«Huquq» gazetasining 42-sonida chop etilgan «Serial – vaqt kushandasi(mi)?» sarlavhali maqolada bugungi kunning dolzarb muammolari, jumladan, yurtimiz telekanallarida namoyish etilayotgan xorij seriallari efir soatining ko'pligi, ulardagi qahramonlar kiyimi xijolatomuz ahvolda ekanligi, ushbu holatlar hamda qadahlar aks etgan sahnalar xiralashtirib berilayotgani, bu esa tomoshabin ongiga salbiy ta'sir ko'rsatishi yoritilgan.
Shu mavzuda ustozimiz shayx Muhammad Yusuf Muhammad Sodiq hazratlari bunday degan edi: «Afsuski, bu hozir to'g'rilanishi kerak bo'lgan dolzarb mavzulardan biri. Buyuk allomalar yurti bo'lgan joylarda odamlar ajdodlarimizdan emas, balki ular qattiq qaytargan narsalardan ibrat olishi achinarli hol. Ya'ni odamlar dinimiz qaytargan narsalardan ibrat olishmoqda.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qavmga taqlid qilsa, u o'shalardandir” degan» (Imom Abu Dovud va Imom Nasaiy rivoyati).
Sharh: o'z qavmi, o'z dini va urf-odati turib, boshqalarning turmush tarzini, kiyinish va hayotdagi boshqa narsalarini ustun qo'yib, jon-jahdi bilan ularga o'xshashga harakat qilish odamga o'z ta'sirini o'tkazmay qolmaydi. O'sha odam «har kimga niyatiga yarasha» qoidasiga binoan o'zi taqlid qilgan qavmdan bo'ladi. Kofirlarga o'xshashni orzu qilib uringan bo'lsa, kofirlardan bo'ladi. Fojirlarga o'xshashga harakat qilgan bo'lsa, fojir bo'ladi va hokazo…
Islom ummati Alloh taolo yuborgan ta'limotlarning eng mukammaliga, har bir zamon va makonga munosib ta'limotga ravo ko'rilgan. Haq taolo bu ummatni boshqa barcha ummatlar ustidan shohid qilib, har bir narsada o'ziga xoslikni berib qo'ygan. Shu bois ham bu ummatga o'zidan boshqalarga o'xshashga harakat qilish, Alloh taolo osmondan tushirgan narsani qo'yib, boshqa millatlar erdan chiqargan narsalarga havas qilishi mutlaqo to'g'ri kelmaydi.
Yuqoridagi hadisda faqat kiyim haqida emas, balki umuman tashqi qiyofani qanday tutish kerakligi haqida ham so'z ketmoqda. Demak, tashqi qiyofa madaniyatida ham har kim o'zligini, ya'ni erkak erkakligini, ayol ayolligini, musulmon musulmonligini unutmasligi kerak. Huddi shunday musulmonlar boshqa millatlarga xos bo'lgan, ularni musulmonlardan ajratib turadigan narsalarga taqlid qilmasliklari lozim».
Munoviy roziyallohu anhu aytadi: «Hayo ikki xil bo'ladi: nafsoniy va iymoniy. Birinchisi barcha insonlarda yaratilgan bo'ladi. Unga avratni ochishdan yoki odamlar huzurida jinsiy yaqinlik qilishdan hayo qilish kabilar kiradi. Ikkinchisi esa musulmonning Allohdan qo'rqib harom ishlardan tiyilishidir».
Gunohlarning yomonliklaridan biri hayoni ketkazishidir. Hayo – barcha yaxshiliklarning asosi. Uning ketishi barcha yaxshiliklarning ketishidir. Gunohlar asta-sekin hayoni zaiflashtirib, bir yo'la yo'q qilib yuborishi ham mumkin.
Oynai jahonda berib borilayotgan fil'mlarning ba'zilari inson psixologiyasi, aqli va qalbiga salbiy ta'sir qilmoqda. Bu esa jamiyatda yangi jinoyatlar sodir bo'lishiga olib kelmoqda.
Ma'lumki, inson ikki, bir-biriga zid bo'lgan ruh va nafs jam qilingan yagona mavjudot hisoblanadi. Shunday ekan, salbiy oqibatlarga etaklovchi fil'mlar insonda yomon oqibatlarni keltirib chiqaradi. Eng xatarlisi yosh yigit-qizlar bunday fil'mlarni ota-onasi bilan ko'rishi va fil'm qahramonlariga o'xshashga harakat qilishidir.
Menimcha, inson ma'naviy-ruhiy ozuqa oladigan tarixiy, yoshlarni vatanga muhabbatli bo'lishga chorlovchi fil'mlarni ko'paytirish kerak. Halqimizning ma'naviy immunitetini kuchaytirish lozim. Fil'mlar ommaga namoyish qilinishdan oldin ulamolar va turli soha vakillari muhokamasida tasdiqlanishi zarur deb o'ylayman. Zero, «Maslahatli to'y tarqamas» deb bejiz aytilmagan.
Jasur RAUPOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kunlardan birida professor qo‘liga suv to‘ldirilgan idishni oldida, qo‘llarini oldinga uzatib, talabalardan so‘radi:
– Agar bu idishni shu holatda uzoq vaqt ushlab tursam nima bo‘ladi?
– Qo‘llaringiz og‘rib ketadi.
– Bir kun ushlab tursam-chi?
– Qo‘llaringiz zo‘riqib, uyushib, tamom bo‘ladi, mushaklaringiz shikastlanishi ham mumkin.
– Agar kun bo‘yi tursam, idishning vazni o‘zgaradimi?
– Aslo yo‘q!
– Xo‘sh, bu ahvoldan qutilish uchun nima qilishim kerak?
– Oddiy-ku! Idishni qaytarib stol ustiga qo‘ying!
– Barakalla! – yuzlariga kulgu yugirib javob berdi professor. Hayotda uchraydigan qiyinchiliklar ham shunga o‘xshaydi. Agar muammolaringizni bir necha daqiqa o‘ylasangiz, ular sizga yaqinlashadi. Hayolingizni uzoq vaqt ular bilan band qilsangiz, tinkangizni quritadi. Kun bo‘yi shu muammolaringiz dardida yuradigan bo‘lsangiz, miyangiz og‘rib, to‘g‘ri qaror qabul qilolmaydigan holga kelib qoladi. Bu bilan muammolaringizning “vazni” o‘zgarmaydi. Shunday ekan, sabr va duo bilan Alloh taolodan umidvor bo‘ling. Zero, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir.