Mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasida Dehli shahri Jome' masjidi Maslahat kengashi bosh kotibi Sayid Tariq Rahmat Buxoriy bilan uchrashuv o'tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Tadbirdan maqsad mamlakatimizga xorijiy sayyohlar oqimini oshirish, xususan, ziyorat turizmi salohiyatidan keng foydalanish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yanada chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo'ldi.
Muloqotda Tariq Rahmat Buxoriy O'zbekiston va Hindiston o'rtasida turizm sohasi hamkorlikning ustuvor yo'nalishlaridan biri ekani va dunyoda davom etayotgan pandemiya bilan bog'liq vaziyat barqarorlashuvi bilan mazkur yo'nalish ham o'z navbatida bosqichma-bosqich izga tushishiga ishonch bildirdi.
T.Buxoriy Hindiston va Bangladesh aholisi orasida O'zbekistondagi tarixiy-islomiy qadamjolarga qiziqish yuqori ekanini ta'kidlab, xususan, bu borada “Toshkent-Dakka-Toshkent” yo'nalishida aviaqatnovlarni tiklash masalasini o'rganib chiqishni taklif qildi.
Pandemiya sharoitida O'zbekiston bo'ylab tashkil etilayotgan xavfsiz turizm, aviatashuvchilar va turoperatorlarga taqdim etilayotgan qator imtiyozlar bilan yaqindan tanishish maqsadida O'zbekiston, Hindiston va Bangladesh turkompaniyalari o'rtasida yaqin kunlarda onlayn-taqdimotlar o'tkazishga kelishib olindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Sayyor yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabirigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Shu yil 17 iyul kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov boshchiligida O‘rta Chirchiq tumanidagi «Usmon ota» jome masjidida tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng tumandagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Bunday tadbir qamrovi kengligi bilan alohida ahamiyat kasb etyapti. Gap shundaki, tadbir doirasida bir oila 12 nomdagi turli adabiy-badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Tumandagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Usmon ota» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati