Farg'ona viloyatida informatika fani o'qituvchisi Odinaxon Yo'ldoshevaning olimpiadaga chiqqan barcha o'quvchilari respublika bosqichiga yo'l oldi. Bu haqda Halq ta'limi vazirligi xabar qildi.
Odinaxon Yo'ldosheva – Farg'ona viloyati O'zbekiston tumani 65- sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internati informatika va axborot texnologiyalari fani o'qituvchisi, xalq ta'limi a'lochisi.
O'qituvchining 9-11-sinflardan olib chiqqan 9 nafar o'quvchisining barchasi viloyat fan olimpiadasida g'oliblikni qo'lga kiritib, Respublika bosqichiga yo'llanma oldi.
«Bunday natijaga erishishida uning o'quvchilari bilan birgalikda tinim bilmay shug'ullanishi va o'z kasbiga sidqidildan yondashishi sabab. Bu yutuq Odinaxon Yo'ldoshevaning boshqa hamkasblariga ham namuna bo'lishiga ishonamiz», – deyiladi vazirlik xabarida.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun, 19 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi "Rakat" jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari juma namozidan oldin yig‘ilgan jamoatga mav’iza qilib berdilar. Musulmonning musulmonga ehtiromi mavzusida qilingan go‘zal suhbat davomida Alloh taolo inson zotini azizu mukarram etib, borliqdagi barcha narsani insonga xizmat qildirib qo‘ygani, shunday ekan, insonlar ham o‘zaro ahl-inoq, mehr-muhabbatli, bir-birlariga doimo yordamchi bo‘lib hayot kechirishlari dinimiz amri ekani eslatib o‘tildi.
Ma’ruza asnosida Qur’oni karim va hadisi shariflar keltirib o‘tildi. Jumladan, mashhur sahobiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan keltirilgan hadisda bunday deyiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba atrofida tavof qilayotganlarini ko‘rdim. U zot Ka’baga qarab bunday der edilar: "Sen va sening hiding qanday ham go‘zal! Sen qanday ulug‘san va sening hurmating qanday buyuk! (Lekin) Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh nazdida mo‘minning hurmati sening hurmatingdan ham ulug‘dir" (Imom Ibn Moja rivoyati).
Musulmon kishining Alloh nazdidagi hurmati mana shunday baland ekan, o‘zaro hurmat-ehtiromi ham shunga monand bo‘lishi ta’kidlandi. Manfaatli suhbat yakunida butun dunyo musulmonlari, xususan, xalqimizning o‘zaro ahil-inoqligi bundan ham ziyoda bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati