Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyul, 2025   |   20 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:22
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:32
Bismillah
15 Iyul, 2025, 20 Muharram, 1447

Eng katta dushman nafsmi yoki Shaytonmi?..

23.02.2021   3196   5 min.
Eng katta dushman nafsmi yoki Shaytonmi?..

Nafs isloh qilinsa, Shayton g'ulu qilolmaydi. Insonning asl dushmani o'z ichidadir, u ko'p narsalar istaydi. Bolalikdan boshlab hali qand-qurs, hali shakar, hali xo'rozqand yoki o'yinchoqqa ega bo'lish istagi uyg'onadi. Bajaramiz, bajaramiz... Nafs esa istaklarining bajarilishiga odatlanadi... Bu istaklar bitta emas, ikkita emas, ko'p...

Ana shu nafs istaklarining talabini to'xtata bilish lozim. To'xtatish uchun ham nafsni tarbiya qilish kerak! Inson o'ziga o'zi: «Ha, chiroyli, ko'nglim juda  istaydi, ammo olmayman, chunki – harom». «Ha, uyqu ko'p  shirin, kechqurun juda kech  yotdim, turishga qiynalaman, ammo turishim va namozni o'z vaqtida o'qishim shart», – deya olishi kerak.

Inson o'z nafsini enga bilishi kerak. Tasavvuf, bu – inson o'z nafsini engib, Allohning amrini bajarish holiga kelmog'i, gunohlardan qochish holiga kelmog'idir...» Shayton masalasidan ham ko'ra muhimroq bu!.. Zotan Shayton insonga to'g'ridan-to'g'ri bo'yinturuq urib, zanjirlab,  bog'lab, sudrab etaklamaydi.

«Yur, seni asir oldim», – deb bandi qilib, gunoh erlarga sudrab ketmaydi. Shayton: «Uni qil, buni qil...» deb taklif qiladi. Buni «Shayton vasvasasi» deymiz. Shayton yomon, xunuk ishlarni chiroyli ko'rsatadi. Nafs uni bajaradi... Nafs yomon illatlarni xushlagan paytida agar inson uni jilovlamasa, nafs yomon  ishlar qiladi. Shunday qilib, Shayton panada qoladi. Insonning eng katta dushmani nafsi bo'ladi.

Eng ulug' jihod – insonning nafsi, xohish-istaklariga qarshi jihodidir. Nafsning orzulari ko'p va kuchlidir... Bu orzular besh pog'onadan iborat bo'ladi:

  1. Kichiklikdan balog'at yoshiga qadar eb-ichish, tomoq dardi... Men nabiramdan: «Qo'lingdan tutib, baqqolning oldiga olib borsam, nima istaysan?», – deb so'rasam, «Qand, shokolad, bodroq», – deydi. Ya'ni eb-ichish orzusi... Bolalarda shunday...
  2. Balog'at yoshiga etgan vaqtda unashtirilmoq, uylanmoq orzusi... Birovga yoqqisi, birovni yoqtirgisi keladi. O'zi yoqmasa, xafa bo'ladi... Bu orzular juda kuchli... Bular insonni oqibati xunuk vaziyatlarga ro'para qiladi. Tomoqqa muhabbat qo'yish ham baxtsizlik keltiradi. Harom ediradi, o'g'rilik qildirtiradi va hokazolar. Bu istaklarga bardosh berish juda qiyin....
  3. Endi odatiy udumlarga ko'ra oila ham qurdi deylik... Bundan so'ng turli sarf-xarajatlar: uy-ro'zg'or, kiyim-kechak xarjlari, xotinning, bolalarning ehtiyojlari, uy ijara bo'lsa, uning haqqi bor... Bu vaqt ishi pul bilan bog'liq bo'lib qoladi. Mol-mulk istagi paydo bo'ladi. Buni hamma ham sevadi. Pulni yaxshi ko'rmagan, mol-mulkni sevmagan inson yo'q... Bu ham nafsning orzusi, bu ham kuchli bir orzu... «Molmulkim ko'p bo'lsin, pullarim, boyligim ko'p bo'lsin, ular bilan nimalar qilishim mumkin?», – deya orzulashlar bor... Bu kuchli, qattiq istaklar ham insonlarga ko'p og'ir oqibatlar keltiradi.
  4. Kishining mol-dunyosi ko'paygandan keyin uni: «Pulim bor, hamma narsam bor, nega bir partiyaga kirib falon bir deputat bo'lmaysan? Bunday ishlar qilmaysan, unday ishlar qilmaysan», – deya, mavqe – maqom hirsi – orzu-havaslarni qondirish hirsi chulg'ab oladi. Bu – juda kuch-qudratli bir orzudir...

Bu mavqe – maqomlar uchun juda ko'p talashish-tortishishlar, maxfiy mujodala, ya'ni kurashlar, janglar bo'ladi, zimdan adovatlar, pand berishlar, fitnalar, ixtiloflar bo'ladi... Podshoning o'g'li otasiga isyon qilib, otasini taxtdan ag'daradi, unga eng poygakdan joy berib qo'yadi....

  1. Oqibatda bu mavqe – maqom hirsi eng buyuk arbob-bosh bo'lish orzusini qitiqlaydi. Buni «hubbi riyosat» – boshliq bo'lish ishqi deydilar. Bu – mavqe maqom hirsining eng yuqori darajasi...

– Mana, sen ham deputatsan!

– Ha, ammo deputatman. Birovning izmidaman...

Juda hazilkash bir professor birodarimiz bor bu erda. Unga to'rt-besh partiyadan «bizga a'zo bo'ling», degan taklif tushibdi. U aytibdiki: «Men bunday deputatlarning «bosma tulumba»[1] bu majlisiga kirmayman. Ya'ni «Ho'p bo'ladi, – deginu maishatingni qilaver» tarzidagi bir faoliyat bo'lgani uchun istamayman!», – debdi.

Deputat! Ammo deputatlik etmaydi. Direktor, mudir, vazir, ammo u ham etmaydi... Prezident bo'lgisi keladi. Ish-orzular mana shu taxlit davom etadi...

 

"Islom va axloq" kitobidan olindi

 

[1] Bosma tulumba - suv chiqaradigan qo'l nasosi. Zaruriyat bo'lsa, bosib-bosib suv chiqariladi...

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qariyani ovora qilibsan-ku

14.07.2025   3395   3 min.
Qariyani ovora qilibsan-ku

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Nihoyat, Makka fath bo‘ldi. Bir paytlar g‘ordan vahiy dahshatidan titrab-qaltirab yolg‘iz tushib kelgan bir nafargina Inson butun bir ummatga aylandi.

Tun zulmatida Quraysh o‘ldirishga qasd qilgan Inson Makkadan sodiq do‘sti bilan Madina tomon chiqib, bir necha yildan so‘ng Makkaning to‘rt darvozasidan kuppa-kunduz kuni g‘olib bo‘lib kirib keldi! Kuraysh esa, o‘sha kuni o‘zlaridan qasos olinishini kutib, u zotning oldida bosh egib o‘tirardi. Ularni nima qildi deb o‘ylaysiz?

U kishini yolg‘onchiga chiqarganlarni, aziyat berganlarni, Ka’ba atrofida sajda qilayotganida ustiga tuyaning eshini (ya’ni, ko‘p kitoblarda " سَلَى جَزُور"ni tuyaning ichak-chavog‘i deb yozishadi. Ustoz Abdul Azim Ziyouddin domla «Nurul yaqiyn» kitoblarida yozgan izohda bunday tushuntirganlar: «Imom Buxoriy rivoyatida سَلَى جَزُور va Muslim rivoyatida سَلَى جَزُور, ya’ni «tuyaning qog‘onog‘ini» deyilgan. Qog‘onoq — homilani o‘rab turuvchi shilliq parda, yo‘ldosh.) ag‘darganlarni, Abu Tolib darasida qamal qilganlarni, u kishini yolg‘onchi, sehrgar, majnun deb ayblaganlarni, so‘ngra u kishini o‘ldirish uchun har bir qabiladan bittadan kishi tanlab, u kishining qoni barchaga tarqalishi uchun birgalikda o‘ldirmoqchi bo‘lganlarni nima qildi deb o‘ylaysiz?

U zot sollallohu alayhi vasallam ulardan qasos olmadilar. Balki ularga: «Boraveringlar, sizlar ozodsizlar!» dedilar!

Abu Bakr roziyallohu anhu uyiga borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilishlari va islomga kirishi uchun qartayib qolgan, oyoqlarini ko‘tarishga ham majoli yo‘q otasi Abu Quhofani olib keldi. U hali-hamon iymon keltirmagan edi. Uni ko‘rgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qariyani ovora qilibsan-ku, uni uyida qoldirsang bo‘lmasmidi, biz o‘zimiz uning oldiga borar edik», dedilar.

Abu Bakr roziyallohu anhu aytdi: «Yo Allohning Rasuli! Sizning borishingizdan ko‘ra otam kelishi to‘g‘riroqdir».

Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni o‘tirishga taklif qildilar. Uning ko‘ksini siladilar va: «Musulmon bo‘l», dedilar. Abu Quhofa iymon keltirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘ladi. Qo‘lida ko‘p sahobalar islomga kirgan, ko‘p buyuklar iymonga kirgan buyuk sahobaning otasi endi Islomga kirdi...

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblariga qarang! U kishi yoshi bir joyga borib qolgan qariyaning huzurlariga kelishini noo‘rin bildilar. O‘zlari uning oldiga borishga tayyor ekanliklarini aytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo yoshi kattalarga shafqatli edilar. Doimo: «Sochlari oqargan musulmonni ikrom qilish Allohni ulug‘lashdandir!» der edilar.

Bir qariya Nabiy sollallohu alayhi vasallamni qidirib keldi. Sahobalar unga yo‘l berishmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Kichigimizga rahm qilmagan, kattamizni hurmat qilmaganlar bizdan emas!» dedilar.

Qariyalarga xuddi otamiz yoki bobomiz kabi muomalada bo‘lishimiz lozim. Onaxonlarga esa onamiz yoki buvimiz kabi muomalada bo‘lishimiz kerak. Inson qariganda o‘zining zaifligi, bemorligi va ojizligiga qarab qachonlardir yosh bo‘lganini, kuchli bo‘lgan paytlarini eslaydi, eziladi. Garchi boshqalarga ko‘rsatmasa-da, qalbida siniqlikni his qiladi. Bu siniqlikka faqatgina atrofdagilar beradigan e’tibor va hurmatgina davo bo‘la oladi! Ko‘ngil olish ibodatdir!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi