O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi azmu shijoatli harbiylarimiz, xalqimizning mard va jasur o'g'lonlarini O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy muborakbod etadi.
Kuni kecha Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni Shavkat Mirziyoev ushbu bayram munosabati bilan harbiylarimizga tabrik yo'llab, jumladan bunday dedi: “Biz bahodir va dovyurak harbiylarimiz bilan – o'zining muqaddas qasamyodiga sodiq qolib, xizmat burchini erda ham, ko'kda ham sharaf ila ado etayotgan yurtimizning zabardast o'g'lonlari bilan haqli ravishda faxrlanamiz”.
Inson uchun kindik qoni to'kilgan er qadrli bo'ladi, qayerda bo'lmasin unga talpinaveradi. Vatanni sevish, uni ardoqlash inson tabiatidagi nozik va teran tuyg'u. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilayotib, tug'ilib o'sgan Vatani – Makka shahriga yuzlanib: “Qanday yaxshi yurtsan! Men uchun naqadar sevimlisan! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganda sendan boshqa yurtda yashamas edim”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Hayotimizga ma'no va mazmun olib kiruvchi tinchlik-hotirjamlik kabi ilohiy ne'matlarning qadriga etish, ularga shukr qilish, uni asrab-avaylash barchamizning burch va vazifamizdir. Buni, ayniqsa, yurt himoyachisi degan sharafli va mas'uliyatli kasbni tanlagan harbiylarimiz yanada teranroq anglaydi.
Hazrati Payg'ambarimiz alayhissalom: “Kimki Alloh taolo yo'lida bir kunduz yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi (nafl) ro'za tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kimiki sarhadni qo'riqlab turganda halok bo'lsa, unga ham xuddi shunday ajru-savob mukofoti bo'ladi va shahidlik maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda bo'ladi” (Imom Nasoiy rivoyatlari).
Alloh taolo Vatanimiz himoyachilariga sihat-salomatlik, shodu hurramlik va ikki dunyo saodatini ato etsin! Yurtimiz tinchligi va ravnaqi, dinimiz rivoji, xalqimiz salomatligi va farovonligi yo'lida qilayotgan xizmatlariga ulkan muvaffaqiyatlar bersin!
Ma'lumot uchun, 1992 yil 14 yanvar' kuni mustaqil davlatimiz tarixida muhim voqea yuz berdi. Respublikamiz Qurolli Kuchlari tashkil topdi. 1993 yildan e'tiboran 14 yanvar' yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni”, deb e'lon qilindi. Joriy yil ana shu shonli sananing 29 yilligini nishonlayapmiz.
Insonning o'z xalqiga bo'lgan sadoqati va fidoyiligi ona Vatanni himoya qilishi, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo'lishi hamda xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga imkon darajada hissa qo'shishi bilan o'lchanadi.
Ushbu bayram bilan yuragida Vatan va xalq sevgisi mahkam joy olgan shijoatli o'g'lonlar, yurt sarhadlarini sergaklik bilan qo'riqlayotgan aka-ukalarimiz qatori yurt tinchligi va osoyishtaligi yo'lida turli sohalarda xizmat qilayotgan barcha vatandoshlarimizni qutlaymiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan xorijda yashayotgan vatandoshlar uchun keng ko‘lamli iftorlik va ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Joriy yilda ushbu ezgu tashabbus doirasida 50 shaharni qamrab olinib, xorijda mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va doimiy yashab kelayotgan yurtdoshlarimizni birlashtirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Makka, Madina, Seul, Istanbul, Anqara, Qohira, Ammon, Kuala-Lumpur, Vashington, Nyu-York, Toronto kabi yirik shaharlarda iftorliklar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, vatandoshlar homiyligida Dallas, Filadelfiya, Orlando, Novosibirsk, Tomsk va Yekaterinburg shaharlarida ham iftorliklar tashkil etilmoqda.
Mazkur xayrli ishlar mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Ularda taniqli ulamolar va imom-xatiblar ishtirok etib, dinimizning insonparvarlik mohiyati, milliy qadriyatlar tarannumi, Vatanga muhabbat va yot g‘oyalardan saqlanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu vaqtgacha O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan xizmat safariga yuborilgan imom-xatiblar tomonidan AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada 90 ta ma’rifiy suhbat va taroveh namozlari o‘tkazilib, ularda 15 mingdan ziyod vatandoshimiz ishtirok etdi.
Ma’rifiy suhbatlar yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shukronalik, go‘zal axloq, o‘zaro hurmat, milliy qadriyatlarga ehtirom, Vatanga muhabbat va turli yot oqimlardan saqlanish kabi mavzularni o‘z ichiga olgan.
Mazkur tadbirlardan ko‘zlangan maqsad xorijdagi vatandoshlarimizni ma’naviy-ma’rifiy qo‘llab-quvvatlash, ona yurt bilan bog‘liqlik tuyg‘usini yanada mustahkamlash va yurtdoshlar o‘rtasida birdamlikni kuchaytirishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati