Savol: Assalomu alaykum, hurmatli ustoz, so'nggi yillarda tibbiyot rivojlanishi naijasida "blefaroplastika" deb ataladigan jarrohlik amaliyoti keng qo'llanilmoqda. Ushbu turdagi jarrrohlik amaliyoti bo'yicha dinimiz ko'rsatmasi qanday?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Va alaykum assalom va rahmatullohi va barakatuhu. Islom dini shifo beruvchi yolg'iz Alloh taolo ekanligini unutmagan holda bemorlarga etgan kasalliklardan davolanishga ruxsat beradi. Shuningdek, insonga bir qator noqulayliklar keltirib chiqaruvchi holatlarga sabab bo'luvchi, ayniqsa, insonning eng muhim a'zolaridan bo'lgan ko'zning ochilishi qiyinlashayotganligi sababli amalga oshiriladigan tepa qovoq plastikasi muolajasi (blefaroplastika) dinimizda ruxsat etilgan jarrohlik amaliyoti turlaridan hisoblanadi.
Islom insonni o'z jonini qiynamaslikka buyuradi. Zero, undagi har bir a'zo Alloh tomonidan berilgan omonatdir.
Bu turdagi kasalliklar inson hayoti davomida orttirilgan bo'lib, bunday nuqsonlarni ketkazish va davolash Alloh bergan xilqatni o'zartirishga kirmaydi. Balki bu bugungi kunda tibbiyot sohasida erishgan yutuqlar tufayli paydo bo'ldi. Binobarin, jarrohlik amaliyoti qilinib teri ichidagi yog' qatlamini (griejani) olib tashlab, ortiqcha terini kesib tashlash a'zolarning asl holiga keltirishdan iborat amaliyot bo'lib, Alloh taoloning quyidagi so'ziga muvofiq keladi:
﴿لَقَدْ خَلَقْنَا الْإِنْسَانَ فِي أَحْسَنِ تَقْوِيمٍ﴾
“Haqiqatan, Biz insonni xushbichim va xushsurat (shaklda) yaratdik”(Tin surasi, 4-oyat).
Bundan tashqari Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Arfaja ibn As'ad roziyallohu anhuning urushda burni kesilib ketganida kumushdan, kumush mos kelmagach tilladan burun qilib olishga ruxsat berganlar (Imom Termiziy rivoyat).
Ushbu dalil va misollarning barchasini hisobga olib, paydo bo'lgan shishlarni kamaytirish yoki to'liq bartaraf qilish va ko'zni yaxshi ochilishi maqsadida qilingan amaliyot shar'an joiz bo'ladi. Ayni vaqtda mazkur amaliyotni bezarar qovoqlarni kichraytirish, ya'ni tashqi ko'rinishni o'zgartirish uchun qilinsa, Alloh taoloning quyidagi so'ziga binoan harom qilingan amaliyotlar sirasiga kirib qoladi:
﴿وَلَآَمُرَنَّهُمْ فَلَيُغَيِّرُنَّ خَلْقَ اللَّهِ وَمَنْ يَتَّخِذِ الشَّيْطَانَ وَلِيًّا مِنْ دُونِ اللَّهِ فَقَدْ خَسِرَ خُسْرَانًا مُبِينًا﴾
"(Shayton aytdi:) “Ularga buyuraman – Allohning yaratganlarini o'zgartiradilar”. Kimki Allohni qo'yib, shaytonni do'st tutsa (uning aytganlarini bajarsa), demak, u aniq ziyon qilibdi”(Niso surasi, 119-oyat). Vallohu a'lam.
Saidjamol MASAYITOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo bo'limi mudiri o'rinbosari
Bugun, 15 noyabr kuni "Bag‘rikenglik haftaligi" doirasida "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ruslanbek Davletov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiqjon Toshboyev, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori akademik Akmal Saidov qatnashdi. Shuningdek, xorijiy mutaxassislar, diplomatik korpus vakillari, dinshunos-ekspertlar, islomshunoslar, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, diniy konfessiya yetakchilari va milliy madaniy markazlar vakillari, professor-o‘qituvchilar va talaba yoshlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan notiqlar tomonidan turli madaniyat va din vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ular o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda O‘zbekiston tajribasi yuksak e’tirof etildi. Ko‘p millatli xalqimiz qadimdan bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik fazilatlari bilan tanilgani, qaysi jamiyatda ahil-inoqlik mustahkam qaror topgan bo‘lsa, o‘sha jamiyatda o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlar rivojlanishi, insonlar tinch va osoyishta hayot kechirishini alohida ta’kidladilar.
Ochilish marosimidan so‘ng konferensiya o‘z ishini uchta sho‘bada davom ettirdi. Har bir sho‘bada diniy bag‘rikenglik, ijtimoiy barqarorlik, ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga oid dolzarb mavzular atroflicha muhokama qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati