Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili O'zbekistonning turizmni bolalikdan boshlashga doir tashabbusini yuqori baholab, ushbu tashabbusni butun dunyo mamlakatlari maktablarida alohida fan sifatida kiritish va sohaga oid darslik yaratishga turtki bo'lishini ta'kidladi.
Pololikashvili bu haqida Bosh vazir o'rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi Aziz Abduhakimovning Ispaniyaga tashrifi doirasida o'tgan uchrashuvda ma'lum qilgan. Aziz Abduhakimov BTT Bosh kotibiga bugungi kunda O'zbekiston aholisi, ayniqsa, yoshlar o'rtasida turizm madaniyatini shakllantirish yo'lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi. “O'zbekistonda yoshlar orasida sohaga qiziqish uyg'otish maqsadida mamlakat bo'ylab umumta'lim maktablarida joylashga mo'ljallangan turistik xarita yaratildi. Shu bilan birga, bolalikdan sayohat madaniyatini shakllantirishga yordam beruvchi "Yosh sayyoh" qo'llanmalari ishlab chiqildi. Maktablarda o'quv dasturiga "Turizm soati" kiritilmoqda”, - dedi Bosh vazir o'rinbosari. Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi matbuot xizmati xabariga ko'ra, O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi amaliy ishlar UNWTO Bosh kotibida katta qiziqish uyg'otdi.
"Turizmni rivojlantirishni bolalardan boshlash bo'yicha O'zbekiston tajribasi UNWTO hamkorligida butun dunyo mamlakatlarining boshlang'ich maktablari uchun alohida fan joriy qilish va darslik yaratishga turtki bo'ladi. Bu fanni Osiyoda ilk bor O'zbekiston maktablarida sinovdan o'tkazishni taklif qilaman", - dedi Pololikashvili.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Xabaringiz bor, 2025 yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabrigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Bugun, 10 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, hojilar, otinoyilar va mahalla faollari ishtirokida Xonqa tumanidagi «Sayid ota» jome masjidida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng Xayrulla domla Abdullayev hududdagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi.
Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2025” ziyoratchilari, mahalla raislari ishtirokida tumandagi mahallalarga tashrif buyurdilar.
Mahalladagi oilalarga kirilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalar holidan xabar olindi. Shuningdek, er-xotin, aka-uka, ota-bola, qaynona-kelin, o‘rtasidagi kelishmovchilik va janjallar sababli notinch bo‘lib turgan oilalar o‘rganilib, ularga nasihat qilindi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Shuningdek, adashib aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan fuqarolar bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularga islomning sof ta’limoti haqida ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda tumandagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish va shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.
Mazkur tadbirlardan so‘ng Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati