Sayt test holatida ishlamoqda!
08 May, 2026   |   20 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:40
Quyosh
05:12
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:31
Xufton
20:56
Bismillah
08 May, 2026, 20 Zulqa`da, 1447

Davriy nashrlarda: Halol va haromga oid o'n bir qoida

03.02.2021   3749   8 min.
Davriy nashrlarda: Halol va haromga oid o'n bir qoida

Halol va harom haqida ko'plab oyat va hadislar kelgan. Ularni bilib olish har bir musulmon uchun juda zarur. Shu bilan bir qatorda, halol va harom haqida bilishimiz lozim bo'lgan umumiy qoidalar ham borki, ulardan xabardor bo'lish foydadan xoli emas. Shariatda ba'zi ishlarning harom qilinishi erkinlikni cheklash uchun emas, balki bandalarning jismonan va ma'nan salomat bo'lishlari hamda oxirat saodatiga erishishlari uchundir.

Birinchi qoida. Narsalardagi asl hukm mubohlikdir.

«U shunday Zotki, sizlar uchun Yerdagi barcha narsalarni yaratdi» (Baqara surasi, 29-oyat). «U o'z tomonidan sizlarga osmonlardagi va Yerdagi barcha narsalarni bo'yin sundirdi. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun alomatlar bordir» (Josiya surasi, 13-oyat). Bundan ma'lum bo'ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo'lib, ulardan foydalanish muboh. Qat'iy dalil sobit bo'lmagunicha hech bir narsa harom bo'lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan) dir. Allohdan ofiyatni so'ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati). Ya'ni, Alloh taolo ba'zi narsalar borasida halol yoki harom degan hukmni bayon qilmagan. Ularning na foydasi va na zarari bor. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi.

Ikkinchi qoida. Halol yoki harom qilish faqat Allohning haqqidir. 

Bandaning ishi Rabbisidan kelgan amrni qabul qilishdan iborat. Chunki u o'ziga nima foydayu nima zarar ekanini bilmaydi. Alloh taolo esa barcha narsani biluvchi Zot. Shuning uchun U halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom bo'lishi to'g'ridir. Alloh taolo: «Ey imon keltirganlar! Sizlar uchun Alloh halol qilib qo'ygan narsalarni haromga chiqarmangiz va haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi», deb ogohlantirgan (Moida surasi, 87-oyat).

Uchinchi qoida. Halolni harom, haromni halol, deyish katta gunohlarning kattasidir.

Mo'min biror narsani harom deyishdan avval uni yaxshilab o'rganib chiqishi lozim. Shuning uchun ham o'tgan solih zotlar toki uning haromligiga ochiq-ravshan dalolat qiladigan qat'iy va aniq hujjat sobit bo'lmagunicha, biror ishga haromlik sifatini berishdan yiroq bo'lishgan. Bundan boshqa holatlarda “yoqtirmayman”, “yomon ko'raman”, “makruh bo'lsa kerak” kabi iboralarni ishlatishgan, xolos.

To'rtinchi qoida. Alloh taolo bandalariga rahmat o'laroq, halolning ham, haromning ham illatini bayon qilib qo'ydi.

Albatta, Alloh taolo bandalariga nimani buyurgan va nimani man qilgan bo'lsa, uning sababini ham bildirib qo'ydi. Aslida U zot biror sabab-illatsiz bandalariga xohlagan ishini buyurib, xohlagan ishini man qilishi ham mumkin edi. Lekin bandalariga rahm qilib ularni bayon qilib berdi. Ya'ni, nimani halol qilib, nimani harom qilgan bo'lsa, barchasi biz bandalarning manfaati uchun ekanini ta'kidlab qo'ydi. Masalan, Alloh taolo «… namozni barkamol ado eting!» deb buyuradi. Nega? Chunki «Albatta, namoz fahsh va yomon ishlardan qaytarur» (Ankabut surasi, 45oyat). Alloh taolo nega «Zinoga yaqinlashmangiz!» deb amr qildi? «Chunki u fahsh va yomon yo'ldir» (Isro surasi, 32-oyat). Nega cho'chqa go'shti harom qilindi? Chunki «U, albatta, palid(dir)» (An'om surasi, 145-oyat).

Beshinchi qoida. Halolda haromdan behojat qilish bor.

Alloh taolo insonga qanday shahvat bergan bo'lmasin, albatta, uni qondirish uchun pokiza yo'lni ham yaratib qo'ygan. Islomda insonlarni mahrum qilish yo'q, balki maqsadga o'zgalarning haqini poymol qilmagan holda, halol va pokiza yo'l bilan etishni talab qiladi. Jinsiy maylni uylanish, mol-dunyo shahvatini halol ishlab, kasb qilish orqali qondirish mumkin. Boshqa ehtiyojlar ham xuddi shunday halol yo'l bilan qondiriladi. Shu jihatdan haromga yurishning hojati yo'q.

Oltinchi qoida. Haromga olib boradigan narsa ham harom.

Ma'lumki, nomahram bilan pinhona suhbatlashish, u bilan xilvatda yolg'iz qolish, ushlash harom hisoblanadi. Nega? Chunki bu ishlarning hammasi Alloh harom qilgan zinoga olib boradi. Shu ma'noga ko'ra, haromga vosita bo'ladigan ishlarga ham haromlik hukmi beriladi.

Yettinchi qoida. Harom uchun hiyla ishlatish ham harom.

Gohida insonlar nomaqbul ishlarni shariat pardasi bilan berkitmoqchi bo'lishadi. Masalan, bir kishi riboga qarz bermoqchi bo'ladi, lekin bu ish shariatda mumkin emas. Shunda u maqsadiga shariatda joiz bo'lgan ko'rinishda erishmoqchi bo'ladi va hiyla ishlatadi: buyumini birovga nasiyaga sotadi-da, o'zi yana o'sha buyumni undan naqdga arzonroq narxda sotib oladi. Natijada u ham buyumga, ham qo'shimcha foydaga ega bo'ladi. Bu ish zohirda savdoga o'xshasa-da, botinda – aslida ribodir. Shuning uchun bunday hiyla ishlatish mutlaqo joiz emas.

Sakkizinchi qoida. Yaxshi niyat haromni mutlaqo poklamaydi.

Alloh taolo faqatgina xolis va to'g'ri bo'lgan amalni qabul qiladi. Holislik faqat Allohning roziligi ko'zlanganda, to'g'rilik esa sunnatga muvofiq bajarilganda yuzaga chiqadi. Niyat xolis-u, sunnatga xilof va aksincha, sunnatga muvofiq-u, xolis bo'lmagan amal qabul qilinmaydi. Masalan, undan tushgan foydani etimlar
ga sarflash niyati bilan sudxo'rlik qilib bo'lmaydi. Niyati yaxshi, ammo uni shariatga zid yo'l bilan amalga oshirmoqchi. Niyatning yaxshiligi harom amalni qilishga bahona bo'lolmaydi.

To'qqizinchi qoida. Shubhalardan saqlanish yaxshidir.

Chunki shubhadan saqlanmagan odamda haromni ham qilishga jur'at paydo bo'ladi. No''mon ibn Bashir roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, halol ham, harom ham ochiq-oydindir. Ikkovining orasida esa shubhali narsalar bor. U (shubhali) narsalarni odamlarning ko'plari bilmaslar. Bas, kim shubhalardan saqlansa, dini va obro'sini saqlagan bo'ladi. Kim shubhalarga tushsa, haromga tushadi…”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

O'ninchi qoida. Harom hammaga birdek harom.

Shar'iy hukmlar barchaga birdek barobardir. Hech kim istisno yoki alohida imtiyozga ega emas. Hukmlar ma'lum toi falargagina xoslab qo'yilmagan.

O'n birinchi qoida. Birovlarning zarari evaziga foyda ko'rish ham harom.

Gohida inson birovlarning zarar ko'rishi evaziga mol orttirib, foyda ko'rishi mumkin. Mol topishdagi eng katta qoida shuki, hamma tomonlar uchun manfaatli bo'lmagan kasb halol bo'lmaydi. Shuning uchun ham ribo harom qilingan. Chunki u bir tomon foyda, ikkinchi tomon zarar ko'rishi ustiga quriladi. Dinda esa zarar ko'rish ham, zarar etkazish ham yo'q.

Manbalar asosida O'zbekiston musulmonlari idorasi

Jizzax viloyati vakilligi matbuot kotibi

Usmonali ORALOV, tayyorladi.

“Islom Nuri” diniy-ma'rifiy gazetasining 2020-yil, 22-sonidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Kim dunyo va oxiratni xohlasa — istig‘for aytsin!

07.05.2026   1337   2 min.
Kim dunyo va oxiratni xohlasa — istig‘for aytsin!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taolo shunday marhamat qiladi: Allohdan mag‘firat so‘rang! Albatta, Alloh mag‘firat qiluvchi va rahmli Zotdir (Niso surasi, 106-oyat).

Bu xitob Nabiy sollallohu alayhi vasallamga qaratilgan bo‘lsa-da, u zot orqali butun ummatga, ularning har bir a’zosi va holatiga yo‘naltirilgandir.

Tasavvur qiling, Alloh subhanahu va taolo shaxsan sizga xitob qilib: «Allohdan mag‘firat so‘rang!» demoqda. Demak, istig‘forning sha’ni ulug‘dir. Zero, agar gunohlar bo‘lsa, Alloh ularni afv etadi, agar gunoh bo‘lmasa, bu bandalikni izhor qilish va darajalarning ko‘tarilishidir. Istig‘for yomonliklarga kafforat, yoki darajalarga yuksalishdir.

Istig‘forning ham dunyoda, ham oxiratda o‘z asarlari (natijalari) bor. Rivoyat qilinishicha, bir kishi shayxning huzuriga kelib, farzand ko‘rmayotganidan shikoyat qildi. Shayx unga: «Allohga istig‘for ayt», dedi. Boshqa birov kelib, yerlariga yomg‘ir yog‘may, qurg‘oqchilik bo‘layotganidan arz qildi. Unga ham: «Allohga istig‘for ayt», dedi. Uchinchi kishi yana boshqa bir muammo bilan kelganida, unga ham xuddi shu javobni berdi. Shunda odamlar: «Hamma dardning davosi istig‘formi?» deb so‘rashdi. Shayx ularga Alloh taoloning ushbu oyatlarini tilovat qilib berdi:

«Bas, dedimki: «Robbingizdan mag‘firat so‘rang, albatta U o‘ta mag‘firatlidir. U zot ustingizga osmondan baraka (yomg‘irini) yuboradi. Va sizga molu mulk, bola-chaqa bilan madad beradi va sizlarga bog‘u rog‘lar hamda anhorlarni beradi. Sizlarga nima bo‘ldiki, Allohning ulug‘vorligini (qo‘rqinchini) umid qilmaysiz?» (Nuh surasi, 10-13 oyatlar).

Bu istig‘forning dunyoviy, his qilinadigan natijalari borligiga, shuningdek, qalb nuri va sofligiga oid imoniy ta’sirlari hamda oxiratdagi samaralariga — Allohning avfi, yoziladigan hasanotlar va o‘chiriladigan gunohlarga dalildir: «Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi» (Hud surasi, 114-oyat). Shu bilan banda Allohning rahmati va mag‘firatining kengligida bo‘ladi.

Shu sababdan ham istig‘for qalb nuri va duolar ijobat bo‘lishining omillaridan biridir. Istig‘for Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning doimiy sunnatlaridan bo‘lgan. Shuning uchun ham ahlullohlar (Allohning do‘stlari) bizni kundalik vazifamizni (virdni) istig‘for bilan boshlashga, har kuni ertalab va kechqurun yuz martadan istig‘for aytishga yo‘naltiradilar.

Hadisi sharifda kelganidek: «Kim istig‘forni lozim tutsa, Alloh unga har qanday g‘amdan kushoyish, har qanday torlikdan chiqish yo‘lini (maxraj) beradi va uni o‘zi o‘ylamagan tomondan rizqlantiradi».

Demak, kim dunyoni xohlasa — istig‘for aytsin, kim oxiratni xohlasa — istig‘for aytsin!

 

Professor, doktor Ali Juma.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV tarjimasi

Maqolalar