Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Oktabr, 2025   |   28 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:22
Quyosh
06:40
Peshin
12:13
Asr
15:52
Shom
17:39
Xufton
18:51
Bismillah
20 Oktabr, 2025, 28 Rabi`us soni, 1447

Islom.uz portali Navoiy hazratlarining asari asosida tanlov o'tkazmoqda

22.01.2021   1749   3 min.
Islom.uz portali Navoiy hazratlarining asari asosida tanlov o'tkazmoqda

Islom.uz portali she'riyat mulkining sultoni Alisher Navoiyning xalqaro miqyosda nishonlanayotgan 580 yilligini munosib qarshilash maqsadida «Arba'in» nomli tanlov e'lon qildi.

Tanlov ikki yo'nalishda o'tkaziladi:

Birinchi yo'nalish:

— To'rtlikni ifodali o'qib berish.

— Hadislarning o'zbekcha tarjimasini aytib berish.

Ikkinchi yo'nalish:

— Hadisning arabcha matnini o'qib berish.

— To'rtlikni ifodali o'qib berish.

— Hadislarning o'zbekcha tarjimasini aytib berish

— Hadisning roviysini aytish.

Har ikki yo'nalishda ham ishtirokchilar bilet tanlashadi. Tanlab olingan biletda keltirilgan hadis raqamiga ko'ra, (har bir biletda to'rtta raqam bo'ladi va shu raqamda ko'rsatilgan hadislarni aytish kerak) ishtirokchilardan o'sha hadisni aytib berish talab etiladi. 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim ummatimga din ishlari borasida qirqta hadisni muhofaza qilib bersa, Alloh uni Qiyomat kuni faqih qilib tiriltiradi, Qiyomat kuni men unga shafoatchi va guvoh bo'laman» deganlar.

Imom Bayhaqiy va boshqalar rivoyat qilgan.

Mazkur hadisi sharifning ilhomi, undagi va'daga umidvorlik bilan nafaqat muhaddis va ulamolar, balki ko'pchilik musulmon shoirlar ham «Arba'in»lar yozganlar. «Arba'in» so'zi «qirq» degani bo'lib, bu asarlarda fazilatli amallarga, Islom axloqiga doir qirqta qisqa-qisqa hadislar she'riy to'rtliklar shaklida tarjima qilingan. Jumladan, buyuk olim Abdurrahmon Jomiy rahmatullohi alayh fors tilida, mumtoz shoir Alisher Navoiy turkiy tilda «Arba'in» asarlarini yozganlar.

Mumtoz adabiyotimizni, xususan, Alisher Navoiyning «Arba'in» asarini chuqurroq o'rganganimiz sari uning Qur'on va sunnatdagi o'gitlarga, dinimiz ta'limotlari va g'oyasiga asoslangani tobora yaqqol ko'rina boshlaydi.

Bugun ham ana shu mo''tabar manbalarni o'rganish va ular asosida yashash dolzarbligini yo'qotgan emas. Ularsiz tariximizni, adabiyotimizni, xususan, Navoiyning ulkan merosini to'liq tushunib, anglab bo'lmaydi. Ulug' bobomiz Alisher Navoiyning asarlari qancha ko'p o'rganilsa, shuncha oz. Zero, ularning asarlari bitmas-tuganmas ziyo manbaidir.

Alisher Navoiy Allohga iymon keltirgan, Qur'oni Karimdagi har bir oyatni muqaddas deb bilgan, naqshbandiya tariqatini qabul qilgan shoir va mutafakkirdir. Uning ijodi mohiyatini anglab etmoq uchun kishi din tarixini yaxshi bilishi, Qur'oni Karimni o'qib, ma'nosini anglay olishi kerak.

Ulug' bobokalonimizning meroslarini to'la va to'g'ri tushunish hamda shunday talqin qilish, bu oltin merosni haqiqiy, sof holatda keyingi avlodlarga etkazish biz, farzandlarning sharafli burchimizdir. Bunday ulkan vazifani sharaf bilan ado qilish baxtini hozirgi ilm va ma'rifat kishilariga, alalxusus, Alisher Navoiyga o'zini avlod deb bilgan sizu bizlar – barchamizga Alloh taoloning O'zi nasib etsin!

 

azon.uz

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Allohdan o‘zga iloh yo‘q. U ‎Rohman va Rohiymdir

17.10.2025   6512   2 min.
Allohdan o‘zga iloh yo‘q. U ‎Rohman va Rohiymdir

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Asmo binti Yaziyd roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Allohning ismi a’zami ushbu ikki oyatdadir: «Va ilohingiz yagona Ilohdir. Undan o‘zga iloh yo‘q. U Rohman va Rohiymdir» va Oli Imronning avvalidagi «Alloh – Undan o‘zga iloh yo‘q. U Hayy va Qoyyumdir‎» oyatidadir», dedilar».

Imom Ahmad, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.

Darhaqiqat, bu ikki oyatda zikr qilingan Alloh taoloning ismlari o‘zida katta ma’nolarni jamlagandir. Keling, ular bilan yaqindan tanishib chiqaylik:

«Va ilohingiz yagona Ilohdir. Undan o‘zga iloh yo‘q. U ‎Rohman va Rohiymdir» (Baqara surasi, 163-oyat‎).

Ushbu oyatda Islom aqiydasining bosh masalasi – Allohning yagonaligi asosiy qoida sifatida ilgari surilmoqda. Allohning borligiga hech qachon shubha bo‘lmagan. Uning zoti va sifatlari haqida tortishuvlar doimo bo‘lib turardi. Uning maxluqotlar bilan aloqasi haqida ham tortishuvlar kechgan. Faqat dahriylargina ilohning yo‘qligi haqida safsata sotdilar. Allohning borligini inkor etdilar.

«Alif. Laam, Miym. Alloh – Undan o‘zga iloh yo‘q. U Hayy va Qoyyumdir‎» (Oli Imron surasi, 1-2-oyatlar).

Oyati Kursiyda kelganidek, ushbu oyati karima tavhidni, Allohning yagonaligini xolis bayon qiladi. Alloh taolodan o‘zga bandalarning ibodatiga sazovor hech bir ilohi ma’bud yo‘qdir. Alloh doim tirikdir, o‘lmaydi. U Qoyyum – bandalari ishlarining tadbirida doimo qoim turuvchidir. Boshqalarning turishi ham U Zot bilandir.

Bu ikki oyati karimada ham Alloh taoloning bir necha ismlari zikr qilingan. Ammo ulardan qaysi biri Ismi A’zam ekaniga aniq ishora yo‘q.

«Hadis va hayot» kitobining 35-juzi