Bozor darvozasidan kirib-chiqayotganlar darvoza oldida sovuqdan junjikib o'tirgan chamasi uch-to'rt yoshli qizchaga befarq qarab o'tolmasdi. Kimdir unga qand, kimdir yumshoq kulcha uzatardi.
O'ttiz yoshlardagi ayol bozor-o'charini qilib bo'lgach, darvoza oldiga kelib sumkalarini erga qo'ydi. Shu payt yonginasida katta-katta qora ko'zlari javdirab turgan qizaloqqa ko'zi tushdi. Sovuqda dir-dir titrayotgan qizchaga ichi achidi. Yaqiniga keldi. Muzlagan qo'lchalaridan tutib, bag'riga bosdi va:
– Aylanay qizim, sovqotibsan-ku, oying qani? Nega bir o'zing bu erda turibsan?
Qizaloq ko'zlarini yumib-ochib, yig'lab yubordi:
– Oyim... Hozir kelaman, deb... Kelmadi...
Ayol qizchani bag'riga bosarkan, cho'ntakchasidagi buklangan qog'ozga ko'zi tushdi. Uni ochib, o'qiy boshladi:
“Assalomu alaykum! Kim qizimni farzandlikka olib, bag'riga bossa, mendek bag'ritosh onani kechirsin. Ota-onam dunyodan o'tganiga ancha bo'ldi. Qizim bilan har joyda, ijara uylarda yashadim. Tikuvchilik qildim. Ammo ishim oldinga yurmay, juda qiynaldim. Qizim ham men kabi qiynalishini istamayman. Kechqurun Rossiyaga jo'nab ketyapman. Qizimni siylaganlarni Hudo siylasin!..”.
Ayol xatni o'qirkan, ko'zlaridan duv-duv yosh oqardi. Qizchani bag'riga bosgancha lablari pichirladi: “Bechoragina...”. U qizchani dast ko'tarib, bir qo'lida sumkalar bilan borardi. Ularning zil-zambildek og'irligi endi ayolga sezilmasdi...!
Osmonlaru yerni yaratgan Zotning qarshisiga ma’siyatlar ila chiqa ko‘rmang, g‘azabiga toqatingiz, iqobiga sabringiz va azobiga qudratingiz yetmaydi.
Doktor Abdul Muhsin Ahmad o‘zining bir qarindoshi bilan bo‘lgan voqeani aytib berdi. Voqeaga ko‘ra bir yigit ukasiga doim “Allohga hamd aytgin” desa, ukasi: “Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?” – der, Yaratganga bo‘yin eggisi kelmasdi.
Axir uning bu gapini olamlar Rabbi bo‘lgan Zot eshitib turibdi! Alloh uni ikki oyog‘i bilan yurg‘izib qo‘yibdi, qancha odamlar yura olishmaydi. Necha-necha insonlar ko‘rish ne’matidan mosuvo bo‘lganida, uning ko‘zlari ko‘rib turibdi.
Vaqt o‘tib yigit avtohalokatga uchraydi. Uning a’zolari qattiq shikastlanadi. Operatsiyadan so‘ng doktor Abdul Muhsin Ahmad uni bir umr nogiron bo‘lib qolganligini, tanasining yarmi ishlamasligini, aniqrog‘i, bir o‘limdan qolganligini aytadi.
Alloh buyuk! Uning ne’matlari cheksiz. Biz bandalar doim shukrda bo‘lmog‘imiz lozim. Zero, Alloh taolo aytadi: «...Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir»[1].
Tasavvur qiling, bordi-yu, siz do‘zaxiylardan bo‘lsangiz, u yerdagi azobga chiday olasizmi?! Albatta, yo‘q.
Shunday ekan Allohga tavba qiling! U Zotga xush kelmaydigan ishlardan qayting. Solih amallar ila Rabbingizga yaqinlashing.
Alloh bergan ne’matlarga shukr qiling. Gunoh va ma’siyatning kichikligiga qaramang. Allohning buyukligini nazaringizdan qochirmang.
Alloh buyuk! U Zot sizni kutilmaganda ushlamasidan avval qalbingizni qo‘rquv ila to‘ldiring. Qazoingiz yaqinlashmasidan avval poklaning. O‘lim kelgandagi pushaymondan naf yo‘q va buning uchun imkon berilmas...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Hud surasi, 102-oyat.