Joriy yilning 22 yanvar' kuni Qozog'iston musulmonlari idorasining Haj va umra ishlari bo'limi boshlig'i Jandulla Bekjigitov va “Tawaf Travel” shirkati direktori Bektemir Isakov O'zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov qabul qildi. Uchrashuvda Din ishlari bo'yicha qo'mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo'limi boshlig'i Hamidbek Hasanov, Diniy idora huzuridagi “Muslim tour” MChJ direktori Jahongir Salomov ham qatnashdi.
Homidjon domla Ishmatbekov mehmonlarni tashrifi bilan qutlab, O'zbekiston va Qozog'iston Diniy idoralari yaqin hamkorlik qilib kelayotgani, ikki qardosh yurt o'z mustaqilligiga qadar bitta diniy idorada faoliyat olib borgani, hozirda ikki davlat muftiylari o'zaro va xorijiy anjumanlarda tez-tez uchrashib turishini ta'kidladi. Shuningdek, Yurtimizda ziyorat turizmi bo'yicha qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berdilar. Jumladan, Din ishlari bo'yicha qo'mita va Diniy idorada Ziyorat turizmi bo'limlari ochilgani, Diniy idora huzurida “Muslim tour”, Mir Arab Oliy madrasasi huzurida “Mir Arab Travel” sayyohlik firmalari ochilganini qayd etdilar.
O'zbekistonning Qozog'istondagi elchixonasi birinchi kotibi Oydin Mannopova qabul uchun tashakkur bildirib, mehmonlarning tashrif maqsadini aytib, O'zbekistondagi ziyorat turizmi salohiyati va imkoniyatlarini Qozog'istonga namoyish etish maqsadida info tur tashkil etilgani haqida ma'lumot berdi.
Jandulla Bekjigitov ikki davlat diniy idorasi o'rtasidagi uzoq yillik mustahkam aloqalar haqida so'z yuritib, qozog'istonlik ko'plab ulamolar O'zbekistonda ta'lim olgani va bu erda bir qancha qozog'istonlik valiylarning qabri borligini ta'kidladi.
Shuningdek, Qozog'istonda ziyorat turizmi bo'yicha olib borilayotgan ishlar haqida to'xtalib, qozog'istonlik ziyoratchilarni Toshkent, Samarqand, Buxoro, Hiva shaharlariga tashrifini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Buning uchun “Tawaf Travel” sayyohlik firmasi hamkorlikka tayyorligini qayd etdi.
Shundan so'ng “Tawaf Travel” sayyohlik firmasi rahbari Bektemir Isakov firma faoliyati haqida to'xtalib, haj va umra ziyorati to'xtab qoganidan so'ng muftiy Naurizbay Taganuli hazratlari ichki turizmni rivojlantirish bo'yicha topshiriq bergani, bu bo'yicha ziyorat odoblariga doir Ulamolar kengashining maxsus yo'riqnomasi ishlab chiqilganini ta'kidladi. Shuningdek, O'zbekistonga sayohat tashkil etish uchun barcha imkoniyatlar borligi, pandemiyadan so'ng ziyoratlarni yo'lga qo'yishni aytib, ikki shirkat o'rtasida hamkorlik bo'yicha memorandum imzolashni taklif etdi.
Homidjon domla Ishmatbekov ziyorat turizmi orqali qardosh xalqlar o'tgan ajdodlari tarixi, ular qoldirgan meros bilan yaqindan tanishish imkoni yaratilgani, buning uchun ziyorat odoblari bo'yicha targ'ibotni kuchaytirish va ziyoratchilarga qulay sharoit yaratib berish lozimligini ta'kidladi.
Hamidbek Hasanov ham O'zbekistonda Ziyorat turizmi bo'yicha qilinayotgan ishlar, sharoit va imkoniyatlar haqida to'xtalib o'tdi. Shuningdek, “Muslim Tour” MChJ rahbari Jahongir Salomov shirkat va uning faoliyati xususida ma'lumot berdi.
Din ishlari bo'yicha qo'mita, O'zbekiston musulmonlari idorasi va O'zbekistonning Qozog'istondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan uchrashuv samimiy ruhda o'tdi, o'zaro hamkorlikni mustahkamlash va ziyorat turizmini rivojlantirish bo'yicha kelishib olindi. Tadbir yakunida mehmonlarga hadyalar ulashildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi axborot xizmati O‘zAga ma’lum qilishicha, qo‘mita O‘zbekistonning ushbu obyektni asrash bo‘yicha sa’y harakatlarini yuqori baholab, YUNЕSKO Butunjahon merosi markazi hamda IKOMOS (Yodgorliklar va diqqatga sazovor maskanlarni asrash bo‘yicha xalqaro kengash) bilan samarali hamkorlik muhimligini alohida qayd etdi.
Kelgusi bosqich sifatida O‘zbekistonga takroriy nominatsiyani tayyorlash uchun uch yil muddat berildi. Unda Shahrisabzning siyosiy, madaniy va diniy markaz sifatidagi betakror tarixiy rolini aks ettiruvchi temuriylar davri me’moriy merosiga alohida urg‘u qaratiladi.
Shaharning tarixiy qismi bufer hudud sifatida belgilanishi rejalashtirilgan, bu uning madaniy qiymatini yanada samarali asrash imkonini beradi. Mazkur qaror xalqaro hamkorlik doirasida olib borilgan tizimli va ochiq muloqotlar natijasi bo‘ldi.
Anjumanda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etib, YUNЕSKO, IKOMOS va barcha xalqaro hamkorlarga bildirilgan ishonch va ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirgan.
Behruz XUDOYBЕRDIYEV,
O‘zA