Turkiyaning etakchi ommaviy axborot vositalaridan hisoblangan «Haber» AA saytida «Biz Buxoroda, siz ham keling!» («Buhara’dayız, siz de gelin!») va «Aydindenge» saytida «O'zbekiston gul yuzli odamlar mamlakati» («Güleç yüzlü insanlar ülkesi ÖZBEKİSTAN») sarlavhali maqolalar chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Materiallar mamlakatimizning turizm salohiyati va tarixiy shaharlarimizga bag'ishlangan.
Ushbu nashrlarda O'zbekistonning boy ma'naviy-tarixiy merosi, yil sayin rivojlanib borayotgan turizm salohiyati xorijda tobora katta qiziqish uyg'otayotgani ta'kidlangan.
Mualliflar O'zbekiston, xususan, Buxoro shahriga sayohati, ulug' allomalarimiz maqbaralari ziyoratidan olgan taassurotlarini bayon qilgan. Ularning qayd etishicha, O'zbekistonning jozibadorligini oshiradigan qator jihatlar bor. Hususan, Samarqanddagi dunyoga mashhur qadamjolar va Registon maydoni, Buxorodagi «Yetti pir» ziyoratgohlari har qanday kishini o'ziga jalb etishi tayin.
Turk jurnalistlarining yozishicha, jahon tarixida munosib iz qoldirgan ushbu qadimiy go'zal mamlakatning tarixiy durdonalarni har bir inson umri davomida bir marta bo'lsada o'z ko'zi bilan ko'rishi shart.
Materiallarda O'zbekistonning boshqa hududlaridagi ziyoratgohlar haqida ham atroflicha ma'lumotlar berilgan. Shuningdek, turkiyaliklarni O'zbekistonga imkon qadar uzoqroq vaqt davomida qolish va ziyorat qilishga da'vat etilgan.
«Bir haftalik sayohat O'zbekistonni kashf qilish uchun etarli emas. Bu serquyosh diyorga imkon qadar ko'proq muddatga safar qiling», - deb yozadi mualliflar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar.
Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati