Gonkongdagi etakchi ommaviy axborot vositalaridan biri "Belt & Road News" axborot-tahliliy onlayn portalida shu sarlavhadagi maqola chop etildi. U O'zbekiston sayyohlik salohiyati va mamlakatimizda mazkur sohani rivojlantirish bo'yicha ko'rilayotgan muhim chora-tadbirlarga bag'ishlangan, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Maqolada qayd etilishicha, O'zbekiston Buyuk ipak yo'li chorrahasida joylashgan mamlakat sifatida Sharq va G'arb o'rtasidagi savdo aloqalari va madaniy almashinuvlar rivojlanishida tarixan muhim o'rin tutgan. Samarqand, Buxoro, Hiva kabi ko'hna shaharlar madaniyat va ma'rifat markazlari sifatida qadimgi tsivilizatsiya rivojiga beqiyos hissa qo'shgan. Bugungi kunda ham necha-necha asrlardan buyon qad rostlab turgan juda ko'plab tarixiy-me'moriy obidalar butun dunyo sayyohlarining e'tiborini o'ziga jalb etmoqda.
Shuningdek, unda O'zbekiston tomonidan mamlakat sayyohlik jozibadorligini yuksaltirish, ushbu sohada faoliyat yuritayotgan xususiy kompaniyalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani jabhani yanada rivojlantirish uchun xizmat qilayotganiga alohida e'tibor qaratilgan. Hususan, nashr O'zbekistonga xorijiy sayyohlar oqimini ko'paytirish maqsadida joriy yil 1 martidan e'tiboran Hitoy, jumladan, Gonkong va Makao maxsus ma'muriy hududlari fuqarolari uchun 10 kunlik vizasiz rejim joriy etilganini ta'kidlar ekan, yaratilgan bunday qulay tizim Bahrayn, Qatar, Quvayt va O'mon kabi mamlakatlarga ham taalluqli ekanini ma'lum qiladi.
«O'zbekiston 2025 yilga borib yillik xorijiy sayyohlar sonini 9 millionga etkazish niyatida. Hozirgi epidemiologik vaziyat bilan bog'liq barcha cheklovlarni hisobga olganda bu murakkab vazifa hisoblansada, so'nggi yillarda mamlakatda tashqi turizm bilan birga ichki turizm ham juda faol rivojlanmoqda. Bu esa turizm sohasidagi rivojlanish o'suvchanligini saqlab qolishda juda muhim ahamiyat kasb etmoqda», - deb yozadi «Belt & Road News».
Nashr o'z o'quvchilarini O'zbekistonda turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash, sayyohlik qadamjolariga boy shaharlarda ijtimoiy infratuzilmani takomillashtirish va xizmat ko'rsatish darajasini oshirish masalalariga katta e'tibor qaratayotgani bilan ham tanishtirgan.
Ta'kidlanganidek, bu yo'nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatda ekoturizm, geoturizm, alpinizm, ekstremal, madaniy turizm, baliq ovlash, rafting va boshqa ko'plab yangi yo'nalishlarni jadal rivojlantirish uchun qulay imkoniyatlarni yaratmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi