Islom dini go'zal axloqdan iborat. Axloq din asosi bo'lganidek, mo'minlikning ham belgisi hisoblanadi. Ijtimoiy hayotda kiyim-kechakdan tortib o'zini tutishgacha, muomaladan to tijoratgacha, oilaviy munosabatlardan hatto jamiyatdagi xatti-harakatgacha – barcha fe'l-atvorning umumiy jamlanmasi axloq deyiladi.
Axloq Olamlar Rabbisining fitratimizga joylashtirgan yaxshilik, go'zallik va rahm-shafqatning bir butun ko'rinishidir. Har bir bola Islom fitratida tug'ilib, keyinchalik ota-onasining tarbiyasi bilan o'z yo'lini tanlaydi. Har bir bola go'zal axloqqa yo'g'rilgan holda dunyoga keladi. Vaqt o'tishi bilan oila davrasi, do'st-suhbatdoshlari, atrof-muhit, iqtisodiy imkoniyatlar, axborot vositalari kabi tashqi ta'sir axloqning go'zalligiga, bir butunligiga putur etkazishi mumkin.
Odam Atoning farzandlari Qobil va Hobildan boshlab inson fitratiga bir imtihon zaruriyati sifatida joylashtirilgan hasad, xiyonat, g'urur, adovat, ehtiros kabi kishini yomonlikka etaklovchi nafsoniy tuyg'ular ham eng oliy maxluqot bo'lgan insonni eng past darajaga – tubanlik jariga qulatishi mumkin.
Bugun dunyoning manzaralariga boqsangiz, urushlar, qonli to'qnashuvlar ayrimlarning manfaat va hirslarininggina in'ikosi ekanini ko'rasiz. Global olamdan o'zimizning kichik dunyoga “ko'chganimiz”da esa yurtdoshimiz, mahalladoshimiz, hatto oila a'zolarimizdan birining toza fitratga zid xatti-harakatlariga ko'zimiz tushadi. Bu aslida o'sha bir butun go'zal axloqning zaiflashganini ko'rsatuvchi omildir.
Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh go'zal axloqqa bunday ta'rif beradi: “Go'zal axloq – ochiq chehrali bo'lish, insonlarga doimo yaxshilik qilish va ularga aziyat etkazadigan narsalarni bartaraf etishdir”.
O'qiganda yoqimli va qilish osondek ko'ringan bu amallar aslida dinimizda eng ulug' savobga erishish mumkin bo'lgan maqbul ibodat sanaladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Qiyomat kuni tarozuda go'zal axloqdan o'zga og'irroq keladigan narsa yo'q”, deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Shu nuqtai nazardan, asli fitratimizda bor bo'lgan, bizga olam-olam savoblar keltiradigan go'zal axloqni “uyg'otish” unchalik qiyin ish emas.
Go'zal axloq – shirin so'z, yaxshi muomala, muhabbat, tabassum, marhamat ko'rsatish, avvalo, insonning o'zidan boshlanishi kerak. Ya'ni, inson o'ziga yaxshilik qilib, boqiy dunyoda xayr va saodatga erishishi uchun ana shu yaxshiliklarga qo'l urishi lozim. Zero, bu amallar o'z o'rnida uni halovat va baxt ko'chasiga olib kiradi.
Inson o'z yaratilishiga muvofiq, ezgu niyatlar bilan harakat, halol mehnat qilsa, umri davomida muvaffaqiyat qozonadi, chunki olg'a qadam tashlash uchun arzirli maqsadi bor. Bu xatti-harakatlari, avvalo, o'z oilasiga, keyin atrofidagilarga xotirjamlik, ijobiy muhit va albatta ishonch beradi. Mo'minning ishonchli va omonatdor bo'lishining siri ham mana shunda.
Ta'kidlash lozimki, insonning bu harakatlaridan hosil bo'layotgan ishonch va omonatdorlik hissi vaqt o'tishi bilan yaqinlaridan o'ziga qaytadi. Bora-bora bu ijobiy fazilatlar atrofolamga yoyiladi va o'zi yashayotgan, kelajakda farzandlari yashaydigan muhit ijobiylashuviga turtki bo'ladi. Huddi Rasululloh alayhissalom yashagan saodat asridagidek… Huddi jaholat sabab kin, adovat va maishatdan bo'shamagan insonlar jamiyatida bir burda nonini ham mo'min birodarlari bilan bo'lishib egan sahobai kiromlar shakllanganidek…
Nigora MIRZAYeVA tayyorladi.
“Mo'minalar” jurnalining 2020 yil, 4-sonidan
2026 yil 26 yanvar kuni Buxoro viloyatida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, shuningdek, diniy soha xodimlari o‘rtasida jamoaviy hamjihatlik va sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlash maqsadida imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida shaxmat, shashka, stol tennisi hamda voleybol bo‘yicha viloyat bosqichi musobaqalari tashkil etildi.
Tadbir belgilangan reja va sport qoidalari asosida o‘tkazilib, viloyatning tuman va shahar masjidlarida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar faol ishtirok etdilar.
G‘oliblar:
Shaxmat:
1-o‘rin — Odilov Haydarjon (Ko‘gon t., “Xo‘ja Ka’bul Axbor Vali”)
2-o‘rin — Isoyev Mustaqim (Shofirkon t., “Qori Fazliddin”)
3-o‘rin — Ismoilov Ismat (Qorako‘l t., “Qobulota”)
Shashka:
1-o‘rin — Rahmonov Bobojon (Vobkent t., “Miri Xurd Vobkandiy”)
2-o‘rin — Avezov Abdulloh (Qorako‘l t., “Bozorxo‘ja”)
3-o‘rin — Najmiddinov G‘ayrat (Romitan t., “Mahallai-bolo”)
Stol tennisi:
1-o‘rin — Boboqulov Sadam (Peshku t., “Xo‘ja Peshko‘”)
2-o‘rin — Najmiddinov Asatillo (Buxoro sh., “Umar ibn Xattob”)
3-o‘rin — Bozorov Vahobiddin (Peshku t., “Chiqirchi”)
Voleybol:
1-o‘rin — “Bahovuddin Naqshband” jamoasi
2-o‘rin — “Najmiddin Kubro” jamoasi
3-o‘rin — “Jaloliddin Manguberdi” jamoasi
Musobaqalar diniy soha xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, sportga qiziqishni oshirish hamda o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. G‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbirni tashkil etishda Mir Arab oliy madrasasi hamda viloyat sport federatsiyasi yaqindan amaliy yordam ko‘rsatdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati