Islomda e'tiqodiy jihatdan bir-birlari bilan ahil-inoq, hamjihat va birdam bo'lgan ahli sunna val-jamoa deb atalmish to'rt fiqhiy mazhab bor. Ya'ni, hanafiylik, molikiylik, shofe'iylik va hanbaliylik mazhablari. Son-sanoqsiz Islom olimlari Qur'on va sunnatga eng muvofiq fiqhiy mazhablar deb, ularni ahli sunna val-jamoa deyishga ittifoq qilishgan. Biror kishi mujtahidlik darajasiga etmagan bo'lsa, unga shu to'rt mazhabdan biriga ergashishni shart qilishgan. Bu asosga bir necha asrlar davomida og'ishmay, hech qanday ixtilofsiz amal qilinib kelingan. Bu to'rt fiqhiy mazhab imomlarini deyarli barcha Islom ulamolari tan olishgan. Ularga ergashish Qur'on va sunnatga ergashish kabidir deb bilishgan. Bu imomlar yolg'on, aldov, tuhmat va bo'hton kam bo'lgan baxtli zamonlarda, havoyu nafslar shataloq otmagan chog'larda, ilm va amal rivoj topgan asrlarda, avvalgi maqtalgan uch asr—asri-saodatlarda yashashgan. O'sha texnika taraqqiyotga yuz tutmagan vaqtlarda hech qanday texnologiyasiz faqat va faqat ilm va amal bilan yuz minglab e'tiborli musulmonlar va muhaqqiq olimlarning olqishlariga sazovor bo'lishgan.
Islom olamida mazhab atamasi umumiy tarzda zikr qilinganda yuqorida aytilgan ana shu to'rt haq mazhabdan birini ifoda etishi odatga aylangan. Ommabop va yo ilmiy asarlarda ham, shunchaki og'zaki suhbatlarda ham mazhab so'zidan barchaning zehnida ma'lumu mashhur bo'lib ketgan hanafiylik, molikiylik, shofe'iylik va hanbaliylik mazhablari iroda etiladi. Islomda bir necha o'nlab oqimlar, yo'nalishlar, irmoqlar bo'lishiga qaramasdan mazhab so'zi ijobiy ma'no o'laroq faqatgina to'rt haq fiqhiy yo'nalishdan boshqasini ifoda etmaydi.
O'z navbatida “bemazhab” atamasidan ham shu to'rt mazhabdan birortasida subuti bo'lmagan musulmonlar ko'zda tutiladi. Atama salbiy ma'no kasb etib, xoh to'rt mazhabdan birortasiga aloqasi yo'q yo'nalishlar bo'lsin, yoki shu to'rt mazhab ichida betayinlik ila ayrim masalada hanafiy, yana boshqa masalada hanbaliy va hokazo amal qiluvchi mulaffiqlar bo'lsin bariga nisbatan “bemazhab” atamasi qo'llanaveradi.
Ayni damda “mulaffiq”, “talfiq” atamalariga qisqacha izoh berib o'tish o'rinlidir:
Talfiq – ijtihod shartlarini o'zida o'zlashtira olmagan holda, mustaqil hukm chiqarish va fatvo berishga salohiyatsiz kishining turli mazhablardan o'zi xohlagan fatvolariga amal qilishdir. To'rt haq mazhab ulamolari talfiqdan qaytarishgan. Masalan, hanafiylardan shayx Ibn Obidin “Bahrur-roiq”ning hoshiyasida aytadi: “Muayyan mazhab muftiysining o'z mazhabida aniq ko'rsatilgan masalada boshqa mazhab yo'lini tutishi va u bo'yicha fatvo berishi mumkin emas”. (6-jild, 289-bet).
Molikiylardan imom Nafroviy “Favokehud-devoniy”da aytadi: “To'rt imomdan biriga ergashish vojibligiga musulmon ummatining ijmosi tuzilgandir. Faqat ijtihod ahllari bundan mustasno”. (2-jild, 357-bet).
Shofe'iylardan Jaloluddin Mahalliy “Jam'ul-javome'”ning sharhida aytadi: “Eng sahih so'z shuki, omiylar modomiki ijtihod martabasida bo'lmas ekan, ularga muayyan bir mazhabga taqlid qilish lozim bo'ladi. U xoh boshqa mazhabni o'z mazhabi bilan teng va yo arjah deb e'tiqod qilsin, buni ahamiyati yo'q”. (2-jild, 440-bet).
Hanbaliylardan Mardoviy “al-Insof”da aytadi: “Rioyatul-kubro”da aytiladiki, har bir muqallidga biror muayyan mazhabga taqlid qilishi lozim bo'ladi. Ijtihod ahli bundan mustasno. Ahli sunna olimlaridan “muayyan mazhabga taqlid lozim emas” deganlar ham bor. Ammo ular bu so'zlarida ijtihod shartini ham o'rtaga qo'yishgan” (11-jild, 194-bet).
Ba'zi mulaffiqlar “bemazhab” atamasining ma'nosini izohlashda chalg'ituvchi iboralar bilan o'z qarashlarini haspo'shlashga urinadi. Ularning iddaosicha “bemazhab” degan tushuncha mutlaqo noto'g'ridir. Emishki, to'rt mazhabdan birortasida subuti bo'lmagan musulmonlar ham ilojsiz biror olimning so'ziga, va yo biror oqim yo yo'nalish ta'limotiga suyanadi, demak ular bemazhab emas. Zotan mazhab bu—kimningdir yo'nalishi demakdir. To'rt mazhabdan boshqasiga ergashganlarni yoki to'rt mazhab ichida aralash-qurash tarzda amal qiluvchi mulaffiqlarni “bemazhab” deb tanqid qilish noto'g'ri, axir ular ham qaysidir bir olim ijtihodiga suyanmoqda-ku?! Balki bu tanqid mazhabparastlikdir!—deb o'z amaliy va aqidaviy yo'nalishlarini oldin qatorga olib chiqishga urinadilar.
Shu o'rinda ular tomondan to'rt haq fiqhiy mazhabdan birida sobitqadamlik ila amal qiluvchi musulmonlarga nisbatan “mazhabparast, mutaassib” degan atamalarni qo'llash masalasiga to'xtalib o'tsak:
Mutaassib, mazhabparast so'zlari odatan salbiy ma'noda qo'llanuvchi so'zlar bo'lib, noto'g'ri narsaga ko'r-ko'rona ishonish, shu narsada qaysarlik bilan oyoq tirab olish, nohaq dushmanlik qilishga aytiladi. To'g'ri yo'lda yoki to'g'ri fikrda mustahkam turganlarni mazhabparast yo mutaassib emas, aksincha haq ustida sobitqadam deyiladi. Dinimiz ham aslida shunga amr qiladi. Noto'g'ri yo'lda, ishda va fikrda oyoq tirab turib olganlarga ega «mutaassib», «qaysar» va «ko'rko'rona ergashib ketuvchi gumroh» deyiladi. Aslida bu laqablar to'rt haq fiqhiy mazhablardan birortasida sobitlikni xushlamaydigan, o'zlaricha amal qiluvchi o'zboshimcha musulmonlarga qo'llansa to'g'riroq va mosroq bo'ladi.
Aslida, esa “bemazhab” atamasi ahli sunnaning so'zi e'tiborli olimlari tomondan to'rt haq mazhabdan birida sobitlikni inkor etib, ijtihod da'vosi bilan o'rtaga chiqqan va ommani ham shunga undovchi kishilarning “biz mazhabga qaramaymiz, mazhabni bid'at deymiz, o'zimiz Qur'on va hadisdan ijtihod qilamiz, mazhab ahlidan emasmiz, biz sahobalar davridagi kabi ibodat qilamiz“ deb jar soluvchi bemazhablarga nisbatan aytilgan hukmdir!
Ular to'rt mazhabdan boshqa mazhabda ekanliklarini da'vo qilsalar sizga ularning bu jim-jimador so'zlariga aldanib qolmaslikni maslahat beramiz. Negaki, birinchidan, ular “mazhabbosh”lari kim ekanliklarini ochiq aytishmaydi.
Ikkinchidan, ularning “mazhabbosh” rahnamolarini biror ahli sunna olimlari tarafdan e'tirof etilmagan.
Uchinchidan, farazan beshinchi mazhabni tashkil etsalar, to'rt mazhabdan ijtihod borasida ustun ekanliklarini hali biror yo'nalishda isbot qila olishmagan. Ular ham mazhablari bo'yicha Qur'on va sunnatga muvofiq ijtihod qilib bizni qoyil qoldirsinlar, ko'raylik.
To'rtinchidan, e'tirofli to'rt mazhabni rad etish orqali qancha-qancha oyatu hadisni tan olmaslik harakatida bo'lishadi va ba'zilari shuni teskari ta'vil qilishga urinishadi. To'rt mazhab vakillari esa hamma oyatu hadisni bir xil ko'rishadi. Ilmlari kuchli bo'lmaganligi yuzasidan, qaysi oyat yoki hadis nosix mansuxligini anglashga, ulardan hukm chiqarishga ojizligi, havoyu nafslariga moslab hukm chiqarib olmasliklari uchun butun dunyo tan olgan ulug' mujtahidlarga ergashishlikni afzal bilishadi. Zero bugungi kunda bu mazhabboshi imomlarday ilm va taqvo sohibiga aylanish, faqat orzu ekanligi hammaga ma'lum va mashhurdir.
Unutmang! Bu to'rt haq mazhabga bir necha asrlar davomida qancha-qancha olimlar amal qilishdi. Ergashganlar xato qilishdimi?!
Ular taqvo, ilm, ibodat va tafakkurda bizdan kuchli emasmidilar?!
Nima uchun bunday mo''tabar zotlarga ergashmasdan, ilmi, amali, ibodati, parxezkorligi, dinga do'st yoki dushmanligi kabi faoliyatlari aniq va ishonchli bo'lmagan shaxslarga ittibo' qilishimiz kerak ekan?!
Bugungi fitna urchigan, insonning asl shaxsiyatini bilish qiyin kechadigan zamonlarda etiqodiy betayin kimsalarga ergashmasdan, butun dunyo tan olgan to'rt buyuk imomlarning biriga ergashishligimizda nima jihat bizni mazhabparast yoki mutaasib deb haqorat qilishlariga asos bo'lmoqda?! Ular o'z ilm va taqvosi orqali necha yuzminglab olimu fozillarni o'zlariga ergashtira olmadilarmi?! Din uchun mislsiz xizmat qilmadilarmi?! Qancha-qancha g'ayridinlarni musulmon bo'lishligiga sababchi bo'lmadilarmi?! Javob: Ha, xuddi shunday bo'lgan!
“Mazhabparast”, “mutaassib” degan laqablarni kimlar o'ylab topganini ozgina tafakkur qiling! Ey ikkilanayotgan kishilar shu tushunchalar doirasida musulmonlarni ikkiga bo'lib tashlaganini ham biroz tushunib etarsiz. Tafriqaga kim ajratayotganini, fitnalarni kim uyushtirayotganini hassoslik bilan sezishga harakat qilarsiz…
Qachonki to'rt fiqhiy mazhabdan ustun yoki barobar keladigan mazhabni dunyo olimlari ijmosiga binoan bu ham ahli sunnaning beshinchi mazhab deb tan olinmaguncha, to'rt mazhabdan birida mustahkam yurmaydiganlar bemazhab—ya'ni, to'rt haq mazhabdan birortasida subutsiz, deb aytilaveradi. Bu butun islom ummati tan olgan haqiqatdir! Shuni ham alohida ta'kidlash jizki, imom G'azzoliy, Navaviy, Faxruddin Roziy kabi ulamolar to'rt imomdan boshqa, mujtahidi mutlaq darajasiga eta olgan, mustaqil fiqhiy mazhabga asos solish darajasidagi olimni dunyo hali shu kungacha ko'rgani yo'q, deb ta'kidlaganlar!
Muhtaram o'quvchi, muqadimada aytib o'tagnimizdek to'rt fiqhiy mazhabning e'tiqodiy qarashlari yagona ta'limot asosiga barpo etilgandir. Ibodat ko'rinishlari to'rt xil bo'lsada aqidada bir yoqadan bosh chiqarib e'tiqod qiladilar. Bir-birlarini kofir yo bid'atchi deb haqorat qilishmaydi. Bir-birlarini o'ldirishga fatvo berishmaydi. Bu esa ayni Islom nizomidan ko'zlangan bosh maqsaddir. Ha, Islom dini musulmonlarni bir-birlari bilan ahil-inoqlikka, mafkuraviy birdamlikka, hamdo'stlikka, aqidaviy ixtiloflardan yiroqlikka, urush va buzg'unchiliklardan xazar qilishga, isyonkorlik, bog'iylik kabi fitnalarga qo'shilmaslikka chaqiradi! Bu ta'limot aynan to'rt haq fiqhiy mazhabning e'tiqodiy ta'limotida o'z aksini topgan, balki asosini tashkil etadi! Shunday ekan siz ham shu to'rt mazhabdan birortasiga qarshi chiqishdan, uni nohaq deyishdan, ajrab chiqib ketishdan, bir-biriga aralshatirib amal qilishdan saqlaning!
Hikmatulloh Ibrohim
Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi studiyalar orqali 60 mingdan ziyod yoshlar vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilganlarni samimiy qutlab, yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekanini ta’kidladi. Barcha darajadagi rahbarlar yoshlarni til va kasb-hunarga o‘rgatish, sportga jalb etish, g‘oya, loyiha hamda startaplariga ko‘mak berish, ularni ishli va daromadli qilish bo‘yicha yanada faol ishlashi, birorta yigit-qizni e’tiborsiz qoldirmasligi zarurligi qayd etildi.
Yillar davomida yaratilgan imkoniyatlar natijasida yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi nufuzli oliygohlarda tahsil olayotgan talaba yoshlarimiz 500 nafardan, TOP-100 talikdagi oliygohlarda o‘qiyotgan yigit-qizlarimiz 3,5 ming nafardan oshdi. Yoshlarimiz yaratgan 63 ta startap loyihasi AQSH, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari bozorlariga kirib borgan. Yosh sportchilarimiz xalqaro arenalarda 720 ta oltin, 671 ta kumush, 854 ta bronza medalining sohibi bo‘ldi. Bugun yosh tadbirkorlar yurtimizdagi biznes vakillarining 35 foizini tashkil etmoqda.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng tez sur’atlarda rivojlanayotgan davlat deb e’tirof etilgani bejiz emas. Joriy yilda Toshkent shahrida Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi tashkil etilishi, Samarqand shahrida Yoshlar parlamenti a’zolarining 12-global konferensiyasi, “Take Off” xalqaro startap sammiti va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘tkazilishi bu maqomni yanada mustahkamlaydi.
Davlatimiz rahbari har yili 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelayotgani, 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkich 1 millionga yetishini qayd etib, yoshlarga o‘z imkoniyati va qiziqishiga mos ish topishi uchun sharoit yaratish eng muhim masala ekanini ko‘rsatib o‘tdi.
Yoshlar o‘rtasidagi so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ularning uchdan biri tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan.
O‘tgan yili yoshlar bandligini ta’minlash uchun banklar va Yoshlar ishlari agentligiga 400 million dollar yo‘naltirilgani, “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari hisobidan 15 ming nafar yosh o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib, 50 ming kishini ish bilan ta’minlagani ta’kidlandi.
Bu ishlarning davomi sifatida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi e’lon qilindi.
Bunda moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytiriladi: o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 100 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshiriladi. Yosh tadbirkorlarning loyihalari uchun 10 milliard so‘mgacha kredit ajratish mumkin bo‘ladi. Innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat beriladi. Servis va umumiy ovqatlanish sohasida 1 mingdan ziyod ish o‘rni yaratgan mahalliy brendlardan franshiza olib, filial ochishga qiziqqan yoshlar uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy qilinadi.
Joriy yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushirilib, yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million so‘mgacha, tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘lib biznes boshlayotganlarga 300 million so‘mgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lganlarga 2 milliard so‘mgacha, kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard so‘mgacha kredit berilishi belgilandi.
Shuningdek, tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30 foizi biznes ko‘nikmasi yetishmasligi sabab qiyinchilikka uchrayotgani qayd etildi. Shu bois, har bir hududda tadbirkorlikka o‘qitish, g‘oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha kompleks xizmat ko‘rsatadigan “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etiladi.
Nufuzli xorijiy oliygohlar ilg‘or tajribalar asosida yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitishda hamkorlik qilishga tayyor ekani qayd etilib, kamida 40 ming yoshni biznesga o‘rgatadigan “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturini boshlash belgilandi. Dasturni muvaffaqiyatli tugatgan eng yaxshi 1 ming nafar yoshning loyihasiga uch yil muddatga 200 million so‘mgacha 7 foizli ssuda beriladi.
Har yili “Yosh tadbirkorlar” tanlovi o‘tkazilib, eng yaxshi 100 ta loyihani brendga aylantirish uchun “Yoshlar venchurs” jamg‘armasidan 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
1 martdan yangi ish boshlayotgan yosh tadbirkorlarga infratuzilmaga ulanish bilan bog‘liq davlat xizmatlarining xarajatlari Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.
Ijtimoiy tashabbuslar bo‘yicha “Fikringni ber (Voice Up)” inklyuziv oromgohi tajribasi kengaytirilib, uni har bir hududda o‘tkazish va 1 ming nafar yoshni qamrab olish, eng yaxshi tashabbuslar ishtirokida Samarqand shahrida Xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohini tashkil etish vazifasi belgilandi.
“O‘sish va rivojlanish (Upshift)” loyihasi doirasida bu yil media, dizayn, hunarmandchilik, ishlab chiqarish va innovatsiya yo‘nalishlarida ham tanlov o‘tkaziladi. Eng yaxshi 40 ta startapni moliyalashtirish uchun 2 milliard so‘m ajratiladi.
Texnikumlarda ta’lim dasturlarini ish beruvchilar talabi asosida yangilash, dual ta’limning qamrovini kengaytirish, moddiy-texnik bazani yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Texnikumlarga ham oliygohlar kabi “spin-off” ochishga ruxsat berilib, o‘quvchilarning startap loyihalariga 1 milliard so‘mgacha ajratiladi. Joriy yildan texnikum o‘quvchilari uchun ham “Ishla va sayohat qil (Work and travel)” dasturi asosida 6 oy xorijda ishlab, qo‘shimcha daromad topish imkoniyati yaratiladi, ishtirokchilarga yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda ajratiladi.
Xorijiy til sertifikatiga ega yoshlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi samara bergani ta’kidlanib, sertifikat olgan yoshlar 600 mingdan oshgani, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 ming instruktor shakllangani aytildi. Xususiy o‘quv markazlarining soni 3 karra ko‘payib, 38 mingdan oshgan.
Xususiy o‘quv markazlari uyushmasini tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlanib, uyushma a’zosi bo‘lgan markazlarga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi. Bunday markazlar o‘qituvchilarini ilg‘or ta’lim markazlariga stajirovkaga yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
“Ko‘mak” dasturi doirasida olis va chekka hududlarda xorijiy til o‘quv markazlarining faoliyatini kengaytirish uchun 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Olis hududlardagi o‘quv markazlari ijtimoiy soliqni 1 foiz, o‘qituvchilar uchun daromad solig‘ini 7,5 foiz miqdorida to‘laydi (hozir 12 foiz).
Joylarda ehtiyojmand oilalardagi yoshlarni bepul o‘qitadigan o‘quv markazlariga qo‘shimcha imtiyozlar berilishi belgilandi: yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi, kommunal xarajatlarining yarmi qoplab beriladi, o‘qituvchilarga to‘langan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq “keshbek” tariqasida qaytariladi.
Volontyorlik faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Yurtimizda huquqiy asoslar yaratilgani hisobiga volontyor yoshlar 5 karra ko‘payib, ekologiya, tibbiy xizmat, ta’lim, favqulodda vaziyatlarda ko‘maklashish yo‘nalishlaridagi volontyorlar soni 100 mingdan oshgani aytildi.
Volontyorlik harakatini rivojlantirish bo‘yicha Vasiylik kengashini tuzish, Yoshlar ishlari agentligida “Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasini tashkil etish rejalashtirildi. Jamg‘armaga har yili budjetdan 20 milliard so‘m, qo‘shimcha ravishda mahalliy budjetlardan 3 milliard so‘mdan ajratiladi. Shuning hisobidan volontyorlik loyihalariga 100 million so‘mgacha grant beriladi, “ijtimoiy faollik kartasi” orqali ball tizimi joriy etiladi.
Yig‘ilishda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlikni ommalashtirish masalalari ham ko‘tarildi.
Yosh oilalar uchun uy-joy ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasining 14 foizdan oshgan qismi budjetdan qoplab berilishi aytildi.
“Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi orqali eng iste’dodli yozuvchilarga ijodiy buyurtma berib, bir yil davomida oyiga 20 million so‘mdan haq to‘lash, eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga hamda milliy adabiyotni xorijiy tillarga tarjima qilish va chop etish xarajatining yarmini qoplash belgilandi.
Yangi o‘quv yiliga qadar eng yaxshi 100 ta asardan iborat to‘plamni tayyorlab, barcha maktab va texnikumlarga yetkazish, eng faol kitobxon o‘quvchilarni 10 million so‘mdan mukofotlash vazifasi qo‘yildi.
Kutubxona, “book cafe” va kitob do‘koni ochib, oyiga 10 ming donadan ortiq kitob sotuvini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga 3 yilga 1 milliard so‘mgacha 7 foizli ssuda berish mexanizmi nazarda tutildi.
Jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlarning jamiyatga tez moslashishi uchun “Ikkinchi imkon” loyihasi boshlanishi ma’lum qilindi. Unda 8-12 oylik intensiv kurslarda dasturlash, veb-dizayn, kompyuter muhandisligi, boshqa kasblar va xorijiy tillarga o‘qitish orqali daromadli ishga ega bo‘lishiga shart-sharoit yaratiladi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari yoshlar bilan muloqot qilib, ularning turli sohalarga oid taklif va tashabbuslarini tingladi.
Tadbir davomida mutasaddilarning hisobotlari ham eshitildi.