Qoraqalpog'iston Respublikasi To'rtko'l tumani “Oq qamish” ovul fuqoralari yig'inidagi “Miskin bobo” masjidi yangi binosining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda Qoraqalpog'iston musulmonlari qoziyoti qozisi Shamsutdin Bauatdinov, To'rtko'l tumani hokimi Rustam Shamuratov, imom-xatiblar, nuraniy otaxonlar, “Oq qamish” mahalla fuqarolar yig'ini aholisi ishtirok etdi.
Tadbirda qoziyot qozisi Shamsutdin domla Bauatdinov masjid barpo qilish qanchalik savobli amal ekani, yurtimizda diniy sohadagi ijobiy o'zgarishlar haqida so'zlab berdi, ushbu masjid qurilishiga ko'mak bergan barcha insonlarga katta tashakkur bildirdi.
Ma'lumot uchun, “Miskin bobo” jome masjidining eski imorati 1930 yillari loydan qurilgan, bugunga kelib avariya holatiga kelib qolgan edi. Shundan so'ng mahalliy hokimiyat va tegishli tashkilotlar ruxsati bilan “Miskin bobo” masjidining yuridik manzili o'zgartirilmasdan, yangi binosi qurish ishlari boshlab yuborildi. Hudud aholisi, mahalliy tadbirkorlar va tuman hokimiyatining ko'magi bilan mazkur masjidning yangi imorati 4 yil davomida qurib bitkazildi.
Masjidlarni obod qilish toat-ibodatlar bilan hamda o'sha masjidlarni yaxshilab qurib, ta'mir etib, pok saqlab, muhofaza qilish bilan bo'ladi.
Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “(U) bir uylardaki, Alloh ularning ko'tarilishiga va ularda O'z ismi zikr qilinishiga izn bergandir. Ularda Unga ertayu kech tasbih ayturlar” (Nur surasi, 36-oyati).
Kuni kecha Qoraqalpog'iston Respublikasi Adliya vazirligi Mo'ynoq tumani “Qazaqdarya” ovul fuqorolar yig'ini hududidagi “Qoraqum eshon” jome masjidini davlat ro'yxatidan o'tkazgani haqida xabar bergan edik.
Alloh taolo ushbu masjidlarni qiyomatga qadar mo'min-musulmon xalqimizga xizmat qilishini nasib qilsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «(Umrida) aslo yaxshilik qilmagan bir kishi o‘z ahliga: «O‘lsam, (jasadimni) kuydirib, yarmini quruqlikka, yarmini dengizga sochib yuboringlar. Allohga qasamki, agar Alloh meni topib olsa, hech kimga bermagan azobi bilan azoblaydi», dedi.
O‘sha odam o‘lgach, buyurganidek qilishdi. Alloh quruqlikka buyurdi, u (kulning) o‘zidagi qismini to‘pladi, so‘ng dengizga buyurdi, u ham uning o‘zidagi qismini to‘pladi. Keyin U Zot: «Nega bunday qilding?» dedi. U: «Sendan qo‘rqqanimdan, yo Robbim! Axir O‘zing bilguvchisan!» dedi. Shunda Alloh uni mag‘firat qildi» (Imom Muslim rivoyati).