Inson qayerda tug'ilib parvarish topsa, o'sha joyga mehr qo'yadi. Vatanni sevish, vatanparvar bo'lish, undagi bor narsani ardoqlab, sog'inib yashash inson tabi'atida tabiiy, tug'ma hissiyotdir. Bu hissiyot insonni o'zining moli, vaqti, kuchi, hatto jonini ham vatan uchun mardlarcha fido qilishga undaydi. Uning tinchligi uchun barcha narsalarni taqdim qilishga tayyor bo'ladi.
Vatan himoyasi – xalq himoyasidir. Vatan chegaraliri xalq uchun, uning osuda hayoti uchun qo'riqlanadi. Halqni hamma xavf-xatardan himoya qilish insonning Alloh taoloni oldida va vatan oldida muqaddas burchidir.
Vatan sarhadlarini himoya qilish, sergaklik bilan tuni-kun hushyor turish ulug' fazilat, ayni vaqtda ibodat bo'ladi.
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ - صلى الله عليه وسلم – يَقُولُ ” عَيْنَانِ لاَ تَمَسُّهُمَا النَّارُ عَيْنٌ بَكَتْ مِنْ خَشْيَةِ اللَّهِ وَعَيْنٌ بَاتَتْ تَحْرُسُ فِى سَبِيلِ اللَّهِ“ رَوَاهُ الترمذى.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasuulloh sollallohu alayhi vasallamning “Ikki ko'zni do'zax otashi kuydirmaydi. Alloh taolodan qo'rqib yig'lagan ko'z, Allohning yo'lida tunlari qo'riqchilik qilgan ko'z” – deganlarini eshitdim”. Imom Termiziy rivoyat qilgan.
Insonlar oxirat diyorida dunyoda qilgan amallariga ko'ra, jannat yoki do'zaxga ajralishi muqarrardir. Vatandoshimiz Imom Abu Iso Termiziy rivoyat qilgan mazkur hadisi sharifda ikki toifa insonlar fazilatli amallari bilan do'zax azobidan najot topishi, natijada ulug' mukofat bilan mukofotlanishi zikr qilinmoqda.
Ushbu fazilatli amalning birinchisi – Alloh taolodan qo'rqib, qilgan gunohlaridan tavba qilib yig'lagan ko'z sohibi. Ko'z yoshi bilan, chin ixlos bilan qilingan tavbani Alloh taolo qabul qiladi. Tavba qiluvchi inson o'z nafsi bilan kurashuvchi, barcha gunoh va jinoyat ishlardan o'zini to'xtatuvchi va buyurgan ishlarga bo'ysinuvchi insondir. Bu insonlarning qalb ko'z ochiq bo'ladi.
Inson ko'zidan yosh to'kishi bilan qalb yumshatadi. Inson qalbi yumshashi natijasida o'zi va yon atrofidagi faqat manfaat keltiradi.
Ikkinchisi – Alloh taoloning yo'lida vatan hududini qo'riqchilik qilgan ko'z sohibi. Bu insonlar yurtning tinchligi va osudaligi uchun uyqusidan kechib, bedorlik bilan tunni o'tkazuvchi insonlar. Ular yurt dushmanlari bilan kurashuvchi, tinchlik va osudalikka rahna soluvchilarni to'xtatuvchi insondir. Bu insonlarning haqiqiy ko'zlari ochiq bo'ladi.
Demak, inson najot topish uchun doim ikki ko'zi ochiq bo'lishi kerak. Har ikki ko'z ochiq bo'lishi bir-biridan muhim. Ko'zdan yoshdan to'kuvchi dushmanlarning eng kattasi bo'lgan nafs bilan kurashuvchi insondir. Sarhadlarni qo'riqlovchi vatan dushmanlari bilan kurashuvchi insondir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mazkur hadisi sharifda bu ikki insonni dushman bilan kurashuvchi bo'lishda barobar ekanligini zikr qildilar.
Bu ikki ko'zi ochiq insonlar ikki dunyo baxt-saodatiga erishadilar.
Jaloliddin HOLMO'MINOV
“Ko'kaldosh” o'rta maxsus islom yurti o'qituvchisi
Bugun, 15 noyabr kuni "Bag‘rikenglik haftaligi" doirasida "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ruslanbek Davletov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiqjon Toshboyev, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori akademik Akmal Saidov qatnashdi. Shuningdek, xorijiy mutaxassislar, diplomatik korpus vakillari, dinshunos-ekspertlar, islomshunoslar, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, diniy konfessiya yetakchilari va milliy madaniy markazlar vakillari, professor-o‘qituvchilar va talaba yoshlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan notiqlar tomonidan turli madaniyat va din vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ular o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda O‘zbekiston tajribasi yuksak e’tirof etildi. Ko‘p millatli xalqimiz qadimdan bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik fazilatlari bilan tanilgani, qaysi jamiyatda ahil-inoqlik mustahkam qaror topgan bo‘lsa, o‘sha jamiyatda o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlar rivojlanishi, insonlar tinch va osoyishta hayot kechirishini alohida ta’kidladilar.
Ochilish marosimidan so‘ng konferensiya o‘z ishini uchta sho‘bada davom ettirdi. Har bir sho‘bada diniy bag‘rikenglik, ijtimoiy barqarorlik, ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga oid dolzarb mavzular atroflicha muhokama qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati