﴿إِنَّ رَبَّكُمُ ٱللَّهُ ٱلَّذِي خَلَقَ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضَ فِي سِتَّةِ أَيَّامٖ ثُمَّ ٱسۡتَوَىٰ عَلَى ٱلۡعَرۡشِۖ
«Albatta, Robbingizosmoyelaruernioltikundayaratgan, so'ngArshgaistivoqilganAllohdir»(3-oyat).
Uchinchisi – Toho surasida:
﴿ٱلرَّحۡمَٰنُ عَلَى ٱلۡعَرۡشِ ٱسۡتَوَىٰ٥﴾
«Rohman Arshga istivo qildi»(5-oyat).
To'rtinchisi – Furqon surasida:
﴿ٱلَّذِي خَلَقَ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضَ وَمَا بَيۡنَهُمَا فِي سِتَّةِ أَيَّامٖ ثُمَّ ٱسۡتَوَىٰ عَلَى ٱلۡعَرۡشِۖ ٱلرَّحۡمَٰنُ فَسَۡٔلۡ بِهِۦ خَبِيرٗا٥٩﴾
«(U) osmonlaru erni va ularning orasidagi narsalarni olti kunda yaratgan, so'ngra Arshga istivo qilgan Zotdir. U Rohmandir. Bas, o'sha o'ta xabardordan so'ra»(59-oyat).
Beshinchisi – Sajda surasida:
ٱللَّهُ ٱلَّذِي خَلَقَ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضَ وَمَا بَيۡنَهُمَا فِي سِتَّةِ أَيَّامٖ ثُمَّ ٱسۡتَوَىٰ عَلَى ٱلۡعَرۡشِۖ مَا لَكُم مِّن دُونِهِۦ مِن وَلِيّٖ وَلَا شَفِيعٍۚ أَفَلَا تَتَذَكَّرُونَ٤
«Alloh osmonlaru erni va ularning orasidagi narsalarni olti kunda yaratib, so'ngra Arshga istivo qilgan Zotdir. Siz uchun Undan o'zga valiy ham, shafoatchi xam yo'qdir. Eslatma olmaysizlarmi?!»(4-oyat).
Oltinchisi – Hadid surasida:
هُوَ ٱلَّذِي خَلَقَ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضَ فِي سِتَّةِ أَيَّامٖ ثُمَّ ٱسۡتَوَىٰ عَلَى ٱلۡعَرۡشِۖ
«U osmonlaru erni olti kunda yaratib, so'ngra Arshga istivo qilgan Zotdir»(4-oyat).
Yettinchisi – Ra'd surasida:
ٱللَّهُ ٱلَّذِي رَفَعَ ٱلسَّمَٰوَٰتِ بِغَيۡرِ عَمَدٖ تَرَوۡنَهَاۖ ثُمَّ ٱسۡتَوَىٰ عَلَى ٱلۡعَرۡشِۖ وَسَخَّرَ ٱلشَّمۡسَ وَٱلۡقَمَرَۖ
«Alloh siz ko'rib turgan osmonlarni ustunsiz ko'targan, so'ngra Arshga istivo qilgan, quyosh va oyni beminnat xizmatkor qilib qo'ygan Zotdir»(2-oyat).
Ushbu etti oyatga diqqat bilan nazar solgan kishi quyidagilarni mulohaza qiladi:
- Arshga istivo ushbu oyatlarning oltitasida osmonlaru erning yaratilishidan keyin zikr qilingan. Ra'd surasidagi oyatda esa osmonlarning ustunsiz ko'tarilganidan keyin zikr qilingan.
Bu oyatlarning barchasida «istivo» fe'li Alloh subhanahu va taologa va U Zotga qaytadigan zamirga nisbat berilgan. Shu bilan birga, bu oyatlarda istivoni Alloh taolodan boshqaga nisbat berish mutlaqo yo'qdir.
Ushbu oyatlarning barchasida «istivo» fe'li «'ala» (old ko'makchi) harfi bilan kelgan. Bu fe'l ushbu harf bilan kelganda, ustun bo'lish ma'nosini bildiradi.
Bu oyatlarning oltitasida «istivo» fe'li oldin «summa», ya'ni «so'ngra» bog'lovchisi bilan kelgan. Ushbu bog'lovchi aslida «bir oz vaqt o'tgandan keyin» degan ma'noni beradi. Toha surasidagi oyatda esa bog'lovchisiz kelgan.
Ushbu oyati karimalardagi uslub va tartibda Arshning yaratilishi Alloh taoloning maxluqotlarining yaratilishi cho'qqisi bo'lganiga, ularning yaratilishi tugal bo'lganiga va U Zot ularni ihota qilib turishiga ishora bordir. Shunga binoan, Arsh Alloh taoloning qudrati har narsaga etishiga va xohishi joriy bo'lishiga eng oydin dalildir.
Bas, shunday ekan, «Arshga istivo qilish»ni maxluqotlardagi ma'lum hissiy ma'nolar – «o'tirish», «qaror topish», «makon olish», «joylashish» kabilarga burish mutlaqo mumkin emas. Zotan, Arshning ma'nolaridan biri podshoh o'tiradigan taxtni ifoda qiladi. Taxt podshohlikning alomatlaridan biri bo'ladi. Bu ma'noni Alloh taologa nisbat berib bo'lmaydi.
Ushbu aytilganlardan kelib chiqib, salaflar aytadilar: «Alloh taoloning makondan, tarafdan, joylashishdan, hissiy ko'tarilishdan oliy va pok ekanini qat'iy ta'kidlaymiz. Bu oyatlarning ta'viliga sho'ng'imaymiz. Murodni bilishni Alloh subhanahu va taoloning Uziga havola qilamiz».
Halaflarning ko'plari esa: «Arshga istivodan murod molik bo'lish va tadbir qilishdir», deydilar. «Falonchi arshni egalladi» degani «mulkka ega bo'ldi» deganidir. Garchi taxtga chiqib, o'tirmagan bo'lsa ham.
Avval ham qayta-qayta ta'kidlanganidek, ulamolar ushbu oyatlarda kelgan «istivo» so'zidan murod nima ekani to'g'risida ixtilof qilganlar. Lekin ixtilof qilishdan oldin barcha ummat ulamolar bu masalada quyidagi nuqtalarda ittifoq qilganlar.
Albatta, Alloh subhanahu va taolodan boshqa hamma narsa yangi paydo bo'lgandir. Shu jumladan, Arsh ham yangi paydo bo'lgan narsa, ya'ni azaliy narsa emas.
Imom Bayhaqiy «Al-Asmo va sifat» degan kitobda shunday yozadilar:
«Tafsir ahlining qavllari ittifoq qiladiki, albatta, Arsh so'riga o'xshagan narsadir. Albatta, u jismdir va uni Alloh taolo yaratgan va farishtalariga uni ko'tarishni amr qilgan, uni ulug'lab, tavof qilishni ham buyurgandir.
Shuningdek, Alloh subhanahu va taolo er yuzida ham Baytullohni xalq qilgan (yaratgan) va Banu Odamni uni tavof qilishga va namozda unga yuzlanishga amr qilgan. Podshohning taxti arablarda Islomdan oldin ham, Islomdan keyin ham arsh deb atalgani ma'lum va mashhur-dir. Alloh taolo Yusuf surasida marhamat qiladi:
وَرَفَعَ أَبَوَيۡهِ عَلَى ٱلۡعَرۡشِ
«Ota-onasini taxtga ko'tardi»(100-oyat).
Bu oyatdagi biz «taxt» deb tarjima qilgan so'z oyatda «arsh» deyilgan bo'lib, u podshohning taxti ma'nosini anglatadi.
Oyatdagi «ko'tardi» lafzi «o'tirg'izdi» ma'nosidadir.
Yana Alloh taolo Naml surasida marhamat qiladi:
قَالَ يَٰٓأَيُّهَا ٱلۡمَلَؤُاْ أَيُّكُمۡ يَأۡتِينِي بِعَرۡشِهَا قَبۡلَ أَن يَأۡتُونِي مُسۡلِمِينَ٣٨
«U (Sulaymon): «Ey a'yonlar! Ular menga taslim bo'lib kelishlaridan oldin qaysingiz huzurimga u(malika)ning taxtini keltira oladi?» dedi»(38-oyat).
Bu erda ham podshohning taxtini anglatuvchi ma'no oyatning aslida «arsh» lafzi bilan kelgan.
Tayolisiy, imom Ahmad, imom Termjziy, Ibn Moja, Ibn Jarir, Ibn Munzir hamda Bayhaqiy «Al-Asmau vas-sifat» degan bobda Abu Razin Uqayliydan rivoyat qiladilar:
«Biz: «Ey Allohning Rasuli, Alloh taolo osmonlaru erni yaratishdan oldin qayerda edi?» deb so'radik. Bas, u zot:
«U «a'lo» degan joyda edi. Ostida ham, ustida ham havo yo'q edi. So'ng Arshini suv ustiga xalq qildi», dedilar».
Mana shu aytib o'tilgan matnlar Arshning yangi yaratilgan narsa ekaniga, qadimiy, azaliy narsa emasligiga dalolat qiladi.
Ular Alloh subhanahu va taoloning qadim ekaniga ittifoq qilganlar. Allohning mavjud bo'lishining boshlanishi yo'qdir. Agar unday bo'ladigan bo'lsa, Alloh taolo «yangi paydo bo'lgan» narsaga aylanib qoladi. U holda Uni paydo qiluvchiga muhtojlik seziladi. Bunday holatda «tasalsul» – zanjir, silsila paydo bo'lishi lozim bo'lib qoladi. Bu ikki narsa ham aqliy ijmo' ila botil narsa deb e'tiqod qilingan.
Albatta, Alloh taolo yangi paydo bo'lgan narsalarga tamoman xilofdir, ulardan mutlaqo boshqachadir. Alloh taolo Shuro surasida marhamat qiladi:
لَيۡسَ كَمِثۡلِهِۦ شَيۡءٞۖ
«U Zotga o'xshash hech narsa yo'qdir»(11-oyat).
Alloh taolo Maryam surasida marhamat qiladi:
هَلۡ تَعۡلَمُ لَهُۥ سَمِيّٗا٦٥
«Unga tengdoshni bilurmisan?»(65-oyat).
Alloh taolo Ixlos surasida marhamat qiladi:
وَلَمۡ يَكُن لَّهُۥ كُفُوًا أَحَدُۢ٤
«Va Unga hech kim teng bo'lmagan»(4-oyat).
Bas, shunday ekan, Alloh taolo jism ham emas, jismdagi holat ham emas, javhar ham emas, Arsh ham emas va Arsh ustida qaror topgan ham emas, osmonda ham emas va birorta jihatda ham emas. Unga zamon ham ta'sir qilmaydi. Maxluqlarga beriladigan shunga o'xshash sifatlardan birortasi Alloh taologa to'g'ri kelmaydi. Chunki Alloh subhanahu va taolo bu narsalarning barchasini O'zi yaratgandir, ularning Holiqidir. Ularning yaralishidan avval O'zi mavjud bo'lgandir va ulardan behojatdir. Alloh subhanahu va taolo ularning barchasining yaratilishidan oldin qanday sifatga ega bo'lgan bo'lsa, shunday holidadir.
Oyat va hadislarda Allohga o'xshashlikni ifoda qiladigan har bir matnni sirtqi ma'nosidan boshqa tarafga burish kerakligi. Sirtqi ko'rinishda Allohga keyin paydo bo'lganlik sifatini beradigan har qanday ma'noni kesish kerakligi va Allohning qadim ekani, keyin paydo bo'lgan mavjudotlarga muxolif, ulardan tamoman boshqacha ekaniga ittifoq qilish lozimligi.
«Unday bo'lsa, Qur'onda, hadisda kelgan «Arshga istivo qilish»dan murod nima?» degan savol paydo bo'lishi mumkin. Agar biz matnlarda, oyat va hadislarda kelgan iboralarning zohiriga qarab, sirtqi ma'noni beradigan bo'lsak, «Alloh taolo Arshda qaror topgan, uning ustiga chiqib o'tirgan» degan ma'no kelib chiqadi. Chunki ushbu oyatlardagi «istivo» so'zining orqasidan kelgan harfi jar (ko'makchi) – «'ala» so'zi mana shu ma'noni ifoda qiladi. Alloh taolo Mu'minun surasida marhamat qiladi:
فَإِذَا ٱسۡتَوَيۡتَ أَنتَ وَمَن مَّعَكَ عَلَى ٱلۡفُلۡكِ
«Bas, sen o'zing bilan birga bo'lganlar ila kemaga joylashib olgach...»(28-oyat).
Bu erda ham kemaga chiqib joylashish ma'nosi «istivo» fe'li bilan berilgan.
Agar mana shu kabi «istava a'la» shaklida kelgan oyatlarning ma'nosini «chiqdi, o'tirdi» deb tarjima qilsak, Holiq subhanahu va taoloning zotiga loyiq bo'lmay qoladi. Masalan, «Alloh taolo keyin paydo bo'lgan» (Na'uzu billah!) deyishga to'g'ri kelib qoladi va bundan «keyin paydo bo'lgan maxluqotlarga bog'lanadi» degan ma'no, bundan esa «Arsh keyin paydo bo'lgan, uni Alloh taoloning O'zi xalq qilgan, ana shu O'zi paydo qilgan narsaning ustiga O'zi chiqib o'tiradi», degan ma'nolar kelib chiqadi.
Shu bilan birga, agar o'tiradigan bo'lsa, Alloh taolo jismdan iborat bo'lib qoladi, chegaralangan bo'lib qoladi, bir narsaning ustida yuradigan, bir narsaning ustiga chiqsa, o'sha narsa Uni ko'taradigan holga kelib qoladi.
Shuning uchun bu kabi qur'oniy lafzlarga sirtdan, zohiran ma'no berishning hech qanday imkoni yo'q, aks holda Alloh taologa nisbat berish mutlaqo mumkin bo'lmagan ma'nolar kelib chiqadi.
Musulmon ummatining avvalgiyu hozirgi barcha ulamolari ittifoq qilib, «Shunga o'xshash oyatlarga sirtidan ma'no bermaslik kerak», deganlar. Aks holda Alloh subhanahu va taoloning zotiga to'g'ri kelmaydigan gaplar chiqib qolishi mumkin. Shuning uchun buni qattiq kesib, to'xtatish lozim bo'ladi.
Bu oyatlar ma'nosi haqida musulmon ulamolar ikki mazhabga bo'linganlar.
Birinchi mazhab avval o'tgan, qadimgi ulamolarning mazhabi bo'lib, ushbu oyat va hadislarga qanday kelgan bo'lsa, shunday tarzda taslim bo'linadi. Undan nimani murod qilganini Alloh subhanahu va taoloning O'ziga tafviyz – havola qilinadi va shu bilan birga, U Zot taoloni O'ziga loyiq bo'lmagan barcha sifatlardan poklashga harakat qilinadi.
«Istivo» to'g'risida mana shu mazhabni tutib o'tgan ulamolarning ba'zi bir so'zlari ham naql qilinadi:
Ummu Salama roziyallohu anhodan naql qilingan qavlga ko'ra, u kishi: «Istivo – noma'lum emas, lekin uning kayfiyati ma'qul emas, ya'ni noma'lum, unga aql etmaydi. Ammo istivoga iqror bo'lish iymondir, uni inkor qilish kufrdir», degan ekanlar.
Robi'a ibn Abdurrahmondan so'rabdilar:
«Arshga istivo qandaydir?»
U kishi aytibdilar:
«Istivoning borligi majhul emas, uning kayfi ma'qul emas (ya'ni qanday kayfiyatda ekani aqlga sig'maydi). Allohning zimmasida payg'ambarni yuborish, payg'ambarning zimmasida etkazish, bizning zimmamizda taslim bo'lishdir».
Abdulloh ibn Vahbdan rivoyat qilinadi:
«Biz Molikning huzurida edik. Bas, bir odam kirdi va quyidagilarni aytdi:
- Ey Abu Abdulloh, «Rohman Arshga istivo qildi».
Qanday istivo qildi?
Bas, Molik boshini quyi solib turdi, uni titroq bosdi. So'ngra boshini ko'tarib:
- Rohman Arshga istivo qildi. O'zi uni qanday sifatlagan bo'lsa, shunday bo'ldi. «Qanday bo'ldi?» deb so'ralmay di. Uning kayfiyati ma'lum emas. Seni bid'atchidan boshqa narsa emas, deb o'ylayman. Olib chiqinglar buni, dedi».
Boshqa bir rivoyatda imom Molik shunday deganlar:
«Istivo ma'lum, kayfiyati majhul, unga iymon keltirmoq vojib, u haqda savol so'ramoq bid'atdir. Men seni ahli zalolatdan deb bilaman», dedi va uni haydab chiqarishga buyruq berdi.
Imom Molikning bu gaplaridan istivo – ma'lum narsa, ya'ni Qur'onda kelgan, xabari bor, hamma biladigan narsa ekani tushuniladi.
Imom Shofe'iydan qilingan rivoyatda u kishi aytgan ekanlar:
«Istivo zikr qilingan (ya'ni Qur'onda zikri kelgan). Lekin uning kayfiyati majhul. Uning kayfiyati qanday ekani noma'lum (ya'ni biz uning ma'nosini bilmaymiz, bunday narsalarning haqiqiy ma'nosini Alloh taoloning O'zi biladi)».
Imom Ahmaddan shu masala xususida so'ralganda, u kishi:
«Istivo Alloh qanday xabar bergan bo'lsa, shundaydir. Kishilarning xotirasiga kelgan narsa emasdir», degan ekanlar.
Imom Ja'far Sodiqdan bu haqda so'ralganda, u kishi:
«Kim «Alloh taolo bir narsaning ichida», desa yoki «bir narsadandir», desa yoki «bir narsaning ustidadir», desa, batahqiq shirk keltirgan bo'ladi. Agar Alloh taolo bir narsaning ustida bo'lsa, ko'tariladigan narsaga aylanib qolar edi. Agar bir narsaning ichida bo'lsa, atrofi o'ralgan narsaga aylanib qolar edi. Agar bir narsadan bo'lsa, yangi paydo bo'lgan narsa bo'lar edi», deganlar.
Zunnun Misriydan bu haqda so'ralganda, u kishi:
«Rohman azaldan bordir, Arsh yangi yaralgandir va Arsh Rohmanga tenglashgandir», deganlar.
Imom Shofe'iydan bu masala haqida so'ralganda, u kishi:
«Men o'xshatmasdan, iymon keltirdim, misol keltirmasdan, tasdiq qildim, uni idrok etishda o'zimni ojiz bildim va bu masalaga sho'ng'ishdan o'zimni tutdim», deganlar.
Qur'oni Karimda kelgan istivo to'g'risidagi oyatlarning ma'nosi haqida musulmon ulamolarining ikkinchi mazhabi Halaf mazhabi deyiladi.
Bu keyin o'tgan ulamolarning mazhabi bo'lib, unda «Ushbu oyatlar dalolat qiladigan ma'nolarga, ya'ni Qur'oni Karim arab tilida tushganini e'tiborga olib, ta'vil qilish kerak», deyiladi. Avval o'tgan ulamolar kabi, ushbu mazhabning ulamolari «Bu ma'noni Alloh taoloning O'ziga tafviyz – havola qilaylik», degan fikrni aytishmaydi. Ularni bunday yo'l tutishga majbur qilgan narsa o'sha ulamolar yashab turgan zamonda yo'ldan adashgan ba'zi bir firqalarning mavjud bo'lganidir. Misol uchun, Allohni Uzi yaratgan maxluqotlariga o'xshatuvchilar, ya'ni Mushabbiha mazhabi va yana Allohga jism nisbatini beradigan Mujassima degan mazhablar bo'lgan. Ana shu mazhabdagilar oyatlarga sirtdan ma'no berib, Alloh taoloning jismi bor, deyishgacha borib etishgan. Ular zalolatda bo'lganlari uchun Alloh subhanahu va taologa Allohning jismi bor yoki Uning makoni bor, degan ma'nolarni berish mumkin emasligini tushunib etmaganlar.
Chunki har bir makon ham yangi paydo bo'lgan narsadir. Alloh subhanahu va taolo esa yolg'iz O'zi qadimdir, barcha mavjudotlarni ijod qilganidan oldin ham bor bo'lgandir. Alloh subhanahu va taolo o'sha mavjudotlarni yaratganidan avval ham undan oldingi sifatida o'zgarmay qolgandir.
«Ho'sh, ta'vilni qanday qilamiz?» degan savol qo'yilganda, xalaf ulamolar, ya'ni Alloh subhanahu va taoloning Arshga istivosi haqidagi oyatlarni ta'vil qilamiz, degan ulamolarning ba'zilari bir xil, ikkinchilari boshqa xil fikrlarni aytishgan.
Ana shulardan bittasi: «Istivoga «istiylo», ya'ni «Alloh taolo qahr bilan, g'alaba bilan tadbir qilish uchun egalladi» degan ma'noni berishimiz kerak», deydi. Bu xud di bir yurtga rahbar bo'lgan odam o'sha yurtdagi barcha ishlar tadbirining egasi bo'lishi kabidir, deyishadi, ya'ni istivo so'zi arab tilida «ega bo'lish» ma'nosidagi istiylo deb ishlatib kelinganini dalil qilib keltirishadi.
Yana boshqa bir ulamolar: «Istiylo ma'nosini emas, istibno, ya'ni tugal qilish ma'nosini olsak, yaxshi bo'ladi», deyishadi. Misol uchun, ular Alloh subhanahu va taolo keyin Arshni yaratib, oxiriga etkazdi, undan keyin xalq qilinadigan narsa qolmadi, degan ma'noni berishni taklif qiladilar.
Ahli sunna va jamoaning ko'pchiligi istiylo ma'nosini berganlarini bilib qo'yishimiz lozim bo'ladi.
MUTAShOBIH SIFATLARDAN NAMUNALAR
(Halaf ulamolar mazhabiga ko'ra)
«Qo'l» so'zi lug'atda inson jismidagi ma'lum a'zoni anglatadi. U inson barmog'ining uchidan tortib, to elkasigacha bo'lgan a'zosidir. Albatta, mazkur a'zoni Alloh subhanahu va taologa nisbat berib bo'lmaydi. Chunki bunda U Zotga jism nisbati berilgan bo'ladi. Alloh taolo esa bunday narsalardan pokdir.
«Qo'l» so'zi boshqa ma'nolarda ham ishlatilgan:
– Qudrat.
Bir narsaning birovning tasarrufi va mulkida bo'lishi.
Qur'oni Karimning ba'zi oyatlarida «qo'l» so'zi birlik, ikkilik va ko'plik lafzlari ila Alloh taologa nisbatan ishlatilgan. Mazkur oyatlardagi Alloh taologa nisbat berilgan «qo'l» so'zining tafsirida ulamolar «qudrat» va «tasarruf imkoni» ma'nolarini ishlatganlar. Chunki insonning urfida bu so'z xuddi shu ma'noda ishlatiladi. «Falon narsa falonchining qo'lidan keladi», deyiladi. Zotan, Qur'oni Karim odamlarga ular fahmlaydigan uslubda xitob qilgan.
Alloh taolo Oli Imron surasida marhamat qiladi:
بِيَدِكَ ٱلۡخَيۡرُۖ إِنَّكَ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ قَدِيرٞ٢٦
«Barcha yaxshilik Sening qo'lingda. Albatta, Sen harbir narsaga o'ta qodirsan»(26-oyat).
Ya'ni «Barcha yaxshiliklar Sening qudrating ila hosil bo'lur».
Alloh taolo Moida surasida marhamat qiladi:
وَقَالَتِ ٱلۡيَهُودُ يَدُ ٱللَّهِ مَغۡلُولَةٌۚ غُلَّتۡ أَيۡدِيهِمۡ وَلُعِنُواْ بِمَا قَالُواْۘ بَلۡ يَدَاهُ مَبۡسُوطَتَانِ يُنفِقُ كَيۡفَ يَشَآءُۚ
«Yahudiylar: «Alloqning qo'li bog'langandir», dedilar. Qo'llari bog'lansin ularning! Aytganlari uchun la'natga uchrasinlar! Aksincha, Allohning ikki qo'li ochiq, xohlaganicha nafaqa qilur»(64-oyat).
Bu gaplari bilan ular «Alloh baxil», demoqchilar. Ularga raddiya sifatida aytilayotgan Alloh taoloning qo'li ochiqligi haqidagi ran esa U Zotning karami va ne'mat berishi keng ekaniga ishoradir. Zotan, barcha xalqlarda ham saxiy va ko'p ehson qiluvchi odam «qo'li ochiq» deya sifatlanadi.
Alloh taolo Yosin surasida marhamat qiladi:
أَوَ لَمۡ يَرَوۡاْ أَنَّا خَلَقۡنَا لَهُم مِّمَّا عَمِلَتۡ أَيۡدِينَآ أَنۡعَٰمٗا فَهُمۡ لَهَا مَٰلِكُونَ٧١
«Axir Biz ular uchun O'z qo'llarimizla qilgan narsalardan chorvalarni yaratib qo'yganimizni ko'rmadilar-mi?! Bas, ulap o'shalarga molik(ega)dirlar-ku!»(71-oyat).
Ya'ni «O'sha narsalarni O'z qudratimiz ila yaratdik».
Salaflar esa bu masalada Alloh taboraka va taoloni «qo'l» degan a'zo va jismdan poklaydilar va bu so'zdan ko'zlangan murodni tayin qilishni Allohning O'ziga havola qiladilar.
Abulhasan Ash'ariy va u kishiga hamfikr bo'lganlar salaflarning gapiga quyidagi gapni qo'shadilar:
«Alloh taolo O'zining bizga ma'lum bo'lgan sifatlariga ziyoda ravishda sam'iy – eshitilgan sifatni sobit qiladi. O'sha ziyoda sifatning ismi «qo'l»dir. Biz ushbu sifatni bilmaymiz va uni tayin qilishga sho'ng'imaymiz».
Ash'aryylar bu masalada salaf bilan xalafning o'rtasida turadilar.
Yuz jonzotlardagi ma'lum a'zo bo'lib, u og'iz, burun va ikki ko'zni o'z ichiga olgandir. Albatta, Alloh taolo bu kabi jism va a'zodan pokdir. Barcha xalqlarning balog'atli va kinoya tarzidagi gaplarida «yuz» so'zidan «zot» qasd qilinadi. Chunki yuz jismning eng sharafli qismidir. Masalan, «Bu ishni falonchining yuzidan qildim», deyiladi.
Ba'zi oyatlarda Alloh taologa «yuz» nisbati berilgan. Alloh taolo Rohman surasida marhamat qiladi:
وَيَبۡقَىٰ وَجۡهُ رَبِّكَ ذُو ٱلۡجَلَٰلِ وَٱلۡإِكۡرَامِ٢٧
«Ulug'lik va ikrom egasi Robbingning O'zigina boqiydir»(27-oyat).
Bu erda biz «O'zi» deb tarjima qilgan so'z matnda «vajh» – «yuz» degan so'z bilan ifodalangan. Ya'ni Alloh taoloning Zoti boqiy qoladi.
Ko'z jonzotlardagi ma'lum a'zo bo'lib, Alloh taolo bu kabi jism va a'zodan pokdir. Barcha xalqlarning bapog'atli hamda kinoya tarzidagi gaplarida «ko'z» so'zidan muhofaza va rioya qasd qilinadi. Ba'zi oyatlarda Alloh taologa «ko'z» nisbati berilgan.
Alloh taolo Tur surasida marhamat qiladi:
وَٱصۡبِرۡ لِحُكۡمِ رَبِّكَ فَإِنَّكَ بِأَعۡيُنِنَاۖ
«Bas, Robbing hukmiga sabr qil. Albatta, sen rioyamizdasan»(48-oyat).
Ya'ni muhofazamizdasan.
Oyatdagi «ko'z o'ngimizdasan» degan so'zni biz «rioyamizdasan» deb tarjima qildik.
Halaf ulamolari shu tariqa sirtidan Alloh taoloni sifatlab bo'lmaydigan matnlarni U Zotning jaloli va jamoliga mos keladigan ma'nolarga ta'vil qiladilar. Ular bu borada arab tilidagi majoz, kinoya va balog'at uslublarini ishga soladilar.
Ular jumladan, quyidagi ta'villarni qiladilar:
Janbulloh – Allohning toati va haqqi.
Allohning ustunligi – ma'naviy yuksakligi va qahri.
Allohning nafsi – zoti yoki siri.
Allohning kelishi – U Zotning amrining yoki askarining kelishi.
Allohning bandalariga yaqinligi – ular haqidagi ilmi va ularga lutfu marhamati.
Allohning muhabbati – roziligi va hokazo.
Ta'vil yo'lini tutgan musulmon ulamolarning bu boradagi umumiy qoidalari – haqiqati Alloh taologa to'g'ri kelmaydigan har bir sifatni U Zotning jaloli va jamoliga loyiq ravishda tafsir qilinadi.
ULAMOLARNING MUTAShOBIHGA MUNOSABATLARI TO'G'RISIDAGI HULOSA
Ulamolarning avval o'zimiz o'rganib o'tgan mutashobihning ta'rifi va uning qismlari haqidagi gaplaridan bu masalada ular ikki guruhga taqsimlanishlari ayon bo'ldi;
Birinchi guruhning fikricha, mutashobih ilmini Alloh O'ziga xos qilib olgan va xaloyiqning birortasiga bildirmagan narsadir. Shuning uchun u haqda bahs yuritishdan va mutashobih oyatlarga sho'ng'ishdan saqlanish vojib bo'ladi.
Ikkinchi guruhning fikricha, mutashobihni bilish imkoni bor va uni o'rganish joizdir. Chunki Alloh taolo tomonidan fahmlab bo'lmaydigan xitob bo'lishi hikmatdan emas. Shuning uchun ham ular yuqorida ko'rib o'tganimizdek, suralarning avvalidagi harflarni va mutashobih sifatlarni ta'vil qiladilar.
Yana ta'kidlashimiz lozimki, ta'vil qilish yoki qilmaslik haqida ixtilof qilinayotgan mutashobih so'zlar – qiyomatning qoim bo'lish vaqti, Dajjol va Dobbaning chiqishi va shunga o'xshash qiyomatning alomatlari, oxiratning ahvol va kayfiyati, shuningdek, suralarniig boshidagi harflarga bog'liq narsalarda, Alloh taoloning sifatlarida o'xshatishning yuzaga kelishi kabi ta'vil qilinganda ham noaniqligi ketmaydigan narsalardadir.
Ammo mutashobihning mazkurlardan boshqa turlarini bilish imkoni borligi va ta'vil qilish joizligida xilof yo'q.
Ikki taraf o'z tushunchasining dalili sifatida Qur'oni Karimning bitta oyatini keltiradi va o'sha oyatni o'z tusho'nchalari asosida tafsir qiladi.
Alloh taolo Oli Imron surasida marhamat qiladi:
هُوَ ٱلَّذِيٓ أَنزَلَ عَلَيۡكَ ٱلۡكِتَٰبَ مِنۡهُ ءَايَٰتٞ مُّحۡكَمَٰتٌ هُنَّ أُمُّ ٱلۡكِتَٰبِ وَأُخَرُ مُتَشَٰبِهَٰتٞۖ فَأَمَّا ٱلَّذِينَ فِي قُلُوبِهِمۡ زَيۡغٞ فَيَتَّبِعُونَ مَا تَشَٰبَهَ مِنۡهُ ٱبۡتِغَآءَ ٱلۡفِتۡنَةِ وَٱبۡتِغَآءَ تَأۡوِيلِهِۦۖ وَمَا يَعۡلَمُ تَأۡوِيلَهُۥٓ إِلَّا ٱللَّهُۗ وَٱلرَّٰسِخُونَ فِي ٱلۡعِلۡمِ يَقُولُونَ ءَامَنَّا بِهِۦ كُلّٞ مِّنۡ عِندِ رَبِّنَاۗ وَمَا يَذَّكَّرُ إِلَّآ أُوْلُواْ ٱلۡأَلۡبَٰبِ٧
«U senga Kitobni nozil qilgan Zotdir. Unda muhkam oyatlar bor – ular Kitobning aslidir – va boshqalari mutashobihlar. Ammo qalblarida og'ish bor kimsalar fitna maqsadida va uni ta'vil qilish maqsadida o'ndan mutashobih bo'lganiga osilib oladir. Uning ta'vilini Alloxdan boshqa hech kim bilmas. Ilmda mustahkam bo'lganlar esa: «Unga iymon keltirdik, barchasi Robbimiz huzuridandir», derlar. Va faqat aql egalarigina eslatma olurlar»(7-oyat).
Birinchi guruh ulamolari ushbu oyatdagi «Uning ta'vilini Allohdan boshqa hech kim bilmas» degan jumlada to'xtaydilar. Shunga binoan, «Ilmda mustahkam bo'lganlar esa...» jumlasi yangi boshlangan jumla bo'ladi. Shunda ma'no «Uning ta'vilini Allohdan boshqa hech kim bilmas. Ilmda mustahkam bo'lganlar esa: «Unga iymon keltirdik, barchasi Robbimiz huzuridandir», derlar va uni ta'vil qilishga o'tmaslar» bo'ladi.
Demak, Alloh taolo ushbu oyatda mutashobihga ergashganlarni yomonladi va ularni toyilish, haqdan burilish, fitna qo'zish hamda dinda zalolatga ketish ila sifatladi. Shu bilan birga, bunda ilmni Allohga havola qilganlarni, mutashobihga iymon keltirib, ta'vilga o'tmaganlarni maqtadi.
Ularning yana bir dalillari ushbu oyatning Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhuning qiroatlaridan kelib chiqadigan ma'nosidir. U kishining qiroatlariga ko'ra bu oyatniig tarjimasi «Uning ta'vili Allojdan boshqa hech kimning huzurida emas. Ilmda mustahkam bo'lganlar esa «Unga iymon keltirdik, barchasi Robbimiz huzuridandir», derlar» shaklida bo'ladi. Shunda birinchi jumlani ikkinchisi bilan «vov» bog'lovchi harfi ila bog'lab bo'lmaydi. Har ikki jumla alohida bo'ladi.
Birinchi guruh ulamolari o'zlarining mutashobih bo'yicha aytgan gaplariga hadisi shariflardan ham dalillar keltiradilar. Misol uchun, ular quyidagi hadisni aytadilar:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «U senga Kitobni nozil qilgan Zotdir. Unda mudkam oyatlar bor – ular Kitobning aslidir va boshqalari mutashobihlar. Ammo qalblarida og'ish bor yunmsalar fitna maqsadida va uni ta'vil qilish maqsadvda undan mutashobih bo'lganiga osilib oladir. Uniig ta'vilini Allojdan boshqa hech kim bilmas. Ilmda mustahkam bo'lganlar esa: «Unga iymon keltirdik, barchasi Robbimiz huzuridandir», derlar. Va faqat aql egalarigina eslatma olurlar»ni tilovat qildilar. So'ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Qachon undan mutashobih, bo'lganlariga ergashayotganlarni ko'rsangiz, ana o'shalar Alloh nomlaganlardir. Bas, ulardan hazir bo'linglar», dedilar».
Buxoriy va Muslim rivoyat qilganlar.
Bu guruhdagi ulamolarning yana boshqa dalillari ham bor.
Ikkinchi guruhdagi ulamolar, mutashobihni bilish imkoni bor, deydilar va ta'vil eshigini ochadilar. Ular bunda hech qanday ayb yo'q, deydilar. Ular yuqoridagi oyatni ham o'zlariga xos tafsir qiladilar. Ularning tushunishlaricha, oyatdagi «Uning ta'vilini Allohdan boshqa hech kim bilas» jumlasiga undan keyingi «Ilmda mustahkam bo'lganlar» jumlasi «vov» harfi ila bog'lanadi. Shunda ma'no «Uning ta'vilini Alloh va ilmda mustahkam bo'lganlar bilar. Shu bilaye birga, ular: «Unga iymon keltirdik, barchasi Robbimiz huzuridandir», derlar» bo'ladi.
Bu guruhdagi ulamolarning dalillaridan yana biri Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning «Men uning ta'vilini biladiganlardanman», degan gaplaridir. Huddi shu gapni u kishining shogirdlari Mujohid ibn Jabr ham aytganlar. U kishi Alloh taoloning «Va ilmda mustahkam bo'lganlar» degan qavli haqida: «Uning ta'vilini bilurlar va «Unga iymon keltirdik», derlar», degan.
Ushbu fikrni ko'pchilik qo'llaydi. Ularning ichida ko'pchilik tafsirchilar, usul ilmi ahllari, imom Ash'ariy va eng asosiysi, Ahli sunna va jamoa mazhabi ulamolari bordir.
Ta'vilga eng uzoq bo'lganlar hanbaliylar va ahli hadislardir. Rivoyatlarda zikr qilinishicha, imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi faqat uchta hadisni ta'vil qilganlar.
Ta'vil tarafdorlari o'zlarining muxoliflari aytgan ran ularning ijtihodlari ekani, hamma yurishi lozim bo'lgan yo'l emasligini ta'kidlash bilan birga, ularning aytganlariga raddiyalar ham beradilar. Ularning fikricha, muxoliflar ta'vilga keltirgan hadislardagi ogohlantirish va hazir bo'lishga chaqiriqlar ta'vilni fitna va dindan adashtirish uchun ko'llash kabi ishlardan saqlanish borasidadir.
KYeYINGI MAVZULAR:
TO'RTINChI QISM
Qiroat va qorilar;
Qiroatlarning manbasi;
Qur’oni karimni jamlanish tarixida kitobat – yozib qoldirish o‘ziga xos o‘rin tutgan. Oyatlarni yozib olish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlaridanoq boshlangan, kotib sahobalar har bir oyatni nozil bo‘ilishi bilan kechiktirmay yozib olishga katta e’tibor berishar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Qur’onga bandalar so‘zi aralashib qolmasligi uchun Qur’ondan boshqa narsani yozib olmaslikni buyurganlar.
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu davrlarida esa tarqoq sahifalardagi oyatlar bir butun holga – Mus'haf shaklida yozib qoldirilgan. Bu jamlashda bosh kotiblik vazifasida bo‘lgan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu faqat og‘zaki tilovat bilan kifoyanmadilar, balki, eshitgan har bir oyatlarni mavjud bitiklarga solishtirib, og‘zaki tilovat yozuvdagi bilan mos kelib, tasdig‘ini topsa, Mus'hafga qo‘shardilar. Bu holat ham Mus'haf tarixida yozishni nechog‘li yuqori ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.
Hazrati Usmon roziyallohu anhuning davrlarida yozib, katta shaharlara tarqatilgan Mus'haflar esa, keyingi avlod xattotlari uchun Mus'haflar ko‘chirib tarqatishlariga asosiy manbaa bo‘lib xizmat qildi. O‘sha zamonlarda Mus'haflar qo‘l mehnati bilan ko‘chirilgan
Hazrati Aliy karramallohu vajhahuning nabiralari Aliy Zaynulobidin aytadilar: “Mus'haflar varag‘i ketma-ket (bir-biriga bog‘langan, ulangan) bo‘lmas edi, kimda Mus'haf bo‘lsa masjid minbarini oldiga kelib, “Kim xohlasa mendan ko‘chirib olsin” der edi. Xohlovchilar kelib undan bir sahifa, bir sahifa qilib Mus'hafni oxirigacha ko‘chirib olishar edi”[1].
Abu Hakima al-Abidiy aytadilar: “Men Kufa shahrida xattotlar bilan birgalikda Mus'hafni ko‘chirar edim. Kunlardan birida Aliy roziyallohu anhu biz ko‘chirgan nusxalardan birini ko‘rdilar va bizning yozgani xatimiz u zotni juda ajablantirdi, shunda “Alloh nurlantirgan narsani (Mus'hafni) mana shunday nurlataveringlar”, boshqa bir rivoyatda “Alloh taolo bunga (Mus'hafga) nur bergani kabi sizlar ham nurlantiringlar” dedilar[2]”.
Islomning dastlabki asrlaridagi holat shunday bo‘lgan. O‘sha zamonlarda nashr qilish imkoniyati bo‘lmagani uchun kimga Mus'haf kerak bo‘lsa, xat savodi borlar o‘zi ko‘chirib olardi, xat savodi bo‘lmaganlar xattotlarga iltimos qilib, ba’zan haq to‘lash evaziga ko‘chirtirib olar edi. Xattotlar imon-e’tiqodining mustahkamligi, Qur’oni karimga bo‘lgan hurmat-ehtiromi va asosiysi, Alloh taoloning oldidagi mas’uliyatini his qilib, omonatdorlik bilan o‘z kasbiga yondashuvi natijasida Mus'haflar bexato ko‘chirilar, kamdan-kam hollarda yo‘l quyilgan kamchiliklar Qur’onni yod olgan hofizlar tarafidan o‘z vaqtida to‘g‘rilanardi ham. Ayrim mohir xattotlar umri davomida yuzlab nusxalar ko‘chirib, extiyojiga yarashasini sotar, qolganlarini ilm davralariga, masjid va tolibi ilmlarga vaqf qilib tarqatar edi.
Nashr qilish dastgohi ixtiro qilingach, kitob nashr qilish jabhasida misli ko‘rilmagan yutukqqa erishildi. Dastlab nashr dastgohlari Germaniyada 1431 melodiy sanada ishlab chiqildi. Yillar davomida bu uskunlarning salohiyati va imkoniyatlari kengaydi, dastlab Italiya, so‘ngra Fransiya davlatlarida ishlatiladigan bo‘ldi. Keyinchalik dunyoning boshqa ilg‘or musulmon mamlakatlariga ham tarqaldi. Jumladan, Halab shahrida 1698 yilda, Livanda 1733 yilda suryon tilida, keyinchalik arab tiliga ixtisoslashgan, Bayrutda 1753 yilda “Qudays” nomli nashriyot faoliyati joriy qilindi. Misrga Fransiyalik harbiy qo‘mondon Bonapart 1798 yilda o‘zi bilan nashr dastgohini olib kirishi natijasida Qohiradagi “Ahliyya” matbaasiga asos solingan. Keyinchalik bu matbaa “Buloq” nomida faoliyat olib borib, Islom olamiga juda mashhur bo‘lgan. Turkiyaga Sulton Ahmad III davrida kirib kelgan. Biroq bu dastohlarda diniy adabiyotlarni nashr qilish o‘sha zamon Turk ulamolari tarafidan ruxsat berilmagan. 1141 yildan keyin asta-sekin arab adabiyoti, tarixi va lug‘atiga oid kitoblar nashr qilingan.
Nashr etish dastgohida chop etilishi bilan tarixda qolgan Mus'haf 1694 yilda Germaniyaning Gamburg shahrida Abraxam Xinkelman (Abrahmi Hinckelmanni) ismli sharqshunos olimning sa’y-harakati bilan 560 sahifada nashr qilingan[3]. Har bir sahifa 16 satrdan iborat bo‘lib, oyatlar boshlanishi tartib raqm bilan belgilangan.
Bundan avval Italiyadagi “Bunduqiya” nashriyotida ham 1530 yilda nashr qilingan, biroq, o‘sha zamon hukmron boshqaruv tabaqa vakillari tomonidan nashr o‘rnida yo‘qotib tashlangan[4].
Shunga ko‘ra hozirgacha saqlanib qolgan Mus'haflar orasida eng qadimiysi Germaniyaning Gamburg shahrida chop qilingani hisoblanadi. Mus'hafning mazkur nusxasi bizgacha saqlanib qolganlari orasida ilk nashr qilingani bilan ahamiyatli bo‘lsada, ko‘plab xato va kamchiliklardan xoli emas edi. Unda uchraydigan xatolar asosan arab tili qoidalariga mos kelmasligi hamda nashr dastgohidagi texnik kamchiliklarga borib taqalardi. Masalan, yonma-yon kalimalarni o‘rin almashib qolishi, nuqtalarning oz yoki ko‘payib qolishi, orasi ajratib yozilishi kerak bo‘lgan ikki kalimaning orasi bog‘lanib qolish kabi kamchiliklarni keltirish mumkin.
Ana shundan keyin Mus'haflar ketma-ket nashr qilina boshlandi.
Dastlabki nashr qilingan Mus'haflar sifatida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 1787 yilda Mavlo Usmon boshchiligida nashr etilgan Mus'hafni, Eronda nashr qilingan ikkita toshbosma nusxa: biri 1828 yili Tehronda, ikkinchisi 1833 yili Tabrizda nashr qilingan nusxani, Qozon shahrida 1877 yilda bosilgan Mus'hafni, huddi shu yili Turkiyada xattot Hofiz Usmon qalamiga mansub nashr qilingan Mus'haflarni keltirish mumkin. Qozon shahrida bosilgan nusxa avvalgi Gamburg shahrida nashr qilingan Mus'hafga deyarli o‘xshab ketsada, unda yo‘l quyilgan kamchiliklar oldi olingan, kalima va harflarda uchragan texnik xatolar tuzatilan edi. Biroq harflar ustiga qo‘yiladigan harakatlarda kamchiliklar bor bo‘lib, Mus'haf so‘ngidagi maxsus jadvalda yo‘l qo‘yilgan xatolar ko‘rsatib o‘tilgan[5]. Keyinchalik, Mus'hafning ko‘plab nashriyotlarda chop qilish ommalashib ketdi. Misrda 1890 yilda Rizvon ibn Muhammad Muxallalotiy boshchiligida, 1923 yilda xattot Muhammad Aliy Husayniy boshchiligida nashr qilingan.
Sanab o‘tilgan Mus'haflarning barchasida harflar Usmoniy Mus'haf asosida, harakatlar esa Xalil ibn Ahmad va imom Sibavayhlar asos solgan yo‘nalishda bo‘lgan.
Keyingi paytlarda tijoriy nashriyotlarning ko‘payishi, unda ish olib boradigan xodimlarning mas’uliyatsizligi, bee’tiborlik bilan nashr qilingan bir qancha Mus'haflarda texnik xatolar ko‘payib ketish oqibatida, ayrim nashriyotlar Mus'hafni ko‘paytirib, tarqatish emas, balki turli nashrlarda uchraydigan xato va kamchiliklardan tozalashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Hozirda bunday ezgu maqsad sari faoliyat olib borayotgan nashriyotlar orasida eng ko‘zga kuringani bu – Madinai munavvaradagi “Malik Fahd” nashriyotidir. 1404 hijriy sana 20 rabiussoniy oyida Saudiya Arabistoni podshohligi muassisligida Mus'haf va unga aloqador ilm ahllari, mutaxassislardan iborat o‘n besh kishilik qo‘mita tashkil qilingan. Qo‘mita hay’at a’zolari Qur’oni karimni har bir kalima, harf va hatto harakatlari, to‘xtash belgi va ko‘rsatmalari ustida bosh qotirib, chuqur tadqiq qilishgan, yillar davomida Mus'hafga kirib qolgan qushimchalar olib tashlanib, xatolar tuzatilgan, kamchiligi to‘ldirilgan, bunday mashaqqatli vazifani uddalash maqasadida hay’at azolari Mus'hafni ikki yuz martadan oshiqroq o‘qib chishlariga to‘g‘ri kelgan.[6] Nashr uchun tayyor holiga kelgan Mus'hafning ko‘rinishi, hajmi va xat turi borasida ham muammolar bor edi. Islom olamiga mashhur xattotlarning Mus'haf ustida olib borgan izlanish va mahoratlari ilmiy o‘rganib chiqildi va ber necha qo‘lyozma Mus'haflar orasidan Damashqlik xattot Usmon Tohoning yozuv uslubi tanlab olindi. Usmon Toho chiroyli yozish va yozuv qoidalariga rioya qilish bilan bir qatorda, tanzim ya’ni tartibga, tabvib ya’ni juzlarga ajratishni ham yo‘lga qo‘ygan edi. Qur’oni karimni 30 juzga bo‘lib, har bir juzga 20 sahifa ajratgan, Fotiha va Baqara surasining birinchi sahifasiga chiroyli shakl berish uchun ikki bet, oxirgi juzda “Bismilloh” bilan suralarning ajratilishi ko‘p bo‘lgani uchun yana ikki bet qo‘shilib, jami 604 sahifaga joylagan edi. Bundan tashqari, har bir sahifani oyat bilan boshlab, oyat bilan yakunlashga erisha olgani eng katta afzalligi bo‘lgan[7]. Sanab o‘tilgan jihatlari bilan boshqa qo‘lyozma nusxalardan tubdan ajralib turgan Mus'hafni yangi nashr qilinmoqchi bo‘lgan “Madina Mus'hafi” nusxasiga asos qilib olindi va hozirda dunyoga tarqalgan Mus'haflar orasida eng mukammal shaklga ega bo‘ldi.
Saudiya Arabistoni podshohligi homiyligida 1405-1425-hijriy yillar oralig‘ida “Madina Mus'hafi” 193 million tirajda bosib chiqishga erishildi[8] va bu dunyodagi eng ko‘p tiraj qilingan bosma deb baholanmoqda.
Hozirda yiliga 30 milion tirajda har xil hajm va ko‘rinishda nashr qilib, tarqatib kelinmoqda.
Keyingi yillirda yurtimizda ham har sohada bo‘lgani kabi diniy sohani rivojlantirish maqsadida keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda. Bunday islohotlar Mus'hafi sharifni nashr qilish va aholimiz mo‘min-musulmonlarining Qur’oni karimga bo‘lgan extiyojini qoplash jihatini ham qamrab oldi.
Alloh taoloning muborak kalomi — Musxafi sharif O‘zbekistonda nashrdan chiqishi qalblarni sururga to‘ldirgan sharafli voqealardan biri bo‘ldi. Yurtimizning ko‘zga kuringan nashriyotlaridan biri «Hilol nashr» matbaa-nashriyoti tomonidan chop etilgan Mus'hafi sharif kitobxonlar ommasiga taqdim etildi.
Nashriyotning ko‘p yillik samarali faoliyati davomida Qur’oni Karimni qadimiy an’analarga, o‘ziga xos tartib-qoidalari va odoblariga rioya qilgan holda, ilg‘or texnologiyalar yordamida sifatli va go‘zal shaklda chop etish uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratildi.
«Hilol nashr» matbaa-nashriyoti Mus'hafi sharifni nashr qilish loyihasi bo‘yicha dunyoda Mus'haf nashri bo‘yicha yetakchi matbaalardan hisoblangan — Misr Arab Respublikasidagi «Dorus-salom» nashriyoti bilan hamkorlik shartnomasi tuzdi. Tuzilgan shartnomaga ko‘ra, «Dorus-salom» nashriyoti «Hilol-nashr»ga Mus'hafni chop etish uchun maxsus ijozat berdi va Qur’oni Karim nusxasi andozasini taqdim qildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ko‘magida ushbu tabarruk loyihani bajarishga kirishildi.
Nashriyot imkoniyatidan kelib chiqib birinchi bosqichda mazkur Mus'hafning adadi 50 000 dona deb belgilandi, dastlab shu adaddan 10 000 nusxa savdoga chiqarildi va 31000 so‘mdan sotildi. Bundan buyon har ikki-uch oyda ana shunday adadda Mus'hafi shariflarni xalqimizga taqdim qilib borish ko‘zda tutilmoqda. Zero, Qur’oni Karim kirib borgan, o‘qiladigan har bir xonadonga Alloh taoloning fayz-barakoti yog‘ilib turadi. Binobarin, Alloh taoloning kalomi — Qur’oni Karimning ko‘p ming nusxada bosmadan chiqarilishi va uning samarasi o‘laroq, har bir mo‘min-musulmonning xonadonida mus'haflar ko‘z qorachig‘idek saqlanishi jonajon Vatanimiz uchun mislsiz xayr-barakadir. Qur’oni bor xonadonda tarbiyalangan farzandlar diniga, el-yurtiga, millatiga sodiq, vatanparvar, chinakam avlod sifatida kamol topadi.
Qalbi Qur’onga oshno xalqimiz ham yangi nashr etilgan Mus'hafi sharifni shod-xurramlik, xursandchilik va sevinch ko‘z yoshlari bilan kutib oldi. Bu yorqin hodisa mamlakatning deyarli barcha ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
Abdulboqiy Tursunov
[1] Muhammad Tohir Kurdiy “Tariyxul xattil arabiy” kitobi, 182 sahifa.
[2] Kanzul ummol 10/536 sahifa.
[3] Tarixul Qur’on: Hafaniy Nosif 112 sahifa, Tarixul Qur’on: Muhammad Tohir Kurdiy 16, 186-sahfalar. Hozirda Misrning “Dorul kutub al-Misriya” kutubxonasida (176 raqam ostida) va “Qohira” unversiteti kutubxonasida bir nusxa saqlanadi.
[4] Mabohis fiy ulumil Qur’on: Subhiy Solih, 99-sahifa.
[5] Muhammad Tohir Kurdiy “Tariyxul xattil arabiy” kitobi, 339 sahifa, Mabohis fiy ulumil Qur’on: Subhiy Solih, 99-sahifa.
[6] Dirosot fiy ulumil Qur’on. 505-sahifa.
[7] Hoshimov Nuriddin “Qur’oni karim yozuvchisi – Xattot Usmon Toho” maqolasidan qisqartirib olindi.
[8] Dirosot fiy ulumil Qur’on. 506-sahifa.